Kontent qismiga oʻtish

Chinoz tumani

Koordinatalari: 40°56′26.5″N 68°45′18.7″E / 40.940694°N 68.755194°E / 40.940694; 68.755194
Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Chinoz tumani
Чиназский район
tuman
Tarkibida Toshkent viloyati
Maʼmuriy markazi Chinoz
Rasmiy tillar Oʻzbek, Qozoq
Vaqt mintaqasi UTC+5
Xaritada
Chinoz tumani xaritada
40°56′26.5″N 68°45′18.7″E / 40.940694°N 68.755194°E / 40.940694; 68.755194

Chinoz tumani - Toshkent viloyatidagi tuman. 1935-yil 9-fevralda tashkil etilgan. 1962-yil 24-dekabrda Yangiyoʻl tumaniga qoʻshilgan. 1973-yil 12-aprelda qayta tuzilgan. Shimoliy va shim.sharqdan Yangiyoʻl, sharq va jan.sharqdan Quyi Chirchiq tumanlari, janub va gʻarbdan Sirdaryo, shim.gʻarbdan Qozogʻiston Respublikasi bilan chegaradosh. Maydoni 0,34 ming km². Aholisi 116 ming kishi (2004). Tumanda 1 shahar (Chinoz), 2 shaharcha (Olmazor, Yangi Chinoz), 8 qishloq fuqarolari yigʻini (Islohot, Ittifoq, Koʻtarma, Turkiston, Chinoz, Eski Toshkent, Yallama, Uzbekistan) bor. Markazi — Chinoz shahri

Relyefi, asosan, tekislikdan iborat. Qir va adirlar, Qozogʻiston chegarasiga yaqin joyda esa choʻl boshlanadi. Foydali qazilmalardan Sirdaryo bilan Chirchiq daryosining qoʻshilish joyida qurilishda ishlatiladigan qumshagʻal olinadi. Iqlimi kontinental. Yillik oʻrtacha harorat 13,4°, yanvarning oʻrtacha harorati —3,1°, eng past harorat —33°, iyulning oʻrtacha harorati 26,5°, eng yuqori harorat 42°. Vegetatsiya davri 210 kun. Yiliga 350 mm yogʻin tushadi. Tuman hududidan Chirchiq, Sirdaryo daryolari oʻtadi. Shuningdek, qishloq xoʻjaligi ekinlarini sugʻorishda tuman hududidan oʻtgan Boʻzsuv, Kurkuldak, Shimoliy Toshkent, Joʻn kanallaridan foydalaniladi. Achchiqkoʻl, Chumchuqkoʻl, Keles yaylovlarida Oydinkoʻl koʻli bor. Tuproqlari, asosan, boʻz, Chirchiq daryosi yoqasida qoramtir, boʻz tuproq. Yovvoyi oʻsimliklardan semizoʻt, shoʻra, ituzum, bangidevona, achambiti, qoʻytikan, yantoq, chuchmoma va boshqa bor. Yovvoyi hayvonlardan tulki, boʻri, chiyaboʻri, qobon uchraydi.

Aholisi, asosan, qozoqlar, oʻzbeklar, shuningdek, tojik, rus va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholining oʻrtacha zichligi 1 km² ga 341,2 kishi. Qishloq aholisi 81 ming kishi, shahar aholisi 35 ming kishi (2004).

Tuman iqtisodiyoti, asosan, qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishiga ixtisoslashgan. Chinoz tumani da 8 ta sanoat korxonasi boʻlib, ularda qurilish materiallari, paxta tozalash, urugʻlik tayyorlash, noruda materiallar ishlab chiqarish bilan shugʻullaniladi (qumshagʻal qazib olinadi).

Avtomobil taʼmirlash zdi, qurilish materiallari va konstruksiyalari, noruda qurilish materiallari ktlari, MTP, qumshagʻal karyeri bor. 2 qoʻshma korxona (shu jumladan, kalava ipgazlama ishlab chiqarishga ixtisoslashgan Oʻzbekiston — Turkiya — Yaponiya „Toʻqimachi — LTD“ korxonasi) ishlab turibdi. Savdo, madaniy va maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalari, dehqon bozori faoliyat koʻrsatadi. Qishloq xoʻjaligining asosiy tarmoklari — paxtachilik va gʻallachilik. Shu bilan birga chorvachilik, pillachilik, sabzavotchilik, polizchilik, bogʻdorchilik ham rivojlangan. Tumanda 13 shirkat, 541 dehqon fermer xoʻjaligi bor. Chinoz tumanidagi shaxsiy va jamoa xujaliklarida 26,8 ming qoramol (shu jumladan, 11,6 ming sigir), 17,6 ming qoʻy va echki boqiladi, parrandachilik bilan ham shugʻullaniladi.

Tumanda 48 umumiy taʼlim maktabi (26,1 ming oʻquvchi), 5 oʻrta maxsus bilim yurti (1,2 ming oʻquvchi), markaziy kutubxona va uning 29 ta tarmogʻi, bolalar musiqa maktabi, madaniyat uyi, madaniyat va istirohat bogʻi mavjud. 2 kasalxona (400 oʻrin), poliklinika, qishloq vrachlik punktlari, dorixona va boshqa tibbiy muassasalarda 163 vrach ishlaydi. Ch.dan Toshkentga avtobuslar qatnaydi. 1935-yil dan „Chinoz hayoti“ tuman gaz. chiqadi (adadi 11050).[1]

  1. "Chinoz tumani" OʻzME. Ch-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil