Buloqboshi tumani
tuman | |
---|---|
Tarkibida | Andijon viloyati |
Maʼmuriy markazi | Buloqboshi |
' | Mamurov Oʻtkirbek Komiljonovich [1] |
Rasmiy tillar | Oʻzbek |
Vaqt mintaqasi | UTC+5 |
Xaritada | |
40°43′0.1″N 72°37′59.9″E / 40.716694°N 72.633306°E |
Buloqboshi tumani — Andijon viloyatidagi tuman. Viloyatning janubida 1992-yil 3-aprelda tashkil etilgan. Buloqboshi tumani shimoliy va sharqda Andijon va Xoʻjaobod tumanlari, gʻarbda Asaka va Marhamat tumanlari, janubida va janubi-gʻarbda Qirgʻiziston Respublikasining Oʻsh viloyati Aravon tumani bilan chegaradosh. Maydoni 0,18 ming km2. Aholisi 110 ming kishi (2010). Markazi — Buloqboshi shahri
Tabiati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Tuman hududi togʻ va togʻ oldi tekisliklaridan iborat. Iqlimi keskin kontinental. Yanvarning oʻrtacha harorati — 3,5 °C, iyulniki 26 °C. Yiliga 180-190 mm yogʻii tushadi. Vegetatsiya davri 230 kun. Tuman hududidan Janubiy Fargʻona kanali, Aravonsoy oqib oʻtadi. Tekisliklar boʻz, qoʻngʻir tuproqlar, adirlar qumtosh, mergel, lyoss va chaqirtoshlar bilan qoplangan. Yovvoyi oʻsimliklardan shoʻra, shuvoq, momaqaymoq. yalpiz, qamish, bangidevona, yantoq, otquloq, yulgʻun, ajriq, qirqboʻgʻin, gʻumay, quypichan, qoʻytikan usadi. Echkemar, qashqaldoq, toshbaqa, jayran, tulki, ilon, kaltakesak, tipratikan; qushlardan kaklik, bedana, laylak, yovvoyi oʻrdak, soʻfitoʻrgʻay, sassiqpopishak, qargʻa, zagʻizgʻon, mayna, boyoʻgʻli, burgut va boshqalar yashaydi.
Aholisi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Aholisi soni — 110 ming kishidan ortiq. Har bir kilometr kvadrat maydonga 582 kishi toʻgʻri keladi. Aholining milliy tarkibini, asosan, oʻzbeklar, shuningdek, ruslar, qozoqlar, qirgʻizlar, tojiklar, tatarlar va boshqa millat vakillari tashkil etadi.
Xoʻjaligi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Buloqboshi tumani asosan paxtachilikka ixtisoslashgan. Tumanda 2 GES, „Buloqboshi ipagi“ korxonasi, badiiy buyumlar, trikotaj fabrikasi, poyabzal fabrikasi, tosh koni, xoʻjaliklararo mexanizatsiyalashgan koʻchma kolonna, avtokorxona, elektr tarmoqlari boʻlimi, MTP bor. Tumanda 65 kichik korxona va firmalar, 17 aksiyadorlik jamiyati mavjud. Xoʻjaliklari chorvachilik, bogʻdorchilik, pillachilik, polizchilik, sabzavotchilik bilan shugʻullanadi.
Qihsloq xoʻjaligida sugʻoriladigan yerlar 9363 ga, ekinzorlar 7076 ga, shu jumladan 3440 ga yerga paxta, 681 ga yerga yemxashak ekinlari, qisman grechixa ekiladi. Buloqboshi tumanida 8 shirkat xoʻjaligi, 56 dehqon va chorvachilik fermer xoʻjaliklari bor. Tuman xoʻjaliklari va xususiy fermalarda 3142 qoramol, 4140 qoʻy, 225 ot boqiladi. Yaqin temir yoʻl stansiyasi — Andijon (tuman markazidan 22 km).
Ijtimoiy soha
[tahrir | manbasini tahrirlash]1999/2000 oʻquv yilida 31 umumiy taʼlim maktabida 22908 oʻquvchi, 2 gimnaziyada 276 oʻquvchi, 1 litseyda 130 oʻquvchi taʼlim oldi. Biznes maktabi, 26 ommaviy kutubxona, 5 klub, 8 qishloq madaniyat uyi, muzey, madaniyat va istirohat bogʻi xizmat koʻrsatmoqda. Tumanda 670 oʻrinli 32 kasalxona, 5 qishloq vrachlik ambulatoriyasi, 3 poliklinika, 17 feldsherakusherlikpunkti, 3 qishloq vrachlik punkti boʻlib, ularda 218 vrach, 980 oʻrta maʼlumotli tibbiy xodim ishlaydi (1999). 1992-yildan „Buloqboshi“ tuman gaz. chiqadi (adadi 4000).[2]
Hududiy boʻlinishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Tuman 1ta shaharcha va 5ta qishloq fuqarolar yigʻinidan tashkil topgan (jami 31ta qishloqni oʻz ichiga oladi).
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ БУЛОҚБОШИ ТУМАНИ ҲОКИМЛИГИ
- ↑ OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Havolalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Sayt Andijanskogo oblastnogo xokimiyata (Wayback Machine saytida 2011-12-28 sanasida arxivlangan)(rus.)
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |