Tafsir
Islom haqidagi tushunchalarning bir qismi |
Usul al-Fiqh |
---|
Fiqh |
Ahkom |
Yuridik lavozimlar va unvonlar |
|
Tafsir (arabchadan — sharh, tushuntirish, ochib berish, izoh) — islom anʼanasiga asosan Qurʼon oyatlarini sharhlash, tushuntirib berish. Qurʼon oyatlarini tafsir qilish Muhammad sollallohu alayhi va sallam davrida vujudga kelib, bu ilm Muhammad sollallohu alayhi va sallamdan sahobalarga, sahobalardan tobeʼinlarga meros qoldi. Sahobalar va tobeʼinlar asrida Tafsir ogʻzaki rivoyat va nakl shaklida boʻlib, taʼlif qilib yozilmagan. Abu Bakr Siddiq, Umar ibn Xattob, Usmon ibn Affon, Ali ibn Abu Tolib, Abdulloh ibn Abbos, Abdulloh ibn Masʼud va boshqa mashhur tafsirchi boʻlganlar. Tafsirdan birinchi kitob yozgan shaxs Abdumalik ibn Jurayjdir (8-asr). Muhammad ibn Jarir Tabariy, Yahyo ibn Salom, Abu Bakr Nisoburiy va boshqa mufassirlar tafsir yozishda shuhrat topdilar. Tafsir qilishning rivojlanishi jarayonida Tafsirning turli uslublari (saxih hadislar va sahobalarning qavllari bilan tafsir qilish; oʻz fikri va ijtihodi bilan tafsir qilish; oyatning zoxiriy maʼnosiga qaramay, uning maxfiy ishoralari taqozosi bilan tafsir qilish) paydo boʻldi. Keyinchalik tafsirning yoʻnalishlari koʻpayib ketdi. Hozir dunyoda Qurʼoni karimga 1700 dan ortiq Tafsir yozilganligi maʼlum.
Oʻzbekiston hududidan chiqqan Abu Mansur Moturidiy mashhur tafsirchilardan hisoblanadi. U Qurʼon oyatlarini ahl assunna valjamoa nuqtai nazaridan tafsir qilgan. Abu Lays Samarqandiy, Zamaxshariy, Faxriddin Roziy, Maxmud Nasafiylar ham Tafsir yozishda mashxur boʻlganlar. Mustaqillik yillarida mamlakatimizda Qurʼoni karimni oʻzbek tiliga tarjima va Tafsir qilish imkoniyati tugʻildi. Bu sohada shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, shayx Abdulaziz Mansur, Alouddin Mansur kabi ulamolarni misol qilib keltirish joiz.
Havolalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |