Kontent qismiga oʻtish

Deduksiya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Deduksiya (mantiq)dan yoʻnaltirildi)

Deduksiya – oldindan mavjud bo’lgan bir umumiy haqiqat, umumiy prinsipning o’ziga xos tartibli fikrlash va mantiq qoidalariga asoslangan holda, maydaroq, yakka holatlarga tatbiq qilinishiga aytiladi. Deduksiyada umumiy bir gipoteza hayotdagi mavjud yakka holatlar orqali tekshirib chiqiladi. Bu umumiy prinsip oldindan mavjud va holatlarni faqatgina bu prinsipni tekshirish, tatbiq qilish uchungina o’rganiladi. Bu yerda birlamchi o’rinda mantiq turadi; tajriba esa ikkilamchi hisoblanadi.

Deduksiya (lotincha: deductio — xulosa chiqarish) — mantiq qoidalariga koʻra xulosa chiqarish. Dastlab formal mantiqda umumiylikdan xususiylik, ayrimlik tomon muhokama yuritish deduksiya deb atalgan. Masalan, "Barcha metallar elektr o`tkazuvchandir" (umumiy) va "Mis — metall" degan ikki hukm (asos)dan deduktiv yo`l bilan "Mis elektr o`tkazuvchandir" degan xususiy yangi hukm (xulosa) chiqariladi. Induksiyaning qarama-qarshisi. Mantiqqa oid adabiyotlarda "deduksiya" atamasini birinchi bor rimlik mantiqshunos faylasuf Boetsiy (480— 524) ishlatganligini taʼkidlaydilar. Biroq bu taʼlimot sillogizm shaklida birinchi bor Aristotelning "Birinchi analitika" asarida tahlil qilingan. Keyinchalik deduksiya tushunchasini R. Dekart, G. Leybnits kabi faylasuflar rivojlantirdilar. Oʻrta asrlar arab falsafasida Kindiy, Roziy, Gʻazzoliy, Ibn Rushd tomonidan Ddeduksiyaga alohida eʼtibor berilgan. Unga yangi bilim berish vositasi deb qaraganlar. Forobiy, Ibn Sino Aristotelning deduktiv mantigʻiga yangilik kiritib, mantiqning sillogizm shaklinigina emas, balki shartli, ayiruvchi kabi shakllarini ishlab chiqdilar. Xulosa chiqarishning yangi (yuqoridagi) usullarini yaratdilar.

Hozirgi zamon fanida "D." termini keng maʼnoda qoʻllanilib, muayyan hukmdan mantiq qonunlari asosida xulosa chiqarish tushuniladi. Agar asos qilib olingan hukm haqiqiy va D. qonunlariga rioya qilingan boʻlsa, undan chiqariladigan xulosa ham haqiqiy boʻladi. D.— isbotning asosiy vositasidir. Shuning uchun fandagi nazariyalar deduktiv metod natijasida yaratiladi. Odatda, deduktiv metod maʼlum sohada faktik materiallar toʻplangandan soʻng , ularni chuqur oʻrganish, tizimga solish va b. maqsadlarda qoʻllanadi. D. psixologiya va bilish nazariyasiga ham amal qiladi. D. psixologiya shaxsning individual tafakkuri jarayonini oʻrgansa, bilish nazariyasi ilmiy bilish metodi sifatida namoyon boʻladi. Deduktiv metod turli shakllarda, xususan, aksiomatik metod, shuningdek, gipotetik — deduktiv metod shaklida uchraydi. Mavjud faktik materiallardan deduktiv yoʻl bilan nazariya yaratishda asos boʻladigan fikrlar majmuasi (aksioma va b.) tanlab olinib, mantiq qonunlari asosida ulardan boshqa bilimlar hosil qilinadi.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil