Jibuti (shahar)
Jibuti — Jibuti davlatining poytaxti. Aholisi 395 ming kishi (1999). Iqlimi tropik quruq iqlim, oʻrtacha oylik temperatura 25° dan 35°gacha (maksimum 40°), yillik yogʻin 130 mm. Jibutiga 1888-yil fransuzlar asos solgan. 1896—1946-yillar Fransiya Somalisining, 1946-yildan Fransiyaning "dengiz orti hududi"ning maʼmuriy markazi. 1977-yil 27-iyundan Jibuti Respublikasi poytaxti. Bob ul-Mandab boʻgʻozidan janubidagi Tajura qoʻltigʻi sohilidagi port. Suvaysh kanali orqali oʻtadigan dengiz yoʻlidagi tranzit punkt. Efiopiyaning tashqi savdosiga ham xizmat qiladi. Xalqaro ahamiyatga ega aeroport bor. Jibuti orqali chetga kofe, moy olinadigan urugʻlar, teri, tuz va boshqalar chiqariladi.
Chetdan neft va neft mahsulotlari keltiriladi. Suyuq gaz tayyorlash zavodi, oziq-ovqat, kemasozlik sanoati korxonalari bor. 1981-yildan Jibuti erkin port.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |