Kontent qismiga oʻtish

Dag Hammarskjöld

Ushbu maqola yaxshi maqolalar sarasiga kiradi.
Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Dag Hammarskjöld
talaffuzi: Dag Hammarshyold

BMT Bosh Assambleyasidagi chiqishi
 Birlashgan millatlar tashkiloti bosh kotibi
Mansab davri
1953-yil 10-apreldan – 1961-yil 18-sentyabrgacha
Oʻtmishdoshi Trygve Lie
Vorisi U Thant
Shaxsiy maʼlumotlari
Tavalludi 29-iyul 1905-yil
Jönköping, Shvetsiya
Vafoti 18-sentyabr 1961-yil(1961-09-18)
(56 yoshda)
Ndola, Zambiya
Siyosiy partiyasi partiyasiz
Turmush oʻrtogʻi yoʻq
Bolalari yoʻq
Onasi Agnes Hammarskjöld (1866—1940)
Otasi Hjalmar Hammarskjöld (1862—1953)
Dini Nasroniylik
Mukofotlari

Vebsayti http://www.daghammarskjold.se
Hjalmar Hammarskjöld, Dagning otasi.
Surat 1936-yilda olingan

Dag Hjalmar Agne Carl Hammarskjöld (talaffuzi: Dag Yalmar Agne Karl Hammarshyold, HAM-ər-shuuld[1]; Dag Hammarskjöld; 1905-yil 29-iyul, Jönköping[en], Shvetsiya — 1961-yil 18-sentyabr, Ndola yaqinida, Rodeziya va Nyasaland federatsiyasi, hozirgi Zambiya) — Shvetsiya davlat arbobi, 1953—1961-yillarda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi.

Shvetsiya qiroliga yaqin boʻlgan Hammarskjöld zodagonlar oilasining vakili, Birinchi jahon urushi davrida Shvetsiya Bosh vaziri va bir vaqtda harbiy vazir (1914—1917) boʻlib ishlagan Hjalmar Hammarskjöldning kenja farzandi.

Shvetsiya moliya vazirligi va markaziy bankida, keyinroq tashqi ishlar vazirligida turli lavozimlarda ishlagan; 1953-yildan umrining oxirigacha — Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi. BMTning 1956-yilda Misrda boʻlgan birinchi tinchlikparvar amaliyoti tashkilotchisi. Hozirgacha BMT tarixidagi eng yosh Bosh kotib hisoblanadi[2].

Bosh kotib sifatida tashkilotning Xitoy, Yaqin Sharq va Kongodagi ziddiyatlarni hal etishdagi faol ishtirokini taʼminlagan.

Shoir, jurnalist va esseist sifatida ham tanilgan. 1954-yildan Shvetsiya akademiyasining[en] aʼzosi boʻlgan. 1961-yilda, vafotidan keyin Tinchlik boʻyicha Nobel mukofoti berilgan[3].

BMT tinchlikparvar kuchlarining Kongodagi harbiy amaliyoti vaqtida, Ndoladagi aviahalokat[ru] natijasida vafot etgan. Halokat sabablari hozirgacha nomaʼlum.

Tarjimai holi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oilasi va yoshligi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Dag Hammarskjöld 1905-yil 29-iyul Shvetsiyaning markazidagi Vättern(ingl.) koʻli yaqinida, Stokgolmdan taxminan 280 km janubi-gʻarbda joylashgan Jönköping[en] shahrining Liljeholmen(shved.) tumanida tugʻilgan. Uning otasi Shvetsiya taniqli davlat arbobi Hjalmar Hammarskjöld[en] (1862—1953) va onasi Agnes Hammarskjöld[en] (1866—1940) edi. Hjalmar va Agnesning toʻrtta oʻgʻli boʻlib, Dag ularning eng kichigi edi[4].

Hammarskjöld zodagonlar oilasining asoschisi, Shvetsiya qiroli Carl IX[en] harbiy xizmatida boʻlgan Peder Hammarskjöld[en] (taxminan 1560—1646) edi. 1610-yili zodagonlik va Hammarskjöld familiyasini oldi. Keyinroq Öland orolidagi qoʻshinlarning bosh qoʻmondoni etib tayinlandi. Uning avlodlari orasida harbiylar koʻpchilik boʻlib, boshqa sohalarda ham faoliyat yuritgan taniqli odamlar bor edi. Masalan, Dagning bobosini ukasi Lorenzo Hammarskjöld[en] (1785—1827) yozuvchi va adabiy tarixchi boʻlgan[5].

Dagning otasi huquqshunoslik boʻyicha professor edi. Dag tugʻilganidan koʻp oʻtmay, 1905-yilda oilasi bilan Daniya poytaxti Kopengagenga koʻchib oʻtdi va diplomatik lavozimda ishladi. Hjalmar Hammarskjöld 1907-yili xalqaro huquq boʻyicha Ikkinchi Gaaga konferensiyasida qatnashgan. Bu uning oʻz karyerasiga ham, farzandlarining karyerasiga ham taʼsir koʻrsatgan. Kelajakda Dagning oʻzi va uning ikki akasi — Bo Hammarskjöld(shved.) (1891—1974) davlat xizmatida yuqori lavozimlarda ishlagan, Oke Hammarskjöld (1893—1937) Millatlar Ligasi Xalqaro sudida ishlagan[6][7].

1907-yilda Dagning otasi yangi lavozimni egalladi — Stokgolmdan 60 km shimolda joylashgan Uppsala grafligi gubernatori boʻldi. Birinchi jahon urushi davrida Hjalmar Hammarskjöld Shvetsiya bosh vaziri[en] va bir vaqtda harbiy vazir (1914—1917) boʻlib ishlagan[4]. Uning oilasi Uppsalada yashashni davom ettirdi; aynan shu shahar Dag uchun vatan boʻlgan — bu yerdagi maktabda, keyinroq mahalliy universitetda oʻqigan. Dagning onasi Agnes Shvetsiya qamoqxona xizmati bosh direktori (Fångvårdsstyrelsen), shved adabiy klassiklaridan biri Karl Jonas Luve Almqvistning(ingl.) oʻgay ukasi - Gustaf Fridolf Almquistning(shved.) (1814—1886) qizi edi. Dagning adabiyotga qiziqishlari ham aynan Agnes oilasi bilan bogʻliq edi. Dagning yana bir katta akasi Sten Hammarskjöld (1900—1972) yozuvchi boʻlgan[4][5].

Jönköping, Estra Sturgatan koʻchasi, 91-uy. Dag Hammarskjöld 1905-yilda shu uyda tugʻilgan.
Fotosurat 2006-yilda olingan

1923-yilda Dag Hammarskjöld oʻrta maktabni tugatgach, Uppsala universitetiga oʻqishga kirdi. Dastlabki ikki yil davomida Fransiya tarixi va adabiyoti, ijtimoiy falsafa va siyosiy iqtisodni oʻrgandi, soʻng imtiyozli diplom bilan sanʼat bakalavri darajasini oldi. Keyingi uch yil davomida iqtisod boʻyicha oʻqib, iqtisodiyot fanlari litsensiati darajasini oldi. 1930-yilda Uppsala universitetida yana ikki yillik oʻqishdan soʻng huquqshunoslik boʻyicha bakalavr darajasini oldi[8].

1933-yilda Dag Hammarskjöld Stokgolm Oliy maktabida (hozirgi Stokgolm universiteti) iqtisod fanlari boʻyicha doktorlik dissertatsiyasini „Iqtisodiy sikl bosqichlari: nazariy va tarixiy sharhlar“ mavzusida himoya qilib, siyosiy iqtisod boʻyicha doktorlik va dotsent ilmiy unvonini oldi[9].

Davlat xizmatida

[tahrir | manbasini tahrirlash]

1930-yilda Dag Hammarskjöld Uppsaladan Stokgolmga koʻchib oʻtdi. 1934-yilgacha ishsizlik muammosi boʻyicha hukumat qoʻmitasining kotibi boʻlgan va 1935-yilda tashabbuskor xodim sifatida Shvetsiya moliya vazirligiga[en] taklif qilingan[5].

1936-yilda Shvetsiya banki[en] kotibi, 1937-yilda moliya vazirligida davlat kotibi boʻldi va bu lavozimda 1945-yilgacha ishladi. 1941-yildan 1948-yilgacha, bir vaqtning oʻzida Shvetsiya banki boshqaruvi raisi boʻlgan[10].

1945-yildan Shvetsiya Vazirlar Mahkamasining moliyaviy-iqtisodiy masalalar boʻyicha maslahatchisi lavozimini egallab, Shvetsiyaning moliyaviy siyosatini shakllantirishda muhim rol oʻynay boshladi[2]. Masalan, oʻsha yillarda Shvetsiya iqtisodiyotidagi tarkibiy muammolarni bartaraf etish bilan bogʻliq tadbirlarni rejalashtirish va tashkil etish bilan shugʻullangan. Muntazam ravishda Shvetsiyaning turli mamlakatlar, jumladan, AQSh va Buyuk Britaniya bilan olib borgan savdo va moliyaviy muzokaralarida qatnashdi[11].

1947-yilda Hammarskjöld Shvetsiya tashqi ishlar vazirligiga[en] ishga oʻtdi. Ikki yil davomida vazirlik davlat kotibi lavozimida ishlab, iqtisodiy masalalar bilan shug‘ullangan. Boshqa ishlar qatorida, 1947-yilda Marshall rejasini amalga oshirish mexanizmini muhokama qilish boʻyicha Parijdagi konferensiyada Shvetsiya delegatsiyasining tarkibida edi. 1948-yilda Parijdagi konferensiyada Shvetsiya delegatsiyasiga rahbarlik qildi[4][5]. Unda Yevropani iqtisodiy qayta qurish loyihalarini muvofiqlashtirish uchun Yevropa iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, OEEC (hozirgi Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti, OECD) tashkil etildi. 1948—1949-yillarda Hammarskjöld ushbu tashkilot Ijroiya qoʻmitasi raisining oʻrinbosari boʻlgan. 1949-yilda Shvetsiya tashqi ishlar vazirligining bosh kotibi boʻldi[2]. Bu lavozimda, 1950-yilda u Birlashgan Qirollik, Daniya, Norvegiya va Shvetsiya oʻrtasida iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun tashkil etilgan UNISCAN tashkilotining taʼsis konferensiyasida Shvetsiya delegatsiyasiga rahbarlik qildi[12].

Hammarskjöld har doim oʻzini siyosiy jihatdan mustaqil deb hisoblagan va hech qachon biron bir partiyaga aʼzo boʻlmagan. Shunga qaramay, 1951-yilda sotsial-demokratlar[ru] tomonidan tuzilgan Vazirlar Mahkamasi tarkibiga portfelsiz vazir va tashqi ishlar vazirining iqtisodiy hamkorlik boʻyicha oʻrinbosari sifatida kirdi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining ikkita sessiyasida qatnashdi: Parijdagi oltinchi sessiyada (1951—1952) Shvetsiya delegatsiyasi rahbari oʻrinbosari sifatida va Nyu-Yorkdagi yettinchi sessiyada (1952—1953) delegatsiya rahbari sifatida[13][14].

BMT Bosh kotibi

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Dag Hammarskjöld BMTning Nyu-Yorkdagi shtab-kvartirasida.
1953-yilgi fotosurati

1952-yil 10-noyabrda Trygve Lie BMT Bosh kotibi lavozimidan ketishini eʼlon qildi. Gʻarb davlatlari va Sovet Ittifoqi oʻrtasida bir necha oylik muzokaralardan keyin uning vorisi boʻyicha kelishuvga erishilmadi[12]. 1953-yil 13—19-mart kunlarida Xavfsizlik Kengashi toʻrtta nomzod boʻyicha ovoz berdi. Kanadalik Lester B. Pearson koʻp ovoz olgan yagona nomzod edi, ammo Sovet Ittifoqi unga veto qoʻydi[15]. 1953-yil 7-aprelda BMT Xavfsizlik Kengashi tavsiyasiga koʻra, Dag Hammarskjöld Bosh Assambleya tomonidan bir ovozdan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi lavozimiga tayinlandi[16][17][18].

1953-yil 10-aprelda lavozimga kirishdi. U oʻz faoliyatini BMT suverenitetini mustahkamlash chora-tadbirlaridan boshladi, uning maqsadi barcha aʼzo davlatlarga nisbatan neytral boʻlgan fuqarolik xizmatini yaratish edi[4][5]. Birlashgan Millatlar Tashkilotining barcha xodimlari hukumat nazorati ostidan Bosh kotib qoʻl ostidagi lavozimga oʻtdilar va AQSh fuqarolarini Amerikaga oid boʻlmagan faoliyatlar boʻyicha komissiya[ru] (McCarthy komissiyasi) tomonidan qoʻyilgan ayblovlardan himoya qilish choralari koʻrildi[12]. Federal qidiruv byurosi[en] xodimlari BMT binosidan olib tashlandi[2].

1953-yildan 1957-yilgacha Hammarskjöldning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi lavozimidagi yordamchisi, soʻngra muovini Sovet diplomati Ilya Semyonovich Chernishyov[ru] (1912—1962) edi[19].

Xitoy bilan muzokaralar

[tahrir | manbasini tahrirlash]

1955-yilga kelib, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi, shuningdek, butun Birlashgan Millatlar Tashkilotining muhim va ayni paytda mustaqil kuch sifatidagi mavqei sezilarli darajada mustahkamlandi. Bu, birinchi navbatda, Koreys urushi paytida xitoylar tomonidan asirga olingan 15 amerikalik uchuvchini ozod qilish boʻyicha muzokaralarning muvaffaqiyati bilan bogʻliq edi. Rasmiy ravishda, bu uchuvchilar harbiy harakatlar paytida BMT qoʻmondonligi ostida boʻlgan. 1954-yil noyabr oyida baʼzi uchuvchilar josuslik ayblovi ortidan uzoq muddatlarga qamoq jazosiga hukm qilingani haqida maʼlumot paydo boʻlgan[20]. Keyinroq Amerika maʼmuriyatining keskin bayonotlari ortidan AQSh Prezidenti Dwight D. Eisenhower uchuvchilar taqdiri uchun javobgarlikni BMTga yuklagan. Xitoy Xalq Respublikasi rahbari Zhou Enlai[en] bilan muzokaralarni ikki hafta davomida Pekinda tashrifda boʻlgan Hammarskjöld shaxsan olib bordi. Vazifa yanada qiyinroq edi — Xitoy Qoʻshma Shtatlar bilan diplomatik munosabatlarga ega emas, BMT aʼzosi boʻlmagan va Xitoyning Xavfsizlik Kengashidagi oʻrni Tayvan tomonidan egallangandi. Hammarskjöldning saʼy-harakatlari natijasida toʻrt nafar uchuvchi may oyida, qolgan 11 nafari esa avgust oyida ozod qilindi. Bu voqealar ommaviy axborot vositalarida keng yoritildi va BMT nufuzini oshirishga xizmat qildi[21].

Isroillik tarixchi Benjamin Mazar bilan Quddus yahudiy universitetiga tashrifi chogʻida.
1959-yilgi surat

1956-yil oktyabr oyida Suvaysh kanali Misr tomonidan milliylashtirilgach, bir qator kuchlarning kanalni oʻz nazorati ostida ushlab turish istagi bilan bogʻliq yangi xalqaro inqiroz paydo boʻldi. Tarixda bu voqealar Suvaysh inqirozi yoki Ikkinchi Arab-Isroil urushi deb nomlangan[12]. 1956-yil 22-oktyabrda Fransiya, Buyuk Britaniya va Isroil oʻrtasida yashirin ittifoq tuzildi, unga koʻra Isroil Misrga qarshi harbiy operatsiyalarni boshlashi kerak edi. Oʻshanda Fransiya va Buyuk Britaniya Isroildan ham, Misrdan ham qoʻshinlarni Suvaysh kanali hududidan olib chiqib ketishni talab qilishlari rejalashtirilgan edi. Shundan soʻng bu hudud ustidan nazorat Angliya-Fransiya harbiy kuchlariga oʻtadi, Isroil esa urushdan keyin butun Sinayni yoki hech boʻlmaganda uning Al-Arish — Sharm al-Shayx chizigʻi boʻylab sharqiy qismini qoʻshib olishi kerak edi. 1956-yil 29-oktyabrda Isroil qo‘shinlari Misrga bostirib kirdi, ammo Fransiya va Buyuk Britaniyaning rejalari turli sabablarga ko‘ra amalga oshmadi[22]. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi hech qachon rezolyutsiyani qabul qila olmadi — na AQSh tomonidan, na Sovet Ittifoqi tomonidan qilingan takliflar qabul qilindi: ikkala holatda ham Fransiya va Buyuk Britaniya rezolyutsiyaga veto qoʻyishdi. Bunday vaziyatda Bosh Assambleya Hammarskjöldga BMTning maxsus tinchlikparvar kuchlarini[ru] — Birlashgan Millatlar Tashkilotining Favqulodda Kuchlarini[ru] tuzishni va ularni mojaro zonasida joylashtirishni taʼminlash vazifasini topshirdi. Shu bilan birga, Hammarskjöld oldiga Misr rahbariyatini bu qoʻshinlarni oʻz hududiga joylashtirishga ruxsat berishga ishontirish vazifasi qoʻyildi. Ikkala vazifa ham muvaffaqiyatli hal qilindi; 1956-yil 6-noyabrda sulh shartnomasi kuchga kirdi va 15-noyabrda kanal zonasida BMT kuchlarining birinchi boʻlinmalari joylashtirildi. Bu operatsiya BMTning birinchi tinchlikparvar amaliyoti[ru] edi va kelajakda koʻplab tinchlikparvarlik amaliyotlari uchun namuna boʻlib xizmat qildi[23].

1957-yil sentyabrda Hammarskjöld bir ovozdan yana besh yillik muddatga Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi lavozimiga tayinlandi[11][5].

1950-yillarning oxirida BMTning Yaqin Sharqda tinchlikni saqlash boʻyicha turli tadbirlari davom etdi. Ularni amalga oshirishda Hammarskjöld bevosita ishtirok etdi; Uning tashabbusi bilan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Livanda monitoring guruhi (UNOGIL) tashkil etildi. Guruh 1958-yil iyundan dekabrgacha faoliyat yuritgan. Maqsadi Livan chegarasi orqali odamlar va qurollarning noqonuniy olib oʻtilishiga yoʻl qoʻymaslik edi. Shu yili Iordaniyada BMT Bosh kotibning maxsus vakili idorasi ochildi[24].

Dag Hammarskjöld 1961-yilda

1959—1960-yillarda Hammarskjöld Afrika muammolarini hal etishda faol ishtirok etdi. Bu birinchi navbatda ushbu qitʼaning koʻpgina mamlakatlari tomonidan davlat mustaqilligini eʼlon qilinishi bilan bogʻliq edi. Bir yarim oy davomida Hammarskjöld Afrikaning 21 mamlakat va hududlariga tashrif buyurdi[25].

1960-yil iyul oyida Hammarskjöld Bosh kotib sifatida birinchi marta BMT Nizomining 99-moddasida unga berilgan huquqdan foydalandi va Kongo Respublikasidagi (sobiq Belgiya Kongosi) vaziyat munosabati bilan Xavfsizlik kengashini chaqirdi[2]. 1960-yil 30-iyunda bu mamlakat (keyinchalik Zair, hozirgi Kongo Demokratik Respublikasi deb ataladi) Belgiyadan mustaqilligini eʼlon qildi. Ammo yangi davlatning markaziy kuchi hali ham juda zaif edi[12]. Katangadagi[ru] separatistik kuchlar rahbari Moise Tshombe[en] viloyatni mamlakatning qolgan qismidan mustaqil deb eʼlon qildi va Belgiya harbiylarini tartibni saqlashda yordam berishga chaqirdi. Mamlakat prezidenti Joseph Kasa-Vubu[en] va bosh vazir Patrice Lumumba[ru] Belgiya qo‘shinlarining harakatlarini suveren davlatning ichki ishlariga aralashish deb baholadilar[13]. Ular 12-iyul kuni BMTga telegramma yo‘llab, zudlik bilan mamlakatga harbiy yordam koʻrsatish, mamlakatni bosqinchilikdan himoya qilishni soʻradilar[26]. Poytaxt Leopoldvilda (hozirgi Kinshasa) tartibsizliklar boshlandi. 14-iyul kuni BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiya qabul qildi, unda Bosh kotibga Kongo Respublikasi hukumati va armiyasiga harbiy yordam koʻrsatish boʻyicha koʻrsatma bor edi. Hammarskjöld ushbu topshiriqni bajarish uchun harbiy kontingentni tuzishga kirishdi. Harbiylar juda qisqa vaqt ichida muvaffaqiyatga erishdilar, birinchi harbiy boʻlinmalar 15-iyul kuni Tunisdan Leopoldvilga keldi[13].

Shvetsiya harbiylari Kongoda.
Fotosurat 1961-yilda olingan

1961-yil yanvar oyida Hammarskjöld Janubiy Afrika Ittifoqidagi irqiy segregatsiya muammolari bilan ham shugʻullangan va shaxsan shu mamlakatga kelgan. Tashrif davomida „Kongodagi BMT operatsiyasini“ davom ettirish boʻyicha ham muzokaralar olib bordi[27].

Hammarskjöldga qarshi turli tomonlardan aytilgan tanqidlar 1960-yilgi Kongo inqirozi[ru] paytida kuchaydi. Sovet Ittifoqi Patrice Lumumba rejimiga yaqinlashar ekan, Sovet rahbariyati Hammarskjöld va isyonchilar yetakchisi Moise Tshombe oʻrtasidagi muzokaralar boshlanishiga ogʻriqli munosabatda boʻldi[13].

1960-yil sentyabr oyida Kongoda hokimiyat inqirozi boshlandi: Lumumba bosh vazirlik lavozimidan chetlatilgani eʼlon qilinganidan soʻng, radio orqali Kasavubu endi davlat rahbari emasligini eʼlon qildi[11]. Bu davrda AQSH ham, Sovet Ittifoqi ham BMT va shaxsan Hammarskjöldning harakatlaridan norozi edi: Qoʻshma Shtatlar BMT qoʻshinlari Kasavubuga toʻgʻridan-toʻgʻri yordam koʻrsatishi kerak edi, deb hisoblardi. Sovet Ittifoqi esa, „mustamlakachilikni qoʻllash harakatlari“da Hammarskjöldni aybladi. Sovet Ittifoqining BMT Bosh kotibini tanqid qilish ishiga Fransiya ham qoʻshildi[13].

Nikita Xrushchyov.
Fotosurat 1961-yilgi

Natijada, 1960-yil kuzida boʻlib oʻtgan Bosh Assambleyaning navbatdagi sessiyasida Nikita Xrushchyov BMTning Kongodagi faoliyatini yana qoraladi. Tashkilotning boshqaruv sxemasini oʻzgartirish — Kotibiyatning boshida boʻlishi kerak boʻlgan bosh kotiblarning „uchligi“ni yaratish taklifini kiritdi. Taklifda bir kishi kapitalistik davlatlaridan, bir kishi sotsialistik davlatlardan, bir kishi betaraf mamlakatlardan saylanishi kerakligi aytildi[11]. Ushbu taklif va barcha murosa variantlari rad etilganidan soʻng, Xrushchyov yana BMT Bosh kotibini qoralab, uning „isteʼfoga chiqishi kerakligini“ talab qilgan[12][27].

Hammarskjöldning bu soʻzlarga javobi adabiyotlarda koʻpincha tarixiy deb ataladi:

Hozirgi ogʻir va xavfli vaziyatda isteʼfoga chiqib, Tashkilotni har tomondan parchalanishiga yoʻl bergan boʻlaman. Men buni qilishga haqqim yoʻq, chunki barcha aʼzo davlatlar oldida javobgarman. Muddatim oxirigacha oʻz lavozimimda qolaman va Tashkilotga aʼzo xalqlar manfaati uchun xizmat qilaman, chunki ular buni mening burchim deb hisoblaydilar. Buyuk bir kuchning bosimiga taslim boʻlish oson, qarshilik qilish qiyin. Men buni ko‘p marta qilishimga to‘g‘ri kelgan. Agar BMTni bugungi dunyoda o‘z manfaatlarini eng yaxshi himoya qiluvchi vosita deb biladigan xalqlarning irodasi bo‘lsa, men burchimni yana bajaraman

— [28][29]


Patrice Lumumba 1961-yil boshida Tshombe tarafdorlari tomonidan oʻldirilganidan soʻng, Sovet Ittifoqi tomonidan Hammarskjöldni tanqid qilish qayta boshlandi. Sovet Ittifoqining BMTdagi doimiy vakili Valerian Zorin[ru] Belgiyaga qarshi sanksiyalarni qabul qilishni, Mobutu va Tshombeni hibsga olishni, BMTning Kongodagi operatsiyasini toʻxtatishni va Hammarskjöldni lavozimidan chetlashtirishni talab qildi, ammo bu bayonot eʼtiborga olinmadi[27][28].

Dag Hammarskjöld yoshligidan sheʼriyatga mehr qoʻygan. Uppsala universitetida Fransiya tarixi va adabiyotiga qiziqqan[2]. Vafotidan keyin, 1925-yildan 1961-yilgacha boʻlgan davrga oid kundaliklari, sheʼrlari (shu jumladan, hayku[en]) va qaydnomalari topildi. 1963-yilda kundaliklar Vägmärken(ingl.) (soʻzma-soʻz tarjimasi — „Yoʻldagi qaydnomalar“) nomi bilan kitob holida nashr etilgan[28]. 1964-yilda kitob ingliz tilida mashhur ingliz-amerikalik shoir W. H. Auden[en] (1907—1973) tomonidan tarjima qilingan va nashr etilgan[4][5].

Hammarskjöldning yana bir xobbisi fotografiya edi. Koʻplab suratlar uning Shimoliy Shvetsiya togʻlariga qilgan sayohatlari davomida olingan va tabiat goʻzalliklariga bagʻishlangan. 2005-yilda, tavalludining 100 yilligi munosabati bilan Shvetsiyada Hammarskjöld tomonidan olingan oq-qora fotosuratlar bilan fotoalbom nashr etildi. Albomga „Vägmärken“ kitobidan uning 30 ga yaqin hayku sheʼrlari yozilgan[30].

1954-yilda Dag Hammarskjöld shved yozuvchilari, olimlari va jamoat arboblari bilan bir qatorda Shvetsiya akademiyasining adabiyot boʻyicha qoʻmitasi aʼzoligiga umrbod muddatga saylangan. Uning vazifasi shved tilini tartibga solish, shuningdek, adabiyot boʻyicha Nobel mukofotiga nomzodlarni saralab olish boʻlgan[11]. 1953-yil oxirida Dagning otasi, 1918-yildan buyon Shvetsiya akademiyasining aʼzosi bo'lib ishlagan Hjalmar Hammarskjöld vafot etdi. 1954-yil 20-dekabrda Dag Hammarskjöld Shvetsiya akademiyasiga aʼzo boʻlib, otasining oʻrinni egalladi. Bu Shvetsiya akademiyasi tarixidagi yagona holat edi[4][5].

Ko‘pgina oliy taʼlim muassasalari Hammarskjöldning mehnatini eʼtirof etib, unga faxriy doktorlik unvonini berishgan[11]. Ular orasida Buyuk Britaniyaning Oksford universiteti, Karlton universiteti[ru], Kanadaning McGill universiteti[en], AQShning Garvard, Yel, Kaliforniya, Kolumbiya, Pensilvaniya, Princeton universiteti, Ogayo shtati universiteti, Johns Hopkins universiteti va Shvetsiyaning Amherst kolleji[en], Uppsala universiteti bor[13].

Shaxsiy hayoti

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Dag Hammarskjöld dinga ishongan shaxs boʻlib, lyuteran eʼtiqodini qabul qilgan[27][31]. Dunyoqarashining shakllanishiga ilohiyot olimlari Meister Eckhart[en] va John Ruusbroec[en] asarlari taʼsir ko‘rsatdi[32]. Dag Hammarskjöldning shaxsiy hayoti haqida ishonchli maʼlumotlar yoʻq. U boʻydoq boʻlgan va uning ayollar bilan munosabatlari haqida hech narsa maʼlum emas. U turmush qurishni istamasligini otasining doimiy davlat xizmatida ishlashi, onasi yolg‘izlikdan qattiq qiynalgani va o‘zi ham boshqa birovga bunday azob-uqubatlar keltirishni istamasligi bilan izohladi. Hammarskjöldning biograflari uning gomoseksualligi haqida keng tarqalgan mish-mishlar borligini va bu mish-mishlar uning vafotidan keyin dushmanlari tomonidan tarqatilganini iddao qilganlar[33]. Hammarskjöldning oʻrinbosari Brian Urquhart[en] oʻzining 1972-yilda yozgan bosh kotib tarjimai holi haqidagi „Hammarskjöld“ kitobida mish-mishlarni gʻazab bilan rad etib, shunday degan: „Ahmoq yoki yovuz odamlar vaqti-vaqti bilan Hammarskjöld turmush qurmagani uchun gomoseksual boʻlishi kerak, degan qoʻpol fikrni aytishadi, vaholanki uni yaqindan bilganlar bunday deb oʻylamaganlar“[34]. Amerikaning taniqli diniy arbobi Henry Van Dusen[ru], oʻzining „Dag Hammarskjöld: Statesman and his religion“ nomli kitobida yozishicha, "Hammarskjöld oʻzining „oʻzaro tushunish ideali“ tufayli ayollar bilan munosabatlar oʻrnatolmagani sababli uylanmagan[35]. Hammarskjöldning gomoseksualligi haqidagi taxmin siyosatchi va yozuvchi, 1961-yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining Katangadagi maxsus vakili vazifasini bajargan Conor Cruise O'Brien[en] tomonidan qoʻllab-quvvatlangan. U taxminlarini Hammarskjöld haqidagi „Qotil farishtalar“ pyesasida (inglizcha: Murderous Angels; 1969) va 1999-yilda nashr etilgan xotiralarida yozgan[36][37][38]. Hammarskjöldning doʻsti, "Vägmärken" kitobini ingliz tiliga tarjima qilgan shoir Wisten Auden uning gomoseksual ekanligiga ishonch hosil qilgan. Oden Skandinaviya mamlakatlariga safari paytida bergan maʼruzasida aytgan bu fikr shoirni Adabiyot boʻyicha Nobel mukofotidan mahrum qilish masalasini koʻtarishga olib kelgan[39][40]. Hammarskjöldning biograflari uning gomoseksualligini tasdiqlaydigan asoslarni topa olmadilar. Uning yopiq feʼl-atvori onasiga bogʻlanganligi va talabchan otasi bilan kechgan qiyin munosabatlar natijasida shakllangani haqidagi faraz bilan cheklandilar[28][9][8]. Cyrille Adoula

Xaritadagi pushti chiziq Hammarskjöld samolyotining tavsiya etilgan yoʻnalishini koʻrsatadi. Qora chiziq chalgʻituvchi parvoz qilgan samolyotning uchgan yoʻnalishini koʻrsatadi. Bosh kotibning samolyotidan taxminan bir soat oldin Leopoldvildan uchib, 17-sentyabr kuni soat 22:35 da Ndolaga qoʻngan.
Dag Hammarskjöldning dafn marosimi. Uning jasadi joylashtirilgan tobut katafalkka qoʻyilgan.
1961-yil 29-sentyabr
Uppsala eski qabristoni. Dag Hammarskjöld qabri ustidagi Förenta nationernas generalsekreterare (BMT Bosh kotibi) yozuvli qabrtoshi
2005-yilgi surat

1961-yil sentyabrda Katanga inqirozi avj oldi, separatistik kuchlar ushbu viloyatda joylashgan BMT qoʻshinlariga faol qarshilik koʻrsata boshladi[11]. 12-sentyabr kuni Hammarskjöld toʻrtinchi marta Kongoga keldi. Hammarskjöldning fikricha, hozirgi inqirozdan chiqish yoʻlini topish uchun avgust oyida tayinlangan Kongo hukumati rahbari Kiril Adula va Katanga provinsiyasidagi separatistik kuchlar rahbari Moise Tshombe oʻrtasida zudlik bilan bevosita muzokaralarni tashkil qilish zarur edi. Hammarskjöld Tshombe bilan shaxsiy uchrashuvini bunday muzokaralar boshlanishini taʼminlashning yagona yoʻli deb bildi[41].

18-sentyabr kuni isyonchilar yetakchisi Tshombe bilan oʻsha paytda Rodeziya va Nyasaland federatsiyasi[ru] (hozirgi Zambiya) hududida joylashgan Ndola shahrida uchrashishi kerak edi[11]. 17-sentyabr oqshomida Bosh kotibning kichik samolyoti Leopoldvildan havoga koʻtarildi. Ndolaga yaqinlashganda, uchuvchi aviadispetcherga aeroport chiroqlarini koʻrganini aytdi, shu payt aloqa uzilib qoldi. Samolyot qoldiqlari aeroportdan 15 km uzoqlikda topilgan. Bortdagi to‘xtab qolgan soatga qaraganda, halokat 18-sentyabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 0:20 da sodir bo‘lgan. Samolyotdagi barcha 16 kishi — 10 yoʻlovchi, shu jumladan Hammarskjöld va 6 ekipaj aʼzosi halok boʻldi[42].

Oltita rasmiy tekshiruv oʻtkazildi. Tekshiruv davomida texnik nosozliklar, bortdagi sabotaj, yoqilgʻi yetishmasligi, BMT samolyotini Katanga isyonchilarida boʻlgan yagona harbiy samolyot bilan oʻqqa tutish kabi koʻplab versiyalar ilgari surildi, ammo ularning hech biri uchun ishonchli dalillar yoʻq edi[11]. Ehtimoliy sabab sifatida quyidagilar aytildi: Hammarskjöld samolyoti juda past balandlikda uchgan va daraxtlarga urilgan[43].

Halokatdan oʻn kun oʻtib, Hammarskjöldning jasadi Shvetsiyaga olib kelingan. Uppsala soborida[ru] oʻtkazilgan vidolashuv marosimi televideniye orqali namoyish etildi. 1961-yil 29-sentyabrda Dag Hammarskjöld Uppsala eski qabristonidagi[ru] oilaviy xilxonaga dafn qilindi[44].

1998-yil 19-avgustda Janubiy Afrika maxfiy xizmatining[ru] maxfiy maktublarida Nobel mukofoti laureati, Janubiy Afrika haqiqat va yarashuv komissiyasi raisi, arxiyepiskop Desmond Tutu[en], Markaziy razvedka boshqarmasi va MI5[en] maxfiy xizmatlari BMT Bosh kotibining oʻlimiga aloqadorligi bayon qilingan[4][5][45]. Britaniya tashqi ishlar vazirligi bu hujjatlarni „Sovet Ittifoqi dezinformatsiyasi“ deb atadi[46].

2011-yil avgust oyida Britaniyaning The Guardian gazetasi mustaqil tergov natijalarini eʼlon qildi, unga koʻra Hammarskjöldning samolyoti urib tushirilgan[47]. Xalqaro huquqshunoslar komissiyasi BMT Bosh kotibining o‘limi bo‘yicha yangi tergov boshladi, uning tarkibiga sobiq amaldorlar kirdi[48]. 2015-yil 30-mart kuni BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun tomonidan tayinlangan mustaqil ekspertlar guruhi aviahalokat holatlarini oʻrganish boʻyicha ish boshladi[49]. Londonning Afrikadagi samolyot halokatiga aloqadorligi haqidagi versiyaga qoʻshimcha ravishda, boshqa nazariyalar, jumladan, BMT Bosh kotibi Sovet hukumati buyrugʻi bilan oʻldirilgani haqida ham aytilgan[50].

2017-yil 24-dekabrda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh Assambleyasi BMT Bosh kotibining o‘limi holatlari bo‘yicha uning samolyoti urib tushirilganligi (xususan, 2017-yilda Ndola va uning atrofida Bosh kotib vafot etgan kechada Amerika harbiy kuchlari, shu jumladan bir nechta Douglas DC-3[en] harbiy samolyotlari boʻlganligi haqida maʼlumotlar eʼlon qilindi[48][44][51]. Rezolyutsiyada aytilishicha, „Dag Hammarskjöld va unga hamroh boʻlgan guruh aʼzolarining fojiali oʻlimiga sabab boʻlgan shart-sharoitlar toʻgʻrisida butun haqiqatni oʻrganish BMT aʼzolarining umumiy burchidir“[52].

2014-yilda sizdirilgan hujjatlarda Amerikaning Kongodagi elchisi samolyot Katanga havo kuchlarida xizmat qilgan belgiyalik yollanma uchuvchi tomonidan urib tushirilgan boʻlishi mumkinligi haqida Vashingtonga kablogramma joʻnatgani maʼlum boʻldi. Van Risseghem 2007-yilda vafot etgan. 2019-yilda daniyalik kinorejissyor Mads Brüggerning „A cold accident“ (Sovuq holat) hujjatli filmida Jan van Risseghem oʻzining doʻstiga Hammarskjöldning samolyotini urib tushirganini aytganini daʼvo qildi. Bu van Risseghem oilasining Hammarskjöldning oʻlimiga aloqasi yoʻq degan rasmiy bayonotiga zid edi. Van Risseghemning rafiqasi bilan bergan intervyusiga koʻra, Rodeziyada Katanga harbiy-havo kuchlari uchun samolyot sotib olish boʻyicha muzokaralar olib borgan va jurnallar „oʻsha paytda u Katanga tomon uchmaganligini tasdiqlovchi dalillar“ bilan taʼminlangan. Hujjatli filmlar guruhi film uchun van Risseghemning bir nechta hamkasblari bilan suhbatlashdi, ularning barchasi oʻz nazariyalarini aytdilar[44][53][54][55].

Hammarskjöldning BMTdagi faoliyati natijalari

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Dag Hammarskjöld kutubxonasi. Nyu-York, AQSh
Shvetsiyaning Uppsala shahridagi Dag Hammarskjöld markazi. Unda Hammarskjöld fondi kotibiyati joylashgan.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi sifatida Dag Hammarskjöld yigirmaga yaqin xalqaro inqirozlarni hal qilishda ishtirok etdi. Birinchi tinchlikparvar operatsiyani (1956-yilda Misrda) tashkil qildi va uni muvaffaqiyatli amalga oshirdi[12]. BMTning qoʻmondonligi ostida maxsus kuchlar tuzilishi kerak edi va bu vazifa yanada qiyin edi, chunki BMT Nizomida bu haqida hech narsa yozilmagandi. Xuddi shu davrda Hammarskjöld bunday missiyalarning asosiy tamoyillarini shakllantirdi — mojaroga tezkorlik bilan aralashish va sodir boʻlayotgan voqealar haqida jamoatchilikka maʼlumot berish. Ushbu yondashuv oʻzining yuqori samaradorligini koʻrsatib, yuzaga keladigan nizolarni hal qilishning asosiy usullaridan biriga aylandi. 1956-yildan hozirgi kungacha Birlashgan Millatlar Tashkiloti va boshqa xalqaro tashkilotlar tomonidan yuzdan ortiq tinchlikparvarlik amaliyotlari oʻtkazildi[13][35].

Hammarskjöld mojarolarning oldini olishning samarali vositasi deb hisoblagan va BMT Bosh kotibi sifatida muvaffaqiyatli qoʻllagan yana bir faoliyat yoʻnalishi — „profilaktik diplomatiya“ boʻlib, uning mohiyati inqirozning dastlabki bosqichlarida mojaroning barcha ishtirokchi bilan muzokaralar olib borishdan iborat edi[12]. U muammoli vaziyatlarni hal qilishda BMT salohiyatidan foydalangan holda dunyo mamlakatlari rahbarlari bilan shaxsan uchrashib, ular bilan yaxshi munosabatlar o‘rnatishga intildi[13][35].

Hammarskjöld BMT Kotibiyatini[ru] neytral idora deb baholadi. BMT Kotibiyati tashkilotga aʼzo mamlakatlarning jamoaviy irodasini ifodalovchi idora boʻlib, ayni paytda muayyan davlatlarga bogʻliq emasligiga urgʻu berdi. Bu yoʻnalishda muayyan qadamlar qoʻygan Hammarskjöld, maqsadiga erisha olmadi: faoliyatining soʻnggi yillarida Birlashgan Millatlar Tashkiloti jiddiy moliyaviy qiyinchiliklarni boshdan kechirdi[27]. Tashkilot faoliyati uchun ixtiyoriy badallar hayotiy ahamiyatga ega edi. Bunday hissa qoʻshgan davlatlar, natijada, Tashkilotning qarorlarini qabul qilishda, ayniqsa, lavozim masalalarida taʼsir oʻtkaza olar edi. Hammarskjöld BMT Bosh kotibi ixtiyorida boʻladigan kuchli tahliliy boʻlimni yaratish gʻoyasini amalga oshira olmadi. Hammarskjöld BMTning bir qancha xalqaro konferensiyalarini — „Atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish toʻgʻrisida“ (1955, 1958) va 1962-yilda, uning vafotidan keyin „Fan va texnikani qoloq mamlakatlar manfaatlariga tatbiq etish toʻgʻrisida“ konferensiyalarini tashkil etishga ham katta hissa qoʻshdi[13][43].

Uning donoligi va ochiqkoʻngilligi, halolligi va o‘z burchiga sadoqati xalqaro hamjamiyatga, avvalambor, uning davomchilariga shunday yuksak xulq-atvor standartini belgilab qo‘ydiki, unga rioya qilish juda qiyin. Bosh kotib har bir yangi muammoga yechim izlashda o‘ziga „Bu holatda Hammarskjöld nima qiladi?“ degan savol berardi


1961-yil 16-noyabrda BMTning Nyu-Yorkdagi shtab-kvartirasining[ru] tarkibiy boʻlinmasi boʻlgan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti hujjatlarining asosiy ombori hisoblanadigan kutubxona Dag Hammarskjöld nomi bilan ataldi. Uppsala universitetida ham Dag Hammarskjöld kutubxonasi mavjud[43][4][5].

1962-yilda Shvetsiyada Dag Hammarskjöld fondi[en] tashkil etildi. Ushbu muassasa butun dunyo boʻylab ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy, ekologik va madaniy rivojlanishga koʻmaklashish maqsadini eʼlon qildi. Jamgʻarma oʻz ish dasturlariga ega mustaqil muassasadir[57].

Tashqi tasvir

1964-yilda Dag Hammarskjöld fondi Zambiyada vafot etgan Bosh kotibni xotirlash uchun maxsus qoʻmita tuzdi. Ndola shahridan 10 km uzoqlikda, Hammarskjöld samolyoti qulagan joyda xotira majmuasi[en] yaratildi. Uning markaziga yodgorlik belgisi o‘rnatilib, atrofiga istirohat bog‘i barpo etildi. 1970-yilda yodgorlik Zambiyada milliy yodgorlik deb eʼlon qilindi[27]. 1981-yilda yodgorlik hududida muzey ochildi. Unda, xususan, samolyot halokati bilan bogʻliq baʼzi maʼlumotlar mavjud[27]. 1997-yilda Zambiya yodgorlikni Butunjahon madaniy merosi roʻyxatiga kiritish uchun UNESCOga ariza berdi[58]. Ndola stadioni(ingl.) ham Hammarskjöld nomi bilan atalgan.

1997-yil 22-iyulda taʼsis etilgan Dag Hammarskjöld medali[ru] Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan tinchlikparvarlik amaliyotlari paytida xizmat burchini bajarish chogʻida halok boʻlgan harbiy xizmatchilar va tinch aholi vakillariga beriladi. 1998-yil 6-oktyabrda birinchi medal Dag Hammarskjöldning qarindoshlariga topshirildi[59].

Hammarskjöldplatzdagi esdalik lavhasi, Im dienst für den frieden („Tinchlik xizmatida“) yozuvi. Berlin, Olmoniya

2005-yili, tavalludining 100 yilligi munosabati bilan, Shvetsiya hukumati[en] tomonidan ushbu mamlakatda Dag Hammarskjöld yili deb eʼlon qilindi[44][55].

2011-yil bahorida Shvetsiya banki 2014—2015-yillarda banknotlarning yangi seriyasini chiqarishni rejalashtirayotganini eʼlon qildi[60]. Eng yuqori nominaldagi (1000 shved kronasi[ru]) banknotning old tomonida Dag Hammarskjöld portreti tasvirlangan[61]. Banknotning teskari tomonida Laplandiya suratlari bor: Shvetsiya bankining hisobotida keltirilgan asosda aytilishicha, „Dag Hammarskjöld Laplandiya va Shvetsiya togʻlarining buyuk doʻsti edi“[62].

Shvetsiyaning koʻplab shaharlarida, shuningdek, baʼzi boshqa mamlakatlarda koʻchalar, xiyobonlar va maydonlar Dag Hammarskjöld nomi bilan atalgan. Masalan, Nyu Yorkning Manhattan tumanida uning nomi berilgan xiyobon[en] bor[63].

Dag Hammarskjöldning eng toʻliq biografiyalaridan biri 1971-yilda nashr etilgan Brian Urquhartning[en] „Hammarskjöld“ kitobida keltirilgan[27][64].

Avstraliyalik ingliz bastakori, musiqa ustasi Malcolm Williamson[en] 1974-yilda soprano va torli orkestr uchun „Portrait of Hammarskjöld“ asarini yozgan. Matn „Vägmärken“ kitobidan olingan va asarning birinchi ijrosi shu yil 30-iyulda Royal Albert Hall[en] konsert zalida boʻlib oʻtgan. Elisabeth Söderström[en] va John Pritchard[en] dirijyorligida BBC simfonik orkestri[en] ishtirokida ijro etilgan[65].

Larry Kramerning „The Normal Heart“ (Normal yurak) pyesasida esga olingan. Unda bosh qahramon Hammarskjöldni 24 nafar tarixiy gomoseksuallarning qatoriga kiritadi[66].

Kongo inqirozi voqealari tasvirlangan „The Siege of Jadotville[en]“ (Jadotvil qamali) filmida uning samolyoti nomaʼlum qiruvchi samolyot tomonidan urib tushirigani koʻrsatiladi. Hammarskjöld rolini aktyor Mikael Persbrandt[en] ijro etgan[67].

2016-yilda, 1961-yilgi aviahalokat[en] Kanadaning Mayday (S15, E5) va Havo halokatlarini tekshirish bo‘yicha maxsus hisobot (S3, E3) seriallarida namoyish etilgan. Hammarskjöld obrazini Peter James Howarth yaratgan[68].

Tanlangan asarlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]
  1. „Hammarskjöld“. Collins English Dictionary. HarperCollins.
  2. 2,0 2,1 2,2 2,3 2,4 2,5 „Next U.N. secretary general - The Japan Times“ (2015-yil 9-fevral).
  3. „Nobel Prize facts“. Nobel Foundation. Qaraldi: 2020-yil 13-may.
  4. 4,0 4,1 4,2 4,3 4,4 4,5 4,6 4,7 4,8 Sze, Szeming. Working for the United Nations: 1948—1968, Digital, Pittsburgh: University of Pittsburgh, December 1986 — 20-bet. Qaraldi: 2014-yil 7-noyabr. 
  5. 5,00 5,01 5,02 5,03 5,04 5,05 5,06 5,07 5,08 5,09 „Biography, at Dag Hammerskjoldse“. Daghammarskjold.se. 2013-yil 2-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2013-yil 10-sentyabr.
  6. „Операция Организации Объединённых Наций в Конго (ОНУК)“.
  7. „En orörd sträng : Dag Hammarskjölds liv i haiku och fotografier“.
  8. 8,0 8,1 Sven Nyberg. „Nybörjarbok om Dag Hammarskjöld“ (sv). Norbottens Kuriren, 10.05.2011 (2011-yil 9-dekabr). 2012-yil 3-avgustda asl nusxadan arxivlangan.
  9. 9,0 9,1 „Anita Goldman. Trodde han att han var Kristus?“.
  10. „The Nobel Peace Prize 1961“. NobelPrize.org.
  11. 11,0 11,1 11,2 11,3 11,4 11,5 11,6 11,7 11,8 Dag Hammarskjöld „biography. United Nations“.
  12. 12,0 12,1 12,2 12,3 12,4 12,5 12,6 12,7 12,8 „DAG HAMMARSKJÖLD: The UN years ...“. United Nations. Qaraldi: 2019-yil 25-dekabr.
  13. 13,0 13,1 13,2 13,3 13,4 13,5 13,6 13,7 13,8 „UN History“.
  14. Lipsey 2013, s. 117.
  15. Hamilton, Thomas J.. „U.N. Chief is Picked“. The New York Times (1953-yil 1-aprel), s. 1.
  16. Hamilton, Thomas J.. Soviet Veto Blocks Pearson U.N. Boom; Romulo Also Fails. The New York Times (1953-yil 13-mart), s. 1.
  17. Hamilton, Thomas J.. „Mme. Pandit Loses in Vote for Lie Post“. The New York Times (1953-yil 20-mart), s. 4.
  18. Heller 2001, s. 15.
  19. „Биография в Справочнике по истории Коммунистической партии и Советского Союза 1898—1991.
  20. „Stanley Meisler. United Nations: the first fifty years“.
  21. Mary Cherif; Nathalie Leroy; Anna Banchieri; Armando Da Silva „The Meditation Room in the UN Headquarters“. United Nations. Qaraldi: 2013-yil 10-sentyabr.
  22. „Holy See's Presence in the International Organizations“. Vatican.va (2002-yil 22-aprel). 2014-yil 15-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2013-yil 10-sentyabr.
  23. „Первые Чрезвычайные вооружённые силы Организации Объединённых Наций I (ЧВС ООН I)“.
  24. „Группа Организации Объединённых Наций по наблюдению в Ливане (ЮНОГИЛ)“.
  25. „Character Sketches: Dag Hammarskjöld by Brian Urquhart | UN News“ (en). news.un.org (2019-yil 13-fevral). Qaraldi: 2023-yil 21-fevral.
  26. Lumumba, Hammarskjöld and the Cold War in the Congo
  27. 27,0 27,1 27,2 27,3 27,4 27,5 27,6 27,7 „Books: Holiness Through Action“. Time (3-fevral 1967). 2013-yil 21-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 12-sentyabr 2011.
  28. 28,0 28,1 28,2 28,3 Warren Hoge. A new look at Audenʼs take on Hammarskjold // The New York Times, May 20, 2005.
  29. „Генсек в лабиринте“.
  30. En orörd sträng : Dag Hammarskjölds liv i haiku och fotografier. 
  31. Hammarskjöld, Dag (1905—1961). // An Encyclopedia of Gay, Lesbian, Bisexual, Transgender, and Queer Culture(ingl.)
  32. Henry P Van Dusen. Dag Hammarskjold. A Biographical Interpretation of Markings Faber and Faber London 1967 p 47.
  33. „Stanley Meisler. United Nations: the first fifty years“. Atlantic Monthly Press, 1997. — P. 78-79.
  34. Brian Urquhart. Hammarskjöld. — Knopf, 1972. — P. 27.(ingl.)
  35. 35,0 35,1 35,2 „Books: Holiness Through Action“. Time (1967-yil 3-fevral). 2013-yil 21-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2011-yil 12-sentyabr.
  36. „Eric Bentley. Thinking about the playwright: comments from four decades — Northwestern University Press, 1987. — P. 220.(ingl.)
  37. Modern Irish literature / Ed. by Denis Lane, Carol McCrory Lane. — Ungar, 1988. — P. 423—426.(ingl.)
  38. Conor Cruise OʻBrien. Memoir: My Life and Themes. — Cooper Square Press, 2000. — P. 259—260.(ingl.)
  39. „Hammarskjöld, Dag (1905—1961)“. An Encyclopedia of Gay, Lesbian, Bisexual, Transgender, and Queer Culture.
  40. „Herta Müller? Who she?“. The Times (10-oktyabr). Qaraldi: 2011-yil 12-sentyabr.
  41. „Dag Hammarskjöld, the United Nations and Africa“.
  42. Halberstam, David. „Hammarskjold Dies in African Air Crash; Kennedy Going To U. N. In Succession Crisis“. The New York Times (1961-yil 19-sentyabr), s. 1.
  43. 43,0 43,1 43,2 43,3 Lynch, Colum. „U.N. to Probe Whether Iconic Secretary-General Was Assassinated“. Foreign Policy (2016-yil 1-avgust). Qaraldi: 2017-yil 17-dekabr.
  44. 44,0 44,1 44,2 44,3 Borger, Julian „Dag Hammarskjöld's plane may have been shot down, ambassador warned“. The Guardian (2014-yil 4-aprel). Qaraldi: 2014-yil 2-avgust.
  45. "Notes for Media Briefing By Archbishop" — by Desmond Tutu, Chairperson of the Truth And Reconciliation Commission — 19 August 1998 — „Архивированная копия“. 2012-yil 16-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2012-yil 16-iyul.
  46. „UN assassination plot denied““.
  47. „Dag Hammarskjöld: evidence suggests UN chief’s plane was shot down. Eyewitnesses claim a second aircraft fired at the plane raising questions of British cover-up over the 1961 crash and its causes“. 2013-yil 17-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2012-yil 19-iyul.
  48. 48,0 48,1 Borger, Julian „Dag Hammarskjöld: evidence suggests UN chief's plane was shot down“. The Guardian (2011-yil 17-avgust). Qaraldi: 2014-yil 2-avgust.
  49. „РИА «Новости» — Доклад: самолёт экс-главы ООН Хаммершельда, возможно, сбили с воздуха“. 2015-yil 9-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2015-yil 8-iyul.
  50. „Начато новое расследование смерти бывшего генсека ООН“. Lenta.ru.
  51. Susan Williams, Who Killed Hammarskjold? 2011, Hurst Publishers, 2014, Oxford University Press
  52. „В ООН решили заново расследовать обстоятельства гибели второго генсека организации“. ТАСС (2017-yil 24-dekabr). 2017-yil 26-dekabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2017-yil 26-dekabr.
  53. Gladstone, Rick; Cowell, Alan. „More Clues, and Questions, in 1961 Crash That Killed Dag Hammarskjold“. The New York Times (2019-yil 17-fevral). Qaraldi: 2019-yil 30-dekabr.
  54. Ripås, Johan. „Mercenary admits to murder of Dag Hammarskjöld“. SVT (2019-yil 13-yanvar). Qaraldi: 2019-yil 13-yanvar.
  55. 55,0 55,1 „RAF veteran 'admitted 1961 killing of UN secretary general'“. The Guardian (2019-yil 12-yanvar). Qaraldi: 2019-yil 13-yanvar.
  56. „UN Secretary-General Hammarskjöld: Reflections and Personal Experiences (The 2007 Dag Hammarskjöld Lecture)“. Uppsala University.
  57. „Dag Hammarskjöld Foundation“. 2011-yil 7-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 15-iyul.
  58. „Мемориал Дага Хаммаршёльда“.
  59. „Dag Hammarskjöld Medal Awards“.
  60. „Новые лица шведских крон“. 2011-yil 30-mayda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 16-iyul.
  61. „Sweden’s new banknotes and coins“. 2011-yil 27-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 16-iyul.
  62. „Ny sedel- och myntserie. Tema och motiv («Новая серия банкнот и монет. Тема и мотив»)“.
  63. N.Y. Park Named For Hammarskjold (1961-yil 11-noyabr), s. B14.
  64. „Brian Urquhart. Hammarskjold“.
  65. Kramer, Larry. The Normal Heart, 21 April 1985. 
  66. Ben Daniels performs "I belong to a culture" speech from Larry Kramer's The Normal Heart'. Royal National Theatre.
  67. „28th Galway Film Fleadh – July 2016“. Galway Film Fleadh. 2017-yil 23-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2016-yil 11-sentyabr.
  68. "Air Crash Investigation" Deadly Mission (TV Episode 2016) (ingliz (Amerika)), qaraldi: 2024-01-20
Oʻtmishdoshi:
Trygve Lie
1946—1952
BMT Bosh kotibi
10-aprel 1953-yil18-sentyabr 1961-yil
Vorisi:
U Thant
1962—1971