Kontent qismiga oʻtish

Oʻzbekiston — Qirgʻiziston munosabatlari

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Qirgʻiziston–Oʻzbekiston munosabatlari

Qirgʻiziston

Oʻzbekiston

OʻzbekistonQirgʻiziston munosabatlari — Oʻzbekiston mustaqillikka erishgach, 1993 yil ikkala davlat oʻrtasida diplomatiya munosabatlari oʻrnatildi. 1992 yil iyuldan Toshkentda Q. elchixonasi, 1998 yil oktabrdan Bishkekda Oʻzbekiston elchixonasi faoliyat yuritmokda. 2000 yil sentabrda OʻzR Prezidenti I.Karimovning Bishkekka, 1996 yil dekabr va 1998 yil noyabr

da Q. Prezidentining Oʻzbekistonga tashrifi boʻlib oʻtdi. 1996 yil 24 dekabrda ikki davlat oʻrtasida imzolangan "Abadiy doʻstlik toʻgʻrisida"gi shartnoma davlatlar oʻrtasidagi munosabatlarning shartnomaviy-huquqiy asosi hisoblanadi. Davlatlar oʻrtasida gumanitar sohadagi hamkorlik mana shu shartnoma, 1994 yil 16 yanvarda imzolangan Madaniyat, sogʻliqni saqlash, fan, taʼlim, turizm va sport boʻyicha hamkorlikni chuqurlashtirish toʻgʻrisidagi hukumatlararo bitim, 1996 yil 24 dekabrda imzolangan Madaniy hamkorlik toʻgʻrisidagi muassasalararo bitimga muvofiq amalga oshiriladi. 2005 yilgacha ikki davlat oʻrtasida ikki tomon uchun ahamiyatli boʻlgan 181 hujjat imzolangan. 2004 yil Oʻzbekiston Respublikasi bilan Q. oʻrtasidagi tovar aylanmasi 68,1 mln. AQSH dollarini, jumladan, eksport 43,6 mln. AQSH dollarini, import 24,5 mln. AQSH dollarini tashkil etdi.


2021-yil mart oyida Qirgʻiziston prezidentining Oʻzbekistonga tashrifi chogʻida qirgʻiz xalqiga oʻzbek xalqi nomidan 10 dan ortiq tez yordam mashinalari topshirildi[1]. Ikki davlat rahbarlari va delegatsiyalari ishtirokidagi muzokaralarda kapitali 200 million AQSH dollari boʻlgan Oʻzbekiston–Qirgʻiziston investisiya jamgʻarmasi tashkil etilishi belgilangan hamda ikki mamlakat hukumatlariga uning faoliyatini yoʻlga qoʻyish boʻyicha topshiriqlar berilgan[2]. Oʻzbekiston–Qirgʻiziston sherikligining deyarli barcha yoʻnalishlarini qamrab olgan 22 ta hujjat imzolandi[3].

Ikki mamlakat oʻrtasida 2020-yil yakuni boʻyicha savdo aylanmasi 903,1 million dollarni tashkil etgan. Shundan eksport hajmi 756,6 million dollar, import hajmi 146,5 million dollarni tashkil etgan. 2021-yil 1-yanvar holatiga koʻra, Oʻzbekistonda qirgʻiz kapitali ishtirokida 183 korxona faoliyat yuritadi: 104 tasi qoʻshma korxona, 79 tasi 100 foiz xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalar hisoblanadi[4].

Harbiy hamkorlik

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Sadir Japarovning Oʻzbekistonga davlat tashrifi hisobotlarida Oʻzbekiston Qirgʻiziston Mudofaa vazirligiga bitta vertolyot sovgʻa qilishi keltirib oʻtiligan. Mudofaa vazirligi orqali oʻzbek tomoni Qirgʻizistonga bitta vertolyotni bepul taqdim etadi va yana bittasini tiklab berishga tayyor. Biroq aynan qaysi vertolyot ekani aniq emas. Shuningdek, harbiy yoʻnalishda xodimlar tayyorlash masalasi, xususan, qurol-yarogʻ yoʻnalishi, uchuvchilar va aloqachilar tayyorlash masalalari ham koʻrib chiqilgan[5].

Chegaralarni delimitatsiya va demarkatsiya qilish

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qirgʻiziston Oʻzbekistonda joylashgan anklav hudud — Soʻx bilan aviaqatnovlar va transport qatnovlarini yoʻlga qoʻyishga, Oʻzbekiston esa shu paytgacha „chegara hududlar aholisi oʻrtasida tortishuvlar va siyosiy ziddiyatlarga sabab boʻlib kelgan“ Unkar-Too hududini berish tayyor ekanligini maʼlum qilgan.

Oʻzbekiston–Qirgʻiziston davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalalari boʻyicha har ikki tomon ham ushbu ishlarni keyingi uch oy ichida yakunlash kerakligi toʻgʻrisida kelishib olgan[6].

2021-yil 26-mart kuni Toshkentda Oʻzbekiston va Qirgʻiziston delegasiyalari oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi. Uchrashuv natijalarini Qirgʻiziston hukumati delegasiyasining rahbari Qamchibek Tashiyev ma’lum qildi. Milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasi raisi Qamchibek Tashiyevning ta’kidlashicha, qirgʻiz-oʻzbek chegaralarida bundan soʻng bahsli hududlar boʻlmaydi. Chegara masalalarini hal qilishda tomonlarning hech biri «yutmagan va yutqazmagan». tomonlar loyiha chizigʻining Kampir-Obod (Andijon) suv ombori hududida 900 gorizontal ostidan 312-raqamli chegara nuqtasidan 312/3-raqamli chegara nuqtasigacha oʻtishi toʻgʻrisida kelishib olgan. Kelishuv natijalariga koʻra, ayrim shartlar bajarilsa, toʻgʻon Oʻzbekiston hududida qolishi belgilangan. Demarkasiya jarayonida Oʻzbekiston Andijon viloyatining Oʻsh viloyati Uzgen tumani va Jalol-Obod viloyatining Soʻzak tumanlari bilan chegaradosh hududdagi 304- va 312-raqamli chegara nuqtalari oraligʻidagi 1000 gektar yerni tovon sifatida Qirgʻizistonga topshiradi. Shu munosabat bilan tomonlar Oʻzbekiston va Qirgʻiziston suv xoʻjaligi tashkilotlariga Kampir-Obod suv omborining suv resurslaridan birgalikda foydalanish va boshqarish boʻyicha hukumatlararo kelishuv loyihasini ishlab chiqish topshirigʻini bergan. Shuningdek, tomonlar Shahrixonsoy kanalining hududlarini (chap tomoni), 312 va 312/3 chegara nuqtalari hududidagi Andijon suv ombori toʻgʻonini, kanaldan toʻgʻon oʻrtasigacha, Oʻzbekistonga 50 gektar yerni qoldirib, xatlovdan oʻtkazishga kelishib olgan[7].

Elelktr energiyasi yetkazib berish boʻyicha kelishuv

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻzbekiston va Qirgʻiziston oʻzaro elektr energiyasini yetkazib berish toʻgʻrisida kelishib oldi. Oʻzbekiston Qirgʻizistonga 2021-yil mart oyidan oktyabr oyigacha va 2022-yil mart-aprel oylarida 750 million kilovatt-soatgacha elektr energiyasi yetkazib beradi. Bunday chora-tadbirlar Toʻktogul suv omborida suv toʻplash va uni 2021–2023 yillarda Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi iste’molchilariga yetkazib berish maqsadida amalga oshirildi. Kelishuvga binoan belgilangan yillarda Qirgʻiziston mos miqdordagi elektr energiyasini iyun-avgust oylarida qaytarib beradi[8].

  1. „Қирғизистон халқига Ўзбекистонда ишлаб чиқарилаётган тез тиббий ёрдам машиналари совға қилинди — фото“. Bugun.uz. 2021-yil 21-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2021 йил 12 март.
  2. „Шавкат Мирзиёев ва Садир Жапаров музокараларни расмий делегациялар иштирокида давом эттирди“. Bugun.uz. 2021-yil 22-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2021 йил 11 март.
  3. „Ўзбекистон ва Қирғизистон ўртасида 22 та ҳужжат имзоланди“. Bugun.uz. 2021-yil 22-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2021 йил 11 март.
  4. „Ўзбекистонда қирғиз капитали иштирокида қанча корхона фаолият юритаётгани маълум қилинди“. Bugun.uz. 2021-yil 22-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2021 йил 11 март.
  5. „Ўзбекистон Қирғизистон Мудофаа вазирлигига ҳарбий вертолёт совға қилади“. Bugun.uz. 2021-yil 27-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2021 йил 14 март.
  6. „Ўзбекистон Ункар-Тоони беришга, Қирғизистон эса Сўх йўлини очишга келишиб олгани маълум қилинди“. Bugun.uz. 2021-yil 27-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2021 йил 13 март.
  7. „Ўзбекистон ва Қирғизистон барча баҳсли чегара ҳудудлар бўйича келишиб олди“. Bugun.uz. 2021-yil 10-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2021-yil 26-mart.
  8. „Ўзбекистон Қирғизистонга қайтариб бериш шарти билан электр энергияси етказиб беради“. Bugun.uz. 2021-yil 10-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2021-yil 26-mart.