Namangan tumani
tuman | |
---|---|
Tarkibida | Namangan viloyati |
Maʼmuriy markazi | Toshbuloq |
Yirik shahari | Toshbuloq |
Asos solingan sanasi | 1926-yil 29-sentabr |
' | Mo'minov Sadriddin Zokirovich[1] |
Rasmiy tillar | Oʻzbek |
Vaqt mintaqasi | UTC+5 |
Pochta indeksi | namtumhok@umail.uz |
Rasmiy sayti | www.toshbuloq.uz |
Xaritada | |
40°58′0″N 71°34′0″E / 40.96667°N 71.56667°E |
Namangan tumani — Namangan viloyatida joylashgan tuman boʻlib, 1926-yil 29-sentyabrda tashkil topgan.
Joylashuvi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Uning umumiy maydoni 249,0 kv.km ga teng. Tuman chegarasining umumiy uzunligi 98,1 kmgacha choʻzilgan. Sharqda Andijon viloyati(8,9 km), Uychi tumani(25,02 km), Norin tumani(3,3 km), janubda Mingbuloq tumani(11,1 km), gʻarbda Toʻraqoʻrgʻon tumani(25,28 km), shimolda Kosonsoy tumani(10,16 km), Yangiqoʻrgʻon(14,34 km) tumanlari bilan chegaradoshdir. Namangan tumanida 1 shaharcha (Toshbuloq), 12 qishloq fuqarolari yigʻini (Bogʻishamol, Ibrohim Rahmatov, Irvadon, Mirishkor, Oxunboboyeva, Tepaqoʻrgʻon, Xonobod, Shoʻrqishloq, Oʻzbekiston, Qumqoʻrgon, Gʻalcha, Gʻirvon)lar mavjud. Uning markazi — Toshbuloq shaharchasi[2].
Geografiyasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Namangan tumani sugʻoriladigan dexqonchilik regioni hisoblanadi. Ushbu hududdan Gʻirvonsoy, Namangansoy va Kosonsoy soylari oqib oʻtadi. Qishloq xoʻjalik ekinlarini sugʻorishda Shimoliy Fargʻona kanali, Katta Namangan kanali va Yangi ariq kanallaridan foydalaniladi. Tuman hududini sharqiy tomonidan Norin daryosi, janubiy tomonidan esa Sirdaryo oqib oʻtadi[2].
Namangan tumani yer yuzasi tekislik, adir va doʻngliklardan iborat boʻlib, oʻzlashtirilgan dasht zonasiga kiradi. Toʻrtlamchi geologik davrning oqiziq jinslari (lyoss, loy, qum, shagʻal)dan tashkil topgan. Soyi koʻp vodiylari asosan tosh-shagʻal bilan qoplangan. Tuproqlari adirlarda tipik va och bo'z tuproq, adirlar orasida sugʻoriladigan oʻtloqli, botqoq-oʻtloqli va botqoq tuproqlar keng tarqalgan. Janubga tomon qiyalashib borgan(balandligi 400—450). Tumanda yer ostidan oqib oʻtuvchi suvlari koʻp. Tuproqlaridan qurilish materiallari tayyorlanadi(ohaktosh, gʻisht).
Iqlimi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Namangan tumanining iqlimi quruq, subtropik. Yozda issiq, yogʻin-sochin kam(300-350), bugʻlanish koʻp, qishda esa aksincha kun qisqa va sovuq boʻladi. Vegitatsiya davri 236 kun davom etadi, bugʻlanish katta. Yanvarning oʻrtacha harorati —1°, —iyulniki 26,3°gacha boʻlishi mumkin. Qulay iqlim sharoiti tumanda dehqonchilikni yanada rivojlantirishga keng imkoniyatlar yaratib beradi.
Aholisi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Aholisi 192,7 ming kishiga yaqin(2024). Tuman aholi soni boʻyicha viloyatda Namangan shahri va Chust tumanidan keyin uchinchi oʻrinda turadi. Toshbuloq shaharchasidan Namangan shahrigacha boʻlgan masofa 10 kmni tashkil etadi. Tuman hududida 10ta shaharcha, 12ta qishloq fuqarolar yigʻini, 41ta qishloq aholi punktlari va 69ta mahalla fuqarolar yigʻinlari mavjud. 16 yoshgacha boʻlgan bolalar va oʻsmirlar tuman aholisining 33,7 foizini(71,4 ming kishi) tashkil etadi. Mehnat resurslari umumiy aholining 57,1 foizini yoki 120,7 ming kishini tashkil qiladi. Tumanning markazi hisoblangan Toshbuloq shaharchasida aholining 6,8 foizi istiqomat qiladi. Tuman aholisining 48,7 foizini erkaklar, 51,3 foizini xotin-qizlar tashkil etadi. Tumanda 15 hil turdagi millat vakillari yashaydi. Aholining umumiy miqdorida 98.6 foizini oʻzbeklar tashkil qiladi, 1,3 foizini esa tojiklardan tashkil topgan. Shuningdek, qirg'iz, rus, tatar va boshqa millat vakillari ham istiqomat qilishadi. Tuman boʻyicha oiladagi odamlar soni oʻrtacha 4 kishini tashkil etadi. Tuman aholisining oʻrtacha zichligi 1 kv. kmda 849 kishiga toʻgʻri keladi[3].
Iqtisodiyoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Qishloq xoʻjaligining yetakchi tarmogʻi — paxtachilik. Namangan tumani qishloq xoʻjaligi ekinlaridan asosan paxta mahsulotini yetishtirishga ixtisoslashgan boʻlib, jami paxta maydonlari umumiy ekin yerining 50 foizidan ortigʻini tashkil etadi. Yetishtirilgan paxta hosilini Namangan 3-sonli paxta tozalash korxonasida va Mirishkor MCHJ qoʻshma korxonasida qayta ishlanadi. Tumanda 13 xoʻjalikda paxta yetishtiriladi, ipakchilik bilan shugʻullanuvchi va sabzavot yetishtiruvchi korxona xoʻjaliklari ham bor. 315 nafar fermer xoʻjaligi 3730 gektar yer maydonida faoliyat koʻrsatadi. Shulardan 314tasi paxtachilik, 35tasi g'allachilik, 47tasi sabzavotchilik, 78tasi bog'dorchilik, 41tasi chorvachilik bilan shugʻullanadi. Namangan tumanida 5 ta qoʻshma korxona mavjud boʻlib, ulardan 2 tasi „MIRISHKOR“ masʼuliyati cheklangan jamiyati qoshidagi qoʻshma korxonasi va „MRT TEXTILE“ masʼuliyati cheklangan jamiyatiga qarashli xorijiy yirik korxonalar, 3 tasi „TOSHBULOQ TEKS“ Oʻzbekiston — Rossiya masʼuliyati cheklangan jamiyati qoshidagi qoʻshma korxonasi, „GOLDEN SILK“ Vyetnam shuʼba korxonasi va „MERRYMED FARM“ masʼuliyati cheklangan jamiyatiga qarashli qoʻshma korxonasi kichik biznes subʼekti sanaladi[3].
Madaniyati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Namangan tumanida 3ta qishloq xoʻjalik sanoat va maxsus iqtisodiy kollej va iqtisodiy litseylarda 1700dan ortiq oʻquvchi taʼlim oladi. Shuningdek, bolalar musiqa maktabi mavjud. Tuman madaniyat saroyi qoshida ashula va raqs ansambli, „Boʻston“ fol’klor etnografik ansambli faoliyat yuritmoqda. Tumandagi „Yosh texniklar“ maskani jamoasi barcha tanlovlarda faxrli oʻrinlarni egallashadi. Tumanda markaziy kutubxona hamda uning 35ta filiali, madaniyat saroyi va 12ta madaniyat uylari ham mavjud.
15 ming oʻrinli markaziy stadion, yopiq tennis korti, 14ta futbol, 17ta basketbol, 21ta qoʻl toʻpi, 85ta voleybol maydoni va maydonchalari, 30tadan ortiq sport zallari ish yuritadi. Sport seksiyalari va toʻgaraklarida 20 mingga yaqin sportchi ishtirok etmoqda.
Namangan tumanida tuman markaziy kasalxonasi, yuqumli kasalliklar, 5ta qishloq, 2ta xususiy kasalxonalar(630 oʻrin) mavjud. 1 nafar ixtisoslashgan markaziy poliklinika, 1ta tish davolash poliklinikasi, 14ta qishloq vrachlik punktilari faoliyat yuritmoqda. 30ta fel’dsher-akusherlik punkti, 15ga yaqin dorixonalar bor. Tumandagi barcha tibbiy muassasalarda 170 shifokor, 883ta oʻrta tibbiy xodim ish olib boradi[3].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ „arxiv nusxasi“. 2020-yil 31-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2020-yil 28-sentyabr.
- ↑ 2,0 2,1 „Namangan viloyati hokimligi“. namangan.uz. Qaraldi: 2023-yil 9-iyun.
- ↑ 3,0 3,1 3,2 „Namangan tumani“. taqvim.uz. 2023-yil 9-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 9-iyun.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |