Kontent qismiga oʻtish

Koreya

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Koreya (koreyscha Choson — Tonggi tarovat) — Sharqiy Osiyodagi mamlakat. Asosan, Koreya yarim oroli va uning materikka tutashgan qismida hamda 3,5 mingga yaqin orolda joylashgan. Koreyani sharqdan Yapon dengizi, gʻarbdan Sariq dengiz oʻrab olgan, janubda Koreya boʻgʻozi uni Yaponiyadan ajratib turadi. Dengiz chegaralari 8,7 ming km. Shimolida Xitoy va Rossiya Federatsiyasi bilan chegaradosh. Quruqlik chegaralari 1,3 ming km. Maydoni 219 ming 20 km², aholisi 69,87 mln. kishi (2001).

Yarim orolning shimol qismida va qisman materikda Koreya Xalq Demokratik Respublikasi, yarim orolning janub qismida Koreya Respublikasi joylashgan.

Koreya — bir millatli mamlakat; aholisining 99% dan ortigʻi koreyslar. Dindorlari buddaviylik, konfutsiylikka va, qisman, xristian diniga eʼtiqod qiladi. Rasmiy tili — koreys tili.

Sharqiy qirgʻogʻi togʻlik. Kemachilik uchun eng qulay buxtalari shimol qismida. Tabiiy gavanlari janub qirgʻoqda. Gʻarbiy sohili, asosan, tekislik, ammo koʻp boʻlakka boʻlingan. Koreyaning aksari qismi togʻlik. Shimolida Shimoliy Koreya togʻlari (balandligi 2744 m gacha) va katta yassi togʻlar, Koreya yarim orolning sharqida Sharqiy Koreya togʻlari, janubda shu togʻlarning janub-gʻarbiy tarmoqlari, 36° shahri k.dan janubda esa Janubiy Koreya togʻlari bor. Koreya hududining 1/4 qismini pasttekislik va tekisliklar tashkil etadi. Koreya, asosan, tokembriy granitlari, gneyslar va metamorfik slanets qatlamlaridan iborat. Koreyada 100 ga yaqin temir ruda koni, polimetall konlari, volfram, xrom, kobalt, nikel, oltin va kumush rudasi konlari, bundan tashqari, grafit, magnezit, toshkoʻmir kabi noruda qazilma konlari ham bor.

Dengiz iqlimi, shimolda oʻzgaruvchan, koʻp qismida moʻʼtadil, janubda subtropik. Eng issiq oy (avg.)ning oʻrtacha temperaturasi 22—26°, yanvarniki — 21° dan +4° gacha, togʻlarda — 40° gacha. Oʻrtacha yillik yogin 700–1500 mm. Daryo koʻp, ammo kichik, qor va yomgʻir suvlaridan toʻyinadi. Asosiy daryolari: Amnokkan, Tumangan, Naktongan, Tedongan va Xangan. Yirik daryolarining quyi oqimidagina kema qatnaydi. Qoʻngʻir oʻrmon tuprogʻi, kizil, sariq, unumdor allyuvial tuproqlar uchraydi. Yer yuzasining 70%dan koʻprogʻi oʻrmon va butazorlar bilan qoplangan. Togʻ etaqlarida shumtol, kashtan, yuqorirogʻida qoraqaragʻay, qaragʻay, kedr va boshqa oʻsadi. 300 m gacha baland joylarda doim yashil oʻsimliklar bor. Hayvonlardan yoʻlbars, qoplon, qora va qoʻngʻir ayiqlar, bugʻu, parrandalardan esa tustovuq, oʻrdak va boshqa yashaydi. Baliqning 75 turi mavjud.

Koreya yarim orolida odamlar soʻnggi paleolit davridan yashaydi. Miloddan avvalgi 5— 4-asrlarda tashkil topgan Choson birinchi koreys davlatidir. Miloddan avvalgi 109 yilda Xan davlati (Xitoy) Chosonni bosib oldi. Xitoy bosqinchilariga qarshi kurash davomida (milodning boshlarida) Koguryo, Pekche, Silla va boshqa davlatlar paydo boʻldi. Milodiy 313 yilda Koguryo xitoylarni batamom surib chiqardi va har jihatdan rivojlangan qudratli dashtatga aylandi.

Bu davrda dehqonchilik, metall quyish va ishlash, toʻqimachilik, hunarmandchilik, savdo-sotiq va hokazolar rivojlandi. 9-asrda tarqoqlik davri boshlandi. 935 yilda Koryo (Koreya nomi shundan) davlatining asoschisi Van Gon mamlakatni birlashtirdi. 10-asr oxirlariga kelib markazlashgan davlat paydo boʻldi. 1231-yil moʻgʻul qoʻshinlari Koreyaga bostirib kirdi va Yuan imperiyasini tuzdi. 14-asr oʻrtalarida Koryo unga boʻysunishdan bosh tortdi. 1359—62 yillarda xitoy istilochilari bosqinini qaytardi. 1392-yil lashkarboshi Li Son Ge Koryoga van qilib tayinlandi, Li sulolasi (1392—1910)ga asos solindi. Koryo davlati Choson nomini oldi, poytaxti esa Kegyondan Xanson (19-asr oxiridan Seul)ga koʻchirildi. 15-asr oʻrtalarida iqgisodiy va madaniy jihatdan yuksaldi.

Yapon va manjur bosqinchilari hujumi davrida (16-asr oxiri — 17-asr ning 1-yarmi) davlatning ahvoli ogʻirlashdi. 1592—98 yillarda Choson xalqi oʻz ozodligi uchun kurashdi va yapon bosqinchilarini mamlakatdan quvib chiqardi. Manjurlarning 1627 va 1636-yillardagi bosqinchilik urushlari natijasida mamlakat ancha vayron boʻldi. 18-asr oxiridan mehnatkashlarning hukmdor tabaqaga qarshi yirik qoʻzgʻolonlari boʻlib oʻtdi. 19-asr ning 60-yillarida xalq ommasining erksevarlik qarashlarini ifoda etgan Tonhaq diniy mazhabi vujudga keldi. 60—70-yillarda Yaponiya Koreyani asoratli Kanxva shartnomasini tuzishga majbur qildi. Soʻngra AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Rossiya, Fransiya va boshqa davlatlar ham Koreya bilan shunday bitimlar toʻzishdi. 1904—05 yillardagi rus-yapon urushi davrida Yaponiya Koreyani bosib olib, mamlakat ustidan nazorat oʻrnatdi. Koreya aholisi yapon bosqinchilariga qarshi qattiq kurash olib bordi. Yapon hukmronligi joriy etilgan davr (1910—45)da Koreya Yaponiyaning xom ashyo makoni va bozoriga aylantirildi, nihoyat, Koreya Yaponiya imperiyasi tarkibiga qoʻshib olindi.

1917-yilda ish tashlash, talabalarning norozilik harakatlari boʻlib oʻtdi. 1919-yil mart — apreldagi umummillat qoʻzgʻolonida ishchilar, dehqonlar va mahalliy savdo-sanoat doiralari (jami 2 mln.dan ortiq kishi) faol qatnashdi. Bu voqealardan choʻchigan yapon maʼmurlari oʻsha yil avgustda "oʻz-oʻzini boshqarish tizimi"ni joriy etish va boshqalardan iborat islohot dasturini eʼlon qildi. Sanoatning oʻsishi ishchilar safining kengayishiga sabab boʻldi. 20-yillardan kasaba uyushmalari va boshqa ommaviy jamoat tashkilotlari vujudga kela boshladi. 1925—28 yillarda ishchilar 349-marta ish tashladi va koʻpi ularning gʻalabasi bilan tugadi.

1929—33 yillardagi jahon iqtisodiy boʻhroni davrida dehqonlar, mayda va oʻrta tadbirkorlarning ahvoli ogʻirlashdi. 1930—32 yillarda 517-marta ishchilarning ish tashlashi, 237-marta dehqonlar qoʻzgʻoloni, oʻquvchi yoshlarning namoyishlari boʻlib utdi. Ikkinchi jahon urushida Koreya xalqi yapon mustamlakachilariga qarshi kurashdi. Bu urushda Yaponiyaning magʻlubiyati natijasida uning Koreyadagi hukmronligi barham topdi.

1945-yil avgustda Koreyaning 38-paralleldan shimol qismi Sovet Armiyasi tomonidan ozod qilindi. Shu yil sentabr oyining boshlarida AQSH qoʻshinlari Koreyaning janubni ishgʻol qildi. Ittifoqchilarning qarorida 38-parallel Sovet va Amerika qoʻshinlari oʻrtasidagi chegara chizigʻi boʻlib qolishi belgilangan edi. 1945-yil dekabrdasobiq SSSR, AQSH va Buyuk Britaniya tashqi ishlar vazirlarining Moskva kengashi Koreyani vasiylikka olish haqida qaror qabul qildi (gomindanchilar hukmronligidagi Xitoy ham keyinchalik shu qarorga qoʻshildi). Kengash Koreyani yagona demokratik mustaqil davlat sifatida qayta tiklashni nazarda toʻtib, Koreyaning muvaqqat markaziy hukumatini tuzish fikrini bildirdi. Aniq taqliflarni tayyorlash Sovet va Amerika qoʻmondonligi vakillaridan iborat qoʻshma komissiyaga topshirildi. Komissiya 1946—47 yillar mobaynida ishladi, ammo keskin ixtiloflar sababli oʻz zimmasidagi vazifani bajara olmadi.

1948-yil 15 avgustda Seulda Koreya Respublikasi (KR), 9-sentabrda Pxenyanda Koreya Xalq Demokratik Respublikasi (KXDR) tuzilganligi rasmiy ravishda eʼlon qilindi. 1948-yil sentabrda Sovet Ittifoqi KXDR Oliy xalq majlisining murojaatini qondirib, oʻz qoʻshinlarini uning hududidan olib chiqib ketdi. AQSH Janubiy Koreyadagi qoʻshinlarini 1949-yil oʻrtalarida olib ketdi.

Mamlakatni birlashtirish borasida KXDR bilan KR oʻrtasidagi keskin oʻzaro qarama-qarshilik oqibatida ikkala tomonning aybi bilan koʻp martalab qurolli toʻqnashuvlar boʻldi. Bu mojarolar 1949-yilning 2-yarmidan boshlab, ayniqsa, shiddatli tus oldi, natijada, 1950-yilda toʻla miqyosli urush harakatlari boshlanib ketdi. Oʻsha yili 25-iyunda BMT Xavfsizlik Kengashida SSSR vakili qatnashmagan paytda KXDRni KRga qarshi tajovoʻz qilishda ayblovchi qaror qabul qilindi va 2 kundan keyin BMT ga aʼzo davlatlarni KRga shoshilinch yordam berishga chaqiruvchi yana bir qaror qabul etildi.

Xalqaro kuchlar tomonidan KXDRga taxlikali xavf tugʻilgach, Xitoy xalq koʻngillilari (salkam 1 mln. kishi) Shimoliy Koreyaga yordamga keldi. Shiddatli janglardan keyin 1951-yil oʻrtalarida ikkala tomon urushda gʻalaba qozonish imkoni yoʻkligini anglab, mudofaaga oʻtdi va muzoqara boshlashga majbur boʻldi. 1953-yil 27-iyulda Koreyada yarash toʻgʻrisida bitim imzolandi. KXDR bilan KR oʻrtasida 4 km kenglikda qurolsiz mintaqa oʻrnatildi.

Uch yillik urush mamlakatni abgor qildi, uning iqtisodiyotiga katta putur yetkazdi. Millionlab kishilarning oilalari boʻlinib ketdi. Bu birodarkushlik urushi Shimoliy bilan Janubiyning ajralishini yanada kuchaytirdi.

1970-yillarning boshlaridan KXDR bilan KR oʻzaro munosabatlarni tartibga solish yoʻllarini izlash va mamlakatni qayta birlashtirishga erishish maqsadida muloqot qilib keldi. 1991-yil sentabrda ikkala koreys davlati BMTga qabul etildi. Oʻsha yil dekabrda KXDR bilan KR oʻrtasida yarashish, hujum qilmaslik, hamkorlik va mol ayirboshlash haqida bitim, 1992-yil fevralda Koreya yarim orolning parchalanmasligi toʻgʻrisida Qoʻshma deklaratsiya imzolandi. Nihoyat, 2000-yil iyunida KR prezidenti KXDR ga tashrif buyurdi va Shimoliy bilan Janubiy oʻrtasida iliq munosabatlar va hamkorlik boshlashga qaror qilindi.

Fani va ilmiy muassasalari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Koreya — qadimdan ilm-fan yuksak darajada rivojlangan mamlakat. 6—7-asrlardayoq astronomiya va meteorologiya kuzatuvlari olib borilgan, murakkab inshootlar qurilgan. 632—647 yillarda Sha-rqiy Osiyoda eng qad. rasadxona minorasi — Chxomsonde barpo etilgan. 718 yilda Koreyada soat kashf qilingan. 682 i. Sillada "Kukhaq" davlat oliy bilim yurti ochilgan va 717 yildan tibbiyot, mat., 794 yil dan astronomiya oʻqitila boshlagan. 11—13-asrlarda chinni idishlar va asboblar ishlab chiqarish rivojlangan. Shu davrda koreyslar xitoy ksilografiyasini oʻrganib, shu usulda 6 ming jilddan iborat budda qonunini nashrdan chiqardi. 1234—41 yillarda bosmaxonalarda metall harflar ishlatila boshladi.

15-asr oʻrtalaridan amaliy fanlar rivojlandi. Koreya olimlari "Dehqonchilik ilmi" nomli asarda oʻsha davr agronomiya bilimlari haqida maʼlumot berganlar. Yan Son Ji va boshqa-Koryoning tarixiy geogr. haritasini tuzishdi (1451). 1445-yil tibbiyot ensiklopediyasi nashr etildi. 15—17-asrlarda tabiiy-ilmiy asarlar, jumladan, turli soha ensiklopediyalari paydo boʻldi. 15—16-asrlarda harbiy texnika sohasida katta muvaffaqiyatlarga erishildi. Li Sun Sin qarbiy kemalar, artilleriya qurollari tuzilishini takomillashtirdi. 19-asr da mat., astronomiya va terapiyaga oid ilmiy asarlar yaratildi. Koreyada falsafa, tarix, tilshunoslik fanlari ham qad. anʼanalarga ega. Koreyani Yaponiya bosib olganidan keyin ilm-fan rivoji toʻxtab qoldi.

Adabiyoti milodning avvalida qad. Koreya folkloridan rivojlana boshlagan. 19-asr oxirigacha badiiy asarlar koreys tilida va xanmun — xitoy adabiy tilining koreyslashtirilgan shaklida yaratilgan. Xitoy iyeroglifi, keyinroq koreys alifbosida yozilgan "Ona-vatan qoʻshiqlari" (7—11-asrlar) Koreya adabiyotining qad. namunasidir, 11 — 14-asrlarda uning davomi — "Kore qoʻshiqlari" yaratildi. Sheʼriyatning vujudga kelishida Chxve Chxi Von (857) muhim rol oʻynadi. Li In No uni yanada rivojlantirdi. Badiiy nasr asta-sekin tarixiy adabiyotdan ajralib chiqdi. Novella janriga Kim Si Sip (1435— 93) asos soldi. 1487-yil So Go Jon (1420—88) 130 kitobdan iborat "Sharq antologiyasi"ni tuzdi. Lim Je (1549— 87) satirik qissalar yozdi. 16—17-asrlarda tabiat goʻzalliklarini madh etuvchi va falsafiy sheʼriyat ravnak, topdi. 17—19-asrlarda koreys tilida koʻplab qissalar yozildi, dastlabki romanlar paydo boʻla boshladi, yangi nasr shakllandi. Dastlabki erkin sheʼrlarni Chxve Nam Son va Kim Ok yozdi. Yaponiya xukmronligi davrida adabiyotning taraqqiyoti vaqtincha toʻxtab qoldi; koʻpgina yozuvchilar qatagonga uchradi. 1919-yil qoʻzgʻoloni bostirilgandan keyin har xil dekadentlik yoʻnalishlari koʻpaydi. Realistik romanlar paydo boʻldi (1934). Yapon reaksiyasi kuchaygan davrda tarixiy roman janri ommalashdi (30-yillarning 2-yarmi). Yaponiyaga qarshi xalq lashkarlari uchun jangovar inqilobiy sheʼrlar, qoʻshikdar va kichik pyesalar yaratildi (1930-40).

Neolit davridan yarim yertoʻla qoldiklari, milod boshlaridan sagʻanalar, daxmalar, 7-asrdan Kyonju yaqinidagi Chxomsonde rasadxonasi qolgan. 8-asrdan shaharlar, shu jumladan, poytaxt — Kyonju jadal qurila boshladi, ibodatxona majmualari, pagodalar (gʻor shaklidagi Sokkoʻram ibodatxonasi, Pulguks majmuasi) barpo etildi. Kore davlati davrida murakkab shaklli, naqshin pagoda va monastirlar qad koʻtardi, dunyoviy inshootlar (hukmdorlarning saroylari) bunyod etildi. Li sulolasi zamonlarida qurilgan muhtasham majmualar yogʻoch hamda tosh oʻymakorligi va naqqoshligi usulida bezatildi. Diniy inshootlar hashamat bilan ziynatlandi. Xalq esa tosh, loy va yogʻochdan yasalgan pastqam uylarda yashardi. Imoratlarni janubga, yaʼni oftobga qaratib qurish urf boʻldi. Yaponiya mustamlaka hukmronligi davri (1910—45)da Yevropa va Yaponiya meʼmorligi ruhida imoratlar qurildi.

Tasviriy sanʼati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Koreyslar qad. zamonlardan rangtasvir bilan shugʻullana boshlaganlar. Neolit davriga mansub sopol idishlar qoldiqlari topilgan. Metall qurollar va gulli sopol idishlar miloddan avvalgi 1-asrga taalluqli. Milodning boshlarida Koreyaning badiiy madaniyati ancha rivojlanib, Yaponiya sanʼatiga taʼsir oʻtkazdi va oʻz navbatida Xitoy sanʼati taʼsiridan bahramand boʻldi. 3—7-asrlarda daxmalar koʻpincha yer osti inshooti tarzida qurilar, devor va shiftlarda afsonalar mazmunidagi bazmi jamshid, tantanali marosim sahnalari tasvirlanardi. Amaliy bezak sanʼatida chavandozlar, uychalar, hukmdorlarning oltin tojlari yasaldi. Haykaltaroshlik rivoj topdi. Tosh va metallarni yoʻnib ishlash, shoyi toʻqish, tush va boʻyoq bilan rangbarang rasmlar solish avj oldi. Sopol va chinni buyumlar koʻplab ishlandi. Li sulolasi davrida saroy an-sambllari vujudga keldi.

Oʻziga xos rassomlik akademiyasi — Toxvaso (14-asr) tasviriy sanʼatning rivojlanishida katta rol oʻynagan. 15—17-asrlarda yirik rassomlar, 18-asrda manzarachilar va portretchilar paydo boʻldi. 19-asr oxiriga kelib, moyli boʻyoq ishlatila boshladi. Chinni va sopol buyumlar ishlash takomillashdi. Sanʼatning barcha sohalarida 20-asrdan Gʻarb uslublari va anʼanalari taʼsiri kuchaydi.

Musiqasining lad tuzilishi pentatonikata asoslangan. Musiqa ijtimoiy hayot va diniy marosimlarda muhim rol oʻynagan. 3—9-asrlarda saroyda xor va cholgʻu ansambllari konsertlar bergan, musiqiy tomoshalar koʻrsatilgan. 6-asrdan komoʻngo, tegim, pxiri, kayagim singari torli cholgʻu asboblar keng tarqalgan. Qad. 60 turdagi cholgu asbobidan 45 turi hozirgi gacha yangrab kelayotir. Son Xyon va boshqa koreys musiqa ensiklopediyasi — "Musiqashunoslik asoslari"ni tuzdilar (1493). Imperator saroy i huzurida xonanda va sozandalar, raqqos va raqqosalardan iborat ansambllar boʻlgan. 16-asrning 2-yarmidan boshlab, urushlar va bosqinchiliklar taʼsirida Koreya musiqasi tushkunlikka uchradi, faqat xalq qoʻshiqlari janri rivojlandi. 19-asrning 2-yarmida musiqali drama janri — chxangik rivojlanib, keyinchalik milliy opera paydo boʻldi. 20-asr boshlarida Koreyaga Yevropa musiqasi kirib kela boshladi.

Teatr tomoshalarining unsurlari qad. marosim qoʻshiqlari va oʻyinlarida saqlanib kelgan. Miloddan avvalgi 3-asrda mavjud boʻlgan ibtidoiy teatrlarda tabiat hodisalari va mehnat jarayonini tasvirlovchi tomoshalar koʻrsatilgan. 14—15-asrlarda xalq niqob teatri va qoʻgʻirchoq teatri vujudga keldi. Professional aktyor-kvandelar xalq teatrini rivojlantirishga koʻmaqlashadilar. 19-asrda professional teatr tashkil topdi. Yaponiyada oʻqib kelgan Koreya talabalari 1921-yil "Drama sanʼati uyushmasi" truppasini tuzdilar. 1930-yil Pxenyanda "Machxi", Teguda "Koʻcha teatri", Kesonda "Ommaviy teatr" (1931), Masanda Drama sanʼati jamiyati (1932), Pxenyanda "Kelajak teatri" (1932) va boshqa vujudga keldi.

Koreyada havaskorlar tomonidan 1921-yil Yun Ben Nam rahbarligida "Oy nuri ostidagi qasam" nomli birinchi film suratga olingan. 20-yillarning 2-yarmida xalqning ogʻir ahvolini aks ettiruvchi kinofilmlar ("Sayoq", "Nim qorongʻi koʻcha" va boshqalar) koʻrsatilgan. Milliy ilgʻor kinosanʼatining rivojlanishida rej., ssenariychi va aktyor Na Un Gyuning hissasi katta. U "Ariran" (1926), "Muhabbat izlab" (1928), "Egasiz parom" (1932) va boshqa filmlarda mustamlakachilar zulmiga, ijtimoiy tengsizlikka qarshi kurashni aks ettirgan. 40-yillarda Koreya kinematografiyasi Yaponiya nazorati ostida boʻldi, asosan, nemis, italyan va yapon filmlari namoyish qilindi[1].

  1. „Koreya“ OʻzME. K-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil