Kontent qismiga oʻtish

Tanqidiy realizm

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Tanqidiy realizm - 19-asrning 20—30 yillarida jahon adabiyoti va sanʼatida shakllangan badiiy metod, realizmning bir koʻrinishi. Klassitsizm adabiyoti vakillarining oʻz davrini oʻtagan va eskirgan tasvir usullariga qarshi, oʻtgan asrlardagi ilgʻor adabiyotlarning eng yaxshi anʼanalarini davom ettirish va yangilash maqsadida maydonga kelgan. Hayot hodisalarini badiiy mujassamlashtirishda bu hodisalarning ijtimoiytarixiy ildizlarini ochish Tanqidiy realizmning asosiy maqsadidir. Tanqidiy realizm yozuvchidan insonni har tomondan cheklovchi, ezuvchi, buzuvchi va maʼnaviy inqirozga olib keluvchi hayotning ijtimoiy asoslarini tanqidiy aks ettirishni talab etadi. Tanqidiy realizm adabiyoti va sanʼatida tarixiylik prinsipi hayotiy voqealar, kishilarning xarakterlari va ularni qurshagan sharoitning muayyan davr uchun muhim vokealar, xarakterlar va sharoitlar sifatida tasvir etilishida zuxur beradi. Tanqidiy realizm asarlaridagi personajlar "ortiqcha kishilar", "otalar" va "bolalar" yoki yangilik va eskilik tarafdorlari boʻladimi — ular oʻz davrining mahsulidir. Ammo tarix harakati, ijtimoiy taraqqiyot jarayoni Tanqidiy realizmning aksar asarlarida kishilar subyektiv faoliyatining natijasi sifatida talqin etiladi. Shuning uchun ham bu asarlarda faqat kishilarning ruhiy olami, ishonch va eʼtiqodi ulardagi ijobiy (ezgu) ibtidoning manbai boʻlib xizmat qiladi. Tanqidiy realizm insoniyatni baxtli va nurli hayotga olib boruvchi yoʻlni koʻrsatmaydi, balki kishilarning shunday xayot sari intilishlarida ularga duch kelgan toʻsiqlar, illatlar, sharoitni koʻrsatadi. Shuning uchun ham badiiy tasvirning bu usuli Tanqidiy realizm deb ataladi.

Sovet adabiyotshunosligi Tanqidiy realizmning shakllanishini proletar harakatining paydo boʻlishi bilan bogʻlab, mazkur badiiy metod vakillarini kapitalizmga qarshi ongli ravishda kurashgan yozuvchilar sifatida talqin etib keldi. Tanqidiy realizm vakillari esa shu jamiyatdagi ijtimoiy adolatsizlik va shu jamiyatda yashovchi ayrim kishilar hayotidagi maʼnaviy buzilish hollarini xalqqa badiiy tasvir orqali koʻrsatish va jamiyatni shu yoʻl bilan davolashni oʻz oldilariga maqsad qilib qoʻygan edilar. Tanqidiy realizmning Gʻarbiy Yevropadagi Balzak, Dikkens, Tekkerey, Flober singari vakillari voqelikni inqilobiy oʻzgartirish gʻoyasidan mutlaqo uzoq boʻlishgan. Shuning uchun ham ular ijodidagi ayrim kishilarga xos illat va qusurlar tasviri, sovet adabiyotshunosligi talqin etib kelganidek, kapitalistik jamiyatni fosh etish pafosi darajasiga olib chiqilmagan.

Tanqidiy realizmning 20-asrda yaratgan asarlarida 2 tamoyil koʻzga tashlanadi. Birinchisi — kishilarning kundalik hayotini, ularning baxtli hayot yoʻlidagi intilishlarini tasvirlash. Remark, Steynbek singari yozuvchilarning shu yoʻnalishdagi asarlaridan, Fellini, Antonioni singari mashhur italyan kinorejissyorlarining filmlaridan chiqadigan xulosa shuki, inson hayotini yaxshilash, taqdirni oʻzgartirish mumkin emas. Ikkinchisi — xalq ozodlik harakatlari, shu jumladan, 20-asrdagi inqilobiy harakatlarni badiiy idrok etish va shu hol tufayli ijtimoiy taraqqiyot istiqboliga umid bilan qarash. Rollan, London, Drayzer singari yozuvchilarning ayrim asarlarida ana shu ikkinchi tamoyil ustuvorlik qiladi va xuddi shu tamoyil ular ijodini sotsialistik realizm bilan yaqinlashtiradi.

Sovet adabiyotshunosligi L.N. Tolstoy, F.M.Dostoyevskiy, A.P.Chexov kabi yozuvchilarning 1917-yil gacha boʻlgan rus vokeligi tasvirlangan asarlarinigina Tanqidiy realizmning namunalari sifatida baholab, 1917-yildan keyingi davr voqealariga bagʻishlangan rus yozuvchilarining asarlarini esa sotsialistik realizm metodiga nisbat berib keldi. Holbuki, xuddi shu davr rus adabiyotida Tanqidiy realizm yetakchi metod sifatida rivojlandi va hattoki sovet davri rus adabiyotida Tanqidiy realizm metodi tamoyillari asosida koʻpgina asarlar yaratildi. M.Bulgakovning "Tarki dunyo" ("Beg"), M.Sholoxovning "Tinch okar Don", A.Pasternakning "Doktor Jivago", A.Soljenitsinning "GULAG arxipelagi" singari asarlari Tanqidiy realizm metodiga asoslanganligi bilan farklanib turadi.

19-asrning 2yarmida hajviy yoʻnalishning katta mavke kasb etishi bilan oʻzbek adabiyotida ham Tanqidiy realizmga xos belgilar yetakchilik qila boshladi. Ammo bu davr va, ayniqsa, jadidchilik davri adabiyotida xalqni maʼrifatga chaqirish gʻoyalari ustuvor ahamiyatga ega boʻlgani uchun adabiyotshunoslar bu davr adabiyotining badiiy metodini maʼrifatparvarlik realizmi deb baholaganlar. Maʼrifatparvarlik goyasi esa shu davrda jaholatga, diniy bidʼat va xurofotga qarshi qaratilganligi sababli jaholat tanqidi M.Behbudiy, Fitrat, Choʻlpon, Abdulla Qodiriy, Hamza, Tavallo kabi jadid yozuvchilarining asarlarida fosh etuvchi pafos darajasiga koʻtarildi. 20y.larda bolsheviklar tufayli Oʻzbekistonda sodir boʻlgan mudhish voqealarni, mustamlakachilikning chidash mumkin boʻlmagan koʻrinishlarini tasvir etishda Abdulla Qodiriy ("Oʻtgan kunlar"), Fitrat ("Mirrix yulduziga", hikoyalar) va Choʻlpon ("Buzilgan oʻlkaga", "Vayronalar orasidan", "Kecha va kunduz", "Novvoy qiz", "Oydin kechalar") kabi yozuvchilar Tanqidiy realizm metodidan mahorat bilan foydalandilar. Ammo keyinchalik adabiyot va nashr ishlarini qattiq nazorat ostiga olgan Sovet davlati oʻzbek adabiyotida Tanqidiy realizm ning avj olishiga mutlaqo imkon bermadi. Natijada sotsialistik realizm oʻzbek adabiyotining yagona badiiy metodi sifatida uzilkesil shakllandi.

20-asrning 70y.larida sotsialistik realizmning "ochiq metod" deb eʼlon qilinishi oʻzbek adabiyotida Tanqidiy realizm ga xos pafosning jonlanishiga sababchi boʻldi. Abdulla Qahhor shu davrda sovet jamiyati xayotida avj ola boshlagan poraxoʻrlikni keskin fosh etuvchi "Tobutdan tovush" satirik komediyasini yaratdi. Ichkilikbozlik, koʻzboʻyamachilik, laganbardorlik, muttahamlik kabi ijtimoiy illatlarni fosh etuvchi asarlar yaratila boshlandi (I.Sultonovning "Imon" pyesasi, S.Zunnunovaning "Yangi direktor" qissasi, "Tashnalik" hikoyasi va boshqalar). Ammo mavjud ijtimoiy tuzum, hukmron mafkura oʻzbek adabiyoti va sanʼatidagi jamiyatni tozalash va davolashga karatilgan bunday tamoyilning kuchayishiga yoʻl qoʻymadi.

Umuman, realizm adabiyotning asosiy metodi sifatida jamiyat va kishilar hayotidagi urchishi va jamiyatning rivojlanishiga toʻsiq boʻlishi mumkin boʻlgan har qanday illatlarni tasvir etishni, binobarin, Tanqidiy realizm metodiga xos unsurlarning ham boʻlishini taqozo etadi.

  • Problemi sovremennogo realizma i modernizm, M., 1965; Kriticheskiy realizm XX veka i modernizm, M., 1967; Petrov S. M., Kriticheskiy realizm, M., 1974.

Naim Karimov.