Kontent qismiga oʻtish

Ontologiya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Ontologiya (yunoncha, ontos – borliq va logiya) – falsafa boʻlimi, borliq haqidagi taʼlimot. Borliqning umumiy asoslari, prinsiplari, uning shakllari va qonuniyatlarini tekshiradi. „Ontologiya“ terminini nemis faylasufi R.Goklenius fanga 1513-yil kiritgan, X. Volf (1679—1754) oʻz dareligida qoʻllagan boʻlsada, dastlab yunon faylasuflari uning turli talqinlarini bayon etganlar. Ular ontalogiyani haqiqiy borliqni nohaqiqiy mavjudlikdan ajratib oluvchi borliq haqidagi taʼlimot, deb hisoblashgan. Eleya maktabi namoyandalari hissiy dunyoning aldamchi koʻrinishini haqiqiy borliqqa qaramaqarshi qoʻyib, ontalogiyani mangu oʻzgarmas, yagona, sof borliq haqidagi taʼlimot sifatida qoʻllashgan. Milet maktabi vakillari va Ioniya faylasuflari dastlabki borliqning sifatiy talqini haqida bosh qotirishgan. Ulardan borliqning boshlanishida yotuvchi bunday asosni Empedokl „stixiya“, Demokrit „atomlar“, Anaksimandr „apeyron“, Anaksagor „urugʻ“ deb atagan. Platon gʻoyalar O.sini, Aristotel empirizm O.sini yaratdi. Oʻrta yerlar falsafasida O. ilohiyot bilan chambarchas bogʻlanadi. Sharq falsafasida O. koʻproq ilohiy borliqning, xudoning mohiyatini aks ettiruvchi taʼlimot tarzida, sharq panteistik falsafasida vahdati mavjud va vahdati vujud koʻrinishidagi taʼlimotlar shaklida paydo boʻlgan. Falsafada O. monistik, dualistik va plyuralistik konsepsiyalar shaklida ham uchraydi (qarang Materiya). Yangi davr falsafasida dualistik O. namoyandasi R. Dekart boʻlgan. Oʻz falsafasining asosiga „monada“ – „ilohiy atomlar“ni qoʻygan V. G. Leybnits falsafasi – plyuralistik O.ga mansubdir. Bu konsepsiya boʻyicha olamning asosida bir qancha mohiyat yotishi mumkin. Shunday konsepsiya empiriokrititsizmda ham uchraydi. R. Avenarius, E. Max borliqning asosida sezgilar majmui yotadi, deb hisoblaydi. Hozirgi zamon falsafasida O.ning mazmuni yanada boyigan. Bu borliq haqidagi tasavvurlarning rivojlanishi bilan bogʻlangandir. Maʼlumki, borliqni mexanistik, metafizik va materialistik talqin etishda u moddiylik bilan, aktual mavjudlik bilan, reallik bilan aynanlashtirib qoʻyilgan edi. Borliqaslida barcha narsa va hodisalarni, ilgari mavjud boʻlgan, hozir mavjud boʻlib turgan va kelajakda mavjud boʻladigan realliklarni, moddiylik va maʼnaviylikni, modda va gʻoyani ham oʻziga qamrab oladi.

  • Falsafa. Maʼruzalar matni, T., 2000.

Baxtiyor Toʻrayev.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil