Koson
Koson | |
---|---|
shahar | |
39°02′11″N 65°34′23″E / 39.03639°N 65.57306°E | |
Mamlakat | Oʻzbekiston |
viloyat | Qashqadaryo viloyati |
tuman | Koson tumani |
Aholisi | 59 300 |
Vaqt mintaqasi | UTC+5 |
|
Koson — Oʻzbekiston Respublikasining Qashqadaryo viloyatidagi shahar (1972-yildan). Koson tumaninpng maʼmuriy markazi, viloyatning gʻarbiy qismida. Qarshi shahridan 30 km, yaqin temir yoʻl stansiyasi — Koson (4 km). Toshkent — Dushanba temir yoʻl va Qarshi — Buxoro avtomobil yoʻli yoqasida. Qashqadaryoning oʻng sohilida, 350 m balandlikda joylashgan. Yanvarning oʻrtacha temperaturasi 0°, iyulniki 28°. Aholisi 58,5 ming kishi (2003). K. ga Yakkabogʻ — Muborak suv quvuridan tarmoq oʻtkazilgan.
K. oʻrnidagi dastlabki qishloq milodning boshlarida vujudga kelgan, Yerqoʻrgʻonda hayot tanazzulga uchragach, aholi bu yerga koʻchgan. 4—5-asrlarda qalʼa bunyod etilib, atrofi mudofaa devori bilan oʻrab olingan; u moʻgʻullar istilosi davrigacha (13-asr boshi) mavjud boʻlgan. Moʻgʻullar istilosidan avval Kosonning mudofaa devori 3-marta taʼmirlangan boʻlib, kengligi 10 m ga yetgan. Arxeologik maʼlumotlarga koʻra, K.da ancha vaqtgacha hayot sungan va faqat 15—16-asr dangina qayta jonlangan. Karvon yoʻlida boʻlgani uchun savdo va hunarmandchilik rivojlangan. 4—6-asrlarga oid mis tangalarda "Kosonning ulugʻ shohi" deb yozilgan sugʻdiycha bitik aniqlangan (E. Rtveladze). Demak, u shoh qarorgohi boʻlgan. 16-asr 40-yillarida shayboniylarga qarshi Kosonda Bobo Mirak qoʻzgʻoloni sodir boʻlgan. 17-asrdan Ashtarxoniylar, 18-asr oʻrtalaridan Buxoro amirligi tarkibida. 1685-yil Samarqand hokimi Xoʻjamqulibiy oʻtarchi xitoy-qipchoqlar qabilasiga tayanib, Kosonni egallab, Nasaf viloyatini talon-toroj qilgan va bu bilan Anushaxonni Buxoro xonligiga bostirib kirishiga imkon yaratib bergan. Antik manbalarda uchraydigan Ksenippa viloyatining nomi Koson atamasining oʻzgargan shakli boʻlishi mumkin. Undagi "pa" qoʻshimchasini sugʻdiycha "ob", yaʼni suv deb hisoblansa, qadimda Qashqadaryodan chiqarilgan kanal Kosonob yaʼni Koson daryosi deb atalgan boʻladi.
Shaharda paxta tozalash, gʻisht zavodlari, gʻoʻzapoyadan karton qogʻozi ishlab chiqariladigan oʻzbek-xitoy qoʻshma korxonasi, yogʻ ekstraksiya zavodi, avtokorxona bor. Mahalliy sanoatga qarashli qandolatpazlik va kulolchilik sexlari faoliyat koʻrsatadi. 10 ga yaqin umumiy taʼlim maktabi, kutubxona, madaniyat uylari, klublar, dorixona, poliklinika, 2 kasalxona, tugʻruqxona mavjud. K. bilan Buxoro, Qarshi, Mugʻlon va tuman xoʻjaliklari orasida avtobuslar qatnaydi. Shaharda Ikkinchi jahon urushida halok boʻlgan jangchilar xotirasiga yodgorlik oʻrnatilgan.[1]
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Axmedov B. A., Istoriko-geograficheskaya literatura Sredney Azii XVI — XVIII vv. Pismennie pamyatniki, T., 1985; Kamaliddinov Sh. S, Istoricheskaya geografiya Yujnogo Sogda i Toharistana po araboyazichnim istochnikam IX— nachala XIII vv., T., 1996.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |