Kitob (shahar)
Kitob | |
---|---|
shahar | |
39°08′01″N 66°52′55″E / 39.13361°N 66.88194°E | |
Mamlakat | Oʻzbekiston |
viloyat | Qashqadaryo viloyati |
tuman | Kitob tumani |
Markazi balandligi | 672 m |
Rasmiy til(lar)i | oʻzbekcha |
Aholisi (2022-yil 1-yanvar) |
101,1 ming kishi |
Milliy tarkib | oʻzbeklar |
Vaqt mintaqasi | UTC+5 |
Kitob — Oʻzbekiston Respublikasining Qashqadaryo viloyati Kitob tumanidagi shahar. Tumanning maʼmuriy markazi. Qashqadaryo bilan Oqdaryo oraligʻidagi Shahrisabz-Kitob botigʻida, oʻrtacha 685 m balandlikda joylashgan. Qarshi-Kitob temir yoʻl shoxobchasining oxirgi — Kitob bekatidan 4 km, viloyat markazi — Qarshi shahridan 130 km. Aholisi 101,1 ming kishi (2022).
Shahar nomi forscha kift — yelka, ob — suv soʻzlaridan kelib chiqqan deb taxmin qilinadi. Kitob oʻrta asrlarda Gʻarb bilan Sharq mamlakatlarini bir-biriga bogʻlagan yirik karvon yoʻli yoqasida, Samarqand va Shahrisabz (Kesh)ga yaqin joylashganligi uchun yirik shaharga aylangan. Maydoni 40 ga, shahar arki 1 ga dan koʻproq joyni egallagan. Ark xarobalari hozir Qalandartepa deb yuritiladi. Shahar devorining qalinligi 7,5 m. Bu devor taxminan miloddan avvalgi 3-asrda qurilgan. Oʻtmishda Kitobning janubiy-gʻarbiy tomonida kulolchilik mahallalari joylashgan. Arxeologik qazishlar natijasida ochilgan madaniy qatlamlardan katta marmar plitalar, bino qoldiqlari, turli shakldagi rangli sopol idishlar, mayda haykalchalar va boshqa buyumlar topilgan. Shahar bir qancha vaqt tushkunlikka tushib, 6—7-asrlarda qayta tiklangan. Arkdan tashqarida 2,5 ga yerga qalʼa-qarorgoh qurilib, qalin devor bilan oʻrab olingan. 9—17-asrlarda shahar avvalgi mavqeyini yoʻqotgan. 18-asrda Kitob beklik markaziga aylangach, birmuncha tiklangan. Oʻsha davrda Kitobda 6 shahar darvozasi, bir necha oʻn guzar, 2 karvonsaroy, bozor, hammom, 4 qabriston boʻlgan. Hozirda Kitob Qashqadaryo viloyatining yirik madaniy va iqtisodiy markazlarilan. Paxta tozalash, vino zavodlari va boshqa korxonalar mavjud. Kitob kenglik stansiyasi jahondagi 5 ta shunday stansiyaning biridir (qarang Kitob balandtogʻ rasadxonalar majmuasi). Kitobda tuman hokimiyati binosi, aloqa boʻlimi, mehmonxona, madaniyat uyi, umumiy taʼlim maktablari, avtostansiya, madaniyat va istirohat bogʻi, stadion va tennis korti, tuman markaziy kasalxonasi, poliklinika, dorixonalar, savdo va maishiy xizmat shoxobchalari bor.
Kitob Katta Oʻzbekiston trakti orqali Shahrisabz, Samarqand va boshqa shahar hamda tumanlar bilan bogʻlangan[1].
Tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Kitob shahri Oʻzbekistonning navqiron shaharlaridan biri hisoblanadi.
KIFTIOB-yoxud ikki daryo oʻrtasidagi shahar demakdir. Kitob tumani hududini uch tomondan baland togʻlar — Ziyovuddin, Qoʻrgʻontogʻ (Zarafshon togʻ tizmasining davomi) va Taxtaqoracha (Hisor togʻ tizmasining davomi) togʻi oʻrab turadi. Joʻgʻrofiy joylashuvi jihatidan bu shahar shimoldan Samarqand viloyati, sharqdan qoʻshni Tojikiston Respublikasi, janubdan Shahrisabz, gʻarbdan Chiroqchi tumanlari bilan chegaradosh. Kitob soʻzi asli tojik tilidan olingan boʻlib, „Kift“ - yelka, „ob“ - suv, yaʼni yelkadan oʻtgan suv degan maʼnoni anglatadi. Kitob shahrining ikki tomonidan ikki daryo — Qashqadaryo va Oqdaryo oqib oʻtadi. Ikki daryo oraligʻida esa Kifti-ob - suv boshi, yaʼni Kitob shahri joylashgan. Aytishlaricha, „Kitob“ soʻzining arabcha (sahifalar bor, oʻqish mumkin boʻlgan) „kitob“ soʻziga aloqasi yoʻq.
Kitob shahri yozma manbalarda XVIII asrning ikkinchi yarmidan boshlab uchraydi. Shahar atrofi baland va mustahkam mudofaa devori bilan oʻrab olingan boʻlib, uning Jangallik, Govxona, Ravatoq, Qorapoycha, Xoʻjaroʻshnoyi, Loʻlixona va Kunchiqar nomlari bilan yuritiladigan 7 ta mustahkam darvozalari boʻlgan. Kitob bekligi Buxoro amirligi tarkibiga kirgan. Kitob shahri qadimdan Shahrisabz bilan yonma-yon joylashganligi va bu yerdan Buyuk Ipak yoʻli oʻtganligi sababli har yili yuzlab, minglab savdo karvonlari oʻtib turgan. Shahar aholisining koʻpchiligi hunarmandchilik va savdo bilan mashgʻul boʻlgan. Tarixiy maʼlumotlarga koʻra, XVIII asrning oxiri XIX asrning ikkinchi yarmida shaharda toʻquvchilik, boʻyoqchilik, gilamdoʻzlik, kashtadoʻzlik, doʻppidoʻzlik, zargarlik, miskarlik, temirchilik, koʻnchilik, mahsidoʻzlik, kovushdoʻzlik, kulolchilik, duradgorlik, tegirmonchilik, juvozkashlik kabi 30 dan ortiq hunar turi mavjudligi va u yaxshi rivojlanganligi qayd etilgan. Arxiv maʼlumotlariga koʻra, 1870-yilning oxirida Kitob shahridagi 51 ta guzarda 3700 xonadon boʻlib, unda 18500 nafar aholi yashagan. Shaharda 3 ta madrasa, 9 ta masjid, maktablar, 12 ta karvonsaroy, 2 ta bozor maydoni, yuzlab savdo doʻkonlari va rastalar boʻlgan. XIX asrning 80-90 yillariga kelib, shaharda olacha va chit toʻqish, boʻz, namat, ipak matolar, chodir, palos, shollar, rang-barang kashtalar tayyorlash, ayniqsa, tez rivojlanadi.
Kitoblik hunarmandlar tayyorlagan sifatli buyumlar yerli aholi ehtiyojini taʼminlash bilan birga tashqi bozorga ham koʻplab chiqarilganligi tarixiy manbalarda qayd etilgan. Zeb-ziynat, kulolchilik buyumlari, gilamlar, iroqi doʻppilar, oʻymakoriy eshiklar Turkiston oʻlkasida ochilgan 1886-1890-yilgi koʻrgazmalarda yuqori baholangan. XX asrning boshlarida shaharda shoyi toʻqish, ip yigirish, turli matolar toʻqish, koʻnchilik, boʻyoqchilik, gilam va palos toʻqish hunari ancha taraqqiy etgani, mahsulotning sifati yaxshilanganligi koʻzga tashlanadi. Negaki, 1909-yilda Toshkentda ochilgan Turkiston oʻlka hunarmandchilik va sanoat koʻrgazmasida kitoblik qoʻligul hunarmandlarning faolroq qatnashganliklari va ular tayyorlagan buyumlar kumush va bronza nishonlar, diplom va faxriy yorliqlar bilan taqdirlangani bunga misol.
XX asrning 20-yillariga kelib, Kitob shahrida hunarmandchilik korxonalari bilan yonma-yon paxta tozalash zavodlari, moy ishlab chiqarish korxonasi, pillakashlik fabrikasi va bir necha artellar faoliyat koʻrsata boshladi.
Kitob shahridagi tarixiy binolar — obidalarga kelsak, shahar qoʻrgʻoni, madrasa, masjidlar, karvonsaroylar oʻzaro urushlar va tashqi hujumlar, ayniqsa, 1870-yildagi hujum natijasida vayron qilindi. Shoʻro zamonida esa madrasa va masjidlar ataylab buzib tashlandi.
Qadimiy Kitob shahri va tumani hududida bir nechta tarixiy inshootlar, binolarning baʼzilari bizning davrimizgacha saqlanib qolgan boʻlib, bu yerlarda oʻz zamonasining buyuk kishilari, olimlari, maʼrifaparvarlari yashab, samarali ijod qilganlar. Kitob tumani hududida joylashgan tarixiy meʼmoriy obidalardan biri XII—XIII asrlarga tegishli Hazrati Sulton maqbarasi va XV asrning ikkinchi yarmiga tegishli Hazrat Bashir maqbarasidir Hazrat Bashir Mirzo Ulugʻbek davrining koʻzga koʻringan olimlaridan biri va uning doʻsti boʻlgan, XVI—XVII asrlarga doir yana bir ziyoratgoh olim, shayx Xoʻja Abduboqiy nomi bilan bogʻliq Xoʻja Imkonagiy xonaqohidir.
Bu islomiy obidalar Istiqlol yillarida obodonlashtirildi, baʼzi joylari taʼmirlanib, davlat muhofazasiga olingan. Kitob shahri qadimdan buyuk olimlar, shoirlar, dostonchilar, baxshilar, sanʼatkorlar maskanidir. Oʻzbek-tojik tillarida sheʼrlar ijod qilgan „Yusuf va Zulayho“ dostonini yaratgan shoir Junaydullo Islom shayx oʻgʻli Hoziq, „Chor darvesh“, „Mahfil oro“, „Toʻtinomo“ kabi yirik asarlar yaratgan Mullo Qurbon Xromiy, „Alpomish“, „Saydimxon“, „Malika ayyor“, „Avazxon“, „Xilomon“, „Qironxon“, „Kuntugʻmish“, „Goʻroʻgʻli“, „Yusuf bilan Ahmad“ kabi xalq dostonlarini qoyilmaqom etib kuylagan baxshi-shoir, Oʻzbekiston xalq dostonchisi Abdulla Nurali oʻgʻli va boshqalar shular jumlasidan. Jahon fani taraqqiyotiga oʻz hissasini qoʻshib kelayotgan dunyoning beshdan bir muhim nuqtasi — Mirzo Ulugʻbek nomidagi Xalqaro Kenglik Stansiyasi — rasadxonasi ham Kitob shahrida faoliyat koʻrsatib kelmoqda.
Mustaqillik yillarida Kitob shahri va tumanining qiyofasi butunlay oʻzgarib, yangi turar-joylar, maktablar, litsey va kollejlar, madaniyat markazlari, sport maydonlari, tibbiyot muassasalari qad koʻtardi.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Havolalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Qashqadaryo viloyat hokimligi veb sahifasi[sayt ishlamaydi]
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |