Qiziriq tumani
tuman | |
---|---|
Tarkibida | Surxondaryo viloyati |
Maʼmuriy markazi | Sariq (shaharcha) |
Hokimi | Anvar Oripov |
Rasmiy tillar | Oʻzbek |
Vaqt mintaqasi | UTC+5 |
Xaritada | |
37°36′25.9″N 67°17′10.3″E / 37.607194°N 67.286194°E |
Qiziriq tumani — Surxondaryo viloyatidagi tuman. 1975-yil 6-martda tashkil etilgan. Gʻarbdan Sherobod, janubidan Angor, shimolidan Bandixon, sharqdan Jarqoʻrgʻon, Shimoli-sharqdan Qumqoʻrgʻon, shimoli-gʻarbda Muzrabot tumanlari bilan chegaradosh. Maydoni 0,33 ming km2. Aholisi 350 ming kishi (2022). Tarkibida 1 shaharcha (Sariq), 5 qishloq fuqarolari yigʻini (Boʻston, Mehnatobod, Paxtakor, Yangiyoʻl, Yangi Hayot) bor. Markazi — Sariq shaharchasi.[1]
Tabiati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Relyefi tekislik, adir va togʻoldi qismlaridan iborat. Foydali qazilmalardan osh tuzi, oltingugurt, yonuvchi slanets, qurilish materiallari konlari bor. Iqlimi quruq subtropik iqlim. Yillik oʻrtacha temperatura 18°. Yanvarning oʻrtacha temperaturasi tekislik, choʻl va adirlarda 3,6°, togʻlarda −6°, eng past temperatura −20°. Iyulning oʻrtacha temperaturasi 32,1°, eng yuqori temperatura 48°. Yillik yogʻin 150 mm. Vegetatsiya davri 260 kun. Tekislikda och va toʻq boʻz, adirlarda arid, togʻlarda sur tuproqlar tarqalgan. Yovvoyi oʻsimliklardan archa, mavrak, kiyikoʻt, togʻrayhon, kovrak, shuvoq va boshqa oʻsadi. Yovvoyi hayvonlardan boʻri, tulki, jayra, koʻrsichqon; toʻqayzorlarda toʻqay mushugi, qobon, chiyaboʻri; qushlardan: kaklik, mayna, qaldirgʻoch, soʻfitoʻrgʻay, chil, gʻoz, oʻrdak; sudralib yuruvchilardan oʻqilon, gekkon, koʻzoynakli ilon va boshqa bor.
Aholisi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Aholisi, asosan, oʻzbeklar, shuningdek, tojik, turkman, tatar, rus va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholining oʻrtacha zichligi 1 km2ga 236,4 kishi. Shahar aholisi 102 ming kishi, qishloq aholisi 248 ming kishi (2022).
Iqtisodiyoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Xoʻjaligida qishloq xoʻjaligi sohalari — paxtachilik, gʻallachilik yetakchilik qiladi, shuningdek, chorvachilik, sabzavotchilik, polizchilik, bogʻdorchilik, tokchilik ham rivojlangan. Tumanda paxtaning, asosan, ingichka tolali navlari ekiladi. Paxta tozalash, gʻisht zavodlari, avtokorxona, qurilish tashkilotlari, dehqon bozori, MTP, don kombinati, vino tayyorlash korxonasi, tajriba xoʻjaligi bor. Kichik, oʻrta biznes va yirik korxonalar, mikrofirmalar faoliyat koʻrsatadi. Shirkat, dehqon, fermer xoʻjaliklari mavjud. Sugʻoriladigan maydonlarga paxta, don, poliz, sabzavot, ozuqa ekinlari ekiladi. Tumandagi jamoa va shaxsiy xoʻjaliklarida qoramol, qoʻy va echki, parranda boqiladi.
50 ta umumiy taʼlim maktabi (20 mingdan ziyod oʻquvchi), bolalar musiqa maktabi, litsey, kasb-hunar kollejlari bor.
Tuman markaziy kutubxonasi, madaniyat uyi, 7 klub muassasasi, 8 ashula va raqs xalq dastasi, shu jumladan, „Qoʻngʻirot“ folklor-etnografik, estrada vokalcholgʻu dastalari faoliyat koʻrsatadi. Stadion, sport maydonchalari, sport zallari va boshqa sport inshootlari bor.
Tuman markaziy kasalxonasi, 2 poliklinika, 50 ga yaqin feldsher-akusherlik punkti, 7 vrachlik ambulatoriyasi, 7 dorixona va boshqa tibbiy muassasalarda 115 vrach, 436 oʻrta tibbiy xodim ishlaydi.
Tuman hududidan Toshkent — Dushanbe xalqaro avtomobil magistrali oʻtadi. Shuningdek, bir necha yoʻnalishda avtomobil yoʻllari oʻtgan. Tuman markazidan Termizga avtobus va marshrutli taksilar qatnaydi.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |