Maputu
Bu maqolada ichki havolalar juda kam. |
Maputu (1976-yilgacha Lorensu-Markish) — Mozambik poytaxti. Maputu viloyatining maʼmuriy markazi. Mamlakatning jan. qismida, Hind okeanining Delagoa buxtasi sohilida joylashgan. Iqlimi tropik, passatli iqlim. Yillik yogʻin oʻrtacha 780 mm. Yanvarning oʻrtacha temperaturasi 25,5°, iyulniki 18,2°. Aholisi 989 ming kishi (1997). Hind okeani sohilidagi yirik port (yillik yuk ortib-tushirish 10 mln. t).
Afrikani aylanib oʻtiladigan yoʻldagi muhim tranzit punkti. M. portidan Zambiya va Zimbabve mamlakatlari ham foydalanadi. Transport yoʻli orqali JAR va Zimbabve bilan tutashgan. Port orkali chetga paxta, koʻmir, shakarqand, sizal eksport qilinadi. Aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. Mamlakatning muhim sanoat markazi (mamlakat sanoat mahsulotining 55% ishlab chiqariladi). Mashinasozlik, neftni qayta ishlash, oziq-ovqat, poyabzal, toʻqimachilik, yogʻochsozlik sanoati korxonalari mavjud. Vagonsozlik, kema taʼmirlash, tayyor qismlardan avtomobil yigʻish korxonalari, tamaki fabikasi ishlab turibdi. Shahar yaqinida bir necha issiqlik elektr stansiyasi qurilgan. Universitet, Mozambik, tarix va boshqa muzeylar, Milliy kutubxona, botanika va hayvonot bogʻlari bor. Dengiz kurorti. Shahar 16-asrda portugallar bunyod qilgan qishloq oʻrnida vujudga kelgan va bu yerga birinchi boʻlib kelgan portugaliyalik sayyoh nomi bilan Lorensu-Markish deb atalgan.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |