Jazoir (shahar)
Jazoir | |
---|---|
36°46′35″N 3°3′31″E / 36.77639°N 3.05861°E | |
Mamlakat | Jazoir |
Maydon | 273 km2 (105 kv mi) |
Markazi balandligi | 10 m |
Rasmiy til(lar)i | Arab tili |
Aholisi (2002) |
2 029 936 |
Vaqt mintaqasi | UTC+1 |
Telefon kodi | 021 |
Pochta indeks(lar)i | 16000-16132 |
|
Jazoir (arabcha: مدينة الجزائر, Madīnat al-Jazā'ir, fransuzcha: Alger) — Jazoir Xalq Demokratik Respublikasining poytaxti. Jazoir viloyatining maʼmuriy markazi. Aholisi 2,5 mln. kishini (1998) tashkil etadi.
Oʻrta dengiz boʻyida joylashgan. Iqlimi subtropik, oʻrta dengiz iqlimi, qishi iliq, yozi quruq va issiq. Oʻrtacha temperatura yanvarda 12°, iyulda 25°; yiliga 700 mm yogʻin yogʻadi.
Jazoirga finikiyaliklar tomonidan mil. av. IX-asr oxirida Ey-Qozi bandargohi sifatida asos solingan, keyinchalik rimliklar tomonidan Ikozium deb nomlangan. Ikozium vayronalari oʻrnida 935-yilda barbar amiri Bologgin ibn Ziri yangi shahar bunyod qildi va keyinchalik bu shahar Jazoir deb ataldi. XI-asrdan Jazoir Oʻrta dengizning yirik savdo porti, XIII-asrdan Ispaniyadan quvgʻin qilingan mavr muhojirlari markazi boʻldi. 16-asrgacha turli davlatlar tarkibida boʻlib kelgan. XVI-asrdan Usmonli turklar saltanatiga qaram boʻlgan Jazoirning markazi. 1830-yilda fransuzlar bosib olgach, 130-yil davomida Fransiyaning Jazoir mustamlakasining maʼmuriy markazi boʻldi. Jazoirda Ikkinchi jahon urushi davrida ittifoqchi davlatlar qoʻmondonligining Oʻrta dengizdagi shtab kvartirasi joylashgan. Jazoir 1962-yildan mustaqil Jazoir davlatining poytaxti.
Jazoir — transport yoʻllari tuguni, xalqaro aeroporti bor. Oʻrta dengiz boʻyidagi yirik port (yillik yuk ortib tushirish 5,8 mln. t). Mamlakatning iqtisodiy, ilmiy va madaniy markazi. Mashinasozlik (avtomobil va qishloq xoʻjaligi mashinalari), metallsozlik, oziq-ovqat (vinochilik, yogʻ, tamaki, un tortish), kimyo, neftni qayta ishlash, sement, sellyuloza-qogʻoz, toʻqimachilik korxonalari, oyna zavodi, yogʻochsozlik fabrikalari, issiqlik elektr stansiyalari, metropoliten markazlari bor.
Jazoir Jazoir qoʻltigʻi boʻylab 15 km ga choʻzilgan, bogʻ va parklar koʻp. Jazoirning qad. qismida qalʼa, Katta masjid (1096), Sidi Abdurahmon masjid-maqbarasi (1611), Jome ul-Jadid masjidi (1660), Jazoirning Yevropacha uslubda qurilgan qismida Hukumat uyi (1930) bor. 1960-yillardan yangi turar joy binolari qurilgan. Universitet, institutlar, maxsus oʻrta oliy oʻquv yurtlari, Sahroi Kabir instituti, rasadxona, botanika bogʻi, Milliy drama teatri va b. bor. Har yili xalqaro yarmarka oʻtkaziladi[1].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |