Kontent qismiga oʻtish

Gʻuzor tumani

Koordinatalari: 38°35′0″N 66°5′0″E / 38.58333°N 66.08333°E / 38.58333; 66.08333
Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Gʻuzor tumani
Гузарский район
tuman
Tarkibida Qashqadaryo viloyati
Maʼmuriy markazi Gʻuzor
hokim Suyunov Bekzod Olimovich
Rasmiy tillar Oʻzbek
Aholi
212 400
(2022 % )
Dinlar tarkibi musulmonlar
Maydoni 2,62 ming km2 km²
Vaqt mintaqasi UTC+5
Rasmiy sayti https://guzor.uz/uz
Xaritada
Gʻuzor tumani xaritada
38°35′0″N 66°5′0″E / 38.58333°N 66.08333°E / 38.58333; 66.08333

Gʻuzor tumani - Oʻzbekiston Respublikasining Qashqadaryo viloyatidagi tuman. 1926-yil 29-sentabrda tashkil etilgan. Shimoldan Qamashi, Chiroqchi, sharqdan Dehqonobod, gʻarbdan Qarshi va Nishon tumanlari, janubda 25 km masofada Turkmaniston bilan chegaradosh. Maydoni 2,62 ming km2. Aholisi 212,4 ming kishi (2022). Tumanda 1 ta shahar (Gʻuzor), 5 ta shaharcha, 51 ta mahalla fuqarolar yigʻini va 80 ta qishloq aholi punktlari bor. Markazi — Gʻuzor shahri.[1] Yorgʻunchi, Sovligʻor, Qoʻshtepa, Mirishkor, Xalqobod va b. qishloqlarni oʻz ichiga oladi.

Gʻuzor tumani Qashqadaryo viloyatining janubi-sharqida, Qashqadaryo daryosining oʻrta oqimida, Gʻuzordaryo havzasi, Gʻuzor adirlari va togʻ oldi qiya tekisliklarida joylashgan. Hisor togʻlarining eng chekka janubi-gʻarbidagi tarmoqlari boʻlgan Langar — Qorael togʻlarining oʻrtacha balandligi 800– 850 m. Pachkamar suv ombori sohillaridagi bu past togʻlar shimoli-sharqdan janubi-gʻarbga yoʻnalgan, yon bagʻirlari yassi boʻlib, mutlaq balandligi 430–750 m boʻlgan Gʻuzor adirlariga tutashib ketgan. Adirlar zamini toʻrtlamchi davr loysimon jinslari bilan qoplangan, osti shagʻal va konglomerat qatlamlaridan tashkil topgan.

G`uzor daryosi havzasi haqida tayyorlangan BMI ma`lumotlari. Buxoro tabiiy resurslarni boshqarish instituti Meliorativ gidrogeologiya yo`nalishi talabasi Tog`ayev Shohruh va ilmiy rahbar Gidrologiya va ekologiya kafedrasi assistenti Hakimov Sherzod bilan birgalikda ArcGIS dasturidan foydalanib tayyorlangan.

Gʻuzor tumani va unga tutash Qamashi, Qarshi va Nishon tumanlari doirasida katta zaxiraga ega boʻlgan gazli va gaz kondensatli yotqiziqlar Oʻzbekistondagi 5 ta neft-gazli regionning eng boy Hisor oldi hududini tashkil etadi.

Musofir ota jome masjidi G'uzor tumani

Shoʻrtan gaz ishlab chiqarish va „Shoʻrtangazkimyo“ majmualarining barpo etilishi bilan ularni sel xavfidan muhofaza etish maqsadida tumanning janubi-gʻarbida ixotazorlar, 10 ming ga yerda „Shoʻrtangazkimyo“ ga qarashli maxsus oʻrmon xoʻjaligi tashkil qilingan. Iqlimi kontinental. Oʻrtacha yillik harorat 16°. Yanvarning oʻrtacha harorati 1,9°, eng past harorat —23°. Iyulning oʻrtacha harorati 26,6°, eng yuqori harorati 46°. Oʻrtacha yillik yogʻin miqdori 285 mm. Yogʻinning asosiy qismi bahor va qish fasllarida yogʻadi. Vegetatsiya davri 272 kun. Tumanning shimoliy chekkasidan Qashqadaryo oqib oʻtadi. Shuningdek, Gʻuzordaryo va uning irmoqlari — Katta Oʻradaryo va Kichik Oʻradaryodir. Tuman hududida Pachkamar suv ombori qurilgan. Tuproqlari och va tipik boʻz tuproklar. Yovvoyi oʻsimliklardan tekisliklarda, asosan, qoramashoq, qoʻngʻirbosh, qorashoʻra, chalov, noʻxatak, istaran, kovrak, yantoq, yulgʻun, togʻli qismida naʼmatak, doʻlana va boshqa oʻsadi. Yovvoyi hayvonlardan tulki, boʻri, quyon, kiyik, chiyaboʻri, parrandalardan chumchuq, qargʻa, bedana, kaklik, chil, kalxat, burgut; kemiruvchilardan sichqon, kalamush; sudralib yuruvchilardan turli zaharli va zaharsiz ilonlar, echkemar, kaltakesaklar, suv havzalarida sazan, laqqa, qorabaliqlar uchraydi.

Aholisi, asosan, oʻzbeklar, shuningdek, tojik, tatar, rus va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Tumandagi sanoat korxonalarining koʻpligi sababli, tor doiradagi mutaxassislikka ega boʻlgan bir qancha millatlar bu yerda yashab keladi. Aholining oʻrtacha zichligi 1 km2ga 81,1 kishi. Shahar aholisi 49,7 ming kishi, qishloq aholisi 162,7 ming kishi (2022).

Tumanda 56 sanoat, qurilish korxonasi bor, shulardan yiriklari: paxta tozalash, taʼmirlash, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash, taʼmirlash-qurilish, „Shoʻrtangaz“ unitar-shoʻba, "Shoʻrtan gaz-kimyo majmuasi" sanoat korxonalaridir. Savdo, madaniy va maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalari, avtovokzal, avtokemping, dehqon bozori bor. Gʻuzor tumanida 1500 ga yaqin fermer va dehqon xoʻjaliklari faoliyat koʻrsatmoqda. Tuman qishloq xoʻjaligi, asosan, paxtachilik, gʻallachilikka ixtisoslashgan, qoʻychilik (jumladan, qorakoʻl qoʻylari), qoramolchilik, parrandachilik ham rivojlangan. Yiliga qariyb 13 ming qorakoʻl teri tayyorlanadi. Tumandagi ekin maydonlarining 12,3 ming ga yeriga paxta, 26,7 ming ga yeriga don, shuningdek, sabzavot, kartoshka, ozuqa ekinlari ekiladi. Tumandagi jamoa va shaxsiy xoʻjaliklarida 32,9 ming qoramol, 259 ming qoʻy va echki, 55 ming parranda, 1,2 ming yilqi boqiladi (2003).

Ijtimoiy soha

[tahrir | manbasini tahrirlash]

79 umumiy taʼlim maktabi (40 mingdan ziyod oʻquvchi), 3 litsey va 8 kasb-hunar kolleji (jami 1700 oʻquvchi) bor. Tuman markaziy kasalxonasi, poliklinika, dorixona, feldsher-akusherlik, qishloq vrachlik punktlari va boshqa tibbiy muassasalar aholiga xizmat koʻrsatadi. Tuman hududidan Toshguzar — Boysun — Qumqoʻrgʻon temir yoʻl oʻtkazilgan. Qarshi — Kitob temir yoʻl, uning Shoʻrtanga boruvchi 15 km ga yaqin tarmogʻi, Toshkent — Termiz avtomagistralining (M-39) bir qismi, Qarshi — Gʻuzor, Shahrisabz — Qarshi va boshqa yoʻnalishlari boʻyicha avtomobil yoʻllari oʻtkazilgan. Gʻuzor shahridan Qarshi shahriga avtobus va marshrutli taksilar qatnaydi.

______________________________________________________________________________________

G`uzor daryosi havzasi haqida tayyorlangan BMI ma`lumotlari. Buxoro tabiiy resurslarni boshqarish instituti Meliorativ gidrogeologiya yo`nalishi talabasi Tog`ayev Shohruh va ilmiy rahbar Gidrologiya va ekologiya kafedrasi assistenti Hakimov Sherzod bilan birgalikda ArcGIS dasturidan foydalanib tayyorlangan.

Tumanga mustaqillik yillaridan beri quyidagi shaxslar hokimlik qilib kelmoqda:

  • Yarash Nurillayev (1992—1996) Begimqul Eshqobilov (1996—1998)
  • Xoʻjam Qodirov
  • Xolbobo Bozorov
  • Shomurod Donayev (2007—2017)
  • Fozil Qulmatov (12.03.2017-08.02.2018)
  • Sadulla Boboqulov (27.08.2018-10.04.2020)
  • Suyunov Bekzod Olimovich (10.04.2020-hozirgi vaqtga qadar)
  1. Latif Erdonov, Abdulyaa Mamatov. „Gʻuzor tumani“ OʻzME. Gʻ-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil