Kontent qismiga oʻtish

Falsafa

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Falsafiydan yoʻnaltirildi)
Faylasuf Suqrot qozi hukmiga koʻra zahar ichish arafasida.

Falsafa (yunoncha φιλοσοφία – „donishlikni sevish“, yunoncha φιλέω – „sevaman“ va yunoncha σοφία – „donolik“) – eng umumiy fan (nazariya), dunyoqarash shakllaridan biri boʻlib inson faoliyati sohalaridan biri. U kishi qanday yashashi, hayot kechirishi kerak (etika); qaysi narsalar mavjud va ularning tabiati qanday (metafizika); bilim nima (epistemologiya); hamda qanday fikrlash toʻgʻri (mantiq) ekanligini hal qilishga urinadi.

Falsafa, filosofiya – insonning dunyoda tutgan oʻrni va dunyoqarashining yaxlit tizimini ifodalovchi maʼnaviy faoliyatining bir shakli. Milodiy II, III asrlarda oʻtgan yunon faylasufi Diogen Laertskiyning shohidlik berishicha, yunon mutafakkiri Pifagor birinchi boʻlib oʻzini „filosof“ deb atagan. Bu soʻz Geraklitning falsafiy taʼlimotida narsalarning tabiatini tadqiq etishga nisbatan qoʻllangan, tadqiqotchining oʻzi esa „filosof“ deb atalgan. Keyinchalik „filosof“ soʻzi har taraflama, keng, tushunarli va haqqoniy fikr yuritishga intiluvchi kishiga nisbatan qoʻllangan. Tarixiy maʼlumotlar yunoncha „philosophia“ soʻzi arabchaga „falsafa“ boʻlib oʻtganligi, arablar bu fanni „hikma“ deb atashi, ruschaga „filosofiya“ tarzida oʻtganligini tasdiqlaydi, demak falsafa bilan filosofiya soʻzlari bir xil maʼnoga ega.

Falsafaga haqiqatga eltuvchi taʼlimot sifatida yondashgan sokratchilar maktabi vakillari nuqtai nazaridan kurasak, „haqiqatga muhabbat“, „haqiqatni sevish“ degan maʼno kelib chiqadi. Falsafa haqida fan tarixida turlicha, hatto birbiriga qaramaqarshi qarashlar mavjud. Falsafaga hamma fanlarning boshlanishi, olamning asl mohiyatini va universal qonunlarini ochuvchi fan deb yondashishdan tortib uni oʻz tadqiqot obʼyekti va predmetiga ega boʻlmagan mavhum va oʻta umumlashgan, inson uchun foydasiz bilimlar majmui deb hisoblovchilar ham uchraydi. Insoniyat foydalanayotgan barcha bilimlar Falsafadan boshlanib, falsafiy xulosa bilan yakunlanadi. Falsafanini fan darajasiga olib chiqqan Platon uni „mavjudlikni, mangulikni va doimiylikni bilish“, Aristotel „narsalarning sabablari va asosiy tamoyillarini tadqiq etuvchi fan“ deb bilgan, stoiklar uni nazariy va amaliy tafeilotlarga intilish deb, epikurchilar unga „aql vositasida baxtga erishish yoʻli“ deb qaragan. Forobiy falsafani „hikmatni qadrlash“ yoki fikrlash sanʼati deb bilgan. Oʻrta asrlar xristian falsafasidasida u „tabiiy akl nuri vositasida erishiladigan dunyoviy donolik“ (teologiya esa ilohiylik nuri vositasida erishiladigan ilohiy donolik) deb taʼriflangan.

F. Bekon va R. Dekart F.ni „tushunchalar shakliga burkangan yaxlit, yagona fan“ deb hisoblashgan. X. Volf falsafani „barcha mumkin narsalar va ularning qay maʼnoda va nega mumkinligi haqidagi fan“ desa, Kant falsafaga „dunyoni qanday tushunish haqidagi, butun bilishning inson aqlining tub maqsadlariga munosabati haqidagi fan“ sifatida yondashishni taklif etadi. Fixte falsafaga „qalb maʼrifati, maʼnaviy maʼrifat“ deb baho bergan boʻlsa, Shelling voqelikning butun kulami va teranligini oʻz tajribasiga kura bilib olishni falsafa deb hisoblangan. Gegel predmetlarni fikran qarab chiqishni falsafa deb atab, unga „oʻzoʻziga ergashuvchi aql xaqidagi fan“ sifatida taʼrif bergan. Shopengauer dunyoning butun mohiyatini abstrakt, yalpi umumiy va ravon shakldagi tushunchalarda ifodalash falsafaning asosiy vazifasi deb bildi.

Falsafaning tarkibiy qismlariga bilish nazariyasi (gnoseologiya), metafizika (ontologiya, kosmologiya, falsafiy antropologiya, mavjudlik falsafasi, teologiya), mantiq, etika, estetika, huquq falsafasi, naturfalsafa, fan falsafasi, tarix va madaniyat falsafasi, siyosat falsafasi, din falsafasi, psixologiya va boshqa kiradi. Bulardan tashqari, hozirgi zamon falsafasida tibbiyot, tilshunoslik, musiqa, kibernetika va boshqa aniq, fanlarning umummetodologik jihatlarini oʻrganuvchi falsafa yoʻnalishlari vujudga kelmoqda. Falsafaning dunyoqarashlik, gnoseologik, metodologik, sotsiologik, aksiologik, antropologik, mantiqiy, psixologik va mafkuraviy funksiyasi bor.

Falsafa tarixi – inson tafakkuri tarakqiyoti tarixidir. Falsafa tarixiga oid adabiyotlarda insoniyat tarixida xitoy falsafasi, hind falsafasi, Yevropa falsafasi ajratib koʻrsatiladi. Yirik diniy taʼlimotlar sifatida hinduiylik falsafasi, xristianlik falsafasi, buddaviylik falsafasi, islom falsafasini koʻrsatish mumkin.

Ilk falsafiy taʼlimotlar qadimiy Hindiston, Xitoy, Markaziy Osiyo va Yunonistonda paydo boʻlgan, keyin Gʻarb mamlakatlariga yoyilgan. Qadimiy Hindistondagi falsafiy maktablar 2 turga boʻlinib, biri vedalaraxm kelib chiqqan va ularga suyanuvchi maktablar (vedanta, yoga, vaysheshika, nyaya, sankxya), ikkinchisi vedalarni rad etuvchi maktablar (jaynizm, buddizm, lokoyata) hisoblanadi. Qadimiy Xitoydagi dastlabki falsafiy taʼlimotlar miloddan avvalgi VII asrda vujudga kelgan. U qadimiy Xitoy yozma manbalarida uchrab, bu manbalarga „Qoʻshiqlar kitobi“, „Bahor va kuz“ kabi qadimiy yodgorliklar va Konfutsiynnng „Aforizm“larini, daosizmni kiritish mumkin.

Markaziy Osiyodagi falsafiy qarashlar qadimiy turkiy yozuvlar, tangriga eʼtiqod qilish tamoyillarida va zardushtiylikning muqaddas kitobi Avestoda oʻz ifodasini topgan. Bundan tashqari, Sharq xalqlarining tabiatning asosiy unsurlari yer, suv, havo va olovni eʼzozlash haqidagi naturfalsafiy qarashlari va gʻoyalari Yaqin va Oʻrta Sharq mamlakatlariga keng yoyilib qadimiy Misr, Bobil, Lidiya mamlakatlari xalqlarining tafakkur tarziga singib ketgan. Yunonistonning ilk falsafiy maktabi – Milet maktabi ham oʻz gʻoyalarini Sharqdan olganligi tadqiqotchilarga maʼlum. Miloddan avvalgi II, I asrlarda Marv, Balx, Termiz, Sigʻnoq, Samarkand, Buxoro zaminini oʻziga qamrab olgan hududda kushonlar saltanati qaror topib, unda budda dini xukm suradi, uning falsafasi bu joyda yashovchi xalqning tafakkur tarziga oʻz taʼsirini oʻtkazadi. Ammo Avesto gʻoyalari xalq ongidan butunlay chiqib ketmaydi. Milodiy III asrga kelib tenglik gʻoyalarini ilgari suruvchi moniylik taʼlimoti paydo boʻldi. Bu taʼlimot mazdakiylar harakatining maʼnaviy tayanchi boʻlgan.

Yunonistondagi falsafiy maktablar, asosan, miloddan avvalgi VI, V asrlardan vujudga kela boshladi va uning taraqqiyot bosqichlari klassik ellinizm va rimellinizm davrlariga boʻlinadi. Ellinistik falsafa davri sokratgacha davr (Milet maktabi, Eleya maktabi) va klassik (attik) falsafani (Sokrat, Platon, Aristotel) oʻz ichiga oladi. Sokratgacha davr falsafasi kosmologik (gilozoistik) falsafa va antropologik davrlarni oʻziga qamrab oladi. Dastlabki kosmologik falsafiy taʼlimot Falesga tegishli. U Anaksimandr, Anaksimen, Ferekid, Diogen bilan birgalikda Ioniya naturfalsafa maktabiga mansub. Ulardan soʻng borliq haqidagi taʼlimot bilan Ksenofan, Parmenid, Zenon (Eleyalik), Meliss shugʻullanganlar. Ular bilan birga Pifagor maktabi (Pifagor, Fillolay, Alkmeon, Arxit; miloddan avvalgi VI, IV-asrlar) faoliyat koʻrsatgan. Bu davrda antropologik sofistika maktabi vakillari Protagor, Gorgiy, Gippiy, Prodik ijod qilishgan. Miloddan avvalgi III, II asrlarda stoiklar (Zenon Kitionlik), epikurchilar (Epikur, Lukretsiy), neoplatonchilar (Plotin) yunon falsafasiga oʻz hissalarini qoʻshishgan. Ayniqsa, Sokrat, Platon, Aristotel falasafasi yunon falsafasining shuhratini oshiradi. Yunon falsafasidagi asosiy qarashlar Aleksandr Makedonskiy (Iskandar Makduniy)ning Sharqqa istilochilik yurishlari davrida Markaziy Osiyoga ham kirib keldi.

Islom dini yoyilgan mamlakatlardagi falsafiy taʼlimotlar quyidagicha oʻrganiladi: ilk islom falsafasi (VI, VIII asrlar), sharqiy islom falsafasi (Movarounnahr va Xurosondagi falsafiy taʼlimotlar), gʻarbiy islom falsafasi (Shimoliy Afrika va Ispaniyadagi falsafiy taʼlimotlar).

Ilk islom falsafasi davri yunon falsafasining arab va suryoniy tillariga tarjima etilishi, bu tarjimalarda yahudiylik va xristianlik aqidalarining ustuvorlik qilishi bilan ajralib turadi. Bu davrda islomdagi jabariylar bilan qadariylar, moʻʼtaziliylar bilan mutakallimlar oʻrtasida falsafiy qaramaqarshiliklar boʻlgan. Sharqiy islom falsafasida dunyoviy va islomiy gʻoyalarning, turli xalq va sivilizatsiyalarning tafakkur tarzi sintezlashgan. Shuningdek, tabiatshunoslik ilmlaridagi yirik kashfiyotlarni (mas, kimyo ilmining vujudga kelishi) falsafiy asoslash, hisoblash madaniyatining tubdan uzgarishi (Xorazmiy sistemasi) bilan bogʻliq belgilar kuzga tashlanadi. Sharqiy islom falsafasi (Muso Xorazmiy, Fargʻoniy, Kindiy, Abu Bakr Roziy, Abu Mansur Moturidiy, Ashʼariy, Forobiy, Beruniy, Ibn Sino, Nosir Xisrav, Yusuf Xos Xojib, Umar Xayyom, Gʻazoliy, Zamaxshariy, Ahmad Yassaviy, Najmiddin Kubro, Faxriddin Roziy, Bahouddin Nakshband, Ibn Xaldun va boshqalar) va gʻarbiy islom falsafasi (Ibn Tufayl, Ibn Boja, Ibn Rushd) faylasuflarining musulmon olimlari tomonidan qayta ishlangan, tarjima qilingan asarlarining Yevropaga qayta takdim etilishi bu yerda Uygʻonish davrining boshlanishiga taʼsir koʻrsatgan. Falsafaning keyingi ravnaq topishi Markaziy Osiyoda temuriylar davri bilan boshlanadi. Amir Temur falsafiy gʻoyalarning mamlakat istiqboliga xizmat qilishini bilgan holda ilm-fan ravnaqiga rahnamolik qildi. Bu davrda Markaziy Osiyoda tasavvuf falsafasi, tabiatshunoslik falsafasi, mantiq falsafasi va axloqiy taʼlimotlar rivojlandi (Rudakiy, Firdavsiy, Nizomiy, Saʼdiy, Jaloliddin Rumiy, Taftazoniy, Jurjoniy, Ulugʻbek, Xoja Ahror, Fuzuliy, Nasimiy, Jomiy, Navoiy, Muhammad Qozi, Maxdumi Aʼzam, Bobur, Mashrab, Bedil va boshqalar). Shuni qayd etish lozimki, islom falsafasi oʻzidan ilgari oʻtgan barcha dinlar bilan bogʻliq ilmiy anʼanalarni qabul qilgan. Islom falsafasi rivojiga iudaizm, xristianlik, buddizm va boshqa diniy taʼlimotlar taʼsir koʻrsatgan.

Yevropa falsafasi esa oʻzidan oldingi barcha falsafiy fikrni ilmiy bilimlarni jamiyat taraqqiyotiga xizmat qildirish bilan bogʻlagan. Toʻgʻri, Yevropadagi diniysxolastik falsafiy gʻoyalar jamiyat taraqqiyotiga salbiy taʼsir qildi. Lekin, arab olimlarining tarjimalari tufayli antik davr fani va falsafasi, qadriyatlarini qoʻlga kiritgan yevropalik olimlar jamiyatni bamisoli qayta uygʻotishdi. Yevropa falsafasi sxolastik davri, uygʻonish davri, yangi davr va nemis klassik falsafasi davrlariga boʻlinadi. Sxolastika davri sxolastika ravnaqi (Buyuk Albert, Foma Akvinskiy, R. Bekon) va sxolastika inqirozi (Dune Skot, tomizm, U. Okkam) davrlariga boʻlinadi. Uygʻonish davrida italyan gumanizmi, reformatsiya, tabiatshunoslik falsafasi, ijtimoiy xayoliy nazariyalar ilgari surilgan. Yangi davrda F. Bekon, R.Dekart, T.Gobbs, J.Lokk, Spinoza, Leybnits, X.Volf, J.Berkli, D.Yum, GT.Beyl, Sh. Monteskye, Volter, Russo, D.Didro, D’Alamber, J.Lametri, P.Golbax va boshqa faylasuflar ijod qilishgan. Nemis klassik F.si Gerder, Kant, Fixte, Shelling, Gegel, Feyerbax nomlari bilan bogʻlangan.

Falsafa tarixidagi falsafiy maktab va oqimlar oʻzlari ilgari surayotgan falsafiy gʻoyaning mazmuniga qarab quyidagi yoʻnalishlarga boʻlinadi: empirizm va ratsionalizm, nominalizm va realizm, materializm va idealizm, skeptitsizm va antiskeptitsizm, agnostitsizm va antiagnostitsizm, dogmatizm va relyativizm kabilar.

XIX, XX asrlardagi falsafiy oqimlar: Shopengauer falsafasi, O.Kont pozitivizmi, marksizm, empiriokrititsizm, neokantchilik, F. Nitsshening hayot falsafasi, pragmatizm, neopozitivizm, postpozitivizm, neotomizm, freydizm, ekzistensializm, germenevtika, strukturalizm, relyativizm, konstruktiv empirizm, fenomenalizm va boshqa XXI-asrga kelib har bir mintaqa, davlat va millatning tafakkur tarzini oʻzida ifoda etuvchi falsafiy maktab va oqimlarning shakllanishidan tashqari jahondagi ijtimoiy jarayonlarning keskin va jadal oʻzgarib borishi, global miqyosga koʻtarilishi umumjahon miqyosidagi falsafiy muammolarni hal etish zaruriyatini tugʻdirmoqda. Bunday muammolar sirasiga ijtimoiy taraqqiyotning globallashuvi, tinchlik va urush muammosi, ekologik, energetik muammolar, xom ashyo, oziq-ovqat va chuchuk suv muammolari, demografiya, sogʻliqni saqlash, axborotlar muammosi, maʼrifat va maʼnaviyat tanqisligi muammosi va boshqa kiradi. Bu muammolarni yechish yoʻllarini koʻrsatish va tahlil etish XXI asr falsafasining dolzarb vazifasidir. Oʻzbekiston falsafasi Sharq falsafasining tarkibiy qismi, oʻzbek xalqining oʻziga xos boʻlgan tafakkur tarzining namoyon boʻlishidir. Uning tarixiy ildizlariga qadimiy Turon va Turkistondagi xalq ogʻzaki ijodiga oid hikmatlar, dostonlar, maqol va rivoyatlar, mutafakkirlarning falsafiy asarlari, Avestodagi ezgulik gʻoyalari, tariximizda oʻtgan moniylik, mazdakiylik, buddaviylik, yahudiylik, xristianlik dinlaridan kirib kelgan hikmatlar, islom falsafasi, islomning muqaddas kitoblari, tasavvuf falsafasi, moturidiylik taʼlimoti, sunniylik oqimi, kubroviylik, yassaviylik, naqshbandiya tamoyillari, vatanparvarlik goyalari, maʼnaviy-axloqiy qadriyatlar kiradi. Bu falsafa jahon falsafiy merosi durdonalaridan oziq oladi. Oʻzbekiston falsafasi oʻzbek xalqining tafakkur tarzi sifatida XX asrda shakllandi. Unda Oʻzbekistonda yashovchi turli millat va elat vakillari ishtirok etishgan. Uning namoyandalari Behbudiy, Fitrat, Abdulla Avloniy, Munavvarqori, Choʻlpon, Abdulla Qodiriy, Is'hoqxon Ibrat, Soʻfizoda va boshqa Sharq falsafasi anʼanalarini, milliy-maʼnaviy, axloqiy-maʼrifiy qadriyatlarni shoʻrolar davrida ham saqlab qolish va rivojlantirishga intilishdi, lekin bu intilishlar ularning kommunistik tuzum qurboniga aylanishiga sabab boʻldi. Sovet tuzumini yoklagan ilm sohiblarigina qatagʻonlardan omon qolishdi. S.Ayniy va V.Toʻgʻonlarning falsafa tarixiga oid bir qancha maqolalari bosilib chiqdi. Sovet davrida falsafa fani chuqur mafkuraviy inqirozga uchragan, kommunistik tuzumning xizmatkoriga aylantirilgan edi. Yozuvning arabcha grafikadan lotin grafikasiga, undan kirillcha grafikaga oʻtkazilishi milliy fan va falsafa taraqqiyotiga salbiy taʼsir koʻrsatdi. Naim Sayd, K. Yerzin, Hakim Neʼmat, R. Xolmurodov (Mallin) singari olimlar falsafa sohasida faoliyat koʻrsatdilar. Ikkinchi jahon urushi davrida Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi tashkil etilishi ijtimoiy fanlar, xususan, falsafa fani taraqqiyotiga turtki berdi. Bu davrda S. Valiyev, J. M. Boboyev, H.Gʻ.Rasulov, AL.Ayupov, S.Azimov, I.Moʻminov, V. Zohidovlar falsafa faniga sezilarli hissa qoʻshishdi. Oʻzbekistonda falsafa tarixi (V.Zohidov, M. M. Xayrullayev, M. Baratov, h. F.Vohidov, A.Sharipov), tabiatshunoslik falsafasi va bilish nazariyasi (O.Fayzullayev, B.Ismoilov, J.Tulenov, K.Ivanova, M.Abdullayeva), mantiq (M.Xayrullayev, K.Haqberdiyev, M. X. Nurmatov, L.Ye. Garber), madaniyat falsafasi (K. Sodshov, S.Shermuhamedov, N.Gʻoyibov), din (S.Azimov, A. Ortitov, M. A. Usmonov, J.Bozorboyev), axloq (Y. Jumaboyev, XAliqulov, X.Shayxova), ijtimoiy falsafa va siyosatshunoslik (E.Yusupov, R.Abdushukurov, K.Valiyev, H. Pulatov, S.Tursunmuhamedov, Q.Xonazarov) yoʻnalishlari boʻyicha tadqiqotlar olib borildi.

Oʻzbekiston mustaqillikka erishgach, falsafa fani oldida uni kommunistik mafkura asoratlaridan tozalash, jamiyat taraqqiyotining qonuniyatlarini falsafiy tahlil etish, milliy istiklol gʻoyasining ilmiynazariy asoslarini ishlab chiqish, respublikada shakllanayotgan huquqiy, demokratik davlat va fuqarolik jamiyatining rivojlanish xususiyatlarini ochib berish kabi vazifalar paydo boʻldi. Oʻzbekiston Prezidenti I. A. Karimov 1998-yilda „Tafakkur“ jurnali bosh muharririning savollariga bergan javobda yangi jamiyatni bunyod qilishda milliy mafkura va u tayanadigan milliy falsafaning roliga katta baho berar ekan, gʻoyaga qarshi faqat gʻoya, fikrga qarshi faqat fikr, jaholatga qarshi faqat maʼrifat bilan bahsga kirishish kerakligini taʼkidladi.

Hozirgi davrda respublika faylasuflari oldida ijtimoiy voqelikning qonuniyatlarini tadqiq etish, mamlakatning istiqboli uchun xizmat qiluvchi gʻoyaviy zaminni yaratishdek muhim vazifalar turibdi.

Oʻzbekistonda falsafa boʻyicha i.t.lar oliy oʻquv yurtlari falsafa kafedralarida, Falsafa va huquq institutida olib boriladi. Oʻzbekiston milliy universitetida falsafa fakulteta mavjud. Respublikada Oʻzbekiston faylasuflari milliy jamiyati faoliyat koʻrsatmoqda. Falsafaga oid i.t.lar „Oʻzbekistonda ijtimoiy fanlar“ (Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi nashri), „Falsafa va huquq“ (Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi falsafa va huquq instituti, Oʻzbekiston faylasuflari milliy jamiyatining nashri), „Tafakkur“ jurnallarida chop etiladi.

  • Forobiy, Fozil odamlar shahri, T., 1993; Moʻminov I. M. Oʻzbekistondagi tabiiyilmiy va ijtimoiyfalsafiy tafakkurtarixidan lavhalar, T., 1998; Klassicheskaya nauka Sredney Azii i sovremennaya mirovaya sivilizatsii, T., 2000; Diogen Laerte kiy, O jizni, ucheniyax i izrecheniyax znamenitix filosofov, M., 1979.

Falsafaning qarama-qarshiliklarga sabab boʻlmagan yagona qatʼiy taʼrifi mavjud emas va u asrlar osha oʻzgarib, falsafa doirasida turli savollar koʻrilgan boʻlsa-da, mutaxassislar uning taʼkid va nazariyalar toʻplami emas, balki uslub ekanligini qabul etishadi. Falsafiy tadqiqotlar ratsional fikrlashga asoslangan bolib, tekshirilmagan farazlar va ishonchlarga oʻrin qoldirmaslikka intiladi. Turli faylasuflar ong tabiati haqida turlicha fikrlar bildirishgan, bu esa falsafaning oʻzi nima ekanligi haqidagi bahslarga sabab boʻlgan. Baʼzilarga koʻra, falsafa savol-javob jarayonini tekshiradi. Boshqalar esa falsafa muayyan falsafiy taʼkidlarni isbotlashi kerak, deb hisoblashadi.[1]

„Falsafa“, aniqrogʻi „filosofiya“ soʻzi Gʻarbda paydo boʻlgan boʻlsa-da, falsafiy muammolar boshqa madaniyatlarda ham koʻrilgan.[2] Uzoq Sharq faylasuflari Sharq falsafasiga oid boʻlishsa, Shimoliy Afrika hamda Yaqin Sharq falsafasi, Yevropa bilan uzviy aloqada boʻlishgani tufayli, Gʻarb falsafasiga doir, deb bilinadi.

Gʻarb falsafasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

"Falsafa ishi aytishga ham arzigulik boʻlmagan biror sodda narsadan boshlab, hech kimning aqli bovar qilmaydigan paradoks bilan tugatishdir."

Bertrand Russell,(Mantiqiy atomizm falsafasi, II leksiya)

Falsafa sohalarining toʻliq roʻyxatini keltirish mushkuldir, zero turli davrlarda faylasuflar har xil mavzularni oʻrganishgan. Falsafaga odatda etika, metafizika, epistemologiya va mantiqni kiritish mumkin. Boshqa katta sohalarga siyosat, estetika hamda din misol boʻla oladi. Bundan tashqari, aksar akademik fanlar oʻz falsafalariga ega, masalan fan falsafasi, matematika falsafasi va tarix falsafasi.

Metafizikailk borArastu tomonidan sistematik oʻrganila boshlangan. U bu atamani ishlatmagan; atama Arastuning fizikaga bagʻishlangan kitobidan keyin yozilgani va u kitob „metafizika“(„fizikadan keyin“)deb nomlanganligi tufayli paydo boʻlgan. Arastuning oʻzi ushbu fanni „birinchi falsafa“ (yoki baʼzida shunchaki „donolik“), deb ataydi va bu fan „narsalarning birinchi sabablari va prinsiplari“ bilan shugʻullanishini yozadi. Atamaning zamonaviy maʼnosi mavjudlik tabiatini oʻrganuvchi tadqiqotdir. Metafizikaning asosiy ostsohasi— ontologiya—mavjudlik oʻzi nima, degan muammoni hal qilishga urinadi, mavjud narsalarni tiplarga ajratadi (baʼzan ontologiyani metafizikaning oʻzi bilan adashtirishadi). Metafizikaning yana bir qismi ong falsafasidir.

Epistemologiya bilim tabiatini oʻrganadi va bilish ilmi, savoli bilan shugʻullanadi. Uning markaziy muammolaridan biri skeptitsizmning „bizning barcha ishonch va fikrlarimiz illuziyaviy yoki notoʻgʻri boʻlishi mumkin“, degan daʼvosi bilan bogʻliqdir.

Etika, yoxud „axloq falsafasi“, agentlar qanday amallar qilishi shartligi muammosi bilan mashgʻul boʻladi. Aflotunning ilk dialoglarida shaʼn nima ekanligi haqida gap ketadi. Metaetika etik qiymatlar obyektiv boʻla oladimi, degan savolni tadqiq etadi. Etika muammolari diniy falsafada ham koʻriladi.

Mantiq ikki katta ostsohaga ega:biri— matematik mantiq(formal simvolik mantiq), boshqasi esa falsafiy mantiqdir (til mantigʻi).

Gʻarb falsafasi koʻpincha uch davrga boʻlib, oʻrganiladi: Qadimgi falsafa, Oʻrta Asrlar falsafasi va Zamonaviy falsafa.

Yunon-Rim falsafasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qadimgi Yunon falsafasi Suqrotgacha, Suqrot davri va Arastudan soʻnggi davrlarga boʻlinishi mumkin. Suqrotgacha davr metafizik fikrlar, ayniqsa oʻta keng („Barcha narsa olovdir“ yoki „Barcha narsa oʻzgaruvchandir“ kabi) iddaolar bilan xarakterlanadi. Bu davrga oid muhim faylasuflar qatoriga Fisogʻurs, Fales, Anaksimandr, Anaksimen, Demokrit, Parmenid, Geraklit va Empedokl kiradi. Suqrot davri (Gʻarb falsafasining eng muhim faylasuflaridan biri Suqrot sharafiga shunday nomlangan) Aflotun va uning ustozi Suqrot tomonidan taʼrif, tahlil va sintez tushunchalarini oʻrnatgan Suqrot uslubi yaratilishi va bu uslub falsafada inqilobiy oʻzgarishlarga sabab boʻlishi bilan farqlanadi. Suqrotning biror qoʻlyozmasi saqlanib qolmagan, biroq uning fikrlari Aflotun ishlarida oʻz aksini topgan. Aflotun asarlari fundamental falsafaning asosiy matnlaridandir. Aflotun koʻtarib chiqqan masalalar uning maktabdoshi, Arastu bilan tortishuvlarga sabab boʻlgan. Arastudan keyingi davrga Yevklid, Epikur, Krisipp, Gipparx, Pirr va boshqa faylasuflar ishlari kiritilishi mumkin.

Bu davrlarga oid faylasuflarning baʼzi fikrlari hozirgi zamon ilmiy qarashlariga mos kelmasa-da (masalan, harakatning mavhum ekanligi, iddaosi), ular ishlatgan fundamental falsafiy va mantiqiy uslublar hozir ham qoʻllanadi.

Oʻrta Asrlar falsafasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Avliyo Thomas Aquinas

"Doʻstlik eng katta lazzatlar manbaidir va doʻstlarsiz eng qiziqarli izlanishlar ham zerikarli boʻlib qoladi."

Thomas Aquinas

Oʻrta Asrlar falsafasi Gʻarbiy Yevropa va Yaqin Sharqdagi hozir Oʻrta Asrlar, deb ataluvchi va Rim imperiyasi tugatilishidan to Renessansgacha boʻlgan davrga oid falsafadir. Oʻrta Asrlar falsafasi qisman antik Yunon-Rim madaniyatini qayta kashf qilish va teologik muammolar bilan shugʻullangan.

Ushbu davrga oid baʼzi muammolar eʼtiqod va ong munosabatlari, xudoning mavjudligi va birligi kabi masalalardan iboratdir.

Erta zamonaviy falsafa (1600 – 1800-yillar atrofi)

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Zamonaviy falsafa skeptitsizm paydo boʻlishi va zamonaviy fizika tugʻilishi bilan boshlangan, deb hisoblanadi. Ushbu davrga oid muhim kishilar Montaigne, Descartes, Locke, Spinoza, Leibniz, Berkeley, Hume va Kant'dir.[3] Bu davr 17-18-asrlarga toʻgʻri kelib, Kantʼning metafizik mavzularni Newton mexanikasi bilan bogʻlashga davomli urinishlari bilan yakun topgan, deb hisoblanadi.[4]

Keyingi zamonaviy falsafa (1800 – 1960-yillar atrofi)

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Keyingi zamonaviy falsafa 19-asr boshida Immanuel Kant falsafasidan soʻng boshlangan, deb qabul qilinadi..[5] Hegel va boshqa olmon idealistlari Kant gʻoyalarini kengaytirib, olam butkul ratsionaldir va uning tabiatini toʻla bilish ilojlidir, fikrini ilgari surishdi.[6]

Idealizmni rad etgan boshqa faylasuflar keyinchalik, 20-asr akademik falsafasini egallagan qarashlar tizimiga asos solishdi, jumladan:

Hozirgi zamon falsafasi (1960 – bugun)

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Soʻnggi yuz yil ichida falsafa zamonaviy tadqiqotlar orasida faollashib, tabiiy fanlardan koʻproq farqlana boshladi. Ushbu davrga oid aksar falsafiy fikrlar tabiiy fanlar nazariyalari va insoniyat gʻoyalari, sogʻlom fikrlash orasidagi munosabatlarni izohlaydi.

Keyingi zamonaviy falsafa hozirgi zamon falsafa koʻtarilishi bilan tugadi, degan gap bahslidir. Zero, bugungi kunda ham 19-asr falsafasi shugʻullangan baʼzi muammolar hozirgi zamon falsafasida dolzarbligini yoʻqotmagan.

Falsafiy doktrinalar

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Realizm va nominalizm

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Realizm atamasi bilan baʼzan 18-asr idealizmiga zid boʻlgan qarashga aytiladi. Realizmga koʻra, narsalar ongdan tashqarida ham mavjuddir. Bu iddaoga nominalizm eʼtiroz bildiradi va mavhum yoki universal atamalar tayinli ruhiy holatni, fikr, ishonchni bildiradi, xolos, deydi. Nominalistik qarashlarga ega mashhur faylasuflarga William Ockham misol boʻla oladi.

Ratsionalizm va empiritsizm

[tahrir | manbasini tahrirlash]
René Descartes

Ratsionalizm odam ongining muhim ekanligini yoki ahamiyatini urgʻulovchi har qanday qarashdir. Ekstremal ratsionalizm butun bilimni yolgʻiz ongga asoslashga intiladi. Ratsionalizm daʼvolari odatda rad etilmaydigan taʼkidlardan boshlanib, har qanday bilim obyektining faqatgina ong orqali tanilishi iddaosiga mantiqiy olib borishga urinadi.

Ilk ratsionalist oʻlaroq Parmenidni (mil. avv. 480) koʻrish mumkin; u fikrlash haqiqatdan ham roʻy berishiga shubha qilish mumkin emasligini aytadi. Lekin fikrlash obyektsiz boʻla olmaydi, demak fikrlashdan tashqarida darhaqiqat biror narsa mavjud. Parmenid mavjud boʻlgan narsa muayyan sifatlarga ega boʻlishi kerak, degan xulosaga keladi; hali paydo boʻlmagan yoki yoʻqolib bitgan narsa ham vaqtdan tashqarida mavjud boʻla oladi, deydi. Zeno Elea (mil. avv. 489 tugʻ.) Parmenid shogirdi edi va u harakat ilojsiz ekanligi haqidagi tezisga uning mavjudligi haqidagi fikrning oʻzi mavjud ekanligi, demak harakat ilojlidir, degan qarshi taʼkid keltirgan.

Aflotun (mil. avv. 427-347) ham Parmenid ishlaridan taʼsirlangan, biroq u ratsionalizmni realizm bilan bogʻlagan. Aflotun mavjud narsalarning sifati universal (olamshumul) dir, deydi. Masalan, bir odam, bir uchburchak, bir daraxt sifatlari barcha odamlar, barcha uchburchaklar, barcha daraxtlar uchun ham oʻrinlidir. Aflotun sifatlar ongdan tashqari shakllar emas, deb fikrlaydi, oʻylash jarayonida yolgʻiz ongga ishonib, hissiyotlarga chalgʻish kerak emasligini uqtiradi.

Zamonaviy ratsionalizm Descartes ishlaridan boshlangan. Hissiy kechinmalar tabiati va fiziologiya hamda optikadagi ilmiy kashfiyotlar Descartes (shuningdek, Locke) ni biz obyektlardan emas, ular haqidagi fikrlardan boxabar ekanligimiz, haqidagi gʻoyaga olib keldi. Bu qarash quyidagi savollarni tugʻdirdi:

  1. Fikr u tasnif etayotgan real narsaning haqiqiy nusxasimi? Hissiyot obyekt va bizning tanamiz orasidagi toʻgʻridantoʻgʻri aloqa emas, balki uni tasniflovchi fiziologik jarayondir (masalan, koʻz pardasidagi tasvir). Locke rang kabi ikkilamchi sifatlar hissiyotning obyekt haqidagi haqiqiy tasnifga aloqador emas, faqatgina birlamchi sifatlar (shakl, hajm kabi) haqiqiydir, deydi.
  2. Stul-stol kabi fizik obyektlar, yoki hatto ularni tasnif etayotgan miya jarayonlari bunday jismlarning ruhiy tasnifiga aylanadi? Bu savol xayol-tana muammosi sifatida mashhurdir.
  3. Agar hammamiz biror fikrdan boxabar boʻlsak, bu fikrni tugʻdirgan narsaning darhaqiqat mavjud ekanligini qanday qilib bilish mumkin?

Descartes soʻnggi muammoni ong orqali hal qilishga urindi. U Parmenidning „Fikrlayapman, demak mavjudman“ (lot. Cogito ergo sum) tezisini rad etib boʻlmaydi, degan fikrga keldi. Bu tezisdan Descartes butun bilim tizimini qurishda foydalanish kerakligini uqtiradi (bunday tizimda, masalan xudo mavjudligi bahsida ontologik argumentdan foydalanish mumkin). Uning ongning yolgʻiz oʻzi voqeʼlikni oʻrgana olishi mumkinligi, gʻoyasi zamonaviy ratsionalistlarga taʼsir koʻrsatdi (masalan, Baruch Spinoza, Gottfried Leibniz va Christian Wolff); biroq empiritsist faylasuflar bu gʻoyani tanqid qilishdi.

Empiritsizm, ratsionalizmdan farqli oʻlaroq, olamni tanishda ongning ahamiyatini kamligini, bilimni asosan hissiyotlardan olish mumkinligini taʼkidlashadi. John Locke oʻzining An Essay Concerning Human Understanding (Odam Tushunishi Haqida Esse, 1689) asarida klassik empiritsistik qarashlarini yoritadi hamda naturalizm va empiritsizmni qatʼiy ilmiy (oʻsha paytda Newtonʼiy) prinsiplar asosida qurish kerakligini uqtiradi.

Bu davrda diniy gʻoyalar dunyoviy falsafaga kirishga intildi. Yepiskop Berkeley'ning Isaac Newton gʻoyalarining asosiy prinsiplarini rad etuvchi idealizmi bunga misol boʻlishi mumkin. Diniy mutafakkirlar qatoriga shuningdek Blaise Pascal, Joseph Butler va Jonathan Edwards kabi faylasuflarni misol qilib keltirish mumkin. Qolgan faylasuflar, masalan Jean-Jacques Rousseau va Edmund Burke, boshqacha yoʻldan borishni afzal bilishdi. Ushbu davrning farqli falsafiy qarashlari 20-asr falsafasining turli sohalarga boʻlinishi va akademik fanlar kabi qatʼiylashishiga turtki boʻldi.

Skeptitsizm har qanday bilim ilojli ekanligini savol ostiga qoʻyuvchi falsafiy qarashdir. U ilk bor Pirron tomonidan oʻrtaga qoʻyilgan; Pirron shamoyildan boshqa hamma narsa shubha ostidadir, deb fikrlagan. Sextus Empiricus (I asr) skeptitsizmni „qanday qilib boʻlsa-da, shakl va qarorlarga qarshi chiqib, […] ruhiy xotirjamlikka ega boʻlishdir“,[7] deb taʼriflagan. Yaʼni skeptitsizm quruq shubhalanish emas, balki shubhalanish orqali xotirjamlikkar erishishdir, deb koʻrilgan. Skeptitsizm oʻzini dogmatizmga qarshi, deb biladi.[8]

Sextus biror axborotning ishonchliligi savol tugʻdiradi, chunki bu uni qabul qiluvchiga bogʻliqdir, deydi. Biror narsaning koʻrinishi turli vaziyatlarda turlichadir: masalan, echki shoxining boʻlagi oq boʻlib koʻrinsa, butun shox qora boʻlishi mumkin. Qalam yonidan qaralganda choʻp, deb qabul qilinadi; biroq unga bir uchidan qaralsa, u doira boʻlib koʻrinadi.

Skeptitsizm keyinchalik Michel de Montaigne va Blaise Pascal zamonasida qayta tugʻildi. Ayniqsa David Hume ishlarida skeptiklik yaqqol seziladi. Hume fikrlashning faqat ikki: ehtimoliy va namoyishli turlari borligini taʼkidlaydi (qarang, Hume sanchqisi). Bulardan birontasi ham bizni tashqi olamning haqiqatdan mavjudligini uzil-kesil isbotlay olmaydi. Namoyishli fikrlash namoyishning (yaʼni, aniq tezislardan deduktiv xulosa chiqarishning) yakka oʻzi tabiat uniformalligini (masalan, fan koʻrsatgan tabiat qonunlari uning barcha qismlari uchun taalluqli ekanligini) isbotlay olmasligi tufayli olam ongimizdan tashqarida mavjud ekanligi shubhalidir. Bunday ong yolgʻiz oʻzi kelajak va oʻtmish orasidagi aloqani topa olmaydi. Biz olam haqidagi qandaydir ishonchlarga ega boʻlishimiz mumkin (masalan, ertaga quyosh chiqib, tong otishiga ishonch), lekin bu ishonchlar odat va anʼanalar natijasidir va albatta shunday boʻlishiga qatʼiy mantiqiy isbotga bogʻliq emas. Umumiydan xusuiyga keltiruvchi ehtimoliy (induktiv) fikrlash ham yordam bermaydi: u ham tabiat uniformalligiga bogʻliqdir, bu uniformallik esa isbotsizdir. Ikkala fikrlash turining eng yaxshi natijasi nisbiy haqiqat boʻlishi mumkin: agar tayinli taʼkidlar rost boʻlsa, u holda tayinli xulosalar kelib chiqadi. shuning uchun olam haqida hech qanday bilim uzil-kesil qabul qilina olmaydi. Hume skeptik argumentga uni nazarga ilmaslikdan boshqa yechim yoʻqligini aytadi.[9]

Agar hatto shu muammolar har bir hol uchun hal qilinsa-da, biz bu yechimni isbotlash muammosiga duch kelamiz va shunday qilib cheksiz regressga duch kelamiz (regress skeptitsizm atamasi shunga bogʻliq).[10][11]

Koʻp faylasuflar shunday skeptik argumentlar ahamiyati ustida bahslar olib borishgan. Tashqi olam haqida bilim olamizmi, yoʻqmi, bu bizning bilimni qanday belgilashimiz, qay darajada aniqlik istashimizga bogʻliqdir. Agar biz mutlaq aniqlik istasak, ruhiy kechinmalardan tashqariga chiqa olmay qolamiz. Bunda biz hatto „Men“ tushunchasining kogerent yoki davomiyligini ham hal qila olmaymiz, tashqi olam haqidagi axborotlarga esa butkul ishonmay qoʻyamiz. Biroq, boshqa tomondan, agar biz oʻrnatgan aniqlik darajasi juda past boʻlsa, u holda turli illuziya va fokuslarga aldanib qolishimiz mumkin. Skeptitsizmga qarshi bunday argument faylasuf solipsizmdan tashqari chiqishi kerakligini, bilimning aniqlik darajasi baland boʻlishi, lekin mutlaq aniq boʻlmasligi mumkinligini bildiradi.

Immanuel Kant

Idealizm fikrlovchi mavjudot ongidan tashqaridagi voqeʼlikni bilish ilojsiz ekanligini taʼkidlovchi epistemologik doktrinadir. Uning alternativ, qatʼiyroq metafizik shakli ongdan tashqarida hech nima yoʻqdir, deydi. Zamonaviy gʻarbiy falsafada epistemologik doktrina Descartes’ning asosiy gʻoyalaridan boshlangan – u ongimizdagi axborotga hissiyotlardan olingan axborotdan koʻra koʻproq ishonsa boʻladi, deydi. Metafizik idealizm esa George Berkeley ishlarida ilk bor koʻriladi. Berkeley ogʻriq kabi hislar va „tashqi“ narsalar haqidagi fikrlar orasida katta farq yoʻqligini aytadi. Masalan, olovga xos tayinli issiqlik va yorugʻlik sezishimiz bizni tashqarida olov borligiga ishontiradi va bu hislarning oʻzi „olov“dir, deb xulosa chiqarish mumkin. Berkeley buni lotin tilida esse est percipi: mavjudlik hissiyotdir, deb ifodalaydi. Bu nuqtai nazardan uylar, togʻlar va daryolar insondan „ustun, katta“ emas, balki bor-yoʻgʻi bizning ongga bogʻliq nimarsalar boʻlib qoladi.

Idealizm shakllari XVIII asrdan to XX asr boshlarigacha falsafada muhim boʻlib keldi. Immanuel Kant'ning transsendental idealizmiga koʻra tushunish mumkin boʻlgan narsalar doirasi cheklangandir, zero koʻp narsani obyektiv baholab boʻlmaydi. Kant oʻzining Sof Ong Tanqidi (Critique of Pure Reason) (1781-1787) asarida ratsionalizm va empirizmni bogʻlashga urinadi, metafizikani oʻrganishda yangi uslublar kiritadi. Kant shu ishi bilan biz bilgan biror narsani bilganligimiz uchun rost, deb qabul qilishimiz bilish yoʻlidir, deydi. Koʻrsatilgan katta mavzulardan biri tabiatning bizning cheklangan bilimimizga bevosita kira olmaydigan xususiyatlari bor ekanlgiga bagʻilshangan.[12] Kant butkul hissiy maʼlumotni konseptual yoki kategorik tizimda jonlantirish uchun ongimizga obyektiv bilim kerakligini uqtirgan boʻlsa-da, oʻzidagi narsalar bizning hissiyotlarimizdan mustaqil mavjuddir, deb hisoblaydi; shuning uchun uni tom maʼnoda idealist, deb atash mumkin emas. Aslida, Kantʼning oʻzidagi narsa konsepsiyasi juda murakkab va qarama-qarshiliklarga egadir. Uning ishini davom ettirgan Johann Gottlieb Fichte va Friedrich Schelling olamning mustaqil mavjudligi gʻoyasidan voz kechishib, butunlay idealistik falsafaga berilishdi.

Bu Olmon idealizmining eng ahamiyatli ishlaridan biri sifatida G. W. F. Hegel'ning Ruh Fenomenologiyasi (Phenomenology of Spirit) (1807) asarini keltirish mumkin. Hegel falsafaning maqsadi odam ongida paydo boʻladigan qarama-qarshiliklarni (masalan, oʻzini ham subyektiv guvoh, ham olamning nofaol boʻlagi, deb bilish kabi) hisobga olish, ularni hal qilish va saqlab qolib, yuqori darajadagi fikrlashda bunday dissonanslarning oʻrnini koʻrsatishdir, deb bilgana. Qarama-qarshiliklarni bir vaqtning oʻzida bunday qabul qilish va rad etish (yechish) „Hegel dialektikasi“, deb ataladi. Hegel anʼanasiga sodiq faylasuflar qatoriga Ludwig Andreas Feuerbach, Karl Marx, Friedrich Engels va Britan idealistlari, masalan T.H. Green, J.M.E. McTaggart va F.H. Bradley kiradi.

XX asr faylasuflarining aksariyati idealizmni rad etishdi. Biroq, Hegel dialektikasini koʻplar qabul qilishdi. Immanuel Kantʼning „Copernic Yurishi“ ham bugun muhim falsafiy konsepsiya boʻlib qolmoqda.

William James

Pragmatizm ishonch va haqiqatlarning asl qiymati ularning voqeʼlik bilan aloqasida emas, balki foydali va samarali ekanligidadir, deb hisoblaydi[13] XIX asr oxirida amerikalik faylasuflar Charles Peirce va William James pragmatizmga asos solishdi, John Dewey esa keyinchalik uning asosida instrumentalizm gʻoyasini yaratdi. Biror ishonchning foydaliligi tayinli vaziyatga bogʻliq boʻlgani uchun, Peirce va James natijaviy haqiqat faqat kelajakda, barcha nuqtai nazarlar kesishgandagina ayon boʻlishini taʼkidlashdi.[14] Tanqidchilar pragmatizmning sodda mantiqiy xato qurboni boʻlishini aytib oʻtishdi: biror narsa darhaqiqat foydali boʻlib chiqsa, bu foyda oʻsha narsaning haqiqatligini isbotlaydigan boʻlib qolmoqda.[15] Pragmatist mutafakkirlar sirasiga John Dewey, George Santayana va C.I. Lewis kiradi. Yaqinda pragmatizmga Richard Rorty va Hilary Putnam tomonidan boshqacha yondashila boshlandi.

Fenomenologiya

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Edmund Husserl asos solgan fenomenologiya tabiiy olam asosan inson ongi tomonidan shaklantirilishi gʻoyasini targʻib etadi. Husserl fenomenologik loyihasining asosiy vazifasi barcha ongli amallar intensionallik deb atalgan obyektiv maqsadga yoʻnaltirilganligini koʻrsatish edi.[16]

Oʻz qarashlarini matematika orqali hamda Venalik ustozi – faylasuf va ruhshunos Franz Brentano taʼsiri ostida qayta koʻrib chiqib, Husserl faqatgina matematik qarorlar chiqarishga masʼul kechinmalar emas, balki umuman ongli kechinmalar strukturasini oʻrgana boshladi.[17] Oʻzining ikki tomlik Mantiqiy Tadqiqotlar (Logical Investigations) (1901) kitobining birinchi qismida Gottlob Frege taʼkidlashicha „psixologizmga hujum boshlaydi“. Ikkinchi tomda esa Husserl tasnifiy fenomenologiya texnikasini ishlab chiqadi va u bilan obyektiv qarorlarning aslida ong kechinmalari asosida yotganini koʻrsatadi – bu yerda alohida olib koʻriladigan odam kechinmalari emas, balki umuman muayyan kechinmalar nazarda tutilmoqda.[17]

U shuningdek har qanday anglash amalining asosiy xossalarini aniqlashga urindi. U keyinchalik Gʻoyalar (Ideas) (1913) kitobida transsendental fenomenologiyani, amaliy kechinmalarga asoslangan bilimni tavsiya etadi. Soʻngra u ushbu transsendental qarashni subyektlar orasidagi munosabatlarga asoslangan intersubyektiv hayot-olam modeliga tadbiq qilishga harakat qildi. Husserl hayotlik vaqtida oz ishlari chop etildi, bu ishlarda fenomenologiyaga faqat abstrakt metodologiya bilan yondashilgan; lekin u nashr etilmagan koʻpgina konkret tahlillarni ham qoldirgan.

Husserl’ning ishlari Olmoniyada zudlik bilan tarqalib ketdi va Myunix va Göttingenda fenomenologik maktablar ochildi. Fenomenologiya keyinchalik Martin Heidegger (Husserl’ning sobiq assistenti), Maurice Merleau-Ponty, Jean-Paul Sartre kabi faylasuflar asarlari orqali butun jahonga yoyildi. Heidegger va Sartre ishlarida Husserl’ning subyektiv kechinmalarga qaratgan eʼtibori ekzistensializmga asos boʻlib xizmat qildi.

Ekzistensializm

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Søren Kierkegaard

Ekzistensializm insonlar uchun avvaldan yozib qoʻyilgan yoʻl borligi iddaosini rad etuvchi falsafiy oqimdir. Biror tayinli ish qilish uchun yasalgan asboblardan (masalan, pichoq; u kesish uchun yasalgan) farqli oʻlaroq, odamlar oʻz maqsadlari nima ekanliklarini oʻzlari hal qila oladilar.[16] XIX asr faylasuflari Søren Kierkegaard va Friedrich Nietzsche ekzistensializm asoschilari hisoblanishadi (ular bu atamani ishlatishmagan boʻlishsa-da). Biroq, ularning taʼsiri ekzistensializm chegaralaridan ham tashqariga chiqadi.[18][19][20]

Kierkegaard va Nietzscheʼning ishlari ular yoshliklarida qiziqqan Hegel va Schopenhauer falsafasiga asoslangandi. Kierkegaard Hegel tirik odamning ichki subyektiv hayotini hisobga olmagan, deb oʻylagan boʻlsa, Nietzsche Schopenhauer’ning pessimizmi odamlarni asketik hayotga, yoki oʻzidan nafratlanishga olib keladi, deb hisoblagan. Kierkegaard haqiqat subyektivlikdir, deb iddao qilgan va buni ongli individ uchun eng muhim narsa hayot va oʻzining ichki aloqalaridir, deb asoslagan.[21][22] Nietzsche esa haqiqat shaxsiy istiqbollarga bogʻliq, deb hisoblovchi istiqbolchilik (perspectivism) ni taklif qildi.

Kierkegaard taʼsiri ostida boʻlgan boʻlsa-da, olmon faylasufi Martin Heidegger'ning ekzistesialist boʻlganligi bahslar ostidadir. Shunga qaramay, oʻzining Mavjudot va Zamon (Being and Time) asarida u odam mavjudligining (Dasein) falsafiy tahlilini ekzistensial (existentiale) nuqtai nazardan keltirdi; va bu uni ekzistensializm oqimidagi katta figuralardan biri ekanligini taʼkidlashga asos boʻldi. Gumanizm haqida Maktubida (The Letter on Humanism) Heidegger Jean-Paul Sartre ekzistensializmini keskin rad etdi.

Sartre ekzistensializmning yorqin tarafdori sifatida mashhurdir; u bu qarashni nafaqat Mavjudlik va Yoʻqlik (Being and Nothingness) kabi nazariy ishlarida, balki pyesa va romanlarida ham yoritadi. Sartre, Albert Camus va Simone de Beauvoir bilan bir qatorda ekzistensializmning ateistik ostsohasida boʻlishdi, qaysiki hozirda absurdizm bilan tenglashtiriladi. Bu faylasuflar olam oldida oʻzining mavjudligi uchun javobgar odamga markaziy eʼtiborni qaratishdi.

Tahliliy falsafa

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Tahliliy falsafa atamasi bilan maʼno aniqligini boshqa kriteriylardan yuqori qoʻyuvchi falsafiy uslublar guruhi nomlanadi. Ushbu konsepsiya Hegel va shogirdlarining falsafasi tanqidi oʻlaroq vujudga kelgan. Tahliliy falsafa maktablari oʻz ichiga tanqidiy realizm, mantiqiy atomizm, mantiqiy pozitivizm va oddiy til falsafasi iqmlarini olishgan. Tahliliy falsafa shaxsiy fikrdan tashqariga chiqishni va matematik isbotlarning inkor etilmasligini qabul etishni taklif etadi.

1921-yili Ludwig Wittgenstein oʻzining Tractatus Logico-Philosophicusini chop ettirdi; ushbu ishda tilshunoslik va falsafa muammolariga qatʼiy „mantiq“ bilan yondashish kerakligi koʻrsatiladi. U oʻsha paytlarda falsafa muammolarining aksariyati aniq fikrlash natijasida hal qilinishi mumkin boʻlgan oddiy semantik boshqotirmalardan oʻzga narsa emas, deb hisoblardi. Yillar oʻtib, u Tractatusda yozilgan iddaolarining baʼzilaridan voz kechadi (bu, masalan, uning ikkinchi katta asari, Falsafiy Tadqiqotlar (Philosophical Investigations) (1953) da ayon boʻladi). Tadqiqotlar Gilbert Ryle, J.L. Austin va boshqalar tavsiya etgan „oddiy til falsafasi“ rivojiga hissa qoʻshdi. „Oddiy til falsafasi“ mutafakkirlari eski faylasuflar (Jeremy Bentham, Ralph Waldo Emerson va John Stuart Mill) nuqtai nazarlariga suyanishdi va bu uslub XX asr ikkinchi yarmida gʻarb falsafasi uchun xarakterli boʻlib qoldi.

Shuningdek: Transsendentalizm.

Gʻarb etik va siyosiy falsafasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Odam tabiati va siyosiy qonunlar

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Thomas Hobbes

Qadimgi tarixdan beri siyosiy hukumat oʻrnatish ildizlari doimo odam tabiatiga bogʻliq boʻlib kelgan. Aflotun oʻzining Respublika (The Republic) sida ideal jamiyat faylasuf-qirol tomonidan boshqarilishi mumkinligini yozadi, chunki u falsafani yaxshi tushungan odam ezgulik tushunchasini ham yaxshi anglashini taʼkidlaydi. Biroq Hatto Aflotun ham faylasuflar oʻz ustida, oʻzining fikrlashi va olam-odam, odam-jamiyat aloqalarini qunt bilan oʻrganishni va biror jamiyatni boshqarishni keksalik (taxminan ellik yoshlardan soʻng) paytida, vazmin, ogʻir-bosiq fikrlay oladigan darajaga yetgandan soʻnggina oʻz qoʻliga olishi mumkinligini aytadi. Arastu uchun esa odamlar siyosiy (ijtimoiy) hayvondirlar va hukumatlar jamiyatga eng koʻp samara keltirish uchun oʻrnatiladi. Arastu davlat (polis) jamiyatning eng yuqori shakli boʻlganligi uchun uning maqsadi eng koʻp ezgulik (samara) keltirishdir, deb oʻylagan. Arastu siyosiy kuchni mohirlik va aqlning individlarda notekis tarqalgani, tabiiy notenglik natijasidir, deb koʻrgan. Bu notenglik bor ekan, demak siyosiy kuch eng mohir va aqllilar – aristokratiya qoʻlida yigʻilishini afzal bilgan. Arastuga koʻra, shaxs jamiyatda yashar ekan, komillika erisha olmaydi. Uning The Nicomachean Ethics va The Politics ishlarida shu masala koʻriladi. Birinchi kitobda ezguliklar (yoki „komilliklar“) fuqaro-shaxsda olib koʻrilsa, ikkinchi kitobda fuqarolarni komillikka olib borishi mumkin boʻlgan hukumat shakli borasida bahs ketadi. Ikkala kitobda ham adolatning jamiyatdagi muhim roli uqtiriladi.

Nicolaus Cusanus XV asr boshida Aflotun fikrlarini qayta koʻtardi. Oʻzining ishlarida va Florensiya Kengashida u Oʻrta Asrlar Yevropasida demokratiya qurish masalasini koʻradi. Biroq u Arastu va Hobbes anʼanalaridan farqli oʻlaroq barcha odamlarni teng koʻrgan (yaʼni hamma xudoning bandasidir, deb) va shining uchun demokratiya eng toʻgʻri hukumat shaklidir, deb oʻylagan. Cusanus’ning qarashlarini italyan Uygʻonish davri uchqunlari sifatida koʻrishadi; bu qarashlar „milliy davlat“ tushunchasiga asos soldi.

Keyinchalik Niccolò Machiavelli Arastu va Thomas Aquinas gʻoyalarini noreal deya rad etdi. Ideal mustaqillik doim ham ezgulikka olib kelmaydi; mustaqil shaxs foydali va muhim amallarni bajarishga intiladi, bu amallar esa ezgu boʻlmasligi mumkin. Arastu qarashlarini Thomas Hobbes ham shubha ostiga oldi. Hobbes’ga koʻra, odam tabiati aslida aksilijtimoiydir: odamlar tabiatan egoistdirlar va bu egoizm tabiiy holiga qoʻyib qoʻyilgan hayotni mushkullashtiradi. Bundan tashqari, Hobbes odamlar tabiatan noteng boʻlishsa-da, bu farqlar ahamiyatsizdir va boshqalardan kelishi mumkin zararlardan saqlamaydi. Shularga asoslanib, Hobbes davlat jamiyatni tabiiy ahvoldan koʻtarish uchun oʻrnatiladi, deydi. Bu ishni esa faqatgina jamiyatni qoʻrquv va kuch orqali ushlab turuvchi, suveren va qudratli davlat bajara oladi.[23]

Oydinlanish davridagi faylasuflarning koʻpchiligi demokratik davlat qurishga yoʻl qoʻymaydigan mavjud siyosiy falsafa doktrinalaridan norozi edilar. Jean-Jacques Rousseau shu doktrinalarni yiqishga uringanlardan biri edi: u Hobbes’ga odam tabiatan „olijanob yovvoyi“ ekanligini, jamiyat va ijtimoiy aloqalar esa bu tabiatni buzishini aytib, eʼtiroz bildirgan. John Locke ham bu tanqidga qoʻshilgan. Oʻzining Second Treatise on Government asarida u Hobbes’ning millat-davlat usuli insoniyatni qutqara olishi haqidagi gapiga qoʻshilsa-da, erkinlikka erishgan shaxs vahshiylashib ketishi iddaosini tanqid ostiga olgan.[24]

Fakt-qiymat farqi doktrinasi hamda David Hume va uning shogirdi Adam Smith ishlaridan soʻng siyosatni odam tabiatiga bogʻlashga urinishlar susaydi. Biroq hamon koʻpchilik siyosiy faylasuflar, ayniqsa realistlar, oʻz argumentlarini odam tabiatiga asoslashadi.

Konsikvensializm, deontologiya va aretaik burilish

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Jeremy Bentham

Zamonaviy etikada konsikvensializm (amallar ularning oqibatlariga koʻra baholanishi kerak) va deontologiya (amallar ularni bajaruvchilarning burch yoki huquqlariga kirishi-kirmasligiga qarab baholanishi kerak) orasida bahs kechmoqda.

Jeremy Bentham va John Stuart Mill utilitarianizmni – amallar „imkon qadar koʻp shaxslarga imkon qadar katta baxt“ yetkazishiga qarab baholanishi kerakligi gʻoyasini targʻib etishdi. Bu gʻoya konsikvensializmni kengaytirdi.

Immanuel Kant konsikvensializmga qarshi chiqib, maʼnaviy prinsiplar shunchaki ong mahsuli ekanligini taʼkidladi. Kant amallar oqibatini etikaga kiritish xatodir, deydi. Kantʼga koʻra, ong mutlaq burch boʻlmish kategorik imperativga boʻysunadi. Bunga qoʻshimcha qilib, XX asr deontologi W.D. Ross prima facie deb ataluvchi imperativlar ham borligini aytadi.

Keyingi ishlar etikada shaxs roli alohida urgʻulandi; bunday qarash aretaik burilish (yaʼni, fazilatlar tomon burilish) oqimiga taalluqlidir. Bu oqimga xos fikrlash Bernard Williams ishlarida ayniqsa namoyon boʻladi. Williams konsikvensializm ham, deontologiya ham odamlarni sovuqqon harakat qilishga undaydi, deydi. Bu esa, Williams’ga koʻra, odamlarni oʻz ichki dunyosidan, oʻz ishlaridan voz kechishga olib keladi.

G.E.M. Anscombe „Zamonaviy Maʼnaviy Falsafa“ („Modern Moral Philosophy“) (1958) asarida fazilatlar etikasini Kantianizm va konsikvensializmga alternativ oʻlaroq koʻradi. Fazilatlarning qadimgi konsepsiyalarini oʻrganish aretaik burilishni ilhomlantirdi. Masalan, Arastu etikasi odamlardan Arastu meʼyorini – ikki ayb orasidagi muvozanatni saqlashini talab qilsa, Konfutsiy etikasi fazilat odamlar orasidagi garmoniyadadir, deydi. Fazilatlar etikasi faylasuflar Philippa Foot, Alasdair MacIntyre va Rosalind Hursthouse tomonidan targʻib qilinadi.

Sharq falsafasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Koʻpgina jamiyatlar falsafiy muammolarni koʻrib chiqishdi va boshqa jamiyatlar ishlari asosida oʻz falsafiy anʼanalarini qurishdi. Masalan, Yaqin Sharq falsafasi Gʻarb falsafasi taʼsiri ostida boʻldi. Rus (baʼzilar buni Gʻarb falsafasiga taalluqli, deb koʻrishadi), Yahudiy, Islomiy, Afrika va baʼzi Lotin Amerikasi falsafiy anʼanalari Gʻarb falsafasidan taʼsirlanishdi; biroq, oʻzlarining aslliklarini ham yoʻqotishmadi.

Bu anʼanalar orasidagi farqlar xush koʻrilgan tarixiy faylasuflar, gʻoyalar, uslublar yoki tillar bilan aniqlanadi. Ularni bir-biriga tegishli metodlar bilan oʻrgansa boʻladi va ular orasida sezilarli umumiyliklar bor.

Sharq falsafasi atamasi bilan Hindiston, Eron, Xitoy, Koreya, Yaponiya falsafiy anʼanalari nomlanadi. Gohida bu roʻyxatga Yaqin Sharq ham qoʻshiladi, biroq Yaqin Sharq falsafasi Ibrohimiy dinlar yoyilishi va Yevropa bilan savdo-sotiq faolligi tufayli Gʻarb falsafasining koʻpgina alomatlariga ega.

Xitoy falsafasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Konfutsiy. Xitoy Afsonalari va Asotirlari kitobidan, 1922, E. T. C. Werner.

Falsafa Xitoy tamadduniga, umuman Sharqiy Osiyoga sezilarli taʼsir koʻrsatdi. Koʻpgina buyuk falsafiy maktablar Bahor va Kuz Davri hamda Davlatlar Urushi Davrida paydo boʻlib, Fikrning Yuz Maktabi nomi ostida tanildi. Ulardan eng ahamiyatlilari orasida Konfutsianizm, Taoizm, Mohizm va Legalizmlarni koʻrsatsa boʻladi. Keyinchalik, Tang Sulolasi davrida, bu safga Buddizm ham qoʻshildi (shuni aytib oʻtish joizki, Sharq falsafasida din va falsafa orasida qatʼiy farqlar yoʻq). Gʻarb falsafasi kabi, Xitoy falsafasi ham keng qamrovlidir va falsafaning har bir sohasiga taalluqli maktablarga ega.

Hind falsafasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Adi Shankara (markazda), 788-820, hind falsafasining yirik maktabi – Advaita Vedanta asoschisi.

Hind ostqitʼasi tarixida Oriy-Vedik madaniyat oʻrnatilganidan soʻng ikki ming yillik davr ichida falsafiy va diniy mutafakkirlik oltita Nastika maktablari paydo boʻlishiga olib keldi. Bu maktablar hinduizm bilan chambarchas bogʻlangan edilar.

Hind falsafasi Janubiy Osiyo madaniyatining katta qismini qurgan va Uzoq Sharqqa ham dharmik dinlar orqali yetib borgan. Undagi fikrlar pluralizmi hind falsafasini liberal universalizm shakliga keltirgan.

Fors falsafasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Fors falsafasi tarixi Qadimgi Eron falsafiy anʼanalari va ularning hind-eron ildizlariga borib taqaladi. Fors falsafasi Zardusht taʼlimotidan taʼsirlangan. Eron tarixidagi turli urushlar – Iskandar Zulqarnayn, arablar va moʻgʻullar istilolariturli madaniyatlar, dinlar aralashuvi va natijada turfa falsafiy maktablar paydo boʻlishiga olib keldi. Bularga zardushtiylik va islom taʼlimotlari, yunon falsafasi taʼsiridagi oqimlar, manixeylik, mazdakiylik va hokazo kiradi.

Oʻrta Osiyo falsafasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻrta Osiyo falsafasi Zardushtiylik, keyinchalik esa Islom dinlari taʼsirida shakllangan. Muhim faylasuflardan biri – ibn Sino Oʻrta Osiyo va umuman Islom olamida mantiq va metafizikani shakllantirdi; bunda u Arastu va Aflotun ishlariga tayandi. Ibn Sino olamning vaqt oʻqida yaratilishini rad etadi; olam uning yaratuvchisi emanatsiyasidir, deydi[25]. Ibn Sinoning bu qarashlari islomiy deizm va pandeizmga yaqindir.

Keyinchalik Oʻrta Osiyolik boshqa faylasuflar – Beruniy, Forobiy, Gʻazzoliy, Navoiy, Bedil va hk – ibn Sino asos solgan islomiy metafizika doirasida fikrlashdi va bu oqimlardan baʼzilari Yevropagacha yetib bordi.

Afrika falsafasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Boshqa falsafiy anʼanalar, masalan, Afrika falsafasi, xorijiy olimlar tomonidan nisbatan kam oʻrganiladi. Koʻpgina izlanishlar Gʻarb falsafasiga qaratilgani uchun boshqa falsafiy maktablar gʻoyalari tarqalishi qiyin kechishi mumkin. Buning ustiga, vaziyatni irqchilik muammosi murakkablashtiradi. Afrikalik muhim faylasuflar qatoriga Usmon Dan Fodio (Shimoliy Nigeriyadagi Sokoto Xalifaligi asoschisi) va Umar Tall (Senegal) kiradi; ikkovi ham islom ulamolari boʻlishgan. Mustamlakadan soʻnggi paytlar faylasuflariga misol qilib Cheik Anta Diop, Francis Ohanyido, CL Momoh va Chinweizu'larni koʻrsatish mumkin.

Zamonaviy Afrika falsafasi nafaqat Afrika qitʼasidagi, balki boshqa mamlakatlardagi kelib chiqishi afrikalik faylasuflar ishlaridan iboratdir. Bu faylasuflar safiga Frantz Fanon, Kwesi Wiredu, Paget Henry, Lewis Gordon, Mabogo Percy More va boshqalar kiradi.

Amaliy falsafa

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Jamiyatdagi fikrlar uning amallariga chuqur taʼsir koʻrsatadi. Falsafani amaliy oʻrganish yangi sohalar, masalan, amaliy etika va siyosiy falsafa kabilarning paydo boʻlishiga olib keldi. Konfutsiy, Sun Tzi, Ibn Xoldun, Ibn Rushd, Ibn Taimiyyah, Niccolò Machiavelli, Gottfried Leibniz, John Locke, Jean-Jacques Rousseau, Karl Marx, John Stuart Mill, Mahatma Gandhi va boshqalarning siyosiy va iqtisodiy qarashlari maʼlum hukumatlar tuzilishiga va amaliyotiga sezilarli taʼsir qildi.

Siyosiy falsafa fikrlariga zamonaviy misol oʻlaroq Chicago Universitetida Leo Strauss tomonidan Aflotun ishlariga tayanib boshlangan neokonservatizm oqimini koʻrsatish mumkin. Ushbu falsafiy oqim George W. Bush siyosatini shakllantirib, „fil suyagidan yasalgan minora“dek koʻringani bilan, dunyo miqyosida taʼsirchan boʻla oldi.

Taʼlim falsafasi sohasida John Dewey taklif qilgan ilgʻor taʼlim XX asrda Amerikada qoʻllandi. Bu oqim avlodlari hozirda bolalar uchun falsafa ishlariga hissa qoʻshmoqdalar. Carl von Clausewitz'ning siyosiy urush falsafasi davlat, xalqaro siyosat va harbiy strategiyada samara berdi (ayniqsa, Ikkinchi Jahon Urushi soʻngida). Mantiq matematika, tilshunoslik, ruhshunoslik, informatikada juda muhim unsur boʻlib qoldi.

Falsafaning boshqa amaliy qoʻllanishlari epistemologiyaga ham oiddir, u orqali bilim, ishonch, dalil tushunchalari aniqlashtiriladi (bular huquqshunoslik, iqtisodiyot, qarorlar nazariyasi va boshqa ilmiy dissiplinalarda kerak). Fan falsafasi ilmiy metod asoslarini belgiladi hamda ilmiy tadqiqotlar va argumentlashlar xarakterini shakllantirdi. Bu juda katta natijalarga olib keldi. Masalan, Skinner’ning qatʼiy empirik bixeviorizmi oʻn yillar davomida oʻrnashib qolgan Amerika ruhshunosligini oʻzgartirib yubordi. Chuqur ekologiya va hayvon huquqlari dunyoni faqat odamlargina emas, balki odam emaslar ham egallashini eslatib, maʼnaviy qadriyatlarni qayta koʻrib chiqishga olib keldi. Estetika musiqa, adabiyot va umuman hayotning butun sanʼat qiyofasiga oid bahslarni hal qilishga yordam bermoqda.

Umuman aytganda, falsafa tegishli sohalardagi izlanishlarning nazariy asoslarini belgilashga harakat qiladi. Zero, fikrsiz harakat maʼnosizdir.

Gohida falsafa yaxshi oʻrganilmagan yoki tushunilmagan sohaning tadqiqoti, deb koʻriladi. Lekin bu sohalar keyinchalik muayyanlashib, tayinli ilmiy boʻlimga aylanadi, masalan, bir paytlar faqatgina falsafiy deb qaralgan ruhshunoslik, jamiyatshunoslik, tilshunoslik va iqtisodiyot hozirda matematika va mantiqqa tayanib, katta, mustaqil sohalarga aylandi. Lekin fan ilgʻorlagani sari, yangidan-yangi muammolar tugʻilaveradi, bu muammolarni hal qilishda esa avvalo falsafa yordam beradi.

  1. "Philosophy", The Oxford Dictionary of Philosophy, Blackburn, Simon (1994). Oxford University Press
  2. "Emergence of the history of Chinese philosophy", Comparative Approaches to Chinese Philosophy. Cua, Anthony S.
  3. D. Rutherford (ed.), The Cambridge Companion to Early Modern Philosophy (Cambridge UP, 2006)
  4. S. Nadler (ed.), A Companion to Early Modern Philosophy, (Blackwell, 2002)
  5. Shand, John (ed.) Central Works of Philosophy, Vol.3 The Nineteenth Century (McGill-Queens, 2005)
  6. Beiser, Frederick C. The Cambridge Companion to Hegel, (Cambridge, 1993)
  7. Sextus Empiricus, PH (= Outlines of Pyrrhonism) I.8
  8. Sextus Empiricus, PH (= Outlines of Pyrrhonism) I.19-20
  9. "Va Pirronchi [yaʼni, skeptik] oʻzini va atrofdagilarni bu kabi xulosalar bilan ikkilantirib qoʻysa-da, uning hayotidagi ilk va ahamiyatsiz hodisa shunday shubhalarni oʻzining sektasidagi faylasuflar yoki falsafadan bexabarlarni chalgʻitish boʻladi. U bu tushidan uygʻongach, oʻzining va qilmishlarining ustidan kulib, ularning shunchaki oʻyinqaroqlik ekanligini anglaydi." (Odam Tushunishi Borasidagi Savol, 1777, XII, 2-qism, 128-bet)
  10. Lewis Carroll What the Tortoise Said to Achilles (Toshbaqa Axillesga Nima Dedi). — 1895.
  11. Stephen Cade Hetherington Knowledge Puzzles (Bilim Boshqotirmalari). — 1996.
  12. Kant, Immanuel Critique of Pure Reason // Prometheus Books. — 1990. ISBN 0-87975-596-2
  13. Rorty, Richard The Consequences of Pragmatism // Minnesota University Press, p xvi. — Minnesota, 1982.
  14. Putnam, Hilary Pragmatism: An Open Question // Blackwell. — Oxford, 1995.
  15. Pratt, J.B. What is Pragmatism? // Macmillan. — New York, 1909.
  16. 16,0 16,1 Dreyfus, Hubert A Companion to Phenomenology and Existentialism // Blackwell. — 2006.
  17. 17,0 17,1 Woodruff Smith, David Husserl // Routledge. — 2007.
  18. Matustik, Martin J. Kierkegaard in Post/Modernity // Indiana University Press. — 1995. ISBN 0-253-20967-6
  19. Solomon, Robert What Nietzsche Really Said // Schocken. — 2001. ISBN 0-8052-1094-6
  20. Kierkegaard ishlari shuningdek, diniy mutafakkirlarga ham taʼsir qilgan. Masalan, Gabriel Marcel, Nicholay Berdyaev, Miguel de Unamuno va Karl Jaspers kabi ekzistensialistlar xristian boʻlishgan (lekin ular buni „falsafiy eʼtiqod“, deb nomlashadi). Yahudiy faylasuflar Martin Buber va Lev Shestov ham ekzistensializm bilan aloqadordirlar.
  21. Kierkegaard, Søren Fear and Trembling // Penguin Classics. — 1986. ISBN 0-14-044449-1
  22. Kierkegaard, Søren Concluding Unscientific Postscript // Princeton University Press. — 1992. ISBN 0-691-02081-7
  23. Hobbes, Thomas Leviathan // Penguin Classics. — 1985.
  24. Sigmund, Paul E. The Selected Political Writings of John Locke // Norton. — 2005. ISBN 0-393-96451-5
  25. Arabskaya, sredneaziatskaya i evreyskaya filosofiya srednevekovya

Choriev N. K. Buyuk ilmiy inqiloblar tarixi. Oʻquv qoʻllanma. 2012 -yil.