Kontent qismiga oʻtish

Qishloq

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Qishloq — aholisi, asosan, dehqonchilik, chorvachilik va qishloq xoʻjaligining boshqa sohalarida band boʻlgan aholi manzilgohi. Qishloq faqat aholisining mashgʻuloti bilan emas, balki ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy, tabiiy geografik va turmush tarzi bilan ham shahardan farq qiladi. Qishloq — Oʻzbekiston Respublikasi maʼmuriy-hududiy tuzilishidagi eng quyi boʻgʻin. Qishloqning ijtimoiy-iqtisodiy xususiyati aholini yerdan qay darajada foydalanishi, joyning tabiiy-geografik shart-sharoitlari bilan bogʻliq. Shu bois qishloqlar tarixan katta-kichik boʻlgan, turar joylar ham shunga qarab joylashgan. Tekis, sersuv va tuprogʻi serunum, umuman, tabiiy sharoiti qulay joylarda yirik qishloqlar joylashib, aholi ancha gavjum yashagan. Asosan, dehqonchilik, bogʻdorchilik bilan shugʻullangan. Tekis, lekin suvi kam boʻlgan joylarda (choʻl va dashtlarda) aholi koʻproq chorvachilik bilan mashgʻul boʻlgan. Bunday joylarda qishloqlar kichik, bir-biridan ancha uzokda, asosan, quduqlar yonida joylashgan. Togʻli hududlarda qishloqlar koʻproq soy va buloqlar boʻyida joylashgan.

Qishloqlar umumiy bir markazga — qishloq fuqarolik yigʻinlariga ega boʻlgan, iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan bir-biriga uzviy bogʻlangan kichik aholi manzilgohlariga ham boʻlinishi mumkin. Ular Oʻzbekistonda mahallalarga ajraladi.

Qishloq kishilarning ijtimoiy va tarixiy tarkib topgan birligidir. Ularning vujudga kelishi jamiyat taraqqiyoti va hududiy mehnat taqsimotidagi oʻzgarishlar bilan bogʻliq boʻladi. Sanoatning rivojlanishi va urbani-zatsiya munosabati bilan dunyoda qishloq aholisining salmogʻi kamaymoqda. Oʻzbekiston qishloqlaridagi aholi salmogʻi ortmoqda. Buning asosiy sababi qishloqlarda aholining takror barpo boʻlish jarayonining shaharlardagiga nisbatan bir qadar jadal kechishidadir. 1970—1990-yillarda Oʻzbekiston aholisining 60% qishloqlarda yashagan. Respublikada tugʻilishning nisbatan yuqoriligi maʼlum darajada oilalarning koʻpchiligi qishloq sharoitida, qishloq turmush tarzida yashab kelayotganligi bilan bogʻliq. 1990-yilda qishloqlarda har 1000 kishiga 39 ta bola tugʻilgan boʻlsa, shaharlarda 26 ta bola tugʻilganligi qayd etilgan. Mustaqillik yillarida aholi turmush tarzida iqtisodiy-ijtimoiy oʻzgarishlar sodir boʻldi. 1995-yilda Oʻzbekiston qishloqlarida tugʻilishning yigʻindi koeffitsiyenti 4,12 % ni tashkil etib, aholi takror barpo boʻlishining kengaygan turiga mansub boʻlsa, 2001-yilda bu koʻrsatkich 2,75 % ga tushdi va aholi takror barpo boʻlishining oddiy (normal) turini taʼminlamoqsa. Bu holat Oʻzbekiston qishloq oilalarida koʻp bolalilikdan oʻrtacha bolalilikka oʻtish jarayoni roʻy berayotganini koʻrsatadi.

Qadimiy qishloqlar aholining mavsumiy manzilgohlaridan tashkil topgan. Oʻzbekiston hududidagi qishloqlar dastlab kishilarning qish faslida istiqomat qiladigan joyi sifatida vujudga kelgan. Odamlar asta sekin dehqonchilik bilan shugʻullanib, oʻtroqlik davriga oʻtgach, qishloqlar koʻpaydi va kengaydi. Ibtidoiy jamiyat davrida shakllangan urugʻ birlashmalari oʻtroqlik davrida ham saqlanib, bir urugʻ bir qishloqqa oʻrnashgan. Hozirgi ayrim qishloqlar oʻsha urugʻ nomi bilan yuritiladi. Keyinchalik urugʻlarning qabilalarga birlashishi natijasida yirik yoki bir-biriga yaqin joylashgan qishloqlar paydo boʻldi. Mas, Kenagas, Manaq, Mangʻit, Mingli, Nayman, Mitan va boshqa Quldorlik davrida koʻp mamlakatlarda quldorlarning yerlarida ishlaydigan kishilarning bir joyga oʻrnashishi bilan ham qishloq paydo boʻlgan. Bu qishloqlar shu yer egasining nomi bilan yoki joyning geografik holatiga qarab atalgan. Hunarmandchilik va savdo-sotiqning rivojlanishi bilan ham yangi qishloqlar vujudga kelib, kengayib bordi. Karvon yoʻllarida, daryolarning kechuv joylarida ham Qishloqlar yuzaga kelgan: Yettikechuv, Qizilkechuv, Qorakechuv, Langar va boshqalar. Hunarmandchilik va savdo rivojlanib, dehqonchilik ajralib chiqa boshlagach, shaharlar yuzaga keldi. Ilk ijtimoiy formatsiyalarda aholining koʻpchiligi qishloqlarda yashaganligi uchun jamiyatning asosiy ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy xususiyatlari qishloq hayoti bilan belgilangan. Dastlabki davrlarda qishloq jamoa boshligʻi, keyinchalik saylanadigan jamoa oqsoqoli yoki jamoa yigʻini tomonidan boshqarilgan. Qishloqlarning tashqi koʻrinishi, qurilishi ham davrdan-davrga oʻzgarib borgan. Mas, Xorazm hududida, Sugʻdda 6—7-asrlarda yangi tipdagi qishloqlar — katta-katta boy oilalar yashaydigan qasr-qoʻrgʻonlar boʻlgan, oddiy dehqonlar esa mayda qoʻrgʻonchalarda yashardilar. Har bir qasr-qoʻrgʻonning atrofi mudofaa devori bilan oʻralgan boʻlib, oʻrtasida koʻshki boʻlgan. Temuriylar davrida hozirgi Oʻrta Osiyo hududida qishloqlarni obodonlashtirishga, ariq va kanallar qazib, bogʻrogʻlar barpo qilishga ahamiyat berilgan. Yevropa mamlakatlarida sanoat, ishlab chiqarishning rivojlanishi qishloq hayotiga ham kuchli taʼsir koʻrsatdi. Qishloqlar 20-asrning 2-yarmida ancha rivojlandi. Qishloq aholisining turmush tarzi yaxshilandi. Qishloqlardagi ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy hayot tarzi tubdan oʻzgardi. Soʻnggi davrda qishloqlar kamayib, shaharlar salmogʻi ortib bordi. Hozirda qishloq aholisi jahon aholisining qariyb 53%ni tashkil etadi.

Yuridik maqomi: "Oʻzbekiston Respublikasida Maʼmuriy hududiy tuzilish, toponimik obʼyektlarga nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish masalalarini hal etish tartibi toʻgʻrisidagi" Oʻzbekiston Respublikasining 1996-yil 30-avgustdagi qonunida qishloqlar, ovullarni tuzish va tugatish, chegarasini oʻzgartirish, aholi punktlarini birlashtirish, maʼmuriy markazlarini belgilash va koʻchirish, nom berish va ularning nomlarini oʻzgartirish va boshqa vazifalar tegishli tuman hokimlarining iltimosnomasiga asosan, xalq deputatlari viloyat Kengashlari tomonidan, Qoraqalpogʻiston Respublikasida esa — Joʻqorgʻi Kengesi tomonidan amalga oshirilishi belgilangan.