Surxondaryo (daryo)
Bu maqolada manbalar <ref></ref> teglariga olinmagan yoki umuman koʻrsatilmagan. |
Surxondaryo | |
---|---|
Surxondaryoo Janubiy Surxon suv ombori pastida | |
Tavsif | |
Uzunligi | 175 |
Suv sarfi | 65,8 m³/s |
Davlat | Oʻzbekiston |
Surxondaryo — Surxondaryo viloyatidagi daryo, Amudaryoning oxirgi oʻng irmogʻi. Qorovultepa qishlogʻidan bir oz yuqoriroqda Toʻpolondaryo bilan Qoratogʻdaryoning qoʻshilishidan hosil boʻladi. Boysun va Bobotogʻ tizmalari oraligʻidan janubi-gʻarb tomon oqib borib, Termiz sh. yonida Amudaryoga quyiladi. Uzunligi 175 km (Toʻpolondaryoning boshlanish joyidan esa 297 km), havzasining maydoni 13500 km², togʻli qismi 8230 km². Surxondaryo havzasi shimolida Hisor togʻ tizmasi, gʻarb va janubi-gʻarbda Boysun togʻlari va sharqda Bobotogʻ bilan chegaralangan, janubida esa Amudaryo vodiysi bilan qoʻshilib ketgan. Eng yirik va sersuv irmoqlari Hisor togʻ tizmasidan boshlanadi. Suv sarfi oʻrtacha 120 m³/ sek., yillik suv hajmi 3,8 mlrd. m³, shuning 2,7 mlrd. m³ (yoki 70%) Hisor tizmasi yon bagʻirlarida hosil boʻladi. Surxondaryoning yirik irmoqlari — Toʻpolondaryo bilan Qoratogʻdaryo ham Hisor tizmasidan oqib tushadi. Surxondaryoga yirik irmoklardan yana Sangardakdaryo bilan Xoʻjaipok daryolari qoʻshiladi. Bir qancha mayda irmoklaridan tashqari yozda deyarli qurib qoladigan soy va jilgʻalar ham bor. Ulardan eng yiriklari Vaxshivordaryo (24 km), Konikon (32 km), Oqqopchigʻay (61 km), Okjarsoy (51 km) va Boysun (82 km) soylaridir.
Surxondaryo Boysun togʻlari bilan Bobotogʻ oraligʻida eni 30 km keladigan keng SurxonSherobod vodiysi boʻylab oqadi. Surxondaryo oʻzani hamma qismida tez yemiriluvchan yumshoq jinslardan tuzilgan. Shu sababdan Surxondaryoning oʻzani teztez oʻzgarib turadi. Quyi qismida daryo keng qayir boʻylab "daydib" oqadi, natijada eski oʻzan va ular orasidagi orollar yoʻqolib, yangilari paydo boʻladi. Qirgʻoqlari yemirilishi va oʻpirilib tushishi sababli koʻp joylarda tik jarlik shaklini olgan.
S qormuzlik suvlaridan toʻyinadi. May—iyunda sersuv, sentabr—oktabrda eng kamsuv boʻladi, Surxondaryoning etak qismida (Manguzar qishlogʻi yonida) yillik suv oqimining 69% mart—iyun, 20% iyulsentabr va 11 % oktabr — fevral oylarida oqib oʻtadi.
Surxondaryoning oʻrtacha koʻp yillik suv sarfi uning boshlanish qismida (Qorovultepa qishlogʻi yonida) 76,7m³/sek., 2,42 mlrd. m³, quyi oqimida (Manguzar qishlogʻi yonida) esa 68,2 m³/sek, yoki yiliga 2 mlrd. m³. Qorovultepa bilan Manguzar qishloqlari oraligʻida (164 km) Surxondaryo va irmoqlarining suvi koʻplab sugʻorishga olinadi. Shu ikki qishloq oraligʻida daryoga sizot suvlari (taxminan 20–25 m³/sek.) va partov suvlar kelib qoʻshiladi.
Surxondaryoning eng koʻp suv sarfi Qorovultepa yonida koʻpincha 250–350 m³/sek., Manguzar qishlogʻi yonida esa 350–450 m³/sek. oʻrtasida boʻladi. Lekin, ayrim yillari eng kup suv sarfi juda katta boʻlishi mumkin. Masalan, 1931-yil 29 aprelda Qorovultepa qishlogʻi yonida 600 m³/sek., Manguzar qishlogʻi yonida esa 700 m³/sek. ga yetgan. Eng kam oʻrtacha oylik suv sarfi daryoning yuqori qismida 12–13 m³/sek., quyi qismida esa 0,1 m³/sek.,ga tushib qoladi. Yoz oylarida Surxondaryo baʼzan etak qismida qurib qoladi.
Surxondaryo juda loyqa daryolardan. Boshlanish qismida uning har 1 m³ suvida oʻrtacha hisobda 0,9 kg loyqa oqiziq boʻladi. Daryo oʻzani tez yemirilganidan suvning loykaligi daryoning etagi tomon keskin orta boradi va Manguzar qishlogʻi yonida 1 m³ suvdagi loyqa oqiziq 2,9 kg ga yetadi. Loyqa oqiziqlarning oʻrtacha yillik miqdori Qorovultepa qishlogʻi yonida yiliga qariyb 1980 ming t, Manguzar qishlogʻi yonida esa 6030 ming t ga teng. Surxondaryo suvidan toʻlaroq foydalanish va yangi yerlarni oʻzlashtirish maqsadida Surxondaryo vodiysida suv omborlari va kanallar qurilgan. Surxondaryo havzasida ishlab turgan irrigatsiya tarmoklarining umumiy uz. 3164 km, kollektorzovurlar esa 1360 km. Shulardan eng yiriklari: Zang, Hazorbogʻ, Qumqoʻrgʻon, Kakaydi kanallari va boshqa; Uchqizil, Degrez va Janubiy Surxon suv omborlari qurilgan. Surxondaryo vodiysi yondosh Sherobod vodiysi bilan qoʻshilib ketgan. Surxondaryoning suvi SurxonSherobod kapali va Janubiy Surxon suv ombori orqali sugorishga sarflanmoqda.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |