Kontent qismiga oʻtish

Kosonsoy (shahar)

Koordinatalari: 41°15′0″N 71°33′0″E / 41.25000°N 71.55000°E / 41.25000; 71.55000
Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Kosonsoy
shahar
41°15′0″N 71°33′0″E / 41.25000°N 71.55000°E / 41.25000; 71.55000
Mamlakat Oʻzbekiston
viloyat Namangan viloyati
tuman Kosonsoy tumani
Aholisi
43 684
Vaqt mintaqasi UTC+5
Kosonsoy xaritada
Kosonsoy
Kosonsoy

Kosonsoy — Namangan viloyatining Kosonsoy tumanidagi shahar. Tuman markazi. Yaqin temir yoʻl stansiyasi va viloyat markazi — Namangandan 28 km. Kosonsoy viloyatning shimoliy qismida, Oʻzbekiston bilan Qirgʻizistonni bogʻlab turuvchi avtomagistral yoqasida, Kosonsoy daryosining har ikki sohilida joylashgan. Oʻrtacha 760 m balandlikda. Aholisi 41,7 ming kishi (2002), Kosonsoy suv omboridan suv oladi.

Kosonsoy Oʻzbekiston hududidagi qadimiy shaharlardan biri. Shaharga miloddan avvalgi IV—III asrlarda asos solingan. Miloddan avvalgi I asrda Kushonlar saltanatiga qarashli Fargʻona davlatining poytaxti boʻlgan. Shahar ikki qator baland devor bilan oʻralgan. Uning ichida hukmdor arki, ayonlar uylari hamda ular atrofida aholi xonadonlari joylashgan. Qalʼa devorida uchta darvoza boʻlgan. Shahardan bir oz shimolroqda joylashgan Mugʻ qalʼasi shimoldan keladigan koʻchmanchilar hujumidan muhofaza etgan. Kushon saltanati barham topganidan keyin ham Kosonsoy bir necha asr davomida Fargʻona vodiysining yirik shaharlaridan biri boʻlib turgan. V—VII asr larga kelib, Buyuk Ipak yoʻli tarmogʻining Fargʻonadan oʻtishi bilan shaharda savdo va hunarmandchilik yana ravnaq topdi. Karvonsaroylar, savdo rastalari qurildi. VII asr oxiri — VIII asr boshlarida Kosonsoy Fargʻona ixshidligi (podsholigi) ning poytaxtiga aylandi. 777-yilda arab bosqinchisi Ahmad ibn Asad bir qator janglardan soʻng, shaharni katta vayronagarchilikka duchor qilib, egallab olishga muvaffaq boʻlgan.

VIII—X asrlar davomida shahar hayoti tarixiy manbalarda qayd etilmagan. Ko‘rinib turibdiki, mavqeini yoʻqotib, muhim tarixiy voqealardan (Qarluq xoqonligi, Somoniylar davri) chetda qolgan.

XII asrda Qoraxoniylar hukmronligi davrida shahar yana jonlangan, turar-joy binolari, ziyoratgohlar, hunarmandchilik ustaxonalari qurilishi qayta boshlandi, zarbxona faoliyat koʻrsatgan, Fargʻonaning boshqa shaharlari bilan savdo aloqalari oʻrnatilgan. Shahar maydoni deyarli ikki baravar koʻpaygn. Aholining etnik tarkibi xilma-xilligi ortgan va yangi fors-tojik tiliga va islomiy eʼtiqodga ega boʻlgan odamlar ustunlik qilgan. Binolarda musulmon meʼmorchiligining oʻziga xos xususiyatlari paydo boʻla boshlagan.

XIII asr boshlarida jangari mo‘g‘ul ko‘chmanchilari o‘z yo‘lida birin-ketin shaharlarni vayron qilib keladi, xuddi shu niyat bilan Koson shahriga yetib kelishgan. Kuchli mudofaa toʻsiqlariga qaramay, uzoq qamaldan keyin shahar magʻlubiyatga uchratilgan va vayron qilingan.

XIII—XVI asrlarda Kosonning oʻrta asrlar tarixida oxirgi davr boshlangan. Bu vaqtda cheklangan miqdordagi aholisi boʻlgan kichik aholi punktiga aylanib qoladi. Savdogarlar karvonlari esa shaharga kamdan-kam tashrif buyurgan.

Mohir hunarmandlar va ruhoniylar Fargʻonaning vodiy shaharlarigakoʻchib ketganlar. Shu bilan shahar gavjumlikdan holi kichik aholi punktiga aylanib qolgan.

„Ulug‘ chinor“ choyxonasida (shahar bog‘idagi ko‘l o‘rtasidagi orolchada) viloyatdagi eng keksa chinor o‘sadi, yoshi kamida 800 yilg teng.

Tarixiy manbalarda

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Kosonsoy tarixiga oid dastlabki maʼlumotlar qadimgi Xitoy sayyohi Chjan Syan (miloddan avvalgi 128-yil), Syuan Szan (630-yil), arab tarixshunoslaridan Yaʼqubiyning „Kitob ul-Buldon“, Muqaddasiyning „Axsan uttaqosim“ asarlarida uchraydi.

VII asrda Farg‘onaga tashrif buyurgan Xitoy buddist rohibi, olim, faylasuf, sayyoh va Tan sulolasining tarjimoni Syuan-Szan shaharlarni o‘rganganlardan biri boʻlib, u yodnomalarda shahar va vodiy haqida shunday yozgan:

Fayhan (Farg‘ona) davlati aylanada 4000 li atrofida maydonga ega edi. Uni toʻrt tomondan togʻlar oʻrab olgan. Yerlar keng. Don — moʻl-koʻl. Gullar va mevalar serob. Qoʻy va otlar boqiladi. Iqlimi shamolli va sovuq. Odamlarning tabiati qoʻpol va jasur. Til boshqa mamlakatlardagi kabi emas. Ularning oʻzlari bir necha oʻn yillar davomida oliy hukmdorga ega emas boʻlmaganlar. Rahbarlar bir-biriga boʻysunmasdan, ustunlik uchun raqobatlashdilar. Alohida mulklarning chegaralari daryolar va togʻlar boʻylab oʻtgan

Yaʼqubiy asarida arablar bosqini davrida Kosonsoy poytaxt sifatida tilga olingan. Bobur davrida Kosonsoy Fargʻonadagi mavjud 8 shahardan biri boʻlgan. Shahar nomi qadimgi Xitoy manbalarida „Kesay“ yoki „Gessay“ shaklida qayd etilgan.

Shaharda shoyi toʻqish, poyabzal fabrikalari, mahalliy sanoat, non kombinatlari, qurilish tashqilotlari, Oʻzbekiston-Italiya, Oʻzbekiston-Turkiya qoʻshma korxonalaridan „Kosonsoy-Tekmen“, „Atlasmen“ va boshqa yuzlab kichik korxonalar faoliyat koʻrsatmoqda. 12 umumiy taʼlim, musiqa maktablari, pedagogika va tibbiyot bilim yurtlari, iqtisodiyot, maishiy xizmat, transport, aloqa va yengil sanoat kasb-hunar kollejlari mavjud. Madaniyat uyi, „Toʻqimachilar“ madaniyat saroyi, markaziy va bolalar kutubxonalari, stadion (25 ming oʻrin), „Doʻstlik“ va „Yoshlar“ xiyobonlari, madaniyat va istirohat bogʻi, oʻlkashunoslik muzeyi bor.

Markaziy kasalxona (330 oʻrin), 3 ta poliklinika, tibbiy tez yordam markazi va boshqa tibbiy muassasalarda 800 dan ziyod tibbiyot xodimi faoliyat koʻrsatmoqda.

1959[1] 1970[2] 1979[3] 1989[4] 2019[5]
9525 14 436 21 998 31 217 203 883

Taniqli kishilari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Mashhur faylasuf olimlardan Mavlono Alouddin Abubakr ibn Masʼudi Kosoniy, Sayid Axmad ibn Mavlono Jamoliddin Mahdumi Aʼzam, gʻazalnavis shoirlardan Muhammadsharif Oʻzlat Kosoniy, Muhammad Aminxoʻja Kosoniy, Murtazo Kosoniy, yetuk tarixnavis olim Muhammad ibn Vali Kosoniylar shu yerda yashab oʻtganlar. Oʻsha davrlarda shahar oʻzining naqqosh, ganchkor, duradgor, atlas toʻquvchilari bilan dunyoga mashhur boʻlgan.[6]

  1. „Перепись-1959“. 2012-yil 21-mayda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2013-yil 23-yanvar.
  2. „Перепись-1970“. 2013-yil 28-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2013-yil 23-yanvar.
  3. „Перепись-1979“. 2013-yil 21-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2013-yil 23-yanvar.
  4. „Перепись-1989“. 2012-yil 4-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2013-yil 23-yanvar.
  5. „Перепись-2019“. 2021-yil 12-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 15-mart.
  6. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil