Kontent qismiga oʻtish

Oʻzbekiston — Germaniya munosabatlari

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Germaniya–Oʻzbekiston munosabatlari

Germaniya

Oʻzbekiston

Oʻzbekiston — Germaniya munosabatlari — Germaniya bilan Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasida rasmiy munosabatlar 1992-yildan boshlangan boʻlsa ham, ikki davlat oʻrtasidagi aloqalar uzoq davrga borib takaladi. 20-asr boshlarida oʻzbek chevarlari orasida nemislarning „Zinger“ tikuv mashinasi nihoyatda mashhur boʻlgan. Oʻzbekiston mustaqillikka eryshgach, ikki mamlakat oʻrtasida teng huquqli munosabat oʻrnatildi. Oʻzbekistonning Gʻarbiy Yevropadagi birinchi elchixonasi 1993-yil Bonn shahrida ochildi. Oʻsha paytdanoq oʻzaro aloqalar, delegatsiyalarning tashriflari yoʻlga qoʻyildi. Germaniya Federal iqtisodiy hamkorlik vazirining 1992-yil avgustdagi rasmiy tashrifi ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish uchun asos yaratdi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning 1993-yil aprelda Germaniyaga qilgan tashrifi oʻzaro savdo-iqtisodiy munosabatlarga muhim omil baxsh etgan burilish voqeasi boʻldi. Ushbu tashrif yakunida imzolangan „Kapital qoʻyilmalarni amalga oshirishga koʻmaklashish va ularni oʻzaro himoyalash toʻgʻrisida“ shartnoma, „Ilmiy tadqiqot va mutaxassislar jamgʻarmasini vujudga keltirish“ hamda „Madaniy hamkorlik“ toʻgʻrisida bitimlar ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlarning huquqiy asosini belgilab berdi.

Hamkorlik dasturlarini muvofiqlashtirish va tezroq amalga oshirish maqsadida 1993-yil avgustda idoralararo komissiya hamda 1995-yil may oyida Oʻzbekiston — Germaniya doimiy ishchi guruhi tuzildi. Mazkur komissiya va guruh muntazam ravishda yigʻilishlar oʻtkazib, investitsiyalarni kafolatlash va sugʻurtalash, loyihalarni moliyalash, xususiylashtirishga koʻmaklashish, qimmatli qogʻozlar bozorini vujudga keltirish kabi muhim masalalarni hal qilib kelayotir. 1993-yil Toshkentda Germaniya texnikaviy hamkorlik jamiyatining vakolatxonasi ochildi. Jamiyat faoliyati tufayli bozor iqtisodiyotiga oid seminar va oʻquv kurslari oʻtkazish yoʻli bilan mutaxassislar tayyorlash, iqtisodiy qonunchilik, xususiylashtirish, kichik va oʻrta tadbirkorlikni rivojlantirish, atrof muhitni muhofaza qilish, shahar yoʻlovchi transportiga doir qonun va nizomlar ishlab chiqish, „Onalik va bolalikni himoya qilish“ tadbirlari boʻyicha maslahatlar berish dasturi amalga oshirila boshladi. 1994-yilda Germaniya savdo-sanoat palatalari birlashmasi Toshkentda Germaniya iqtisodiyoti vakili byurosini ochdi. Uning asosiy vazifasi oʻzbek va nemis ishbilarmonlarini axborot bilan taʼminlashdan iborat. Oʻsha yilning iyunida Toshkentda K. Adenauer jamgʻarmasining vakolatxonasi ochildi. Gannover xalqaro yarmarkasi ishlab turgan davrda (1994-yil aprel) oʻtkazilgan „Oʻzbekistan iqtisodiyoti kunlari“ OFR jamoatchiligi va ishbilarmonlarini gʻoyat qiziqtirdi. OFR prezidentining 1995-yil 11—13 aprelda Toshkentga qilgan tashrifi davomida ikkala mamlakatning ishbilarmonlari ishtirokida qoʻshma biznes-seminar oʻtkazildi. Keyingi yillarda Oʻzbekiston banklari, Fanlar akademiyasi va turli vazirliklari hamda muassasalari xodimlari uchun amaliy mashgʻulotlar, konferensiyalar va foydali uchrashuvlar boʻlib oʻtdi. 1995-yilda Shtutgart shahridagi Linden-muzeyda „Oʻzbekistan. Buyuk Ipak yoʻli merosi“ mavzusida ochilgan koʻrgazma Oʻzbekiston — Germaniya hamkorligini rivojlantirishda sezilarli voqea boʻldi. 1996-yil 18-19 iyunda „Germaniya markaziy Osiyo“ jamiyati, „Doyche Bank“, Frankfurtmayn shahri magistrata va Oʻzbekiston Respublikasining OFRdagi elchixonasi tashabbusi bilan Frankfurt shahrida „Germaniyada Oʻzbekiston iktisodiyoti kunlari“ xalqaro anjumani oʻtkazildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki Germaniyaning „AKA“, „KfV“, „Berliner Bank“ va „Doyche Bank“ kabi banklari bilan bazis bitimlari tuzgan. Shu bitimlar asosida kamida 778,7 mln. nemis markasi miqdorida turli loyihalarni mablagʻ bilan taʼminlash boshlandi.

OʻzR Prezidenta Islom Karimovning Germaniyaga 2001-yil 2—5 aprel kunlari qilgan tashrifi ikki mamlakatning oʻzaro munosabatlarida sifat jihatkdan yangi davr boshlanganini bildirdi. Tashrif davomida moliya, sayyoxlik, fan-texnika, narkotiklar kontrabandasiga qarshi kurash kabi sohalar boʻyicha oʻzaro hamkorlikni yanada kengaytirishni nazarda tutuvchi oʻn toʻrtta hujjat imzolandi. Oʻzbekiston Respublikasi Makro iqtisodiyot va statistika vazirligining maʼlumotlariga koʻra, 1997-yildada mamlakatimizning dunyo mamlakatlari bilan tashqi savdo hajmlari boʻyicha Germaniya 4-oʻrinni (Rossiya, Koreya Respublikasi, Shveysariyadan keyin), Yevropa mamlakatlari orasida esa 2-oʻrinni (Shveysariyadan keyin) egalladi. 2000-yilda oʻzaro savdo hajmi 291,9 mln. AQSh dollarini tashkil etdi.

Oʻzbekistondan Germaniyaga paxta tolasi, mis va undan yasalgan buyumlar, boshqa rangli metallar yetkazib beriladi va turli xizmatlar koʻrsatiladi. Germaniyadan Oʻzbekiston Respublikasiga asbobuskuna, baliq mahsulotlari, qand-shakar va qandolat mahsulotlari, bugʻdoy uni, kimyoviy mahsulotlar, qora metall va undan tayyorlangan buyumlar, transport vositalari, saryogʻ va oʻsimlik yogʻi, optik asbob va apparat lar, sut mahsulotlari, qogʻoz va karton, plastmassa va undan yasalgan buyumlar, uchish apparatlari va boshqalar yetkazib beriladi va turli xizmatlar koʻrsatiladi. Yengil sanoat, paxta va uning chiqitlarini qayta ishlash, tibbiyot va farmatsevtika preparatlari ishlab chiqarish, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash, yuk va yoʻlovchi tashish, avtoservis, ilmiy ishlanmalar, savdo-sotiq va boshqa sohalarda bir nechta qoʻshma korxona faoliyat yuritayotir. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi huzurida Germaniyaning 40 ta firma va kompaniyasi vakolatxonalari rasmiylashtirilgan. Ular qatorida „Daimler Benz“, „Siemens“, „Alkatel“, „Tissen“, „Lufthanza“, „BASF“, "Knauf", „Salamander“, "RSP-I" kabi jahonga mashhur firmalar bor.

„Landtexnik-Tashkent“, „Chirkom“, „UzVinkler“, „Grasso“, „TashVirt“, "Lemken-Chirchiq", "Agralis", „Intermed Ekosan“, „Nambum“ va boshqa qoʻshma korxonalar qishloq xoʻjaligi uskunalari tayyorlash, qishloq xoʻjaligi mashinalari va yoʻl texnikalari, telefon tarmoqlariga xizmat koʻrsatish, novvoychilik uskunalarini olib kelish va ularni montaj qilish, tibbiy dorilarni yetkazib berish, goʻsht-yogʻ mahsulotlari va qogʻoz ishlab chiqarish bilan mashgʻul.

Oʻzbekiston — Germaniya munosabatlarida Toshkent va Berlin shaharlari oʻrtasidagi hamkorlik muhim ahamiyatga ega. Ikki davlat poytaxtlarining hamkorligi faqat iqtisodiy sohani emas, ijtimoiy-madaniy sohalarni ham keng qamrab olgan. Germaniya poytaxti Bonndan Berlinga koʻchirilgach, 2001-yil 3-aprelda Berlinda Oʻzbekiston elchixonasining yangi binosi ochiddi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov qatnashdi.

Ikki tomonlama munosabatlarda madaniyat, sanʼat, fan, xalq taʼlimi, ommaviy axborot vositalari, sogʻliqni saqlash va sport sohalaridagi hamkorlik ham katta ahamiyatga ega. Germaniyada Oʻzbekistan madaniyati kunlari doirasida Berlin, Potsdam, Dortmund, Bonn, Shtutgart, Gamburg, Myunxen, Gannover, Visbaden shaharlarida Oʻzbekistonning musiqa, tasviriy va teatr sanʼati keng namoyish etilganligi buning yorqin misolidir. Mamlakatimiz teatr va kino ustalari Tyubing, Berlin, Kotbus, Manxaym, Myulxaymda oʻtkazilgan festivallarda ham faol ishtirok etishdi. Oʻz navbatida respublikamizda ham Germaniya madaniyati kunlari muvaffaqiyatli oʻtdi. Ikki tomonlama hamkorlikning rivojiga K. Adenauer, F. Ebert, Hanns-Zaydel jamgʻarmalari, Gyote nomidagi institut, G. oliy oʻquv yurtlari, universitetlari rektorlari konferensiyasi, „Deutsche Welle“ telekompaniyasi. „Germaniya-Oʻzbekiston“ doʻstlik jamiyati, „EPOG“ Berlin jamoat madaniy birlashmasi katta hissa qoʻshmoqdalar.

Adenauer jamgʻarmasi koʻmagida Sant Augustin shahrida „Amir Temur va uning jahon tarixida tutgan oʻrni“ mavzuida ilmiy konferensiya, „Orol ekologik fojiasinnng milliy va xalqaro aspektlari“ simpoziumlari oʻtkazildi. Jurnalistlar guruhi va nemis ijodiy ziyolilari vakillari tashabbusi bilan Orol haqida hujjatli film olishga kirishildi. Qoraqalpogʻiston bolalar kasalxonalariga doridarmonlar va tibbiyot uskunalari uchun mablagʻ yigʻish tashkil qilindi va bu hududda suv tozalash inshootlarini yaratish uchun mablagʻ toʻplandi.

Oʻzbekistan Milliy universiteti va Samarqand universitetining Gumboldt nomidagi hamda Bamberg va Gyottingen shaharlaridagi universitetlar bilan hamkorligi samarali rivojlanayotir. Oʻzbekiston Respublikasida nemis millatiga mansub 25 mingga yaqin kishi yashaydi.[1] 2021-yil mart oyida Oʻzbekiston prezidenti va Germaniya kansleri oʻrtasida videokonferensiya shaklidagi muloqot boʻlib oʻtdi[2].

O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2019-yil 20-22 yanvar kunlari Germaniyaga bo'lib o'tgan birinchi rasmiy tashrifi, shuningdek, Germaniya Federal Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayerning o'sha yili 27-29 may kunlari O'zbekistonga javob tashrifi ikki tomonlama hamkorlik rivojiga kuchli turtki berdi.[3]

Ushbu oliy darajadagi uchrashuvlar davomida erishilgan kelishuvlar, shuningdek, global va mintaqaviy tuzilmalar doiralaridagi o'zaro hamkorlik masalalari 2021-yil 12-mart kuni O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Germaniya kansleri Angela Merkelning onlayn sammitida ham muhokama qilindi.

Joriy yilning 2-3 may kunlari O'zbekiston Prezidenti Germaniyada navbatdagi tashrif bilan bo'lib, Germaniya Federal Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer, kansler Olaf Shols va mamlakatning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan muzokaralar o'tkazdi.

Bugungi kunda mamlakatlar o'rtasidagi hamkorlik ko'p qirrali bo'lib, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, texnologik, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarni qamrab olgan.

Shu bilan birga, O'zbekiston va Germaniya ko'p tomonlama formatlarda – BMT, YEXHT va boshqa tuzilmalar doirasida global hamda mintaqaviy kun tartibidagi masalalar bo'yicha samarali hamkorlik qilmoqda. Rasmiy Toshkent va Berlinning ko'plab masalalar, jumladan, terrorizm, uyushgan jinoyatchilik, narkotrafikga qarshi kurash, shuningdek, Afg'onistondagi vaziyatni tartibga solish bo'yicha pozitsiyalari bir-biriga mos keladi yoki yaqin.

Parlamentlararo aloqalar ham faollashgan. Turli darajadagi parlament delegatsiyalarining tashriflari almashinuvi yo'lga qo'yildi, O'zbekiston va Germaniya parlamentlarining do'stlik guruhlari va ixtisoslashtirilgan qo'mitalari o'rtasidagi aloqalar mustahkamlanmoqda.

Ikki mamlakat tashqi siyosat idoralari o'rtasida ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari va ko'p tomonlama kun tartibi yuzasidan muntazam ravishda siyosiy maslahatlashuvlar o'tkazilyapti. Joriy yilning 14 fevral kuni Toshkent shahrida ikki mamlakat Tashqi ishlar vazirliklari o'rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning 18-davrasi bo'lib o'tdi.

2022-yil 31 oktabr – 2 noyabr kunlari Germaniya TIV rahbari Annalena Berbok tashrif bilan O'zbekistonga keldi. Tashrif davomida uni Prezident Shavkat Mirziyoyev qabul qildi. Germaniya TIV rahbari, shuningdek, respublika vazirlik va idoralarida bir qator uchrashuvlar o'tkazdi, Samarqand shahriga tashrif buyurdi.

O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2023 yil 28-30-sentabr kunlari amaliy tashrif bilan Germaniyada bo'ldi.

Jahon iqtisodiyotining turli sohalari va jabhalarida yetakchi o'rinlarni egallagan dunyoning yetakchi davlatlaridan biri - Germaniya O'zbekistonning Yevropadagi istiqbolli hamda ishonchli savdo-iqtisodiy hamkori hisoblanadi.

O'zbekistonning har tomonlama modernizatsiya qilinishi Germaniya ishbilarmon doiralarining iqtisodiy va sarmoyaviy sohalardagi hamkorlikni kengaytirishga qiziqishi ortishiga xizmat qilayapti.

Bugungi kunda mamlakatimizda nemis sarmoyasi ishtirokidagi 200 dan ortiq korxona faoliyat ko'rsatmoqda. O'zbekiston bozorida Germaniyaning yetakchi ishlab chiqaruvchilari – «Deutsche Kabel», "Knauf", "Claas", "Papenburg" va «Falk Porsche» muhim o'ringa ega. "Siemens", "BASF", «Thyssen Group», «Roland Berger», «Adidas Group» kabi o'z sohalaridagi yetakchi kompaniyalar bilan hamkorlik yo'lga qo'yilgan. «Deutsche Bank», "Sparkassenstiftung", "Commerzbank" va "Landesbank Baden-Württenberg" bilan moliyaviy sohadagi aloqalar rivojlanib bormoqda.

Mamlakatlar o'rtasidagi o'zaro tovar ayirboshlash hajmi so'nggi besh yil ichida 1,5 barobardan ortiq, 2018-yildagi 771,9 million dollardan 2022-yilda 1 milliard 150 million AQSH dollarga oshdi. Va bu o'sish tendensiyasi davom etmoqda. Joriy yilning yanvar-iyul oylarida tomonlar salkam 610 million dollarlik savdo ayirboshlashni amalga oshirdi.

2015-yilda tashkil etilgan Germaniya-O'zbekiston ishbilarmonlar kengashi (GO'IK) savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirishga katta hissa qo'shmoqda. Kengash o'ziga xos xususiyatga ega, chunki u O'zbekistondagi yagona G2B platformasi hisoblanadi. GO'IK o'z faoliyati davomida Germaniya ishbilarmon doiralari va O'zbekiston hukumati o'rtasidagi to'g'ridan-to'g'ri va ochiq muloqot uchun eng muhim platformaga aylandi.

Savdo va sarmoya bo'yicha hukumatlararo ishchi guruhi ham savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirishga har tomonlama yordam bermoqda.

Davlatimiz rahbarining may oyidagi Germaniyaga tashrifi chog'ida bo'lib o'tgan ishbilarmonlik tadbirlari natijasida umumiy qiymati 9 milliard yevrodan ortiq bo'lgan savdo shartnomalari hamda sarmoyaviy- texnologik bitimlar imzolandi.

Joriy yilning sentyabr oyida Germaniya ishbilarmon doiralari delegatsiyasi tarkibiga Savdo-sanoat palatasi a'zolari, shuningdek, «Falk Porsche Technik GmbH», «Kabel AG» (DKG), «Schneider Group», «DB Engineering & Consulting GmbH», «GP Günter Papenburg AG» va boshqa kompaniyalar rahbarlari hamda vakillari O'zbekistonga tashrif buyurib, vazirlik va idoralarda samarali muzokaralar o'tkazdi. Mamlakatimiz korxonalari va tadbirkorlari faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Germaniya ishbilarmonlar missiyasining ushbu tashrifi ikki davlatning savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirishdan o'zaro manfaatdorligini yana bir bor tasdiqladi.

Germaniyada ikki tomonlama munosabatlar faollashgani fonida O'zbekistonning boy tarixiy-madaniy merosi va sayyohlik salohiyatiga qiziqish ham ortib borayotir.

Joriy yil may oyida Prezident Shavkat Mirziyoyevning Germaniyaga tashrifi doirasida davlatimiz rahbari germaniyalik hamkasbi bilan birgalikda Berlindagi Jeyms Simon galereyasida tashkil etilgan «O'zbekiston arxeologik xazinalari – Aleksandr Makedonskiydan Kushonlar davrigacha» ko'rgazmasining ochilishida ishtirok etdi. Ko'rgazma 2024-yil 14-yanvarga qadar davom etadi va uning faoliyati davomida Germaniya jamoatchiligi hamda mamlakat mehmonlarini o'zbek xalqining boy tarixi, betakror madaniyati va an'analari bilan tanishtiruvchi turli madaniy tadbirlar o'tkazilmoqda. Ko'rgazmadan O'zbekistondagi 9 ta muzey kolleksiyasidan 285 ta tarixiy ashyolar namoyish etilyapti.

O'z navbatida, O'zbekistonda ham Germaniya, uning madaniyati, tili, ta'lim va biznes imkoniyatlariga qiziqish ortib bormoqda.

Bugungi kunda O'zbekistonda qariyb 300 ming maktab o'quvchilari Gyote, Shiller va Kant tilini o'rganmoqda. 24 ta maktabda nemis tili chuqurlashtirilgan tarzda o'rgatilyapti. Ulardan 6 tasi, ya'ni Toshkent, Samarqand, Marg'ilon, Farg'ona, Andijon va Buxoro shaharlaridagi maktablar nemis tili diplomini berish huquqiga ega. Shuningdek, 4000 dan ortiq o'zbekistonlik aspirant va doktorantlar Germaniyaning turli universitetlarida tahsil olmoqda.

Hozirgi kunda O'zbekistonda Gyote instituti, Germaniya Xalq universitetlari assotsiatsiyasining Xalqaro hamkorlik instituti, Xorijdagi maktablar markaziy boshqarmasining vakolatxonasi muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Ular bilan bir qatorda yurtimizda Konrad Adenauer, Hanns-Zaydel va Friedrich Ebert jamg'armalarining ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi loyihalarni amalga oshirishga ko'maklashuvchi vakolatxonalari ochilgan.

Hududlararo hamkorlik doirasida Toshkent va Berlin, Buxoro va Bonn shaharlari o'rtasida birodarlik aloqalari o'rnatilgan. Samarali madaniy-ma'rifiy almashinuvlar, barqaror rivojlanish loyihalari amalga oshirilmoqda.

Ta'kidlash joizki, Germaniya Orolbo'yi mintaqasi uchun maqsadli jamg'armani qo'llab-quvvatlashga katta hissa qo'shmoqda. Jumladan, joriy yilning mart oyida jamg'arma faoliyatini qo'llab-quvvatlash bo'yicha kelishuv imzolangan bo'lib, unda Germaniya hukumati tomonidan og'ir ekologik vaziyatning Orolbo'yi aholisiga salbiy ta'sirini kamaytirishga maqsadli yordam ko'rsatish uchun 700 ming dollar ajratish ko'zda tutilgan.

Germaniyaning hissasi milliy va mahalliy hamkorlar, BMT tuzilmalari, nodavlat notijorat tashkilotlari va ilmiy doiralarning sa'y-harakatlarini qo'llab-quvvatlaydi. Shuningdek, Orolbo'yida qo'shma dasturlar va moliyaviy ko'mak tufayli oziq-ovqat, iqtisodiy, ijtimoiy, ekologik, sog'liqni saqlash muammolarini hal etish imkonini berayapti.

Bugungi kunda O'zbekistonda 5 ​​mingga yaqin etnik nemis millatiga mansub aholi istiqomat qiladi. Ularga o'z milliy an'analari va madaniyatini asrab-avaylash bo'yicha barcha sharoitlar yaratilgan. Mamlakatimizda nemis millatiga mansub fuqarolar nafaqat o'zbek jamiyatining ajralmas qismi, balki ikki davlatni bog'lovchi ko'prik sifatida ham ko'riladi.

Muxtasar aytganda, O'zbekiston va Germaniya munosabatlarining buguni rivoji o'zaro hurmat va manfaatdorlik tamoyillariga asoslangan strategik sheriklikni yana-da muvaffaqiyatli rivojlantirish uchun mustahkam poydevor yaratdi. Shubhasiz, 2023 yil 29 sentyabrda Berlinda bo'lib o'tgan Markaziy Osiyo mamlakatlari va Germaniya yetakchilarining oliy darajadagi birinchi sammiti o'zaro hamkorlikni chuqurlashtirish va kengaytirish hamda ikki mamlakat xalqlari manfaati uchun an'anaviy o'zaro manfaatli va do'stona O'zbekiston-Germaniya munosabatlarini mustahkamlash uchun yangi istiqbollarni ochishga xizmat qiladi.

2024 yilning sentyabr oyida Germaniya kansleri Olaf Sholzning Markaziy Osiyoga, xususan Qozog'iston va O'zbekistonga tashrifi kutilmoqda. Qozog'istonga Markaziy Osiyo mamlakatlari va Germaniya yetakchilarining oliy darajadagi ikkinchi sammiti doirasida tashrifi rejalashtirilgan bo'lsa, O'zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelishi rejalashtirilgan.

Oʻzbekistonning Germaniyadagi elchilari

[tahrir | manbasini tahrirlash]