Oʻzbekiston — Yaponiya munosabatlari
Yaponiya |
Oʻzbekiston |
Oʻzbekiston — Yaponiya munosabatlari — Ikki davlatning oʻzaro munosabatlari tarixi qadimiy asrlarga borib taqaladi. Buyuk ipak yoʻli orqali oʻzbek va yapon xalqlari oʻrtasida savdoiqtisodiy va madaniy aloqalar boʻlgani ilmiy tadqiqotlarda ham oʻz tasdigʻini topmoqda. Olimlarning tadqiqoti va oʻzbek-yapon arxeologik ekspeditsiyalari natijasiga koʻra, Oʻzbekiston hududida mavjud boʻlgan Kushon podsholigining asosiy dinlaridan biri boʻlgan buddizm Oʻrta Osiyo xalqlari milliy qadriyatlari va anʼanalari bilan boyigan holda 6-asrda Xitoy va Koreya orqali Yaponiya orollarida tarqalgan. Oʻzbekistonda topilgan qadimiy budda ibodatxonalarining hoz. Yaponiyadagi ibodatxonalar bilan mushtarakligi namoyon boʻlmoqda.
Yaponiyaning birinchi poytaxti Nara shahridagi Xoruji ibodatxonasi xazinaxonasida 8-asrda Samarqand va Toshkentda tayyorlangan osori-atiqalar, 9—10-asrlarga oid ud musiqa asbobi saqlanmoqda. Afrosiyobdagi arxeologik qazilmalar vaqtida topilgan va 12-asrga mansub nafis yapon chinni idishi ham oʻzbek va yapon xalqlari oʻrtasida aloqalar boʻlganini koʻrsatadi. Yaponiya 19-asrning 2-yarmidan Oʻrta Osiyo regioni bilan jiddiy qiziqa boshlagan. 1880-yilning yozida yapon diplomati Nishi Tokujiro (keyinchalik u Yaponiya tashqi ishlar vaziri boʻlgan) oʻlkamiz boʻylab sayohat qilgan. U Toshkent, Samarqand, Buxoro shahrilari va Fargʻona vodiysida boʻlgan. Buxoro amiri Muzaffarxon bilan uchrashgan. Bu hodisa yaponlarning musulmon oʻlkalari bilan dastlabki rasmiy aloqalaridan biri edi. 1886-yilda Nisi Tokudzironing "Turkiston sayohatnomasi" kitobi yapon tilida bosilib chiqqan. 19-asr oxiri — 20-asr boshlarida Oʻrta Osiyoga Yasumashi Fukushima, Kazuo Otani, Masaji Inoue, Zuicho Toshibana kabi yapon tadqiqotchilari sayohat qilgan.
Oʻzbekiston Milliy universitetining Ilmiy kutubxonasida 1927—41-yillarda Yaponiyada chop etilgan kitob va jurnallarning katta fondi mavjud. 1930-yillarda Oʻzbekiston bilan Yaponiya oʻrtasida pillachilik va tutchilik sohasida hamkorlik oʻrnatilgach, Yaponiyaga borgan bir guruh oʻzbekistonlik mutaxassislar tomonidan bu sohadagi ilgʻor yapon tajribasi atroflicha oʻrganilgan va respublikada joriy qilingan. Yaponiyadan oʻnlab madaniylashtirilgan serbargli tut navlari va mahsuldor pilla qurtining urugʻlari keltirilib mahalliy sharoitlarga moslashtirilgan. Bundan tashqari, ipakchilik sanoati ehtiyojlari uchun yapon mashina va uskunalari xarid qilingan. 1929-yil Oʻrta Osiyo universiteti prof. E.F.Poyarkov Yaponiyada pillachilar anjumanida maʼruza qilgan.
Maʼlumotlarga koʻra, 1920-yillarda Yaponiyaga borib qolgan Volgaboʻyi tatarlari orasida oʻzbeklar ham boʻlgan. Ular Tokio shahrida masjid qurilishi va islom dinini yoyilishida oʻz hissalarini qoʻshishgan. 1945-yildagi sovet-yapon urushi natijasida asir olingan 24 mingga yaqin yapon 1945—50-yillarda Oʻzbekistonning Andijon, Buxoro, Toshkent va Fargʻona viloyatlarida ushlab turildi. Ular koʻplab sanoat korxonalari, qishloq xoʻjaligi, qurilish va boshqalar sohalarda mehnat qildilar. Jumladan, Toshkent shahridagi Alisher Navoiy nomidagi akademik katta teatr binosi qurilishida 600 ga yaqin yapon asirlari ishtirok etgan. Oʻzbekistonda vafot etgan 812 yapon fuqarosi respublikamiz hududidagi 13 qabristonda dafn etilgan. 1990-yil may oyida Toshkentning Yakkasaroy qabristonida Ikkinchi jahon urushi (1939—45yy.)dan keyin Toshkentda vafot etgan 79 ta yapon harbiy asiri xotirasiga memorial oʻrnatildi.
1960—80-yillarda Yaponiya Oʻzbekistondan paxta tolasi, chigit, shirinmiya ildizi, asal, ipak va boshqalar mahsulotlar xarid qilgan. 1970-yillar boshidan Yaponiya yiliga 190 mln. AQSH dollari hajmida paxta tolasi sotib olgan. Xususan, Sumitomo kompaniyasi 1971—93-yillar 547,3 mln. AQSH dollariga paxta tolasi xarid qilgan. Shu yillar Yaponiyaning qator kompaniyalari Oʻzbekistonning yengil, kimyo va neft sanoatini modernizatsiya qilishga jalb etildi. Fargʻona va Chirchiq shahrilarida ammiak ishlab chiqarish uchun yapon texnologiyalari oʻrnatildi. Toshkent, Samarqand, Buxoro, Margʻilon, Namangan, Shahrisabz va Urganchdagi ipakchilik fabrikalarida Yamato firmasining pilla quritish mashinalari qoʻllandi. 1989-yil Oʻzbekistonda xorijiy firmalar orasida birinchi boʻlib Yaponiyaning "Chori" kompaniyasi oʻz vakolatxonasini ochdi.
Ilmiy va madaniy sohalarda ham oʻzaro hamkorlik yoʻlga qoʻyildi. Yapon va oʻzbek olimlari tomonidan zilzilani oldindan aniqlash, sanoat mahsulotlarini statistik qabul qilish nazorati usullari atroflicha oʻrganildi va amaliyotga tatbiq etildi. Ayniqsa, tarix, tilshunoslik va arxeologiya fanlari boʻyicha samarali hamkorlik amalga oshirildi. Itaro Kumatsuning yaponlar uchun "Oʻzbek tili" qoʻllanmasi (1978), "Oʻzbekcha soʻzlashuv" (1983), "Oʻzbekcha-yaponcha lugʻat" (1980, 1985) kitoblari koʻp ming nusxada nashr etildi. 1950—80-yillarda adabiyot sohasida ham salmoqli aloqalar boʻldi. Xususan, 1956-yil Oʻzbekistonga kelgan taniqli yapon yozuvchisi va tarjimoni Man Inoue atoqli o'zbek shoiri Gʻafur Gʻulom bilan uchrashgan hamda Yaponiyada chop etilgan "Toshkentda bir oqshom" asarida oʻzbek va yapon xalqlari madaniyati, anʼana va turmush tarzidagi mushtaraklik haqida hikoya qilgan. Shu davrda Yoshie Hotta, Kobo Abe, Yasunari Kavabata, Ryunoske Akutagava, Takeo Arishima, Masuji Ibuse va boshqalar mashhur yapon ijodkorlarining 30 ga yaqin roman, qissa, sheʼr va hikoyalari oʻzbek tilida chop etilgan. Oʻz navbatida, Yaponiyada Alisher Navoiy, Sh. Rashidov, Zulfiya, Ramz Bobojon ijodi namunalari, Zahiriddin Muhammad Boburning "Boburnoma" asari yapon tiliga tarjima qilinib, bir necha marta nashr qilingan.
1991-yil Yaponiya Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligini tan olib, 1992-yil diplomatiya munosabatlari oʻrnatgach, 1992-yilda Yaponiyaning Toshkentdagi elchixonasi, 1996-yilda esa Oʻzbekiston Respublikasining elchixonasi Tokio shahrida oʻz faoliyatini boshladi. Ikki mamlakat oʻrtasida teng huquqli aloqalar oʻrnatildi. Oʻtgan 14 yil mobaynida ikki davlat oʻrtasida koʻplab rasmiy hujjatlar imzolandi. Shu davr davomida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov 2-marta (1994, 2002) rasmiy tashrif bilan Yaponiyada boʻldi. Bundan tashqari, ikki davlat tashqi ishlar vazirlari, hukumatning rahbar va masʼul xodimlari, Parlament delegatsiyasi va boshqalarning oʻzaro tashriflari amalga oshirildi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning 1994-yilning mayida Yaponiyaga qilgan birinchi tashrifi oʻzaro siyosiy muloqotni faollashtirdi.
Ikki mamlakat oʻrtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga koʻtarishda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning 2002-yil 28—31-mayida Yaponiyaga qilgan ikkinchi rasmiy tashrifi muhim rol oʻynadi. Tashrif chogʻida 14 ta hujjat imzolandi. Bular qatoriga Oʻzbekiston bilan Yaponiya oʻrtasida doʻstlik, strategik sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisida deklaratsiya, Iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish va Oʻzbekistondagi iqtisodiy islohotlarga koʻmaklashish haqida qoʻshma bayonot va boshqalar hujjatlar kiradi. Tashrif chogʻida Islom Karimov Oʻzbekistonning Yaponiya bilan hamkorlik qoʻmitasi va Yaponiyaning Oʻzbekiston bilan hamkorlik qoʻmitasini tashkil etish tashabbusi bilan chiqsi. Qoʻmitalar tashkil etilib, uning birinchi qoʻshma majlisi 2004-yil iyulda Tokio shahrida oʻtkazildi.
Bugungi kunda Yaponiyaning mamlakatimiz iqtisodiyotiga kiritilgan moliyaviy resurslarining umumiy qiymati 1,9 mlrd. AQSH dollariga yaqinlashdi. Bundan tashqari, Oʻzbekistonga 160 mln. AQSH dollari miqdorida begʻaraz va insonparvarlik yordami koʻrsatilib, u, asosan, maorif va sogʻliqni saqlash sohasiga sarflandi. Yapon sarmoyasi mamlakat iqtisodiyotining yoqilgʻi-energetika, transport va kommunikatsiya, yengil sanoat tarmoqlarini, kadrlar tayyorlash va boshqa sohalarni yuksaltirish, xususan, respublikaning telekommunikatsiya tizimini rivojlantirish, Toshkentdagi temir yo'l vagonlarini taʼmirlash zavodi, Samarqand, Buxoro, Urganch shahrilari aeroportlarini modernizatsiya qilishga sarflandi.
Yaponiya xalqaro hamkorlik bankining imtiyozli qarzlari tufayli Koʻkdumaloq neftgaz konini jihozlash, Buxoro viloyatida neftni qayta ishlash zavodini qurish, Fargʻona neftni qayta ishlash zavodini modernizatsiyalash, Shoʻrtan gazkimyo majmuasini qurish, toʻqimachilik sanoatini rivojlantirish ishlari amalga oshirildi. Gʻuzor— Boysun—Qumqoʻrgʻon temir yo'lni qurishda ichki resurslar bilan bir qatorda Yaponiya sarmoyasi ham qatnashmoqda.
1993—2004-yillar qariyb 300 yaponiyalik mutaxassis iqtisodiyot, telekommunikatsiya, turizm, transport infratuzilmasi, ipakchilik sohalari va xorijiy investitsiyalarni jalb qilishda faoliyat koʻrsatdi.
1994-yilning may oyida Toshkentda Oʻzbek-yapon iqtisodiy hamkorlik qoʻmitasi, Tokioda esa Yaponoʻzbek iqtisodiy hamkorlik qoʻmitasi tashkil etildi. Yaponoʻzbek iqtisodiy hamkorlik qoʻmitasi Yaponiyaning 30 ga yaqin yirik kompaniya, firma va banklarini birlashtiradi. Hozirgacha qoʻshma qoʻmitalarning 8 majlisi boʻlib, unda ikkala mamlakatdagi sanoat korxonalari, moliya muassasalari va tadbirkorlarining toʻgʻridantoʻgʻri aloqalarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Ayni vaqtda Oʻzbekistonda 10 ta oʻzbekyapon qoʻshma korxonasi, 3 ta 100% Yaponiya sarmoyasi hisobidagi korxona, yapon kompaniyalarining 22 vakolatxonasi faoliyat koʻrsatmoqda. Ikki mamlakat oʻrtasidagi savdoiqtisodiy aloqalar kengayib, 2004-yilda tovar ayirboshlash hajmi 102 mln. AQSH dollariga yaqin boʻldi. Oʻzbekiston Yaponiyaga paxta va ipak mahsulotlari, gazlama, noorganik kimyo mahsulotlari eksport qiladi, turli sayyohlik xizmatlari koʻrsatadi. Yaponiyadan esa elektr va mexanik uskunalar, kauchuk va rezina buyumlar va boshqalar oladi. "Oʻzbekiston havo yoʻllari" milliy aviakompaniyasi 2001-yildan Toshkent — Osaka, 2002-yildan Toshkent—Tokio yoʻnalishida doimiy havo qatnovini yoʻlga qoʻydi.
Yaponiya bilan Oʻzbekiston oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlik yoʻnalishlaridan biri kadrlar tayyorlashdir. Hozirgacha respublikaning turli vazirlik va idoralaridan 800 ga yaqin kishi Yaponiyada tajriba orttirib qaytdi, 98 yosh mutaxassis Yaponiyaning yetakchi untlarida magistratura kursini bitirdi. 2000-yildan boshlab Yaponiya xalqaro hamkorlik markazi stipendiyasi asosida yiliga oʻzbekistonlik 20 magistrant Yaponiyaga ikki yillik oʻqishga bormoqda. 2001-yil Toshkentda Oʻzbekiston — Yaponiya inson resurslarini rivojlantirish markazi tashkil etildi. Hozirgacha ushbu markazning biznes, yapon tili va kompyuter kurslarini 1500 dan ortiq kishi tugatdi. Umuman markaz oʻtkazgan turli madaniy-maʼrifiy dasturlarda 100 mingdan ortiq kishi ishtirok etdi.
Oʻzbekyapon ilmiy aloqalari ham kengayib bormoqda. Toshkent, Samarqand, Buxoro, Fargʻona va boshqalar shaharlardagi oliy oʻquv yurtlarining oʻquv dasturiga yapon tilini oʻrganish ham kiritilgan. Oʻzbekiston FAning elektronika, seysmologiya, immunologiya, biokimyo, umumiy va noorganik kimyo, fiziologiya va biofizika, sharqshunoslik, arxeologiya intlari, "Botanika" ilmiyi.ch. markazi bilan Yaponiyaning tegishli unt, institut va boshqa tashkilotlari oʻrtasida muntazam hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Xususan, elektronika institutida yaratilgan metallurgiya sohasiga oid ekologik toza texnologiya Yaponiyaning "Nippon stil korporeyshn" firmasi tomonidan litsenziyali shartnoma asosida sotib olingan. 1989—98 yillarda Sanʼatshunoslik instituti xodimlari Soka universiteti prof. Kyuzo Kato boshchiligida Surxondaryo viloyatining Shoʻrchi tumanida joylashgan Dalvarzintepada buddizm yodgorliklarini oʻrganish boʻyicha tadqiqotlar olib bordilar.
Ikki mamlakat oʻrtasida madaniy aloqalar ham keng rivojlanmoqda. Xususan, Tokiodagi milliy nafis sanʼat va musiqa universiteti bilan hamkorlikda Toshkentda Xalqaro madaniyat karvonsaroyining ishga tushirilishi, "Jahon tinchlik qoʻngʻirogʻi"ning barpo etilishi, Yaponiyadagi bir qancha ijtimoiy tashkilotlar koʻmagida Osaka, Fukushima, Maebashi shahrilarida doimiy faoliyat olib boruvchi Oʻzbekiston madaniyat uylarining ochilishi bunga yorqin misoldir. Yaponiya va Oʻzbekistonda koʻplab koʻrgazma, takdimot, kinofestival, milliy musiqa va raqs guruhlarining konsertlari, shuningdek, 1996-yildan Oʻzbekistonda Yaponiya madaniyati kunlari muntazam oʻtkazib kelinmoqda.
1996-yil Oʻzbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti Islom Karimovning "Oʻzbekiston iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish yoʻlida" va 1999-yil "Oʻzbekiston XXI asr boʻsagʻasida: xavfsizlikka tahdid, barqarorlik shartlari va taraqqiyot kafolatlari" asarlari Yaponiyada yapon tiliga tarjima qilinib chop etildi. Davlatni boshqarish, oʻzbekyapon hamkorligini rivojlantirish va mustahkamlashga qoʻshgan ulkan hissasi uchun Oʻzbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti Yaponiyadagi Vaseda va Soka untlarining faxriy d-ri unvoniga sazovor boʻldi.
Oʻzbekyapon doʻstlik aloqalarini rivojlantirishga qoʻshgan hissasi uchun sanʼatshunos Ikuo Hirayama Oʻzbekiston Respublikasi BAning faxriy xorijiy aʼzosi etib saylandi (2002), prof. Kyuzo Kato va Vaseda universiteti prezidenti Takayashi Okushima Oʻzbekiston Respublikasining "Doʻstlik" ordeni bilan mukofotlangan (2002). 2004-yil martda Tokiodagi Soka untida buyuk oʻzbek shoiri Alisher Navoiyga haykal oʻrnatildi ^haykaltarosh R. Mirtojiyev). 2004-yil Oʻzbekistonga 3000 yapon sayyohi kelgan. Ikki tomonlama hamkorlikning rivojlanishiga Yaponiyada "Yaponiya Oʻzbekiston" doʻstlik jamiyati (|998 yil tashkil etilgan), Fukusima Oʻzbekiston iqtisodiy va madaniy aloqalar uyushmasi, "Fukuoka Oʻzbekiston" jamiyati, "Ota Toshkent" doʻstlik jamiyati, Oʻzbekiston Respublikasida "Oʻzbekiston Yaponiya" doʻstlik jamiyati (1999-yil tashkil etilgan) munosib hissa qoʻshib kelmoqda. 2002-yil apr.da Yaponiya parlamentida mamlakatning nufuzli siyosiy arboblari Taro Aso, Yoshiro Mori va boshqalar tashabbusi bilan "Yaponiya liberaldemokratik partiyasi — Oʻzbekiston" doʻstlik ligasi tashkil etilgan.