Diniy marosimlar
Diniy marosimlar - fuqarolarning diniy taʼlimotlardan, ularning qonun-qoidalari va aqidalaridan kelib chiqadigan diniy faoliyat va xatti-harakatlari. Diniy marosimlar diniy eʼtiqod, ibodatning amaldagi koʻrinishidir. Barcha dinning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Diniy marosimlar diniy tasavvur va sigʻinishlar orqali vujudga kelgan. Qadimda odamlar gʻayritabiiy kuchlarga turli marosimlar orqali ijobiy yoki salbiy taʼsir etish mumkin deb hisoblaganlar. Diniy marosimlarni bajarishda kohinlar, keyinchalik ruhoniylar boshchilik qilgan. Ular oʻz marosimlarini asta-sekin muayyan dinning talabi, xususiyati, aqidasi va ehtiyojiga moslagan. Islom dinida aqiqa, amri maruf, xatna, roʻza tutish va ramazon hayiti, qurbonlik qilish va qurbon hayiti, namoz, haj, janoza, sunnat, nikoh, dafn va b. marosimlar bor. Yahudiylikda — ibodat, shanba kuni, tugʻilish, liniy balogʻat, nikoh va dafn marosimlari alohida oʻrin tutadi. Xristian dini marosimlari misteriyalar (qadimgi dinlarning maxfiy marosimlari) taʼsirida shakllangan va asosan Iso Masiq shaxsi bilan bogʻliq. Xristianlikdagi pravoslav va katoliklar yetti sirli marosim — choʻqintirish, non va vino totish, xushboʻy moy surish, badanni yogʻlash, nikoh, tavbatazarru va kashishlik (rohiblikka qabul qilish)ni tan oladilar. Protestantlar esa faqat choʻqintirish, non va vino totish marosimini eʼtirof qiladilar. Buddizmda ertalabki va kechki ibodat, monaxlarga oziq-ovqat keltirish, tiyilish kuni, dunyoga kelish va balogʻat yeshini nishonlash, nikoh, yangi uyga koʻchish, ajdodlarni xotirlash va dafn marosimlari mavjud.
Oʻzbekistonda Diniy marosimlarning erkin oʻtkazilishi taʼminlanadi, ammo bunda qonunlar, jamoat tartibi buzilmasligi va shaxsga hamda fuqarolarning huquqiga daxl qilinmasligi kerak. Diniy marosimlarda qatnashish fuqarolarning xususiy ishidir va hech qanday huquqiy munosabatlarni keltirib chiqarmaydi. Diniy marosimlar ibodatxonalarda, diniy tashkilot muassasalarida, ziyoratgohlarda, qabristonlarda, fuqarolarning xonadonlari va uylarida oʻtkaziladi. Belgilangan joydan tashqarida Diniy marosimlar yoki ommaviy ibodatlar oʻtkaziladigan holatlarda bu hakda mahalliy hokimiyat ogoxlantirib qoʻyilishi va bunday tadbirlar qatʼiy tartibga rioya qilingan holda tashkil etilishi lozim.
Adabiyot
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |