Jarqoʻrgʻon tumani
tuman | |
---|---|
Tarkibida | Surxondaryo viloyati |
Maʼmuriy markazi | Jarqoʻrgʻon (shahar) |
Rasmiy tillar | Oʻzbek |
Vaqt mintaqasi | UTC+5 |
Telefon kodi | +998 |
Avtomobil raqami kodi | 75-79 |
Xaritada | |
Jarqoʻrgʻon tumani xaritada | |
37°30′0.0″N 67°25′0.1″E / 37.500000°N 67.416694°E |
Jarqoʻrgʻon tumani — Oʻzbekiston Respublikasi Surxondaryo viloyati tarkibidagi maʼmuriy birlik. Maʼmuriy markazi — Jarqoʻrgʻon shahri.
Jarqoʻrgʻon tumani — Surxondaryo viloyatidagi tuman. 1926-yil 29-sentyabrda tashkil etilgan (1962-yil 24-dekabrda Shoʻrchi tumani bilan birlashtirilgan, 1964-yil 31-dekabrda qayta tuzilgan). Shimoliy da viloyatning Qiziriq va Bandixon tumanlari, sharqda Qumqoʻrgʻon tumani, janubi-gʻarbda Termiz va Angor tumanlari, sharqda Tojikiston Respublikasi bilan chegaradosh. Maydon 1,14 ming km2. Aholisi 142,2 ming kishi (2000). Yaqin temir yoʻl stansiyasi — Jarqoʻrgʻon. J. t.da 1 shahar (Jarqoʻrgʻon), 1 shaharcha (Kakaydi) va 7 qishloq fuqarolari yigʻini (Dehqonobod, Jarqoʻrgʻon, Minor, Oqqoʻrgʻon, Surxon, Chorjoʻy, Sharq Yulduzi) bor. Markazi — Jarqoʻrgʻon sh.
Tabiati. Relyefi, asosan tekislik boʻlib, Surxondaryo vodiysi boʻylab jan.ga tomon pasayib boradi. Qishi qisqa va iliq, yogʻin nisbatan kam, yozi uzoq, quruq va issiq. Iyulning oʻrtacha temperaturasi 28—32°, yanvarniki 2,8—3,6°. Yiliga oʻrtacha 130-140 mm yogʻin tushadi, asosan qish va bahorda yogʻadi. Gʻarbiy, janubi-gʻarbiy, Shimoli-sharqiy shamollar koʻp esadi. Tumanning janubiy va sharqidan bir necha kun davom etadigan quyuq changtoʻzonli Afgʻon shamoli esadi. Surxondaryodan va AmuZang, Bobotogʻ kanallaridan sugʻorishda foydalaniladi. J.t.ning sharqiy qismida doimiy suv tanqisligiga barham berish uchun „Oqtepa“ suv ombori, Jarqoʻrgʻon gidrouzeli va b. irrigatsiya inshootlari qurilgan; yer osti suvlaridan ham foydalaniladi. J. t.da oq saksovul, cherkez, qandim, teresken, yantoq, daryo boʻylarida yulgʻun, jiyda, turangʻil, terak, qiyoq, qamish, tol, yongʻoq, bodom oʻsadi. Qir-adirlarda jayran, jayra, silovsin, boʻri, chiyaboʻri, tulki, qushlardan qirgʻovul, kaklik, mayna, chugʻurchiq, chumchuqlar yashaydi. Daryo va kanallarda oq amur, zogʻora baliq, laqqa baliqlar bor.
Aholisi, asosan oʻzbeklar (90,2%), shuningdek, tojik, rus, tatar, turkman, qozoq, koreys va b. millat vakillari ham yashaydi. 1 km2 ga oʻrtacha 124 kishi toʻgʻri keladi.
Xoʻjaligi. Tumanda paxta tozalash, qurilish materiallari zavodlari, remont ustaxonalari, hunarmandchilik kombinatlari, „Surxontoʻqimachi“ kabi 10 dan ortiq sanoat korxonasi faoliyat koʻrsatmoqda. Kichik va oʻrta tadbirkorlik bilan shugʻullanuvchi korxonalar va qishloq xoʻjaligi korxonalarining yordamchi xoʻjaliklarida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish koʻpaymoqda. Tuman hududidan neft konlari (Kakaydi, Lalmikor, Uchqizil) topilgan. Lalmikorda gaz koni bor.
Qishloq xoʻjaligining asosiy tarmoqlari: paxtachilik, gʻallachilik, uzumchilik, bogʻdorchilik, tokchilik. Sugʻoriladigan yerlar 114,2 ming ga. 11,2 ming ga yerda paxta, 9,6 ming ga yerda gʻalla yetishtiriladi. Yaylovlarda qoramol, qoʻy boqiladi. Tumanda shirkat, fermer xoʻjaliklari, boʻrdoqichilik korxonasi bor.
1999/2000 oʻquv yilida 56 umumiy taʼlim maktabi, shu jumladan bolalar sanʼat maktabi, bolalar musiqa maktabi, litsey, kasb-hunar maktablarida 37,5 ming oʻquvchi taʼlim oldi. Tumanda 31 jamoat kutubxonasi (337 mingdan ziyod kitob), 14 klub, 2 madaniyat va istirohat bogʻi, 3 xalq ansambli, xalq teatri bor. 4 kasalxona, 9 qishloq vrachlik ambulatoriyasi, 3 qishloq vrachlik punkta, 4 poliklinika, 4 feldsher-akusherlik punkti, 2 dispanserda aholiga 1400 dan ziyod tibbiyot xodimlari xizmat koʻrsatadi. 1932-yildan „Jarqoʻrgʻon haqiqati“ gaz. chiqadi (adadi 2000). Barottepa qishloq harobasi, Jarqoʻrgʻon minorasi (12-asr) bor.[1]
Tuman tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Jarqoʻrgʻon tumani 1926-yil 29-sentyabr kuni tashkil etilgan[2]. 1938-yil Buxoro viloyatining Surxondaryo okrugi tarkibiga kiritilgan. 1941-yildan eʼtiboran Surxondaryo viloyati tarkibida. Tuman 1963-yil tugatilgan, 1964-yil qayta tiklangan[3].
Tuman tarkibi
[tahrir | manbasini tahrirlash]2011-yilning 1-yanvar holatiga koʻra, tuman tarkibi quyidagicha koʻrinishda:
- Shahar
- Jarqoʻrgʻon shahri
- Shaharchalar
- Qishloq fuqarolari yigʻinlari
- Oqqoʻrgʻon (qishloq, Surxondaryo)
- Jarqoʻrgʻon (qishloq)
- Dehqonobod
- Minor (qishloq)
- Surxon
- Chorjoʻy (qishloq)
- Sharq yulduzi (qishloq)
Tuman hududida 5ta shaharcha, 7ta qishloq fuqarolari yigʻinlaridan tashqari, 64ta mahalla, 66ta aholi punktlari mavjud.
Tuman aholisi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Tuman aholisi soni 172,5 ming kishi. Shundan 134,0 ming kishi qishloq aholisini tashkil etmoqda. Aholining milliy tarkibida oʻzbeklar 90,3 foizni tashkil etadi.
Havolalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
- ↑ Jarkoʻrgon tumani (Wayback Machine saytida 8-mart 2012-yil sanasida arxivlangan), — Surxondaryo viloyati hokimligi rasmiy sayti
- ↑ Surxandarinskaya oblast (Wayback Machine saytida 17-sentyabr 2011-yil sanasida arxivlangan) (Wayback Machine saytida 17-sentyabr 2011-yil sanasida arxivlangan), — rus tilida