Kontent qismiga oʻtish

Psixologiya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Psixologiya — inson faoliyati va hayvonlar xatti-harakati jarayonida voqelikning psixik aks etishi, ruhiy jarayonlar, holatlar, hodisalar, hislatlar toʻgʻrisidagi fan. Psixologiyaning tadqiqot predmetiga sezgilar va idrok obrazlari, tafakkur va hissiyot, faoliyat va muomala kabi psixologik jarayonlar, kategoriyalar kiradi. Psixologiyaning asosiy vazifalari — psixika qonuniyatlarini, inson ruhiy holatlari shakllanishini filogenetik va ontogenetik taraqqiyot birligida ochishdan iboratdir. Mazkur vazifalar yechimini topishda psixologiya bir tomondan, biologiya fani sohalari bilan, jumladan, fiziologiya bilan, boshqa tomondan esa, sotsiologiya, pedagogika, madaniyat tarixi, mantiq hamda ijtimoiy fanlar bilan jips aloqaga kirishadi. Psixologiya eng avvalo, psixikaning insonga xos shakli boʻlmish ong va oʻzini oʻzi anglashni tadqiq etadi.

Antik davrdan boshlab psixologik bilimlar falsafa va tibbiyot fanlari negizida rivojlanib kelgan. Yunon shifokorlari Gippokrat, Erasistrat psixikaning organi miya ekanligini bilganlar va inson jonini koinotning ashyoviy boʻlagi sifatida talqin qilganlar. Ularning gʻoyalari Platonning jon abadiyligi toʻgʻrisidagi taʼlimotiga qarama-qarshi qoʻyilgan. Aristotel „Jon toʻgʻrisida“gi asarida psixologik tushunchalar tizimini ishlab chiqdi.

Oʻrta asrlarda psixikaga nisbatan har xil koʻrinishdagi gʻayritabiiy qarashlar hukmronlik qildi. Shu tufayli psixologik bilimlar rivojlanmay qoldi. Ammo baʼzi faylasuflar va shifokorlar (Ibn Sino va boshqalar) asarlarida bu sohada olgʻa qadam qoʻyildi. Inson xususiyatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar qadimgi qoʻlyozmalar, yodgorliklarda oʻz aksini topa boshladi. Turli mamlakatlarda va shaharlarda tuzilgan akademiyalarda (Xorazm, Samarqand, Kiyev, Moskva va boshqa shaharlarda) psixologiya yuzasidan tinglovchilarga saboq berilgan.

Yevropa Uygʻonish davrida Leonardo da Vinchi, X. Vives kabilar psixologiya rivojiga oʻz hissalarini qoʻshdilar. XVIII asrga kelib M. V. Lomonosov, A. N. Radishchev, G. S. Skovoroda, T. Gobbs, B. Spinoza, G. Leybnits. J. Lokk, K. A. Gelvetsii, A. Golbax, D. Didrolar psixologiyada bir talay kashfiyot qildilar, uni amaliy maʼlumotlar bilan boyitdilar. Psixologiya XIX asrning 2-yarmiga kelib mustaqil fan sifatida ajralib chiqdi. Nemis olimi V. Vundt Leypsigda 1879-yil dastlabki eksperimental laboratoriyani jihozlashga erishdi.

Psixologiya taraqqiyotida, umuman, XIX asrdagi eksperimentlar alohida ahamiyat kasb etdi. Bu davrda psixologik real voqelikni oʻrganish uchun metodlar majmuasi qoʻllana boshlandi: kuzatish, labaratoriya eksperimenti, tabiiy eksperiment, faoliyat natijasini tahlil qilish, ruhiy jarayonlarni modellashtirish genetik metodi, test, ekspert baholash, intervyu, anketa, soʻrovnoma, tarjimai hol va hokazolar. XIX asr oxiri — XX asr boshlarida qator psixologik ilmiy maktablar, yoʻnalishlar vujudga keldi: bixeviorizm, geshtaltpsixologiya, personalizm, freydizm va hokazolar. Psixologiyaning rivojiga I. M. Sechenov (psixikaning reflektor tabiati), I. Pavlov (oliy nerv faoliyati) taʼlimotlari muhim hissa boʻlib qoʻshildi. Rossiyada V. M. Bexterev eksperimental laboratoriya (Qozon, 1885), Harkov universiteti va N. N. Langening Odessadagi labaratoriyasi, G.Chelpanovning Kiyevdagi, S. Korsakovning Moskvadagi, keyinchalik V. M. Bexterev, A. Lazurskiy, A. Nechayevlarning Peterburgdagi, V. Chijning Yuryev (Tartu, Estoniya)dagi eksperimental laboratoriyalari psixologiya taraqqiyotiga alohida taʼsir oʻtkazdi. 1912-yil Moskva universitetida Psixologiya instituti ochildi. Shu yilda I. A. Sikorskiy tomonidan Kiyevda jahonda birinchi marta Bolalar psixologiyasi instituti tashkil qilindi. XX asrning 1-yarmida Rossiyada K. N. Kornilov, Blonskiy va boshqalar dialektikaga asoslangan ilmiy psixologiyani yaratishga kirishdilar.

Hozirgi zamon psixologiyasi koʻp tarmoqli psixologik bilimlar tizimidan iborat fan hisoblanib, oʻzining tadqiqot predmetiga ega boʻlgan koʻplab sohalardan tashkil topgan: umumiy psixologiya, aviatsiya psixologiyasi, harbiy psixologiya, differensial psixologiya, psixofiziologiya, muhandislik psixologiyasi, kosmik psixologiya, huquq psixologiyasi, tibbiyot psixologiyasi, neyropsixologiya, patopsixologiya, pedagogik psixologiya, mehnat psixologiyasi, sport psixologiyasi, maxsus psixologiya, ijodiyot psixologiyasi, menejment psixologiyasi, marketing psixologiyasi, ijtimoiy psixologiya, yosh psixologiyasi, tashkiliy psixologiya, din psixologiyasi, oila psixologiyasi, psixologiya tarixi, genetik psixologiya, amaliy psixologiya, eksperimental psixologiya, kasb psixologiyasi, psixolingvistika, siyosiy psixologiya va boshqa psixologiyaning tarmoqlarga ajralishining asosiy sababi uning tarkibida tatbiqiy sohalar vujudga kelishidir. Psixologiya sanoatda, jamiyat boshqaruvida, taʼlim tizimida, sogʻliqni saqlash, madaniyat, sport, transport, radio, televideniye va boshqa tuzilmalarda muhim masalalarni hal qilishda faol ishtirok qilmoqda. Psixologiya erishgan yutuqlari shaxs imkoniyatlarini roʻyobga chiqarish va ularni harakatga keltirishda alohida ahamiyat kasb qilmoqda hamda shu asnoda mehnat samaradorligini oshirishga taʼsir oʻtkazmoqda. Zamonaviy psixologiyada elektron-hisoblash texnikasi, elektr va kimyoviy vositalar yordami bilan psixikani chuqur oʻrganish kabilar qoʻllanilmoqda. Psixologiyada oʻzini oʻzi kuzatish (introspeksiya) metodi atrofida keskin bahslar davom etmoqda. Baʼzi yoʻnalishdagi psixologlar uni tadqiqot oʻtkazishning asosiy metodi deb taʼkidlasalar, boshqalari esa uning cheklanganligini eʼtirof qiladilar, buning oʻrniga obyektiv metodlardan foydalanishni tavsiya etadilar. Obyektiv metodlar tufayli psixikaning moddiy negizi aniklangan, inson ichki munosabatlari bilan subyektiv holatlar sababiy bogʻliqligi yakka shaxsda, jamoada namoyon boʻlishi dalillangan. Jahon hamjamiyatida AQSH, Angliya, Fransiya, Germaniya, Rossiya, Shveysariya mamlakatlarida ilmiy tadqiqot institutlari va markazlarida, universitetlarda psixologik izlanishlar keng koʻlamda olib borilmoqda.

Oʻzbekistonda psixologiya 1928-yildan eʼtiboran hozirgi Milliy universitetda fan sifatida oʻqitila boshlandi. 1929-yil Xalq maorifi komissarligi qoshida psixologiya laboratoriyasi ochildi. Keyinchalik pedagogika institutlarida psixologiyaning bir necha sohalari boʻyicha talabalarga bilim berila boshlandi. XX asrning 2-yarmida M. Vohidov, M. Davletshin singari mahalliy kadrlar yetishib chiqdi. Hozirgi davrda psixologiya fanlari doktorlari V. Tokareva, E. Gʻoziyev, B. Qodirov, Gʻ. Shoumarov, R. Gaynutdinov, V. Karimova, Sh. Barotov, A. Jabborov, R. Sunnatovalar psixologiyaning umumiy psixologiya, pedagogik va yosh psixologiyasi, ijtimoiy psixologiya sohalari boʻyicha tadqiqot ishlarini amalga oshirmoqdalar. Psixolog mutaxassislar tayyorlash va tadqiqot ishlari Oʻzbekiston milliy universiteti, SamDU, Fargʻona universiteti, Qarshi universiteti, Termiz universiteti bazalarida yoʻlga qoʻyilgan. Oʻzbekistonda psixologik xizmat joriy qilingan va uning tarmogʻi tobora kengayib bormoqda.

Psixologiyada biologiyaning oʻrni

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Psixologlar odatda organizmni ongning asosi deb hisoblashadi, shuning uchun ham hayotiy muhim soha hisoblanadi. Psixiyatristlar va nevroopsikologlar ong va tananing interfeysida ishlaydi. Bilogiya psixologiya, shuningdek fiziologik psixologiya deb nomlanuvchi yoki neuropsixologiyada xulq-atvor va aqliy jarayonlarning biologik substanslarini oʻrganiladi. Ushbu sohadagi asosiy tadqiqot mavzularni insonni boshqa hayvonlarga nisbatan oʻrganadigan qiyosiy psixologiya, shuningdek, hissiyotlarning fizik mexanizmini, shuningdek, neyron va ruhiy ishlov berishni oʻz ichiga oladi. Asrlar mobaynida biologik psixologiyada asosiy masala miyadagi funktsional funksiyalarni qanday joylashtirish mumkinligi va qanday qilib joylashtirilishi edi. Zamonaviy nevropsikologiyani 1870-yillarda Fransiyada Pol Broca chap frontal girusga nutq ishlab chiqarishni kashf etgan va bu bilan miya funksiyasining yarim sharni lateralizatsiyasini namoyish etgan. Koʻp oʻtmay, Karl Vernicke nutqni tushunish uchun zarur boʻlgan sohani aniqladi.

  • Vohidov M., Maktabgacha tarbiya psixologiyasi, T., 1970;
  • Davletshin M., Krbiliyat va uning diagnostikasi, T., 1979;
  • Tokareva V., Talaba shaxsining axloqiy rivojlanish psixologiyasi, T., 1989;
  • Gʻoziyev E., Psixologiya fani XXI ayerda, T., 2002;
  • Gʻoziyev E., Psixologiya, T., 2003;
  • Qodirov B., Layoqat psixologiyasi, T., 1989;
  • Shoumarov Gʻ., Oila psixologiyasi, T., 2000;
  • Karimova V., Ijtimoiy psixologiya, T., 1994.
  • Ergash Gʻoziyev.[1]
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil