Kontent qismiga oʻtish

Oʻzbekiston — Vyetnam munosabatlari

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Oʻzbekiston — Vyetnam munosabatlari — VSR tashqi ishlar vazirining 1994-yil fevralda Oʻzbekiston Respublikasiga tashrifi chogʻida imzolangan „Savdo-iqtisodiy hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim“ va Oʻzaro maslahatlashuvlar haqidagi bayonnoma iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirishga imkon yaratdi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. A. Karimovning 1996-yil mart oyida VSR ga rasmiy tashrifi ikki mamlakatning oʻzaro munosabatlarida yangi bosqich boʻldi. Tashrif yakunida „Oʻzbekiston Respublikasi bilan Vyetnam Sotsialistax Respublikasi oʻrtasidagi davlatlararo munosabatlarning asoslari va hamkorlik toʻgʻrisida shartnoma“, „Investitsiyalarni oʻzaro ragʻbatlantirish va himoya qilish toʻgʻrisida“, „Savdo-iqtisodiy va fan-texnika hamkorligi boʻyicha Oʻzbekiston — Vetnam hukumatlararo komissiyasini tuzish haqida“gi kelishuvlar va b. hujjatlar imzolandi. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki bilan Vyetnam tashqi savdo banki hamkorlik toʻgʻrisida shartnoma imzoladilar.

Oʻzbekistonning VSR bilan tovar aylanmasi 1996-yilda 4,4 mln. AQSh dollarini tashkil qildi. Oʻzbekiston Vyetnamga pilla, yogʻ va moy, elektr asbob-uskunalari yuboradi va undan choy hamda turli xizmatlar oladi. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligida „Dongshon“ va „Oʻz-Hishako-Interneyshnl“ qoʻshma korxonalari tashqi iktisodiy faoliyat qatnashchisi sifatida roʻyxatga olingan. Ular toʻqimachilik mahsulotlarini ishlab chiqaradi, savdo-vositachilik amaliyoti, shuningdek pilla va ipak chiqitlarini xarid qilish bilan shugʻullanadi.

Vir necha yillar davomida Oʻzbekistonda Vyetnam uchun mutaxassislar tayyorlangan. Mutaxassislar asosan energetika, qurilish, avtomatika va hisoblash texnikasi, gidrogeol., injenerlik geol.si, tibbiyot, yurisprudensiya, sharqshunoslik, qishloq xoʻjaligi va melioratsiya kabi sohalar boʻyicha tayyorlangan. 1995-yil 22-dekabrda „Oʻzbekistan — Vyetnam“ doʻstlik jamiyati tuzilgan.