Kontent qismiga oʻtish

AQSh — Oʻzbekiston munosabatlari

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Oʻzbekiston-AQSh munosabatlari

Oʻzbekiston

AQSh

AQSh—Oʻzbekiston munosabatlari, bir nechta hukumatlararo shartnoma va bitim asosida tartibga solib turiladi. AQShOʻzbekiston munosabatlari asta-sekin rivojlanib, AQShning 11-sentabr 2001-yilda Afgʻonistonga hujumlaridan soʻng, ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlar yaxshilanishi eng yuqori choʻqqiga koʻtarildi. 2003-2005-yillarda sobiq Sovet respublikalari hisoblangan Gruziya, Ukraina va Qirgʻizistonda „rangli inqilob“ dan beri munosabatlar sezilarli darajada yomonlashdi va Oʻzbekiston hukumati AQSh va fuqarolik jamiyati, siyosiy islohotlar va inson huquqlari sohasidagi boshqa nodavlat tashkilotlar taʼsirini cheklashga harakat qildi.

Oʻzbekiston Respublikasining birinchi prezidenti Islom Karimovning 1996-yil iyunida AQShga qilgan tashrifi ikki mamlakat oʻrtasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirishga koʻmaklashgan muhim voqea boʻldi. Tashrif chogʻida ikki tomonlama hujjatlar majmui imzolandi. Buxori viloyatidagi gaz konlarini oʻzlashtirish loyihasini mablagʻ bilan taʼminlash, surkov materiallari ishlab chiqaruvchi qoʻshma korxona barpo etish, qishloq xoʻjaligi korxonalariga lizing xizmati koʻrsatuvchi qoʻshma korxona tashkil qilish toʻgʻrisidagi bayonnomalar, Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat (TIF) Milliy banki bilan AQSh Savdo va taraqqiyot agentligi oʻrtasida Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish birlashmasida birgalikda aviatexnika ishlab chiqarish loyihasining texnik-iqtisodiy asoslamasini tayyorlash uchun Amerika tomonidan grant ajratish toʻgʻrisidagi bitim, Oʻzbekiston TIF Milliy banki bilan „Bank of America“ oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandum, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geologiya va mineral resurelar qoʻmitasi bilan „Nyumont-Mayning“ kompaniyasi oʻrtasida hamjihatlik toʻgʻrisidagi memorandum, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat geol. va mineral resurelar qoʻmitasi bilan „Nyumont-Mayning“ va „Mitsui“ korporatsiyalari oʻrtasida „Qizilolmasoy“ va „Koʻchbuloq“ ruda konlarini birgalikda oʻzlashtirish toʻgʻrisidagi bitim shular jumlasidandir.

1999-yilda Oʻzbekiston bilan AQSh oʻrtasidagi tovar aylanmasi 282 mln. AQSh dollarini tashkil etdi. Oʻzbekiston AQShdan bugʻdoy, xalq isteʼmol mollari, asbob-uskunalar sotib oladi. Eksport asosan paxta tolasidan iborat. AQShdagi turli firma va kompaniyalarning Oʻzbekiston bilan muvaffaqiyatli hamkorligi, delegatsiyalar almashuvi ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlarni mustahkamlashga imkon beradi.

Oʻzbekistonda bir qancha Oʻzbekiston—Amerika qoʻshma loyihalarini amalga oshirishga kirishildi. Ular orasida eng yiriklari „Nyumont-Mayning“ kompaniyasi tomonidan Zarafshon shahrida oltin ruda konidan foydalanish, „International Telset, Inc.“ kompaniyasi tomonidan Toshkent shahrida kabel televideniyesi tarmogini yaratish va boshqarish loyihalaridir.

Amerikaning firma va kompaniyalaridan „Barents grupp“ kimyo sanoati sohasida, „Kellog“ Koʻqdumaloq koni uchun kompressor st-yasi qurish, „AIG“, „Emsi-Ay“ turli sohalarda oʻzbekistonlik sheriklari bilan muvaffaqiyatli hamkorlik qilmoqda.

„Zarafshon Newmount“ Oʻzbekiston—Amerika qoʻshma korxonasi Qizilqum choʻlida qisqa muddatda zamonaviy korxona barpo etdi.

MDH mamlakatlaridagi katta loyihalarni roʻyobga chiqaruvchi Amerika firmalarining tadqiqotlarini mablagʻ bilan taʼminlovchi AQShning yirik nohukumat tashkiloti — Savdo va taraqqiyot agentligi oltin qazib chiqaruvchi modulli yangi zavod loyihasining texnik-iqtisodiy asoslamasini mablagʻ bilan taʼminlash uchun Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga grant ajratishga qaror qildi.

Oʻzbekiston — Amerika hamkorligiga xususiy biznes namoyandalari ham salmoqli hissa qoʻshdi. Jumladan 1997-yilda Amerikaning „Keys interneyshnl“ kompaniyasi yordamida Toshkent traktor zavodi qayta qurilib, shu firmaning zamonaviy traktorlarini ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. „Boeing“ kompaniyasi esa oʻzaro manfaatli shartlar (lizing) asosida yoʻlovchi tashiydigan samolyotlar yetkazib berdi. „Boeing“ qulayligi jihatidan ham, uchish xavfsizligi jihatidan ham Rossiyaning shu toifadagi samolyotlaridan katta farq qiladi.

Dunyodagi eng kuchli kompyuter kompaniyasi IBM esa Oʻzbekiston bank tizimini kompyuterlash sohasida katta amaliy yordam berdi. Amerikaning IREX, ACCELS, Soros jamgʻarmasi kabi muassasalari esa AQSh va Yevropaning ilmiy markazlarida Oʻzbekiston uchun mutaxassislar taiyerlashga oid dasturlarni amalga oshirmoqda.

Oʻtish davrining qiyinchiliklarini bartaraf etishda AQSh hukumati va xayriya jamgʻarmalari insonparvarlik yordami berib, Oʻzbekistonga bolalar va davolash muassasalari uchun doridarmon, tibbiyot asbob-uskunalari, kiyimkechak, oziq-ovqat mahsulotlari yuborib turibdi. 1997-yil noyabrda AQSh prezidenti rafiqasi Hillary clintonning Oʻzbekistonga tashrifi ikki mamlakat oʻrtasidagi samarali aloqalarni rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega boʻldi.

1997-yil 9-11-iyunda Oʻzbekiston—Amerika qoʻshma komissiyasining tuzilishi AQSh bilan Oʻzbekiston oʻrtasidagi munosabatlarning yanada mustahkamlanib va rivojlanib borayotganligini koʻrsatdi. Qoʻshma komissiya mintaqaviy siyosiy muammolarni oʻz ichiga olgan oʻzaro manfaatli masalalar, Oʻzbekistonning siyosiy va iqtisodiy islohotlardagi siljishi, harbiy sohada hamkorlik qilish hamda Oʻzbekistonda xorijiy investitsiyalar uchun sharoitlarni muhokama etadi. 1998-yil 26-27-fevral Vashington shahrida qoʻshma komissiyaning birinchi, 1999-yil 24-25-may Toshkent shahrida ikkinchi majlisi boʻlib oʻtdi.

Iqtisodiy munosabatlar

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Bugungi kunda O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida mustahkam shartnomaviy-huquqiy baza, jumladan, turli xarakterdagi 100 dan ortiq hujjatlar mavjud. Siyosiy muloqotni mustahkamlash, xususan, mintaqaviy xavfsizlik, terrorizm va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish kabi sohalardagi hamkorlikni chuqurlashtirish yuzasidan tashqi ishlar vazirliklari aro siyosiy maslahatlashuvlar muntazam o‘tkazib kelinmoqda.

Ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biri savdo-iqtisodiy sheriklikdir. Tomonlar savdo-iqtisodiy aloqalarni doimiy ravishda kengaytirishga intilib, iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga harakat qilmoqda. O‘zaro savdo so‘nggi uch yil ichida o‘sib bormoqda. Misol uchun, O‘zbekistonning AQSh bilan tovar ayirboshlash hajmi 2022 yil yakuni bo‘yicha 436,8 million dollarni (eksport – 68,5 million dollar, import – 368,3 million dollar) tashkil etib, 2021 yilga (426,3 million dollar) va 2020 yilga (277 million dollar) nisbatan oshganligini ko‘rsatmoqda[1].

Oʻzbekistonning AQShdagi elchilari

[tahrir | manbasini tahrirlash]