Kontent qismiga oʻtish

Jez davri

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Bronza asridan yoʻnaltirildi)

Jez davri (miloddan avvalgi 2— 1-ming yillik) — ibtidoiy jamoa davrida jezdan mehnat qurollari ishlangan tarixiy bosqich. Ibtidoiy odamlar bir necha yuz va ming yillar davomida mehnat qurollarini faqat toshdan yasab keldilar. Miloddan avvalgi 4-ming yillikning boshlariga kelib, ayrim joylarda (Oʻzbekiston yerlarida miloddan avvalgi 3-ming yillik oxiri — 2-ming yillikda) turli zeb-ziynat bezaklarini, baʼzi mehnat qurollarini misdan yasay boshlaydilar. Bu davrda misdan yasalgan mehnat qurollari moʻrt va yumshoq boʻlganligidan mustahkamroq qotishma olish uchun izlanish davom etgan va maʼlum davrdan soʻng qalayni misga qorishtirib jez (bronza) kashf etildi. Natijada mehnat qurollarining turi koʻpaydi, jezdan keskirroq tigʻli qurol-yarogʻlar, roʻzgʻor va kosmetika buyumlari, maʼbudalar, naqshdor muhrlar yasala boshladi. Ovchilik va terimchilik ijtimoiy va iqtisodiy hayotda oʻzining dastlabki ahamiyatini yoʻqotdi. Ot, eshak, tuya va hoʻkizdan transport vositasi sifatida foydalanildi. Hayvonlarga qoʻshiladigan aravalar vujudga keldi.

Bu davrda xoʻjalikning, asosan, yaylov chorvachiligi va dehqonchilikka asoslangan ishlab chiqarish shakli qaror topdi. Amudaryo va Zarafshonning quyi qismi, Fargʻona vodiysining shimoli-sharqiy qismi va jan. Surxon vohasi tabiiy geografik jihatdan qad. dehqonchilikning kelib chiqishi va rivojlanishi uchun qulay boʻlgan. Atrofdagi choʻl va dashtlarda, asosan, chorvador qabilalar yashagan. Bu davrda Oʻzbekiston janubiy va Afgʻoniston shimolida rivojlangan Baqtriya (Amudaryo boʻyi) dehqonchilik madaniyati vujudga keldi. Oʻzbekistonda uchta asosiy dehqonchilik vohasi — Sherobod, Shoʻrchi va Bandixon shakllangan. Bu joylarda qad. ilk shahar madaniyati shakllana boshlagan. Jez davriga mansub Sopollitepa, Mirshodi, Moʻlali, Jarqoʻton kabi urugʻ jamoasining turar joylari — qishloq qoʻrgʻonlari, ilk shaharlari va qabrlar topilgan. Ularning baʼzilari qalʼali, mustaxkamlangan va ayrimlari mustahkamlanmagan. Dehqonlar vohalarda bugʻdoy, arpa, suli, paxta yetishtirganlar. Uylardan don omborxonalari, yorgʻuchoqlar, ketmoncha, hovoncha dastalari topilgan. Kulolchilikda charxdan foydalanganlar. Sopollitepadan topilgan ashyolar aholining oʻsha davrdagi hunarmandchiligi, turmushi, sanʼati haqida boy material berdi. Bu yerda murakkab va oʻziga xos 3 qatorli mudofaa devori boʻlgan, maydoni qariyb 1 ga kvadrat shakldagi qoʻrgʻon qazib ochildi. Qoʻrgʻondagi mahallalar koʻchalar bilan boʻlingan. Uylarda moʻrili oʻchoq, ayrim xonalarda sandal oʻrni, ganch suvoq qoldiqlari topildi. Topilmalar hunarmandchilik, xususan, metallurgiya (mehnat va mudofaa qurollari, idishlar, bezak, koʻzgu), kulolchilik, toʻqimachilik (ip va ipakdan toʻqilgan mato qoldiqlari), yogʻochsozlik (qurilish konstruksiyalari, uy jihozlari) va boshqa yuksak rivojlanganligini koʻrsatdi. Qalʼada 20 dan ziyod kulolchilik xumdoni ochib oʻrganildi. Kulolchilikda yuqori sifatli nafis idishlar (qadah, koʻza, xum, choynak, piyola, kosa, lagan va hokazo) tayyorlangan.

Xorazmda miloddan avvalgi 2-ming yillikning 2-yarmida Jez davrining Tozabogʻyop madaniyati mavjud boʻlgan. Bu madaniyat Burgut shalʼa vohasidagi Tozabogʻyop kanali yaqinidan topilgan. Dehqonchilik va irrigatsiya tarmoqlari ancha rivojlanganligi bilan farq qiladi (Ongqa-2, Qavat-3 makonlari, Koʻkcha-3 va boshqa mozorqoʻrgʻonlar). Aholi, asosan, choʻl, zonalarida tomi qamish bilan yopilgan kulba va yarim yertoʻlali chaylalarda yashagan, xonaki chorvachilik, zaxkash va nam yerlarda obikor dehqonchilik bilan shugʻullangan. Bu davrda metall quyish texnikasi yuksak boʻlgan. Yassi tubli chizma boshoqsimon naqshlangan idishlar topilgan. Jez metallurgiyasi keng rivojlangan. Xorazmda soʻnggi jez — ilk temir davriga Suvyorgan (miloddan avvalgi 2-ming yillik) va Amirobod (miloddan avvalgi 1-ming yillik boshi) madaniyatlari mansub. Suvyorgan madaniyati qabilalari yogʻoch ustunli toʻgʻri burchakli chaylalarda yashagan. Oʻchoq atrofidan sirti qizilga boʻyalgan sopol idishlar topilgan. Topilmalar ichida mikrolitlar koʻp uchraydi. Bu madaniyat 3 bosqichni (Qamishli, Bozor, qalʼa, Qovunchi) oʻtgan. Urugʻ jamoalari ovchilik, podachilik va dehqonchilik bilan shugʻullangan. Ijtimoiy hayotda dastlab ona urugʻi anʼanalari kuchli boʻlgan, lekin keyingi ikki bosqichda erkaklarning jamoadagi mavqei ortgan. Ayollar erlarga iqtisodiy jihatdan karam boʻla bordi. Katta oila jamoalarida ota huquqi qaror topib mustahkamlandi. Endi qarindoshlik otaga qarab belgilandi, urugʻlar ichidagi munosabatlar otaning iqtisodiy va ququqiy hukmronligi asosida qurilib, bolalar ota mulkiga merosxoʻr boʻla boshladi. Amirobod madaniyati odamlari yarim yertoʻla uylarda yashagan, uylarning markazida katta oʻchoq boʻlgan. Sopol idishlari tagi yassi, dagʻal ishlanib, boshoqsimon naqsh berilgan. Aholi urugʻ jamoalariga birlashib dehqonchilik va chorvachilik bilan shugʻullangan. Sugʻorish tarmoqlari yaxshi rivojlangan. Yakkaporson-2 dan jez igna, oʻroq, suyak dastali bigiz, oʻq-yoy paykonlari topilgan.

Fargʻona vodiysida soʻnggi Jez davriga mansub Chuyet madaniyati aholisining asosiy mashgʻuloti dehqonchilik, chorvachilikdan iborat boʻlgan. Xom gʻishtdan uylar yasalgan, mudofaa inshootlari qad koʻtargan. (qarang Dalvarzintepa).

Quyi Zarafshonning Zamonbobo madaniyati soʻnggi Jez davrining Andropove madaniyatita juda yaqindir. Andronovo madaniyatining yuqori bosqichiga mansub yodgorliklar Xorazmda, Toshkentdagi Koʻkcha mozorida, Buxoro viloyati Qorakoʻl tumanida, Urgut tumanining Moʻminobod qishlogʻida, Chirchiq daryosi boʻyida — Achchiqkoʻl va Sergeli tepalarida topilgan. Toshkent vohasida soʻnggi jez — ilk temir davri Burganli madaniyatida aksini topgan. Bu vaqtda ibtidoiy jamoa davri shiddat bilan yemirilib, qabilalar oʻrtasida dastlabki sinfiy munosabatlar vujudga keldi.

Juda keng tadqiqotlar natijasida shu narsa aniqlandiki, miloddan avvalgi 2-ming yillikning oxiri va 1-ming yillikning birinchi choragida Oʻrta Osiyo hududida dastlabki qad. davlat tuzilmalarining paydo boʻlishi kuzatiladi. Qarnab choʻldan shu madaniyatga oid qad. maʼdan konini topilishi (1999) qadimgi Xorazmdagi davlatchilikning iqtisodiy negizlari kuchli boʻlganidan dalolat beradi.

[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil