Rabot (shahar)
Rabot — Marokash poytaxti. Sale shahri bilan R.-Sale prefekturasini tashkil etadi. Atlantika okeani sohilida, unga Bu-Regreg daryosining quyilish yerida joylashgan. Aholisi 1,38 mln. kishidan ziyod (1990-yillar oʻrtalari). Iqlimi subtropik, oʻrtacha temperatura yanvarda 12°, iyulda 22°. Yillik yogʻin 530 mm. Transport yoʻllarining muxim tuguni, temir yoʻl va avtomobil yoʻllari orqali mamlakatning boshqa yirik shaharlari, shuningdek, Jazoir va Tunis bilan bogʻlangan. Aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. Rabot — mamlakatning yirik iqtisodiy markazi. Sanoatining asosiy tarmoqlari: toʻqimachilik va tikuvchilik, oziq-ovqat, metallsozlik, koʻn-poyabzal, yogʻochsozlik, kimyo, poligrafiya. Mebel, mineral oʻgʻitlar ishlab chiqariladi. Rabot — mamlakatning ilmiy va madaniy markazi: universitet (1957), konservatoriya, ilmiy tadqiqot muassasalari, milliy teatr, Udayya muzeyi, xalq sanʼati va boshqa muzeylar, kutubxonalar bor. Shaharda banklar, hukumat idoralari joylashgan.
Shaharga 1150-yilda muvahhidlar tomonidan asos solingan. 17-asrda Rabotga Andalusiyadan musulmon hunarmand va savdogarlarining koʻchib kelishi munosabati bilan shahar tez rivojlandi. 1627— 66 yillarda mustaqil Rif respublikasi poytaxti. 19-asrda Rabot siyosiy va iqtisodiy markazga aylandi. 20-asr boshlarida fransuz bosqinchilariga qarshi milliy ozodlik kurashi markazi. 1912—56-yillarda Fransiya protektoratining maʼmuriy markazi. 1956-yildan mustaqil Marokash davlatining poytaxti.
Rabotning tarixiy markazi Bu-Regreg daryosi boʻyidagi qoya ustida joylashgan. Shaharning eski qismi 12-asr oxirida baland devor bilan oʻralgan. Meʼmoriy yodgorliklaridan Katta masjid (14-asr), Hasan masjidi (12-asr), maqbaralar, Qirol saroyi (1775) va boshqa saqlangan. Shaharning janubida yangi zamonaviy binolar qurilgan[1].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |