Din falsafasi
Din falsafasi – tafakkur shakllaridan boʻlgan
tushunchalar matn va maqsad mohiyatidan kelib chiqib,
turlicha mazmun kasb etishi, keng va tor maʼnolarda
qoʻllanilishi mumkin. „Din falsafasi“ tushunchasi haqida
ham shunday deyish mumkin. Xususan, keng maʼnoda u din
haqidagi falsafiy qarashlarni anglatadi. Bunday talqinda
din falsafasi falsafa kabi qadimiy ildizlarga ega boʻlib,
asrlar davomida din, uning mohiyati, inson va jamiyat
hayotidagi oʻrni haqida shakllangan xilma-xil falsafiy
qarashlar, yondashuvlar va taʼlimotlarni qamrab oladi.
Tor maʼnoda esa, din falsafasi falsafiy usullar va
tushunchalar apparatini ishga solgan holda dinni oʻziga xos ijtimoiy-madaniy hodisa sifatida oʻrganuvchi mustaqil
fanni anglatadi.
Din din falsafasining bilish predmeti hisoblanishi,
yaʼni „din oʻzi nima?“ degan savolga javob izlashi bir
qarashdayoq aniqdek tuyulsa-da, ammo ushbu hodisaning
talqini hamma vaqt ham bir xil emasligini qayd etish
lozim. Zero, din, bir tomondan, umuman, oʻzining mohiyati
nuqtai nazaridan, yaʼni mavhum, metafizik maʼnoda,
ikkinchi tomondan, oʻzining konkret namoyon boʻlish shakli, xususiy holatida tadqiq etilishi mumkin. Ushbu ikki
yondashuv maʼlum maʼnoda bir-birini toʻldiradi. Zero,
birinchi holatda dinning mohiyati haqida yaxlit tasavvur
hosil qilinsa, dinga xos boʻlgan xususiyatlar hamisha
konkret shakl, koʻrinishlarda namoyon boʻlishini inobatga
olsak, ikkinchi holatda umuman dinga xos xususiyatlarni
chuqurroq anglash mumkin boʻladi.
Din falsafasi oʻz predmetini oʻrganishda tayanadigan
metodologiya konkret falsafiy tizim, taʼlimotning oʻziga
xosligi bilan belgilanadi. Shunday ekan, dinning falsafiy
talqinini mantiqiy asoslash bilan birga bilishning adekvatligini taʼminlash ham alohida ahamiyat kasb etadi.
Bilishning haqiqiy (adekvat)ligini taʼminlashda
olingan natijalarning mantiqiy va nazariy jihatdan
ziddiyatli boʻlmasligi gnoseologiyaning muhim
qoidalaridan biri hisoblanadi. Ammo umuman toʻgʻri boʻlgan
mazkur qoida konkret falsafiy tizim, taʼlimot doirasida
yaratilgan va unga zid boʻlmagan, uning asosiy talablaridan tashqariga chiqmaydigan din haqidagi qarashlarni adekvat deb hisoblashga zamin yaratadi. Zero, bunday holatda biz din haqidagi bilimlardan koʻra ushbu konkret falsafiy tizim, taʼlimot va uning dinga boʻlgan munosabati haqida koʻproq bilimga ega boʻlamiz. Chunki tadqiqotchining shakllanib boʻlgan qarashlari va yondashuvlari taʼsirida dinning oʻzi emas, balki unga boʻlgan munosabat yoritiladi. Demak, din falsafasida mantiqiy ziddiyat yoʻq boʻlgan xulosa, qarashlarni haqiqat, deb qabul qilish yetarli emas. Haqiqat deb qabul qilingan bilimlarda dinning mohiyati aks etishi lozim. Shundagina din falsafasidan din haqidagi ahamiyatli natijalarni kutish mumkin. Bunda obyektivlik tamoyiliga rioya qilish nihoyatda muhim.
Obyektivlik tamoyili din falsafasini oʻz predmetiga
real mavjud hodisa sifatida qarashni, tan olishni
talab etadi. Biroq obyektivlikni xolislik bilan
chalkashtirish kerak emas. Xolislik tadqiqotchining
oʻrganayotgan predmetidan muayyan darajada begonalashuviga
va shu tufayli uning yetarlicha anglanmay qolishiga zamin
yaratishini inobatga olsak, din falsafasi nuqtai nazaridan
obyektivlik va xolislik bir xil mazmunga ega emasligi
oydinlashadi.
Bilish predmetini tushunishda subyektivlik tamoyili
ham muhim ahamiyatga ega. Ushbu tamoyil bilish predmetiga
u yoki bu shaklda daxldorlikni talab etadi va unga nisbatan yuzaga kelishi mumkin boʻlgan noxolis munosabatning oldini olishga xizmat qiladi.
Umuman olganda, oʻrganilayotgan predmetning realligi
obyektivlikni, uni tushunish zarurati subyektivlikni
talab etadi. Ammo ushbu ikki tamoyildan faqat biri ustuvor
ahamiyat kasb etmasligi lozim. Xususan, tarix va zamonaviy voqelik obyektivlik tamoyilining mutlaqlashtirilishi
dinga salbiy munosabatni, uning ashaddiy tanqidini
keltirib chiqarishini koʻrsatadi. Subyektivlik
tamoyilining ustuvorligi esa dinning muayyan shakliga
alohida eʼtibor tufayli umuman din fenomeniga xos
xususiyatlarning nazardan qochirilishiga va bilish
natijalarining bir yoqlama boʻlib qolishiga olib keladi.
Demak, ikkala tamoyilning ham oʻz holicha qoʻllanilishi
dinni adekvat anglash jarayoniga ziddir. Bundan din
falsafasi haqiqatan ham din fenomenini bilishga harakat
qilar ekan, u tom maʼnoda dindan tashqarida boʻlishi
mumkin emasligi haqidagi xulosa kelib chiqadi. Chunki din
falsafasining maqsadi dinni obyektiv ham, subyektiv ham
talqin etish emas, balki uni adekvat nazariy tadqiq etish,
taxdil qilish va tasvirlashdan iborat. Bu oxir-oqibatda
falsafiy-diniy tadqiqotlar natijalarining umuman va
barcha uchun tushunarli hamda ahamiyatli boʻlishiga zamin
yaratadi. Yagona falsafiy tilning boʻlishi ehtimoldan
nihoyatda uzoq boʻlsa-da, bilish natijalarining boshqalar
uchun ham tushunarli boʻlishini taʼminlash nihoyatda
muhimligini taʼkidlash zarur.
Din falsafasining asosiy muammolari. Din
falsafasining dinshunoslik fanlari tizimidagi oʻrni,
dinni falsafiy tadqiq etishning usullari masalasini hal
etish u oʻrganadigan muammolar ichida alohida ahamiyatga
ega. Zero, ushbu masalaning muvaffaqiyatli yechimi uning
maqomi va oʻziga xos xususiyatlarini aniq belgilab olishga
yordam beradi.
Bugungi kunda dinning mohiyatiga turlicha yondashuvlar
va ularga asoslangan turfa taʼriflar mavjud. Bu tadqiqot
metodologiyasi xilma-xilligining tabiiy hosilasidir.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, dinning ijtimoiy hodisa
sifatidagi oʻziga xosligini koʻrsatuvchi falsafiy taʼrifni
ishlab chiqish va uni shakllantirishga yondashuv tamoyillari mazmunini aniqlash ham din falsafasining dolzarb muammolaridan biri boʻlib qolmoqda.
Shuningdek, dinning ontologik va gnoseologik asoslari va
manbalarini tadqiq etish bilan bogʻliq boʻlgan masalalarda umumeʼtirof etilgan metodologik bazani shakllantirish
ham din falsafasi oldida turgan muhim muammolar
sirasiga kiradi.
Dinning mohiyatini anglash unga xos xususiyalarning
tizimli taxdil qilinishi bilan uzviy bogʻliq. Shu maʼnoda
diniy dunyoqarash, ontologiya, gnoseologiya, tafakkur va
tilning oʻziga xos xususiyatlari tadqiq etish, bu borada
mavjud boʻlgan qarashlar va yondashuvlarda yakdillika
erishish ham din falsafasining muhim muammolaridan
hisoblanadi.
Din falsafasi uchun ulkan ahamiyatga ega muammolar
qatorida xudo haqidagi teistik taʼlimotlarning mazmuni,
ularning yuzaga kelish sabablarini tadqiq etish, diniy
falsafaning mazmuni va oʻziga xos xususiyatlarini aniqlash, mazkur yoʻnalishdagi qarashlarni qiyosiy oʻrganish bilan bogʻliq masalalar mavjudligini ham qayd etish zarur.
Din falsafasining falsafiy va dinshunoslik fanlari
tizimida tutgan oʻrni. Ilm-fan rivojlanishining ilk
bosqichlarida dinshunoslik alohida va mustaqil fan
sifatida rivoj topgan. Ammo uzoq taraqqiyoti davomida
dinshunoslik sertarmoq sohaga – din fenomenining
xilma-xil qirralarini tadqiq etadigan fanlarni oʻzida
birlashtirgan tizimga aylandi. Bugungi kunda mustaqil
maqomga ega boʻlgan dinlar tarixi, din sotsiologiyasi, din
psixologiyasi kabi fanlarning mavjudligi bunga dalil
boʻla oladi. Bu dinshunoslikning yaxlit tizim sifatidagi
rivoji konkret fanlar taraqqiyoti bilan uzviy bogliq
holda kechayotganini, ular oʻrtasida integratsiyalashuv
mavjudligini koʻrsatadi.
Dinshunoslik doirasida fanlarga xos differensiallashuv ham davom etmoqda. Bu dinshunoslik tarkibida dinning konkret namoyon boʻlish shakllarini tadqiqot predmetiga aylantirgan va koʻplab mustaqil fanlarni oʻzida birlashtirgan yoʻnalish (tarmoq)larning
yuzaga kelishiga zamin yaratmoqda. Masalan, bugungi
kunda Qur’onshunoslik, hadisshunoslik, fiqh kabi
bir qator fanlarni oʻziga qamrab olgan islomshunoslik
dinshunoslikning alohida tarmogʻiga aylanib ulgurgani
fikrimizning isboti boʻla oladi.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, din falsafasining
mustaqil fan sifatida shakllanishi bir tomondan,
falsafiy bilimlar, ikkinchi tomondan, dinshunoslik
fani tarmoqlashuvi va mazkur jarayonda yuzaga kelgan
integratsiyaning hosilasi hisoblanadi.
Falsafa va dinshunoslik munosabatlari doirasida
dinni falsafiy anglashning oʻziga shakli diniy falsafa
(falsafiy teologiya) shakllanganini ham taʼkidlash zarur.
Diniy falsafa diniy dunyoqarash tamoyillaridan
kelib chiqadigan tasavvurlar, gʻoyalar, Yaratuvchi va olam
(ontologiya va metafizika), inson (antropologiya), jamiyat
(sotsiologiya, istoriosofiya), bilish jarayoni (gnoseologiya va epistemologiya), qadriyatlar (aksiologiya) haqidagi qarashlar tizimini oʻz ichiga oladi. Sodda qilib aytganada, u din kompetensiyasiga kiradigan ontologik, antropologik, gnoseologik muammolarni falsafiy tushunchalar va usullardan foydalangan holda tadqiq etadi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, diniy falsafa, bir tomondan, falsafiy bilimlarning, ikkinchi tomondan, ilohiyotning tarkibiy qismi hisoblanadi.
Diniy falsafa din falsafasi kabi dinning mohiyatiga
eʼtibor qaratadi. U falsafiy tafakkur natijalariga
tayangani uchun oʻzida eʼtiqod va ratsionallik, dogmatika
va hurfikrlilikning birligini namoyon etadi, dinning
mohiyatida yashiringan donishmandlikning maʼnosini
anglash uchun imkoniyat yaratadi.
Din falsafasi rivoji dinlar tarixi, din sotsiologiyasi
va din psixologiyasi kabi fanlar taraqqiyoti bilan ham
uzviy bogʻliq. Xususan, dinlarning oʻtmishini uning
konkret shakllarida tiklashga, diniy eʼtiqodning turli
koʻrinishlari haqidagi maʼlumotlarni toʻplash, saqlash va
izoxdashga xizmat qilar ekan dinlar tarixi fani konkret
dinlar va umuman dinning ijtimoiy hodisa sifatidagi
rivojining u yoki bu davriga xos xususiyatlarni chuqurroq
anglashga yordam beradi.
Din falsafasi din va ijtimoiy voqelik oʻrtasidagi
aloqadorlikni ham nazariy, ham empirik darajadaoʻrganuvchi
din sotsiologiyasi fani bilan ham uzviy bogliq. Xususan, din sotsiologiyasi tomonidan din va jamiyat hayotining
turli sohalari oʻrtasidagi oʻzaro taʼsir va aks taʼsirga
xos xususiyatlar, dining paydo boʻlishi va mavjudligining
ijtimoiy asoslari bilan bogʻliq masalalarni oʻrganish
jarayonida toʻplanadigan empirik materiallar va unga
tayangan nazariy umumlashmalar din va diniy hayot rivojiga
xos qonuniyatlarni tushunishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Din falsafasi oʻz rivojida diniy ongning oʻziga xos
xususiyatlari, strukturasi va funksiyalarini belgilab
beruvchi psixologik va ijtimoiy-psixologik omillarni
oʻrganuvchi din psixologiyasi fani yutuqlariga ham tayanadi. Jumladan, dindorlar ongi va hissiyotlarining konkret ijtimoiy muhit va sharoit bilan bogʻliqligi, diniy
marosimlarning inson ruhiyatiga taʼsiri hamda diniy
jamoalarning ijtimoiy-psixologik strukturasi, muloqot,
ishontirish va taʼsir oʻtkazish mexanizmlarini oʻrganish
bilan bogliq holada toʻplangan materiallar shaxs va jamiyat maʼnaviy hayotida dinning oʻrni va rolini tushunishga xizmat qiladi[1].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Najmiddinov, Karimov, Turdiyeva 2017, s. 160.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Najmiddinov J., Karimov J., Turdiyeva D.. Dinshunoslik. Qomusiy lugʻat. Imom Buxoriy xalqaro markazi nashriyoti, 2017 — 480-bet. ISBN 978-9943-5105-3-1.
Bu maqola birorta turkumga qoʻshilmagan. Iltimos, maqolaga aloqador turkumlar qoʻshib yordam qiling. (Aprel 2024) |