Qorovulbozor tumani
| ||
tuman | ||
---|---|---|
Tarkibida | Buxoro viloyati | |
Maʼmuriy markazi | Qorovulbozor | |
Asos solingan sanasi | 1993 | |
Hokim | Ostonov Akmal Anvarovich[1] | |
Rasmiy tillar | Oʻzbek | |
Vaqt mintaqasi | UTC+5 | |
Xaritada | ||
39°30′0″N 64°48′0″E / 39.50000°N 64.80000°E |
Qorovulbozor tumani — Oʻzbekiston Respublikasi Buxoro viloyatidagi tuman.
1993-yil 12 yanvarda tashkil etilgan[2][3]. Janubidan Qashqadaryo viloyatining Muborak tumani, gʻarbdan Olot, shimolidan Buxoro tumani, sharqdan Navoiy viloyatining Qiziltepa tumani bilan chegaradosh. Transport yoʻli stansiyasi. Maydoni 2,2 ming km2[4]. Aholisi 19,100 kishi (2021)[5]. Tumanda 1 shahar (Qorovulbozor), 3 qishloq fuqarolari yigʻini (Boʻzachi, Jarqoq, Navbahor) bor[6]. Tuman markazi — Qorovulbozor shahri[7].
Maʼmuriy-hududiy tuzilishi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Qorovulbozor shahri, neftchilar shaharchasi, Boʻzachi, Qoʻriqtepa, Jarqoq, Nogʻoratepa, Toshquduq, Sardoba qishloqlarida aholining asosiy qismi yashaydi. Milliy tarkibga koʻra tuman aholisi 15 ga yaqin millat va elat vakillaridan tashkil topgan. Oʻzbek, qozoq, turkman, rus, tatar, yahudiy, tojik, ozarbayjon, arman, belorus, ukrain va boshqa millat vakillaridan iborat. Shahar aholisi 73 foiz, qishloq aholisi 27 foizni tashkil qiladi. Mahalla fuqarolar yigʻini — 3 ta (Choʻlquvar, Tinchlik, Imom Buxoriy). Qishloq fuqarolar yigʻini — 4 ta (Boʻzachi, Boʻston, Navbahor, Jarqoq). Tumanda 800 dan ortiq yuridik maqomga ega korxona, tashkilot, muassasa, fermer xoʻjaliklari va tadbirkorlik subyektlari faoliyat koʻrsatmoqda. (2013-yil holati boʻyicha)
Tabiati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Qorovulbozor tumani relyefi, asosan, tekislik boʻlib, adir, qir va qumli choʻl, barxanlar, taqir, shoʻrxoklardan iborat. Tuproqlari oʻtloqi boʻz, qumoq boʻz, choʻl qumli, sur-qoʻngʻir, taqir boʻz tuproqlar. Janubida shoʻrxoklar katta maydonni egallaydi. Jarqoq, Saritosh, Setalantepa platolari hududida och boʻz tuproqlar tarqalgan. Yer osti sizot suvlari yer yuzasiga ancha yaqin. Qorovulbozor tumani hududida tashlama suvlardan Devxona, Xadicha koʻllari hosil boʻlgan. Tumandagi Saritosh, Jarqoq, Setalantepa kabi tektonik kichik burmalarda gaz va neft zaxiralari, qurilish materiallari (gips, ohaktosh va boshqalar) bor. Iqlimi subtropik belgilarga xos choʻl ikdimi. Yanvarning oʻrtacha temperaturasi 0,2°, eng past temperatura —22, —24°. Iyulning oʻrtacha temperaturasi 29,3°. eng yuqori temperatura 45, 46°. Vegetatsiya davri 208 kun. Yillik yogʻin 150-155 mm. Yovvoyi oʻsimliklardan boyalich, isiriq, kovrak, yantoq, shuvoq, singren, saksovul, qandim, rang, qoʻngʻirbosh, yaltirbosh va boshqa oʻsadi. Yovvoyi hayvonlardan taroq barmoqli koʻshoyoq, qar-soq tulki, ingichka barmoqli yumron-qoziq, tolay quyon, boʻri, dasht tosh-baqasi, malla yumronqoziq, sugʻur, sassiqkoʻzan, qumsichqon, qum boʻgʻma iloni, charx ilon, choʻl mushugi; qushlardan tuvaloq, qorabovur, olabovur, qirgʻovullar va boshqa bor. Tumandagi xoʻjaliklar yerlari Amu — Buxoro mashina kanalidan suv oladigan Doʻstlik va Qorovulbozor magistral kanallaridan sugʻoriladi.
Aholisi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Aholisi, asosan, oʻzbeklar, shuningdek, qozoq, rus, turkman, tatar, ozarbayjon, arman, belorus va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholining oʻrtacha zichligi 1 km2ga 6,3 kishi. shahar aholisi 9,5 ming kishi, qishloq aholisi 4,4 ming kishi (2005).
Xoʻjaligi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Tuman sanoatining rivojlanishi Setalantepa, Saritosh, Oʻrtabuloq, Koʻkdumaloq kabi gaz va neft konlarining ochilishi bilan bogʻliq. Tumanda Buxoro neftni qayta ishlash zavodi, texnik jihozlarni yigʻish va butlash boshqarmasi, 2 avtokorxona, qurilish korxonalari, bir qancha aksiyadorlik jamiyatlari, MTP, neft quyish tarmogʻi, dehqon bozori, novvoyxonalar bor. 7 shirkat, 2 ijara xoʻjaligi, 44 fermer xoʻjaligi faoliyat koʻrsatadi. 6,4 ming gektarda „Qorovulbozor“ oʻrmon xoʻjaligi mavjud. Bu yerda 20 xilga yaqin mevali, manazarali va yogʻochbop daraxtlar oʻstiriladi. Tumanda jami 14,3 ming ga yer sugʻoriladi, shu jumladan, 6 ming ga yerga paxta, 6,5 ming ga yerga don, shuningdek, sabzavot, poliz ekinlari ekiladi. 10 ga yer bogʻlar bilan band. Tumandagi jamoa va shaxsiy xoʻjaliklarida 4,2 ming qoramol (shu jumladan, 1,4 ming sigir), 6,8 ming qoʻy va echki, 7,2 ming parranda boqiladi. Qorakoʻl terisi tayyorlanadi.
Qishloq xoʻjaligi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Qorovulbozor tumanining umumiy yer maydoni 211063 gektar. Shundan 6132 ga paxta, 6335 ga gʻalla, 64 ga bogʻ-rogʻ, 230 ga poliz va sabzavotlar, 490 ga turli ekinlar ekiladigan yerlar boʻlib, qolgani yaylov, oʻrmonzorlardan iborat. Qishloq xoʻjaligi sohasida 4000 ga yaqin kishi mehnat qiladi. Fermerlar soni 130 ta. 3 ta muqobil mashina traktor saroyi, 3 suv isteʼmolchilar uyushmasi, „Qishloqxoʻjalikkimyo“ tuman fliali faoliyat yuritmoqda. Sugʻorish tarmoqlarining uzunligi 552,4 km. Shundan ichki xoʻjalik 486,2 km, qolgani xoʻjaliklararo sugʻorish tarmoqlaridir. „Shohrud—Doʻstlik“ irrigatsiya tarmoqlaritumandagi dehqonchilik xoʻjaliklarida suv taʼminotini nazorat qilib boradi. Chorvachilik sohasida 5000 qoramol, 80 mingdan ortiq qoʻy-echkilar, 8.4 ming parranda „Qorovulbozor“ qorakoʻlchilik shirkat xoʻjaligi, fermerlar hamda aholi qaramogʻida mavjud.
Taʼlim
[tahrir | manbasini tahrirlash]7 umumiy taʼlim maktabi (3,2 ming oʻquvchi), bolalar musiqa, sport maktablari, biznes maktabi, kasb-hunar kolleji, 4 kutubxona, yoshlar markazi majmui bor[8].
Transporti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Qorovulbozor tumanida umumiy foydalanish, yoʻlovchi, yuk tashuvchi avtomobil hamda temiryoʻl transporti rivoj topgan. transport tarmogʻida band boʻlgan ishchi xodimlar soni 100 nafardan ortiq. Tuman hududidan oʻtgan temir yoʻl 1916-yilda qurilgan. Bu yerdan Kogon, Qarshi, Kitob, Gʻuzor, Termiz yoʻnalishlarida yoʻlovchilar tashuvchi poyezdlar oʻtadi. Hududdagi avtomobil yoʻllarining uzunligi 300 km dan ortiq. shu jumladan, xalqaro ahamiyatdagi yoʻllar — 53 km. Buxoro hamda Qashqadaryo viloyatlarini bogʻlovchi asosiy avtomagistral Qorovulbozor hududidan oʻtgan. Qorovulbozor—Buxoro, Qorovulbozor — Gʻijduvon, Qorovulbozor—Kogon hamda mahalliy yoʻnalishlarda avtomobil qatnovi yoʻlga qoʻyilgan, bunda xususiy sektorning ulushi yuqori.
Madaniyat va sport
[tahrir | manbasini tahrirlash]Qorovulbozor tumanida 3 ta madaniyat saroyi, madaniyat uyi, 4 kutubxona (umumiy kitob fondi 18 ming) madaniyat va istirohat bogʻi, 3 klub muassasasi, 27 ta turli toʻgaraklar mavjud. Ashula va raqs, folklor-etnografik dastalari mavjud. „Goʻzal“ sport sogʻlomlashtirish majmui, markaziy stadion, tennis korti, „Delfin“ suzish havzasi va boshqa sport inshootlari ishlab turibdi. tuman markaziy kasalxonasi, markazii poliklinika, 3 qishloq vrachlik pun-kti, 2 feldsher-akusherlik punkti, tez tibbiy yordam punkti, 15 sogʻlomlashtirish punkti, dorixonalar va boshqa tibbiy muassasalarda 43 vrach, 180 oʻrta tibbiy xodim ishlaydi. „Lola“ bolalar sanatoriysi bor.
hududdagi 2 ta sport-sogʻlomlashtirish majmualarida 3 mindan ortiq kishi futbol, tennis, ogʻir atletika, suzish, basketbol, volleybol, boks, kurash, badiiy gimnastikava sportning boshqa turlari bilan shugʻullanadi. Viloyat chempionatida ishtirok etuvchi „Neftchi“ futbol jamoasi mavjud.
Meʼmoriy yodgorliklardan Qorovulbozor va Boʻzachidagi qad. sardobalar (16-asr) saqlangan[9]. 1993-yildan „Qorovulbozor tongi“ tuman gaz. nashr etiladi.
Galereya
[tahrir | manbasini tahrirlash]-
Qorovulbozor tumanidagi Neftchilar madaniyat saroyi
-
Hududdagi diqqatga sazovor joylar yoʻnalishi
-
Imom Buxoriy nomidagi MFY
-
Mahalla guzari
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Buxoro viloyati Qorovulbozor tumani hokimligi
- ↑ Vsemirniy istoricheskiy proekt (Wayback Machine saytida 2011-08-31 sanasida arxivlangan) Andoza:Архивировано
- ↑ Постановление Президиума Верховного Совета Республики Узбекистан от 12 yanvar 1993 года № 778-XII «Об образовании Караулбазарского района в составе Бухарской области
- ↑ „Buxoro viloyatining ma'muriy-hududiy bo'linishi“ [Administrative-territorial division of the Bukhara Region] (uz). Bukhara regional department of statistics.
- ↑ Urban and rural population by region, Bukhara regional department of statistics (oʻzbekcha).
- ↑ SOATO Sistema oboznacheniy administrativno-territorialnix obrazovaniy Andoza:Архивировано
- ↑ „Classification system of territorial units of the Republic of Uzbekistan“ (uz, ru). The State Committee of the Republic of Uzbekistan on statistics (2020-yil iyul).
- ↑ B. Soliyev. Qorovulbozor tumani: o'tmish, bugun va kelajak chorrahasida. Toshkent: Tafakkur, 2013 — 98-bet. ISBN 978-9943-24-046-9..
- ↑ „Постановление Кабинета Министров Узбекистан «Об утверждении Национального перечня объектов недвижимости материального культурного наследия»“. Lex.uz. 2020-yil 9-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2020-yil 22-fevral.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |