Hidoya
"HIDOYA" (arab. — yoʻllanma; toʻla nomi "Hidoya fi furuʼ al-fiqh" — "Fiqh sohalari boʻyicha yoʻllanma") — hanafiylikyaa keng tarqalgan shariat qoʻllanmasi (kodeksi). Uni Burhoniddin Margʻinoniy 13 yil davomida yozgan. Qoʻllanmani yaratishda Qurʼon oyatlariga, dastlabki 4 xalifa, sahobalar va tobeʼinlarning rivoyatlari, hadislar, sunniylikdagi 4 mazhab asoschilarining asarlariga tayangan. "Hidoya." 4 jild, 57 kitob, 165 bob, 152 fasldan tarkib topgan. "H."ning 1-jildi 5 kitobdan iborat boʻlib taho-rat va amaliy ibodatlar (namoz, roʻza, zakot va haj)ga bagʻishlangan. 2-jildga nikoh, taloq, qulni ozod qilish, topib olingan bolalarning nasabini aniqlash, bedarak yoʻqolganlar, she-rikchilik, vaqf huquqi kabi masalalar kiritilgan. 3-jildda oldi-sotdi, pul muammolari, kafolat, qozilarning vazifalari, guvohlik, vakolat, daʼvo, sulh, qarz berish, sovgʻa, ijara, voliylik (patronat), homiylik kabi masalalar oʻrin olgan. 4-jildda merosni taqsimlash, vasiyat, shartno-ma, ovchilik, garovga berish, jinoyatlar xususida, xun haqi toʻlash kabi masalalar yoritilgan. Burhoniddin Margʻinoniyning "H." asari yozilish uslubi boʻyicha ajralib turadi. Unda huquqiy muammolarning yechimi dast-avval mashhur faqihlarning fikr-xulosalarini bayon qilish va unga boshqa fiqh olimlarining eʼtirozlari va qoʻshilishlarini izhor qilish yoʻli bilan berilgan. Xuddi shunday umumeʼtirof etgan obroʻli faqihlar nuqtai nazaridan kelib chiq-qan holda muayyan huquqiy muammoning eng maʼqul yechimini tanlab olish mumkin boʻlgan. Shu yoʻl bilan "H."da shariat qoidalarining aynan oʻzigina emas, balki ularning mukammal asos va dalillari ham asl ravishda berilgan. "H." bir necha asr davomida koʻp musulmon mamlakatlarida huquqshunoslik boʻyicha asosiy manba hisoblangan. "H." sudlov boʻyicha qoʻllanma sifatida Oʻzbekistonda 20-asrning 20-yillarigacha — qozilar sudi bekor qilinib, shoʻrolar sud tizimi joriy qilinguncha amalda boʻldi. U baʼzi musulmon mamlakatlari oliy oʻquv yurtlarida oʻqitiladi. "H." bir necha tilga tarjima qilingan. "H."ning 1-jildi oʻzbek tilida Toshkentda 2001-yilda chop etildi.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |