Kontent qismiga oʻtish

Charles Albert Gobat

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Charles Albert Gobat
Tavalludi
Charles Albert Gobat

21-may, 1843-yil
Vafoti 16-mart, 1914-yil
Bern, Shvetsariya
Fuqaroligi Shveysariya
Kasbi Huquqshunos, ta'lim administratori, siyosatchi
Mukofotlari Tinchlik boʻyicha Nobel mukofoti
Imzosi

Charles Albert Gobat (1843-yil, 21-may – 1914-yil, 16-mart) — Shvetsariyalik huquqshunos, taʼlim administratori va siyosatchisi hisoblanadi. Gobat 1902-yilda Xalqaro Tinchlik idorasiga rahbarlik qilgani uchun Élie Ducommun bilan birga Tinchlik boʻyicha Nobel mukofotiga sazovor boʻladi.

Charles Albert Gobat 1843-yil Shvetsariyaning Tramelan munitsipaletitida tug'ilgan. U protestant ruhoniysining oʻgʻli va Quddus yepiskopi hisoblangan missioner Samuel Gobatning jiyani ham edi. Gobat bir qator universitetlarda jumladan: Bazel universitetida, Heidelberg universitetida, Bern universitetida shuningdek, Parij universitetida ham tahsil olgan. Gobat 1867-yilda Heidelberg universitetida yuksak maqtov bilan huquq fanlari doktori ilmiy darajasini qoʻlga kiritgan.

Huquq va siyosatdagi karyerasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Charles Albert Gobat doktorlik dissertatsiyasini tamomlagandan keyin, Bernda oʻzining huquqshunoslik boʻyicha amaliyotini boshladi, shuningdek, Bern universitetida fransuz fuqarolik huquqi boʻyicha maʼruza qildi. Keyin Bern okrugidagi Delémont shahrida oʻz idorasini ochdi va u tez orada okrugning yetakchi yuridik firmasiga aylandi. 15 yil davomida huquqshunoslik bilan shugʻullangandan keyin, siyosat va taʼlim sohalari bilan ham shugʻullana boshladi. Gobat 1882-yilda Bern okrugining xalq taʼlimi boʻyicha boshqaruvchi mudiri etib tayinlandi va bu lavozimda 30 yil oʻz faoliyatini olib bordi. Gobat taʼlim falsafasining ilgʻor odami boʻlib, u taʼlim tizimida koʻplab muhim islohotlarni amalga oshirdi. Gabot boshlangʻich taʼlim tizimini isloh qildi. Oʻqituvchi-oʻquvchi nisbatini yaxshilash maqsadida byudjet mablagʻlarini koʻpaytirdi, mavjud tillarni oʻrganishni qoʻllab-quvvatladi kasbiy va kasb-hunar taʼlimi boʻyicha oʻquv dasturlarini yaratish orqali oʻquvchilarga anʼanaviy mumtoz taʼlimga muqobillik berdi[1].

Charles Albert Gobat 1891-yilda nashr etilgan „République de Berne et la France pendant les guerres de religion“ kitobi va 1900-yilda nashr etilgan „Shvetsariya xalqining tarixi“ kitobi uchun katta eʼtirofga sazovor boʻlgan. Shuningdek, u siyosatda ham karyerasini davom ettirdi. Gobat 1882-yil Bern Buyuk Kengashiga saylangan. 1884-yildan 1890-yilgacha Gobat Shvetsariya davlatlar kengashi aʼzosi boʻlgan. 1890-yildan 1914-yil vafotiga qadar Shvetsariya markaziy qonunchilik organining boshqa palatasi hisoblangan Milliy kengash aʼzosi boʻlgan. Siyosatda ham, taʼlimda ham Gabot liberal islohotchi edi. 1902-yilda Gobat tijorat shartnomalariga arbitraj tamoyilini qoʻllaydigan bir nechta qonunlarga homiylik qildi. Gobat 1903-yilda Tinchlik boʻyicha Nobel mukofoti sovrindori William Randal Cremer tomonidan 1889-yilda asos solingan Parlamentlararo ittifoq bilan birgalikda ishlagan. 1892-yilda Gobat Bernda boʻlib oʻtgan ittifoqning toʻrtinchi konferensiyasi prezidenti etib saylandi va parlamentlararo idorasiga asos soldi. Gobat idoraning bosh kotibi hamda tinchlik harakatlarini qoʻllab-quvvatlovchi, xalqaro yarashtirish va milliy parlament organlari oʻrtasidagi aloqalar bilan shugʻullanuvchi axborot idorasining bosh kotibi boʻlib ishlagan. 1891-yilda Rimda boʻlib oʻtgan ittifoqning uchinchi konferensiyasida Xalqaro tinchlik idorasi tashkil etildi. Shundan soʻng, Gobat 1910-yilda Tinchlik boʻyicha Nobel mukofoti bilan taqdirlandi va bu paytda Gobat allqachon Xalqaro tinchlik idorasining direktori edi.

1902-yilda Gobat doimiy Xalqaro tinchlik idorasiga rahbarlik qilgani uchun Élie Ducommun bilan birgalikda 1902-yilda Tinchlik boʻyicha Nobel mukofotini qoʻlga kiritdi. 1906-yilda Élie Ducommun vafotidan soʻng Gobat Xalqaro Tinchlik idorasi boshqaruvini oʻz zimmasiga oldi. Gobat 1914-yilning 16-martida Shvetsariyaning poytaxti Bern shahrida vafot etdi. Gabot Berndagi tinchlik konferensiyasi yigʻilishida ishtirok etayotganda, nutq soʻzlash uchun oʻrnidan turdi. Lekin Charles Albert Gobat toʻsatdan yiqilib tushdi va bir soatdan keyin vafot etdi.

  1. Keene, Ann T.. Peacemakers: Winners of the Nobel Peace Prize (English). New York: Oxford University Press, 1998 — 21-bet. ISBN 0-19-510316-5.