Kontent qismiga oʻtish

Gʻijduvon tumani

Koordinatalari: 40°6′0″N 64°40′0″E / 40.10000°N 64.66667°E / 40.10000; 64.66667
Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Gʻijduvon tumani
Гиждуванский район
tuman
Tarkibida Buxoro viloyati
Maʼmuriy markazi Gʻijduvon
Asos solingan sanasi 1926
Hokimi Ashurov Sherzod Raximovich[1]
Rasmiy tillar Oʻzbek
Vaqt mintaqasi UTC+5
Xaritada
Gʻijduvon tumani xaritada
40°6′0″N 64°40′0″E / 40.10000°N 64.66667°E / 40.10000; 64.66667

Gʻijduvon tumani — Buxoro viloyatidagi tuman. Viloyatning shimoli-sharqiy chekkasida joylashgan. 1926-yil 29-sentyabrda tashkil etilgan. Shimoli-sharq va janubi-sharqdan Navoiy viloyatining Konimex, Karmana, janubdan Vobkent, gʻarbdan Shofirkon tumanlari bilan chegaradosh. Maydoni 3,94 ming km. Aholisi 19 ming kishi (2017). Tumanda 1 shahar (Gʻijduvon). 14 shaharcha (Abadi, Beshtuvo, Gajdumak, Jovgari, Ko'lijabbor, Mazragan, Yuqori Rostgo'y, O'zanon, Xatcha, Chag'dari, Dodarak, Namatgaron, Yuqori Qumoq) va 14 qishloq fuqarolari yig'ini (Armechan, Taxtaxon, G'ovshun, Zarangari, Ko'kcha, Pozagari, Rayonobod, Soktari, Sarvari, Sarmijon, Ulfatbibi, Fayzulla Yunusov, Firishkent) bor. Markazi — Gʻijduvon shahri.

X—XI asrlarda sayyoh olimlar ushbu tuman nomini bir necha nomlar bilan tilga olgan. Xususan, olimi va sayyohi Shamsiddin al-Muqaddasiy „Ahsan at-Taqqosim fi Maʼrifat al-Akkolim“ (tarjimasi „Iqlimlarni bilishning eng yaxshi usuli“) asarida tumanni „Gʻujdevor“ (yoki Gʻijdevor) tarzida yozib, shahar koʻrinishidagi yirik qishloq deya taʼriflagan. Tuman 1926-yil 29-sentyabrda tashkil etilgan. 1935—1938-yillarda tuman nomi „Akmal Ikromov“ boʻlgan

Tuman hududinnng yer yuzasi gʻarbga pasayib boruvchi tekislikdan iborat. Shimoliy katta qismini Qizilqum choʻli egallagan. Shimoliy va Shimoli-sharqiy qismida Qoratogʻ tizmasining gʻarbiy chekkalari joylashgan. Shoʻr-koʻl suv ombori atrofi toʻlqinsimon plato, qirlardan, Zafarobod shaharchasi chekkalari yemirilgan past togʻlardan iborat. Eng baland joylari 485-505 m (Koʻkcha togʻi.ta). Gʻijduvon shahri atrofida balandligi 240-248 m.

Gʻijduvon tumanining shimoli-gʻarbiy qismida joylashgan Oyoqogʻitma berk botigʻining nisbiy chuqurligi 133 m boʻlib, uning markaziy qismi tashlama suvlardan hosil boʻlgan Oyoqogʻitma koʻlidan iborat. Iqlimi subtropik belgilarga ega boʻlgan keskin kontinental choʻl iqlimi. Yanvarning oʻrtacha temperaturasi 0°, — G, iyulniki 26—28°. Eng past temperatura —25° (1969, 1984), eng yuqori temperatura 45° (Qumliklardagi ochiq joylarda 60—70°). Yiliga 130-150 mm yogʻin tushadi (asosan, qish va bahor oylarida yogʻadi). Yozi quruq va uzoq davom etadi. Vegetatsiya davri 200—210 kun. Tuman Zarafshon daryosidan chiqarilgan Sultonobod, Jilvon, Qalqonroʻd, Pirmast ariqlari, Amu-Buxoro mashina kanali sistemasidagi tarmoqlar orqali suv bilan taʼminlanadi. Shoʻrkoʻl kanali oʻtkazilishi tufayli Qutchi, Jilvon mavzelarida yangi yerlar oʻzlashtirildi.

Tuprogʻi sugʻoriladigan yerlarda oʻtloqi-voha va taqirli voha tuproqlar. Choʻl zonasida esa sur-qoʻngʻir, choʻlqumli, taqirsimon shoʻrxok tup-roqlar tarqalgan. Orasida taqir tup-roqlar va taqirlar ham uchraydi. Oʻsim-lik va hayvonot dunyosi voha va choʻl zonasiga xos. Choʻlda iloq, arpagon, yaltirbosh, cherkez, karrak, oqpechak, shuvoq, selin, sassiqkovrak, achchiq-miya, shoʻra, partak, singren, qoʻngʻirbosh, donashoʻr, oq jangal, yulgʻun, qandim, qora saksovul; suvga yaqin yerlarda qamish, qoʻgʻa, boʻyra qamish (eriantus), yulgʻun koʻp. Yovvoyi hayvonlardan jayron, qarsoq tulki, chiyaboʻri, tolay quyoni; yumronqoziq va boshqa; sudralib yuruvchilardan boʻgʻma ilon, koʻlvor ilon (gyurza), echkemar, kaltakesak, agama, toshbaqa, dasht tipratikani; qushlardan qora kaptar, tuvaloq, kaklik, zarafshon qirgʻovuli, burgut, qora bovur, oq bovur, bizgʻaldoq uchraydi.

Tadqiqotchilarning yozishicha, ushbu tumanda oʻzbeklar urugʻining 92 dan 28 tasi yashaydi. Aholisi, asosan, oʻzbeklar, shuningdek, tojik, rus, qozoq, ukrain, tatar, boshqird, turkman, arman, ozarbayjon, belorus va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholining oʻrtacha zichligi 1 km2 ga 60,8 kishi. Shahar aholisi 43,6 ming kishi, qishloq aholisi 195,4 ming kishi (2005).

Tumanda paxta tozalash, pivo va yaxna ichimliklar, meva-sabzavot konserva zavodlari, „Buxoroteks“ toʻqimachilik korxonasi, avtokorxonalar, qurilish tashkilotlari, MTP, gilam toʻqish, poyabzal fabrikalari, milliy kulolchilik, qandolatpazlik, non sexlari, dehqon bozori, madaniy, savdo va maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalari mavjud. Gʻijduvon paxta tozalash zavodi 1936-yilda ishga tushirilgan. Binosi yogʻochdan qurilgan boʻlib, vintli press va 3 ta shyotkali linter bilan har smenada ogʻirligi 5 tonna atrofidagi paxta qayta ishlangan. Gʻijduvon ip-yigiruv va toʻquv fabrikasi 1982-yil yanvar oyidan ip mahsulotlarini ishlab chiqarishni boshlagan. Tumanda hunarmandchilik (beshiksozlik, kulolchilik, temirchilik, kashtachilik, zargarlik, kulchapazlik, holvapazlik va boshqalar) qadimdan rivojlangan.

Qishloq xoʻjaligida paxtachilik va gʻallachilik asosiy oʻrin tutadi, chorvachilik, sabzavotchilik tarmoqdari ham muhimdir. Sugʻoriladigan 22,1 ming ga yerning 10,8 ming gektariga paxta, 7,2 ming gektariga don, 3,1 ming gektariga yem-xashak ekinlari, shuningdek, kartoshka, sabzavot ham ekiladi. Gʻijduvon oʻrmon xoʻjaligi (maydoni 28,5 ming gektar) 1980-yilda tashkil qilingan. U Gʻijduvon, Mingchinor, Shoʻrkoʻl, Oʻrtachoʻl boʻlimlaridan iborat: 2,2 ming gektari oʻrmonzor, 27 gektari mevali bogʻ, bodomzor, 12 gektari tokzor, 41 gektari plantatsiya. Qolgan yerlari — yaylov. Oʻrmon xoʻjaligida har yili 1,5—2 million dona manzarali hamda turli mevali koʻchatlar yetishtiriladi.

Shirkat, dehqon, fermer xoʻjaliklari bor. Tuman jamoa va shaxsiy xoʻjaliklarida 2,2 ming qoramol (shu jumladan, 741 sigir), 3,5 mingdan ziyod qoʻy va echki, 13,6 ming parranda boqiladi (2004).

Tumanda avtomobil yoʻllarining umumiy uzunligi 469 kilometrni tashkil qiladi. Xususan, mahalliy xoʻjaliklararo yoʻllar, viloyat ahamiyatidagi yoʻllar 242 km, respublika ahamiyatidagi yoʻllar 88 km, xalqaro magistral yoʻllar 78 kmdan iborat. Toshkent — Buxoro — Turkmanobod xalqaro avtomobil yoʻli, Buxoro — Toshkent temir yoʻl tuman hududidan oʻtgan. Tuman markazidan Buxoro, Uchquduq, Zarafshon, Navoiy, Samarqand, Toshkent va Buxoro viloyatining boshqa shaharlariga avtobuslar qatnaydi.

Marifiy va madaniyati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Gʻijduvon tumanida 66 umumiy taʼlim maktabi, litsey, 5 kasb-hunar kolleji va oʻquv muassasalari faoliyat koʻrsatadi. Tuman markaziy kutubxonasi va uning 55 ta tarmogʻi (345,4 ming nusxa asar), 21 klub muassasasi, madaniyat uylari, madaniyat va istirohat bogʻi, muzeylar bor. 35 sport inshooti (shu jumladan, 5 stadion, 2 sport saroyi, tennis korti, sport zallari sport maydonchalari va boshqalar) mavjud.

1991-yilda tumanda 11 ta shifoxona boʻlgan. Shundan 3 tasi kasalxona, 2 tasi poliklinika, stomatologiya poliklinikasi, 4 tasi hududiy poliklinika, qishloq vrachlik ambulatoriyasi boʻlgan. Shuningdek, 50 qishloq vrachlik punkti, 15 feldsher-akusherlik punkti, 2 dispanser, ayollar konsultatsiyasi, dorixonalar, 2 sogʻlomlashtirish maskani aholiga xizmat koʻrsatadi. 1931-yil 17-avgustdan „Kolxoz haqiqati“ gazetasi chop etiladi Gazeta 1987-yil oktyabrdan „Oktyabr bayrogʻi“, 1991-yil 1-sentyabrdan „Gʻijduvon hayoti“ nomi bilan ataladi. 1990-yildan „Maorifchi“ gazetasi nashr qilina boshlagan. Kelasi yil sentyabrdan gazeta „ Maʼrifat va maorif“ nomi ostida chiqqan. Lekin 1994-yil 1-yanvardan gazeta faoliti toʻxtagan.

1960-yilda ushbu tumanda maxsus radioeshittirish redaksiyasi tashkil qilingan. 1968—1970-yillar oraligʻida tuman radioeshittrish redaksiyalari viloyat televideniyasi va radiosi egaligiga oʻtdi. 1995-yilda radio faoliyat toʻxtatilgan.

Diqqatga sazovor joylar

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Gʻijduvon tumanida Abduxoliq Gʻijduvoniy masjidi va maqbarasi (12-asr), Ulugʻbek madrasasi (1432—1433), Toshmasjid va Dehqonobod xonaqosi (15—16-asrlar), Xoja Soktari masjidi (17-asr), Chorsu masjidi va boshqa qadimiy meʼmoriy yodgorliklar saqlanib qolgan.

Taniqli mahalliy aholi

[tahrir | manbasini tahrirlash]