Kontent qismiga oʻtish

Kisva

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
1910 yildagi Kisva, Usmoniylar Imperiyasi

Kisva (arabcha: كسوة) Kaʼba devorlarini yopib turadigan choyshab. Paxta aralashgan sakkiz boʻlak qora shoyi matodan tikiladi. Devorning yuqori qismi uchdan bir boʻlagani yopib turuvchi Kisva parchasiga Qurʼoni karimning: „Albatta odamlar ibodat qilishlari uchun qurilgan birinchi uy - Makkadagi muborak va butun olamlar uchun hidoyat (mayogʻi) boʻlgan Kaʼbadurki...“ degan oyati (3:96) zarhal yozuvda bitilgan. Shuningdek, Kisvaga Qurʼonning yana boshqa sura va oyatlari yoziladi. Kaʼbaga kiriladigan eshik maxsus zarhal bilan qogshangan boʻlib, unga ham Qurʼon oyatlari bitilgan. Muhammad (sav) hayotliklarida Kisva Yamanda tayyorlanardi. Xalifa Umar zamoniga kelib Kisva Misrda toʻqiladigan boʻldi. Xalifa Maʻmun (813-833) davrida Kisva har yili uch marta yangilab turilgan. Xalifa Mutavakkil (847-861), esa har ikki oyda Kaʼbatullohga yangi Kisva yuborgan. Xalifa Umar boshlab bergan anʼana davom ettirilib, Kisva 1924-yilgacha Misrda tayyorlandi. Har yili yangi Kisva haj safariga chiqqan misrlik ziyoratchilar bilan birga Makkaga keltirilardi. Avvalgi Kisva devordan olinib, Kaʼba xazinabonlari va Makka sharifi ixtiyoriga topshirilardi. 1443-1452 yillari Shohruh Mirzo Misr Kisvasi bilan birga Movarounnahrda tayyorlangan maxsus Kaʼbapoʻsh yopilib turishiga erishgan. 1925-yil qirol Abdul Aziz Makkada ixtisoslashgan fabrika ochib, unda qora rangli tabiiy shoyidan Kisva tiktirdi. Shundan boshlab Kaʼba Kisvasi faqat Saudiya Arabistonida tayyorlanadi. Saudiya Arabistoni podshohi Fahd ibn Abdulaziz as-Saud Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovga tuhfa qilgan Kisva - Kaʼbapoʻsh parchasi hozir Imom Buxoriy yodgorlik majmuida masjid devoriga osib qoʻyilgan.