Kontent qismiga oʻtish

Islom

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Islamdan yoʻnaltirildi)


Din

Oʻz-oʻzini diniy anglash turlari

Monoteizm  · Dualizm  · Politeizm  · Deizm · Teizm  · Itsizm · Panteizm · Pandeizm

Ibtidoiy dinlar

Totemizm  · Animizm  · Fetishizm  · Shomonizm

Dunyo dinlari

Buddizm · Bahoiylik

Ibrohimiy dinlar

Yahudiylik · Xristianlik · Islom

Dharmik dinlar

Hinduiylik · Jaynizm · Sikhizm · Buddizm

Uzoq Sharqning anʼanaviy dinlari

Daosizm · Konfutsiylik · Sintoizm

Boshqa dinlar

Tangrichilik  · Zardushtiylik

Asosiy gʻoyalari

Tangri · Ruh · Gunoh  · Muqaddaslik · Ruh falsafasi · Iymon  · Dogma · Muqaddas kitoblar  · Oʻlimdan keyingi hayot  · Ibodat  · Ibodatxona

Dinlarning roʻyxati

g · m

Islom (arabcha: اَلْإِسْلَامُ, al-’Islām — „boʻysunish“, „itoat etish“) — jahonda keng tarqalgan uch dindan (xristianlik va buddaviylik bilan bir qatorda) biri. Islom diniga eʼtiqod qiluvchilar arabcha „muslim“ („sadoqatli“; koʻpligi „muslimun“) deb ataladi[1]. „Muslim“, „muslimun“ soʻzining boshqa xalqlar orasida oʻzgacha talaffuz etish (masalan, forslarda — musalmon, oʻzbeklarda — musulmon, qirgʻiz va qozoqlarda — musulmon, Ukraina va Rossiyada — basurman) natijasida bu dinga eʼtiqod qiluvchilar turli nom bilan ataladi, lekin bularning ichida hozir musulmon iborasi keng tarqalgan.

Jahonda dunyo aholisining 24,9%i, yaʼni 1,1–1,8 milliard kishi Islomga eʼtiqod qiladi[2][3]. Musulmonlarning 2/3 qismidan koʻprogʻi Osiyoda yashaydi va bu qitʼa aholisining 20%idan ortiqrogʻini tashkil etadi. Qariyb 30% musulmonlar Afrikaga toʻgʻri keladi (qitʼa aholisining deyarli yarmi). Dunyoda musulmon jamoalari mavjud boʻlgan 120 dan ortiq mamlakatdan 40 dan ziyodida musulmonlar aholining koʻpchiligini tashkil qiladi — Shimoliy Afrika, Gʻarbiy Osiyoning barcha mamlakatlarida (Kipr, Livan, Isroil, mustasno), Senegal, Gambiya, Niger, Somali, Afgʻoniston, Pokiston, Bangladesh, Indoneziya va boshqa baʼzi mamlakatlarda aholining 80%dan ortigʻi musulmonlardir; bir qancha mamlakatlarda musulmonlar aholining yarmidan 80%igacha tashkil qiladi (Gvineya, Mali, Livan, Chad, Sudan). Malayziya va Nigeriyada qariyb yarmi, baʼzi bir mamlakatlar (Gvineya-Bisau, Kamerun, Burkina-faso, Syerra-Leone va boshqa)da musulmonlar ozchilikni tashkil qilsa ham, taʼsir doirasi kuchli. Musulmonlarning soni jihatdan eng yirik davlatlar — Indoneziya, Hindiston, Pokiston va Bangladesh; musulmonlarning anchasi Markaziy Osiyo mamlakatlari, Xitoy, Tailand, Efiopiya, Tanzaniya, Kiprda, Yevropaning ayrim mamlakatlari (Bosniya va Gersegovina, Albaniya, Buyuk Britaniya, GFR, Fransiya va boshqa), Amerika qitʼasi mamlakatlari (AQSh, Kanada, Argentina, Braziliya, Gayana, Surinam, Trinidad va Tobago)da, Avstraliyada, Fiji orollarida yashaydi.

Davlatlar aholisi tarkibi islom dinida eʼtiqod qiluvchi 10%
Yashil: sunniy mintaqalar, Qizil: shiya mintaqalar, Koʻk: Ibodiylar (Ummon)

Islom VII asrda Hijoz (Gʻarbiy Arabiston)da paydo boʻldi. Uning asoschisi Muhammad sanaladi. Islom dinining paydo boʻlishi xususida Islom manbalariga asoslangan diniy anʼanada u ilohiy hodisa, insonlarni toʻgʻri yoʻlga solish uchun Alloh taolo tomonidan yuborilgan oxirgi taʼlimot deb hisoblanadi. Islom talqinida dastlab yahudiy va xristianlar ham aynan musulmonlar eʼtiqod qilgan xudoga ishonganlar. Shu Xudo, yaʼni Alloh odamlarga paygʻambarlar va elchilar yuborgan, ammo insonlar paygʻambarlar taʼlimotini buzganlar. Shuning uchun Alloh insonlarga oxirgi rasul etib Muhammadni tanladi, unga oʻzining kalomi — Qurʼon nozil qildi. Muhammad oldin oʻz hamshaharlarini, soʻng barcha arablarni koʻplab qabila xudolariga sigʻinishdan voz kechish va yagona Xudo — Allohga eʼtiqod qilish, solih hayot kechirish, u dunyoda jannatga tushish uchun bu dunyoda ezgu ishlar qilishga daʼvat etdi. Qurʼonga koʻra, arablar va yahudiylarning umumiy bobokaloni Ibrohim Allohga birinchi boʻlib imon keltirgan. Demak, Islom batamom yangi eʼtiqod emas, balki Ibrohimga nozil boʻlgan dinidir.

Islomning turli tarmoqlari

Muhammadga, 40 yoshida (milodiy 610-yil) vahiy (ilohiy koʻrsatma) kelishni boshladi, biroqbir necha nufuzli yaqin qarindoshlarini hisobga olmaganda, Makkaning koʻpchilik aholisi, ayniqsa, Quraysh qabilasining zodagonlari uning targʻibotlariga ochiqdan-ochiq qarshi chiqdilar. Muhammadni yolgʻonchiga chiqarib juda katta zulm koʻrsatildi. Dastlab bir guruh musulmonlar Habashistonga hijrat qilishdi, Yasribdagi Banu Avs va Banu Hazraj qabilalarining vakillari 622-yilda musulmon jamoasini oʻziga qabul qilish, Muhammadni paygʻambar va Allohni yagona deb tan olishdi. Hijrat nomini olgan bu voqea Islom tarixida burilish yasadi. Koʻchib oʻtgan kishilar muhojirlar (koʻchib kelganlar), Madinada Islomni qabul qilganlar ansorlar (tarafdorlar) deb ataldilar. Madina va Makka oʻrtasida boshlangan kurash 8 yil davom etdi (qarang Badr jangi, Uhud jangi, Xandaq jangi va boshqa). 628-yilda Makka zodagonlari Muhammad bilan kelishishga majbur boʻldilar (qarang Xudaybiya sulhi). 630-yilda musulmonlar qoʻshini hech qanday qarshiliksiz Makkaga kirib bordi. Makka aholisi yoppasiga Islom dinini qabul qildi va Muhammadni Allohning elchisi deb eʼtirof etdi. Ana shundan boshlab Makka Islom dini markaziga, Kaʼba musulmonlarning muqaddas ziyoratgohiga aylangan. Muhammad vafot etgan 632-yilda Arabiston yarimoroli toʻla birlashtirilgan, uning aksariyat aholisi Islom dinini qabul qilgan edi. Arabistonning siyosiy, iqtisodiy, etnik va madaniy jihatlardan birlashishida Islom dini muhim omil boʻlib xizmat qildi.

Muhammad vafotidan soʻng, Abu Bakr Siddiq, Umar ibn Xattob, Usmon ibn Affon va Ali ibn Abu Tolib paygʻambarning oʻrinbosari (xalifa) sifatida hukmronlik qildilar. Ular va ulardan keyingi xalifalar VII-VIII asrlarda Iroq, Falastin, Suriya, Eron, Movarounnahr, Misr, Shimoliy Afrika, Pireney yarimoroli, Shimoliy Hindistonni fath qilishdi. Bir asrdan kamroq vaqt davomida Shimoliy Xitoydan Ispaniyagacha, Kavkazortidan Hind okeanigacha boʻlgan katta hududni zabt etdilar va Islom dinini yoydilar (qarang Arab xalifaligi).

Islomning muqaddas kitobi Qurʼondir. Musulmonchilikda bu kitobning butun mazmuni Allohning vahiy qilgan dalolati deb tushuniladi. Islomning aqidalari, eʼtiqod talablari, huquqiy va axloqiy meʼyorlari, cheklash va taʼqiqlari Qurʼon bilan birga uning tafsirlarida, hadis toʻplamlari va shariat qoʻllanmalarida, shuningdek, VIII-XII asrlarda vujudga kelgan ilohiyot adabiyotlarida oʻz ifodasini topgan.

Islomning asosiy aqidasi — „Allohdan boshqa iloh yoʻq va Muhammad uning rasuli“. Islom ilohiyotining ilk shakli — kalom boʻlib, VIII asrda Arab xalifaligida vujudga kelgan. Mutakallimlar Islom dini aqidalarini ishlab chiqqanlar.

Islom dini 5 „asos“ yoki „ustun“ (arkon ad-din al-islomiy)ga ega:

Shulardan birinchisi iymon va qolganlari ibodat deb eʼtirof etilgan. Imon 7 aqidani — Allohga, uning farishtalariga, muqaddas kitoblariga, paygʻambarlariga, oxirat kuniga, taqdir (yaxshilik va yomonlik Allohning irodasi bilan boʻlishi)ga va oʻlgandan keyin tirilishga ishonishni oʻz ichiga oladi. Islomda roʻza hayiti, qurbonlik va qurbon hayiti, aqiqa, mavlid kabi oʻziga xos diniy marosim va bayramlar tarkib topgan. Bundan tashqari, mahalliy xalqlarda Islomgacha mavjud boʻlgan urf-odatlar, jumladan, fol ochirish, dam soldirish, aziz-avliyolarga, muqaddas joylarga sigʻinish ham Islom marosimchiligiga moslashib ketgan. Bu narsa, ayniqsa, Markaziy Osiyo musulmonlari orasida hali hanuz saqlanib qolgan. Aslida, Islom aqidasiga koʻra, joylarga sigʻinish, shaxslarga sigʻinish, fol ochish va fol ochdirish, harom qilingan, yaʼni Alloh taolodan oʻzgasidan koʻmak soʻrash taʼqiqlangan.

Islomda ilk davrdan paydo boʻlgan eng birinchi yirik muammo — oliy hokimiyatni egallashga paygʻambardan keyin kim haqliroq, degan masala boʻldi. Ali tarafdorlari „shia“ nomini olib, Islomda birinchi boʻlinishni boshlab berdilar. Uchinchi xalifa Usmon aynan shu boʻlinishning qurboni sifatida jon taslim qildi. Ikki taraf — sunniylik va shialik oʻrtasidagi kurash asnosida xorijiylar deb atalgan uchinchi yoʻnalish ham paydo boʻldi, ammo Islom tarixi uzra sunniylik (90%dan ziyod) asosiy yoʻnalish boʻlib keldi. Oʻrta asrlarda hukmronlik qilgan abbosiylar, saljuqiylar, ayyubiylar, mamluklar, usmonli turklar, temuriylar sulolalari sunniylikda edilar. Hozirgi kunda ham sunniylar musulmonlarning mutlaq koʻpchiligi (93%)ni tashkil etadi. Birdan-bir davlat — Eronda shialik rasmiy diniy yoʻnalish sifatida qabul qilingan. Iroq, Livan, Shimoliy Yaman, Ozarbayjon va Afgʻonistonda shialarning yirik jamoalari mavjud. Ummon va Shimoliy Afrikada xorijiylarning baʼzi toifalari saqlanib qolgan.

Musulmon huquqshunosligi — fiqhda 4 sunniy (hanafiylik, shofiʼiylik, molikiylik, hanbaliylik) va 1 shia (Jaʼfariylik) mazhablari shakllangan. Mazhablar diniy firqalardan farq qiladi. Firqalar, asosan, geografik va iqlimiy omillar hamda Islomni qabul qilgan xalqlarning oldingi madaniyati, anʼanalari va diniy tasavvurlari taʼsirida vujudga kelgan. Ularning aksariyati shia yoʻnalishiga mansub boʻlib, eng yiriklari — imomiylar, ismoiliylar va zaydiylardir. Islomda ilk davrlardan shariat (barcha toʻla rioya qilinishi kerak boʻlgan qonunchilik) bilan tariqat (faqat ayrimlar Alloh xayrixohligiga muyassar boʻlishi mumkinligi) yonma-yon rivojlanib kelgan. Tariqat asoschilari — murshidlarning „valiyneʼmati“ asrlar osha hozirgi avlodgacha yetib keladi, degan tushuncha bor. VIII-IX asrlarda Islomda diniy-falsafiy oqim — tasavvuf paydo boʻldi. Sharqda eng mashhur boʻlgan tasavvuf tariqatlari — naqshbandiylik, qodiriylar, shoziliylardir.

Islom dinining muhim xususiyatlaridan biri — uni qabul qilgan xalqlar vakillari uchun Islom aqidalarini ishlab chiqishda ishtirok etish imkoniyatini berganidadir. U oʻziga xos 3 taraqqiyot bosqichi yoki davrni oʻtadi. Birinchisini, shartli ravishda, Qurʼon davri deb atash mumkin. Qurʼoni Karimda oʻz aksini topgan Arabiston aholisining diniy ongi darajasini ifoda etuvchi diniy-siyosiy va ijtimoiy qarashlar, huquqiy va axloqiy mezonlar butun musulmon olami uchun hozirgacha shak-shubhasiz umumiy qadriyat hisoblanadi. Deyarli 4 asr davom etgan ikkinchi davr Islomda umumislomiy ahkomlar hukmronligi ostida turli fikrlar yoʻl qoʻyilgani bilan ajralib turadi. Islomdagi yoʻnalishlar, mazhablar va firqalar ana shu davrda paydo boʻldi. Musulmonlarning diniy birligi hal qilib boʻlmaydigan muammo boʻlib qoldi. X-XI asrlarda anʼanaga sodiq sunniylar bilan imomiy shialar, moʻʼtaziliylar hamda ashʼariylar oʻrtasida munosabatlar, ayniqsa, keskinlashib ketdi. Xalifa Qodir (991–1031) anʼanaviy Islomni qonun asosida barcha uchun majburiy boʻlgan davlat dini deb qaror toptirishga urinib koʻrdi. Shu maqsadda anʼanaga sodiq ilohiyotchilar imzolagan „Dinning qodiriy ramzi“ eʼlon qilindi. Unda „haq din“ deb eʼlon qilingan anʼanaviy diniy taʼlimotning asosiy qoidalari mufassal bayon qilib berildi, undan chetga chiqish jazolashga loyiq eʼtiqodsizlik deb qaraldi, biroq bu tadbir ham Islomda diniy birlik oʻrnatilishiga olib kelmadi. Gʻoyaviy kurash keyingi asrlarda ham davom etdi. Islomdagi uchinchi taraqqiyot bosqichi musulmon dunyosi „chekka“ oʻlkalarining ahamiyati va oʻrni ortganligi bilan bogʻliqdir. Batamom oʻzga madaniy anʼanalarga ega boʻlgan xalqlar musulmon dunyosining maʼnaviy hayotiga qoʻshilgach, Islomga oʻz diniy-axloqiy tasavvurlari, huquqiy meʼyorlari va odatlarini olib kirdilar. Movarounnahr, Eron, Shimoliy Afrika, Hindiston, Indoneziya kabi yirik tarixiy-madaniy mintaqalarda Islom oʻziga xos xususiyatlar kasb etadi.

Islomning rivojlanishiga Movarounnahrda yetishib chiqqan allomalar katta hissa qoʻshdi. Imom Buxoriy kitob holiga keltirgan hadislar toʻplami — „Al-Jome as-Sahih“ Islom dinida Qurʼoni Karimdan keyingi ikkinchi manba hisoblanadi. Buxoriy va uning safdoshlari Islom ilohiyotining barcha yoʻnalishlari boʻyicha muhim tadqiqotlar qildilar. Jumladan, Islom nazariyotchiligida yuqori baholanadigan „Ilal ashshariat va Xatm ul-Asliyot“ risolasini taʼlif etgan Hakim Termiziy, Islom huquqshunosligini oʻrganishning asosiy qoʻllanmasi hisoblangan „Hidoya“ning muallifi Burhoniddin Margʻinoniy, Islom aqidasi asoslarini muayyan tartibga solgan, kalom ilmida maktab yaratgan Imom Moturidiy (qarang Moturidiylik), buyuk faqih Abu Lays Samarqandiy, musulmon dunyosining eng eʼzozli muxaddislaridan Iso Termiziy, qomusiy ilmlar sohibi, xususan, tafsir, hadis, shariat qonunshunosligida salmoqli asarlar bitgan Zamaxshariy, tasavvufda oʻziga xos iz qoldirgan Ahmad Yassaviy, Bahouddin Naqshband, Mahdumi Aʼzam, Najmiddin Kubro, Soʻfi Olloyor, Xoʻja Ahror, Abduxoliq Gʻijduvoniy va boshqalarni misol qilib keltirish mumkin. Ular musulmon eʼtiqodini xalq dunyoqarashi bilan uygʻunlashtirganliklari tufayli Oʻrta Osiyoda madaniy hayotning adabiyot, meʼmorlik, musiqa kabi sohalarida taraqqiyot yuzaga keldi.

Islom dini musulmon mamlakatlari sanʼatida oʻz izini qoldirdi. Meʼmorlik sohasida bu jarayon yangi imorat turlari (masjid, minora, xonaqoh, madrasa va boshqa)ning paydo boʻlishiga hamda keng tarqalishiga sabab boʻldi. Islom dini paydo boʻlgan davrda avj olgan butparastlik, suratparastlikni oldini olish maqsadida Muhammad suratkashlikni qattiq taʼqiqlab qoʻygan edi. Shu asosda Islomning yirik mutafakkir huquqshunoslari ham tasviriy sanʼatning bu turini taʼqiqlangan ishlar qatoriga qoʻshganlar. Bundan ular amaliy sanʼat turlari, naqsh, bezak va oʻsimliklar suratini istisno qilishgan. Islomda inson suratini chizish yoki uning haykalini yasashning taqiqlanishiga asosiy sabab — paygʻambar va aziz-avliyolarning rasmlarini chizib yoki haykallarini yasab, ularga sigʻinib ketish xavfining mavjudligi boʻlgan. XX-XXI asrlarga kelib, Islom dunyosi ulamolarining bu sanʼatga munosabatlariga yana bir karra aniqlik kiritildi: ilohiylashtirish va odamlarning sigʻinishi maqsadida inson rasmini chizish mumkin emasligi eʼtirof etildi. Ulamolarning bergan fatvolariga koʻra, musulmonlarga fahsh va uyat narsalarni ifoda etuvchi rasmlar, but, sanam va ikona tasvirlar qatʼiyan taʼqiqlangan.

Musulmon Sharqi VIII-XI asrlarda taraqqiyotda Gʻarbdan oldinda edi: gʻarb olimlari musulmon faylasuflari va tabiblaridan saboq olishgan; gʻarb savdogari Islom dunyosidagi savdoning koʻlamiga havas bilan qaragan; sharq tovarlari gʻarbda zeb-ziynat mollari hisoblangan. Sharq shaharlarining boyligi va hashamati gʻarb uchun afsonadek tuyulgan. Bularning barchasida asosiy mafkura vazifasini bajargan Islomning ijobiy xizmati buyuk, albatta, ammo XII-XIII asrlardan keyin musulmon dunyosi dastlab turgʻunlik, soʻng tanazzulga yuz tuta boshladi. Baʼzilar konservativ (qotib qolgan) din sifatida Islom taraqqiyotga toʻsiq boʻldi, deya unga katta ayb qoʻymoqchi boʻladilar. Aslida soʻnggi oʻrta asrlarda yuz bergan musulmon dunyosining tushkunligi juda murakkab ijtimoiy-iqtisodiy omillar bilan bogʻliq boʻlib, oʻsha davrdagi Islomning oʻzi ana shu tushkunlikning muayyan shaklidagi ifodasi edi.

XIX asr boshidan XX asrning 2-yarmigacha oʻtgan bir yarim asrlik davr Islomning rivojlanishida muhim burilish bosqichi boʻldi. Sharq mamlakatlarining ijtimoiy-iqtisodiy tuzilishidagi oʻzgarishlar yangi sinf — milliy burjuaziyaning vujudga kelishi, milliy-ozodlik harakatining avj olishi — bularning hammasi Islomning jamiyatdagi mavqeiga boʻlgan qarashlarda ham, ijtimoiy hayotdagi yangiliklarni Islom nuqtai nazaridan baholashda ham oʻzgarishlar yasadi. Islom diniy-falsafiy va huquqiy meʼyorlarining yangi tarixiy sharoitga moslashish jarayoni XIX asr oʻrtalaridan boshlanib, hozirgacha davom etmoqda. Bu jarayonni koʻpgina tadqiqotchilar „Islom islohotchiligi“ deb ataydilar, u xristian reformatsiyasidan tubdan farq qiladi. Bu tafovut, birinchidan, shundan iboratki, mazkur jarayonlar turli davrlarda, turlicha muayyan tarixiy sharoitlarda roʻy berdi. Ikkinchidan, „Islom islohotchiligi“ dunyoviy hayotning turli jihatlarini diniy nuqtai nazardan qayta baholashda namoyon boʻldi va sof ilohiyotga doir masalalarga daxli boʻlmadi. Uchinchidan, Islomda xristianlarnikiga oʻxshash cherkov bilan ruhoniylarni bogʻlab turuvchi tizim boʻlmaganidan Islomdagi islohotlar xususiyatiga jiddiy taʼsir qildi.

Oʻrta asrlarda tarkib topgan musulmon sud tizimida katta oʻzgarishlar yuz berdi. Musulmon huquqi tizimining oʻzi ham muayyan darajada oʻzgardi: shariat sudlari huquqi asta-sekin cheklana bordi; XIX asr oʻrtalariga kelib, Usmoniylar imperiyasi hududida shariat sudlari va dunyoviy sudlarning vakolati butunlay chegaralab qoʻyildi. Bir qancha mamlakatlarda shariatda koʻzda tutilmaydigan jinoyat kodekslari va boshqa huquqiy hujjatlar joriy qilindi. Misrda Muhammad Alining islohotlari va Usmoniylar imperiyasidagi tanzimot siyosati (islohotlar) tufayli Islomning ijtimoiy hayotdagi mavqeida muayyan oʻzgarishlar roʻy berdi.

Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish talablari musulmon ilohiyotchilari va huquqshunoslarini islomning bir qancha anʼanaviy qoidalarini yangicha talqin etishga majbur eta boshladi, biroq bu jarayon oson kechmadi va uzoqqa choʻzilib ketdi. Bu jumladan, musulmon mamlakatlarida bank tizimini yaratish joizmi (yoki gunohmi) degan masala yuzasidan boshlangan munozarada oʻz aksini topdi. Musulmon mamlakatlarida tadbirkorlikning avj olishi shariat qoidalarini ham, musulmonchilikdagi boshqa anʼanaviy tamoyillarni ham yangicha talqin qilishga olib keldi. Ijtimoiy ong sohasida roʻy bergan oʻzgarish juda muhim rol oʻynadi. Bu, avvalo, milliy oʻzini anglash jarayoniga taalluqlidir. Shu jarayon davomida islomning barcha musulmonlarning birligi toʻgʻrisidagi anʼanaviy qoidasi yangicha maʼno kasb etdi. Jamoliddin al-Afgʻoniy musulmonlarning birdamligi gʻoyasini koʻtarib chiqdi. M. Abdu, Jamoliddin al-Afgʻoniy, Rashid Rizo va boshqaning gʻoyalari milliy-ozodlik harakatlariga turtki boʻlib koʻpchilik musulmon davlatlarining siyosiy mustaqilligiga erishuvida ijobiy rol oʻynadi. Ayni vaqtda islom birdamligi gʻoyasiga asoslangan xalqaro Islom harakati shakllana boshladi: 1926-yilda birinchi xalqaro musulmon tashkiloti — Islom olami kongressi (Muʼtamar al-alam al-islomi) tashkil qilindi. Shuningdek, Islomning goʻyo Muhammadning zamonidagi „asl“ tamoyillariga qaytishga daʼvat etishga turli fundamentalistik oqimlar (qarang Vahhobiylik) va ularning tarkibida oʻz gʻoyalari uchun kurashda terror usuliga tayanuvchi guruhlar, ekstremistik toʻdalar paydo boʻldi. XX asrning 2-yarmida jamiyatda ijtimoiy adolat oʻrnatish masalasida ham Islom omilidan foydalanishga qaratilgan urinishlar sodir boʻldi (Eron Islom inqilobi, Liviya Jamahiriyasi va boshqa).

Bir qator mamlakatlar (MAP, Quvayt, Saudiya Arabistoni, Eron, Pokiston, Afgʻoniston va sh. k.)da Islom davlat dini (yoki rasmiy din) sifatida tan olingan. Ayrim mamlakatlarda „Islom“ soʻzi davlatning rasmiy nomi tarkibiga kiritilgan: Eron Islom Respublikasi, Pokiston Islom Respublikasi, Afgʻoniston Islom Respublikasi, Mavritaniya Islom Respublikasi va boshqa Osiyo, Afrika qitʼasidagi baʼzi mamlakatlarda Islomning tarqalishiga musulmon partiyalari taʼsir qilmoqda, ular koʻpincha siyosatda muhim rol oʻynamoqda. Erondagi Islom Respublikasi partiyasi, Indoneziyadagi Birlik va taraqqiyot partiyasi, Malayziyadagi Panmalayziya islom partiyasi, Hindiston va Pokiston Jamoati islom partiyasi bunga misol boʻla oladi. Bir qancha mamlakatlarda diniy-siyosiy tashkilotlar (shu jumladan, qonundan tashqaridagi tashkilotlar — „Musulmon birodarlar“, Islom ozodligi partiyasi) tarqalgan, koʻpgina diniy bilim yurtlari (qorilik maktablari, madrasa, musulmon universitetlari), islom jamiyatlari, missionerlik tashkilotlari, tijorat korxonalari (islom banklari, sugʻurta kompaniyalari) ishlab turibdi.

Musulmon sud ishlarini olib borish tizimi saqlanib qolmoqda. XIX asrning 70-80-yillaridagi shariatning ilgari amaliyotda bekor qilingan baʼzi bir qoidalarini tiklashga urinib kurildi (masalan, Pokistonda; Sudanda Prezident J. Nimeyri davrida, arab monarxiyalarida jinoiy ishlar uchun tan jazolari berish).

Oʻtgan asr 70-yillarining oxiri – 80-yillarining boshida xalqaro ishlarda hukumat darajasida yoki nohukumat darajasida ish olib boruvchi xalqaro musulmon tashkilotlari muayyan mavqega ega boʻla boshladi. Bunday tashkilotlardan eng nufuzlisi Islom konferensiyasi tashkiloti (Munazzamat al-muʼtamar al-islomi) boʻlib, u 1969-yilda tuzilgan, unga 55 mamlakat (Oʻzbekiston Respublikasi 1996-yildan) aʼzo. Xalqaro nohukumat musulmon tashkilotlari orasida Islom olami uyushmasi, Islom olami kongressi, Islom olami tashkiloti, Yevropa islom kengashi, AQSh Oliy Islom kengashi va boshqani koʻrsatish mumkin. Ular, asosan, Islomni targʻib qilish va yoyish, diniy arboblarning xalqaro uchrashuvini tashkil qilish, turli mamlakatlardagi Islom jamoalariga yordam berish bilan shugʻullanadi.

Islom Turkiston mustamlakachilik davrini boshdan kechirgan paytda, ayniqsa, shoʻrolar davrida turli taʼqib va har tomonlama cheklashlarga duch keldi, ulamolarning taqdiri ayanchli boʻldi. Islomga oid bebaho kitoblar yoʻqotildi, muborak yodgorlik va qadamjolar oyoqosti qilindi, din peshvolari eng xavfli yov, muxolif sifatida mahv etildi. Oʻzbekiston mustaqillikka erishganidan keyin, Islom dini hayotda munosib oʻrnini egallay boshladi. Musulmonlarning diniy ibodat va marosimlarni ado etishlari uchun sharoit yaratib berildi. Qurʼoni karim 2 marta oʻzbek tilida chop etildi (1992, 2001-yillar), hadis toʻplamlarining tarjimasi, Islom ulamolarining yuzlarcha kitoblari yana xalqqa yetkazildi. Hozirgi paytda Qurʼoni Karimning oʻzbek tilidagi beshta jumladan, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf („Tafsiri Hilol“, 1992-2005), Oltinxon Toʻra, Alouddin Mansur („Qurʼoni karim“ning oʻzbekcha izohli tarjimasi (Toshkent, 1991)), Shayx Abdulaziz Mansur („Qurʼoni Karim maʼnolarining tarjima va tafsiri“, 2004), muftiy Usmonxon Alimov („Tafsiri Irfon“) kabi oʻzbek olimlari tomonidan tayyorlangan maʼnolar tarjimalari va tafsirlari nashr etilgan. Islom tarixi manbalari va marosimlarini har tomonlama, ilmiy, xolisona oʻrganishga kirishildi, mutaxassis kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyildi. Shu maqsadda Toshkent davlat sharqshunoslik institutida islomshunoslik kafedrasi ochildi (1992), deyarli barcha viloyatlarda diniy oʻquv yurtlari faoliyat koʻrsata boshladi, Toshkent Islom universiteti tashkil qilindi (1999), uning tarkibida Islomshunoslik ilmiy tadqiqot markazi ishlab turibdi.

Islom tarixi, manbalari, aqidalari, marosimlari, Qurʼoni Karim, Muhammad hayoti va faoliyati, paygʻambar hadislarini oʻrganish, tadqiq qilish Islomshunoslik fanining asosiy vazifasi hisoblanadi. Bu sohadagi tadqiqotlar Islom tarqalgan mamlakatlarda, xususan, Movarounnahrda Islom va uning yozma manbalari paydo boʻlgandan buyon olib boriladi. Musulmon dini tarixi va Qurʼonni oʻrganish Amerikada (G. Grunebaum, X. Gibb, M. Vott va boshqa), Yevropada (I. Goldsiyer, L. Kaetani, A. Masse, R. Sharl), jumladan, Rossiyada (A. E. Shmidt, V. V. Bartold, I. A. Krachkovskiy va boshqa) XIX asr oʻrtalaridan keng tus oldi. Shoʻrolar davridagi tadqiqotlarda Islomga, asosan, yagona marksistik mafkura nuqtai nazaridan kelib chiqib yondoshildi. Islomning insoniyat tamadduni tarixidagi ahamiyatini ommaga tushuntirishda, Turon zaminida yetishib chiqib islomiy ilmlar xazinasini boyitgan ulugʻ allomalarning merosini xalqqa yetkazishda Eshon Boboxon Abdumajidxon oʻgʻli, muftiy Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon, Alixontoʻra Sogʻuniy, marhum shayxlar Ismoil Maxdum (1893–1976), Abdugʻani Abdullo (1928–1999) va Yusufxon Shokirov (1926–2000)larning xizmati kattadir. XX asr oxirlaridan boshlab mamlakatimizda Islom boʻyicha obyektiv tadqiqotlar olib borish imkoniyati tugʻildi. Oʻzbekistonlik olimlar Islom manbashunosligi, Qurʼon tarjimasi va tafsiri, Islomdagi mazhablar, oqimlar, mashhur muhaddis va faqihlar, xalqaro Islom tashkilotlari, diniy bagʻrikenglik, diniy ekstremizmga oid bir qancha asarlar yozdilar (marhum M. A. Usmonov, shuningdek, N. Ibrohimov, H. Karomatov, A. Mansurov, A. Hasanov, Z. Husniddinov, Z. Islomov, U. Uvatov, B. Eshonjonov, B. Abduhalimov, A. Juzjoniy, A. Moʻminov, A. Azimov, R. Obidov va boshqalar).

Oʻzbekiston musulmonlari idorasida „Movarounnahr“ nashriyoti faoliyat koʻrsatadi, „Islom nuri“ gazetasi, „Hidoyat“ jurnali nashr etiladi.

Etimologiyasi

Islom soʻzi, arab tilidagi Aslama soʻzining uch-harfli s-l-m oʻzagidan olingan boʻlib, oʻzbek tilidagi lugʻaviy maʼnosi „qabul qilish, taslim boʻlish, itoat etish yoki tobe boʻlish“dir. Shu yerdan Islomning maʼnosi, Allohga iymon keltirib unga itoat qilish, iymon keltirganlar esa, buni unga oʻzlarining ibodati, uning buyurgan amallarini bajarishi hamda politeizm (koʻpxudolik)ni inkor etish bilan namoyish etishlari lozim. Bu soʻz Qur’onda bir nechta maʼnolarda kelgan. Baʼzi oyatlarda Islomning sifatlaridan bir bu insondagi ichki pushaymonlik deb urgʻu beriladi:“Kimni Alloh hidoyat qilmoqchi boʻlsa, uning koʻksini Islomga ochib qoʻyadir.”[4] Boshqa bir oyatda “Islom'” va “din” atamalari oʻzaro bogʻlanadi:"[5] Yana shuningdek, boshqalar nazdida, Islom iymonning faqatgina tildagi tasdigʻi boʻlibgina qolmay, balki bu Allohga qaytish faoliyatidir[6].

Islomning besh ustuni

Musulmonlar masjidda ibodat qilishmoqda
  1. Iymon.
  2. Har kuni besh mahal namoz oʻqish.
  3. Ramazon oyida 30 kun roʻza tutish.
  4. Zakot berish. Zakot Islomda moliyaviy ibodatdir, yaʼni boyligi nisobga (muayyan miiqdorga)yetgan musulmonalrning yilda bir marta haqdorlarga berishi farz.
  5. Haj qilish. Bu amal moddiy jihatdan qurbi yetadiganlarga farzdir.

Demografiyasi

Jahonda qariyb 1,1–1,8 milliard kishi Islom diniga eʼtiqod qiladi. Musulmonlarning ⅔ qismidan koʻprogʻi Osiyoda yashaydi va bu qitʼa aholisining 20 %idan ortiqrogʻini tashkil etadi. Qariyb 30% musulmonlar Afrikaga toʻgʻri keladi (qitʼa aholisining deyarli yarmi). Dunyoda musulmon jamoalari mavjud boʻlgan 120 dan ortiq mamlakatdan 40 dan ziyodida musulmonlar aholining koʻpchiligini tashkil qiladi — Shimoliy Afrika, Gʻarbiy Osiyoning barcha mamlakatlarida (Kipr, Livan, Isroil mustasno), Senegal, Gambiya, Niger, Somali, Afgʻoniston, Pokiston, Bangladesh, Indoneziya va boshqa baʼzi mamlakatlarda aholining 80% idan ortigʻi musulmonlardir; bir qancha mamlakatlarda musulmonlar aholining yarmidan 80% igacha tashkil qiladi (Gvineya, Mali, Livan, Chad, Sudan). Malayziya va Nigeriyada qariyb yarmi, baʼzi bir mamlakatlar (Gvineya-Bisau, Kamerun, Burkinafaso, Syerra-Leone va boshqa)da musulmonlar ozchilikni tashkil qilsa ham, taʼsir doirasi kuchli. Musulmonlarning soni jihatdan eng yirik davlatlar — Indoneziya, Hindiston, Pokiston va Bangladesh; musulmonlarning anchasi Markaziy Osiyo mamlakatlari, Xitoy, Tailand, Efiopiya, Tanzaniya, Kiprda, Yevropaning ayrim mamlakatlari (Yugoslaviya, Albaniya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya va boshqa), Shimoliy va Janubiy Amerika qitʼasi mamlakatlari (AQSh, Kanada, Argentina, Braziliya, Gayana, Surinam, Trinidad va Tobago)da, Avstraliyada, Fiji orollarida yashaydi[7].

Islomda boʻlinish

Sunniylik (sunna soʻzidan) — islom dinidagi 2 asosiy yoʻnalishdan biri va eng keng tarqalgani. Jahondagi barcha musulmonlarning taxminan 93 % i Sunniy (qolgan 7 % i shialikka) mansub (2004). Sunniylik tarafdorlari, asosan, Osiyo va Afrikada (Pokiston, Bangladesh, Hindiston, Indoneziya, Malayziya, Xitoy, Afgʻoniston, Turkiya, Arabiston yarimoroli va Fors koʻrfazi atrofidagi arab mamlakatlarida, Suriya, Livan, Iordaniya, Shimoli-sharqiy va Gʻarbiy Afrika mamlakatlarida), Bolqon mamlakatlari, Kipr va AQShda yashaydi.

Islom dastlabki davrda hech qanday yoʻnalish, mazhab va oqimlarga boʻlinmagan. VII asrning oʻrtalarida turli siyosiy sabablarga koʻra, musulmonlar safida boʻlinish paydo boʻldi. Avval shialar, keyin xorijiylar musulmonlar ommasidan ajrab chiqdilar. Ular oʻzining haqligini isbot qilish uchun oʻz fikrini, yoʻnalishini himoya qila boshladi, shu tariqa har guruhning oʻziga xos aqidasi shakllana bordi.

Sunniylik boʻyicha Abu Hanifa (Imomi Aʼzam)ning „al-Fiqh al-akbar“ asari eng nodir ilmiy meros sanaladi. Bu ishda Abul Hasan Ashʼariy bilan Abu Mansur Moturidiylarning xizmatlari beqiyosdir. Sunniylik yoʻnalishida shu ikki alloma asos solgan aqidaviy maktablar barcha sunniy ulamolar tomonidan eʼtirof etilgan. Sunniylik tamoyillari, asosan, quyidagilardan iborat:

  1. Mavjudotlarning gʻaqiqat va mohiyati bor narsa boʻlib, ularni bilish mumkin. Bilish vositalari — beshta sezgi aʼzolari, ilohiy manbalar va aql.
  2. Olam qadim emas, balki qachondir Alloh tarafidan yaratilgan.
  3. Butun borliqni yaratgan Allohning zoti bitta, u oʻziga xos azaliy va abadiy koʻpgina sifatlarga ega.
  4. Zotiy sifatlari sanalmish ilm, qudrat, hayot, iroda, eshitish, koʻrish, gapirish Allohning azaliy va abadiy sifatlaridir. Uning zoti ham, sifatlari ham oʻzi yaratgan maxluqot va mavjudotlarning sifatlariga aslo oʻxshamaydi. Uning sifatlari nuqsonsiz, barkamoldir.
  5. Allohning ismlari koʻp. Hadisda 99 ta goʻzal ismlari zikr etilgan (qarang al-Asmo al-Husno).
  6. Allohning adolatli ekani. Hidoyat va zalolat yoʻllarini koʻrsatib qoʻygach, adashgan va kufr yoʻlini tanlaganlarni jazolashi adolat hisoblanadi. Bordi-yu, zalolat yoʻlidan asrab qolsa — bu Uning fazli, marhamati. Asramasa, adolati hisoblanadi.
  7. Paygʻambarlarning hammasini barhaq deb tasdiq etish. Ularning adadi garchi baʼzi hadis va rivoyatlarda koʻrsatilgan boʻlsada, muayyan bir adad qatiy deb hisoblanmagani maʼqul. Paygʻambarlarning birinchisi — Odam, oxirgisi — Muhammad
  8. Paygʻambarlarning moʻjizalarini haq deb eʼtiqod qilish. Shuningdek, avliyolarning karomatlari ham haq va rostdir. Hech bir avliyo paygʻambar darajasiga yeta olmaydi.
  9. Islomning besh rukni — iymon kalimasi, namoz, roʻza, zakot, haj har bir musulmon zimmasiga farzi ayn ekani. Farzlardan birortasini uzrsiz tark etsa, yoki sharʼan taqiqlangan ishlarga qoʻl ursa, qattiq gunohkor boʻlishi, lekin kofir boʻlmasligini tasdiq etish.
  10. Iymon — Muhammad Alloh tomonidan keltirgan barcha xabar va maʼlumotlarni haq va rost ekaniga til bilan iqror etib, dil bilan tasdiqlash deb bilish. Solih amallarni koʻp qilganda imon nuri koʻpayib, gunoh ishlarni koʻp qilganda iymon nuri ozayib turishini tasdiqlash va hokazo.

Sunniylikda 4 ta diniy-huquqiy mazhab (hanafiylik, molikiylik, shofiʼiylik, hanbaliylik) mavjud. Sunniylik islomda anʼanaviy eʼtiqod yoʻli deb eʼtirof etilib kelgan.

Sunniylik bilan shialik oʻrtasida hokimiyat masalasida, ayrim diniy marosim va anʼanalarda birmuncha tafovutlar bor. Oʻzbekiston aholisining aksariyat qismi sunnilyikka eʼtiqod qiladi.

Adabiyotlar

  • Karimov I., Olloh qalbimizda, yuragimizda, T., 1999; Karimov I., Oʻzbekiston XXI asr boʻsagʻasida: xavfsizlikka tahdid, barkamollik shartlari va taraqqiyot kafolatlari, T., 1997; Qurʼoni karim, T., 2001; Hadis (AlJomiʼ as-sahih), 1-4-j.lar (2nashri), T., 1997; Hidoya (1-j.), T., 2000; Sogʻuniy A., Tarixi Muhammadiy (1-2-kitob), T., 1997; Hasanov A., Qadimgi Arabiston va ilk islom (1-kitob: Johiliya asri), T., 2001; Komilov N., Tasavvuf, T., 1999; Husniddinov 3., Islom: yoʻnalishlar, mazhablar, oqimlar, T., 2000.[8]

Manbalar

  1. "Muslim (Wayback Machine saytida 29-iyul 2016-yil sanasida arxivlangan)." Lexico. UK: Oxford University Press. 2020.
  2. „Muslim Population By Country 2021“. World Population Review. Qaraldi: 22-iyul 2021-yil.
  3. „Religious Composition by Country, 2010-2050“. Pew Research Center (2-aprel 2015-yil). 15-iyun 2020-yilda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 5-may 2020-yil. (Wayback Machine saytida 15-iyun 2020-yil sanasida arxivlangan)
  4. Qur’oni Karim, 6-sura, 125-oyat
  5. Qur’oni Karim 5-sura, 3-oyat
  6. "Encyclopaedia of Islam Online" L. Gardet, J. Jomier 2007-05-02
  7. "Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi". Davlat ilmiy nashriyoti. („www.ziyouz.com kutubxonasi“ dan olindi.)
  8. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil

Qoʻshimcha oʻqish uchun

Havolalar