Hayvonlar
Hayvonlar | |
---|---|
Binar nomi | |
(Linnaeus, 1758-yil) | |
Sinonimlari | |
|
Hayvonlar, hayvonot dunyosi – organik olam sistemasidagi yirik boʻlimlardan biri. Hayvonlarning bundan 1 – 1,5 milliard yil ilgari okean suvida mikroskopik, xlorofillsiz amyobasimon xivchinlilar shaklida paydo boʻlgani taxmin qilinadi. Hayvonlarning eng qadimgi qazilma qoldiqlari yoshi 0,8 milliard yildan oshmaydi. Koʻp hujayrali hayvonlar – boʻshliqichlilar, chuvalchanglar, tuban boʻgʻim-oyoqlilarning dastlabki qoldiqlari soʻnggi kembriy qatlamlaridan boshlab (mil.dan 690–570 million yil avval) uchraydi. Kembriy davri boshlarida (mil.dan 570–490 million yil avval) tashqi mineral skeletli (chigʻanoqli yoki xitinli) dengiz umurtqasizlarining koʻpchilik guruxlari (trilobitalar, jabraoyoqlilar, mollyuskalar, arxeotsiatlar) rivojlangan. Kembriyning oxirida tashqi skeletga ega boʻlgan umurtqasizlar (toʻgarak ogʻizlilartsht qadimgi ajdodlari) kelib chiqqan. Silurda (mil.dan 445–400 million yil avval) hayvonlar oʻsimliklar bilan bir vaqtda quruqtik yuzasini egallay boshlaydi. Silurning keyingi davrida, dastlabki chayonlar, devon oxiridan boshlab (mil.dan 400–345 million yil avval) dastlabki quruqlikda yashovchi umurtqalilar – suvda hamda quruqlikda yashovchilar rivojlangan. Karbon davrida (mil.dan 345–280 million yil avval) quruqlikda umurtqasizlardan hasharotlar, umurtqalilardan tuban tuzilishga ega boʻlgan sudralib yuruvchilar va suvda hamda quruqlikda yashovchilar, Mezozoyning trias, yura va boʻr davrlarida (mil.dan 230–66 million yil avval) sudralib yuruvchilar hukmronlik qilgan. Trias oʻrtalarida (mil.dan 230–195 million yil avval) dinozavrlar, bu davr oxirida sut emizuvchilar kelib chiqqan. Qushlar yura davrining oxiridan (mil.dan 195–136 million yil avval) maʼlum. Boʻr davrining oxiriga kelib (mil.dan 136– 66 million yil avval) koʻpchilik dengiz umurtqasizlari, dengiz va quruqlikda yashovchi sudralib yuruvchilar, jumladan. dinozavrlar qirilib ketadi; ular oʻrnini qushlar va sut emizuvchilar egallaydi.
Hayvonlar – geterotrof organizmlar, yaʼni ular tayyor organik moddalar bilan oziqlanadi. Hayvonlarda metabolizm faol kechishi tufayli ularning oʻsishi cheklangan. Evolyutsiya jarayonida har xil organlar funksional sistemasi: muskul, ayirish, nafas olish, qon aylanish, jinsiy va nerv sistemalarining shakllanishi hayvonlar uchun xos boʻlgan eng muhim xususiyatlardan hisoblanadi. Hayvonlar hujayrasi qattiq sellyuloza qobiqning boʻlishi bilan oʻsimliklardan farq qiladi. Biroq hayvonlar bilan oʻsimliklar oʻrtasidagi farq nisbiy. Masalan, bir hujayrali hayvonlarning muskul, nerv va boshqa sistemalari boʻlmaydi; koʻp hujayrali hayvonlar orasida ham oʻtroq yashaydiganlari koʻp (masalan, gʻovaktanlilar, boʻshliqichlilar, mshankalar, assidiyalar, koʻp tukli chuvalchanglar). Ayrim organizmlarni oziqlanish usuli (fotosintez) va harakatlanishiga binoan bir vaqtning oʻzida hayvonlarga ham, oʻsimliklarga ham kiritish mumkin (masalan, evglenasimonlar, volvokslar va boshqalar). Hayvonlar bilan oʻsimliklar oʻrtasida keskin chegaraning boʻlmasligi ularning kelib chiqishidagi umumiylik bilan bogʻliq. Hayvonlar va oʻsimliklarning hujayralardan tuzilganligi, ular tanasida boradigan moddalar almashinuvi jarayonining umumiyligi, irsiyat va oʻzgaruvchanlik qonuniyatlarining oʻxshashligi va boshqa ana shundan dalolat beradi.
Hayvonlar hujayraviy tuzilishga binoan bir hujayra va koʻp hujayralilarga ajratiladi. Bir hujayralilarda bitta hujayraning oʻzi tirik organizm uchun xos boʻlgan deyarli barcha xususiyatlarga ega. Tuban koʻp hujayralilar – plastinkasimonlar tanasi bir necha funksiyani (harakatlanish, qoplash, oziqlanish) bajaradigan, kam ixtisoslashgan hujayralardan iborat. Gʻovaktanlilar, boʻshliqichlilar, taroqlilar tanasi 2 qavat (ektoderma va entoderma) boʻlib joylashgan nisbatan ixtisoslashgan hujayralardan iborat, lekin toʻqima va haqiqiy organlar shakllanmagan; birmuncha murakkab tuzilgan. Hayvonlar toʻqima va organlari ontogenezda 3 ta murtak varaqlari (ektoderma, endoderma va mezoderma) hisobidan hosil boʻladi. Mas, ektodermadan nerv sistemasi. sezgi organlari, teri va uning hosilalari; endodermadan ichak, nafas organlari, sekretsiya bezlari; mezodermadan suyak, muskul, qon aylanish, ayirish sistemasi organlari shakllanadi.
Uch qavatli hayvonlar birlamchi ogʻizlilar (halqali chuvalchanglar, mollyuskalar, boʻgʻimoyokdilar) va ikkilamchi ogʻizlilar (ignatanalilar, xordalilar)ga ajratiladi. Anʼanaga koʻra barcha hayvonlar umurtqasizlar (koʻpchilik hayvonlar) va umurtqalilar (xordalilar)ga boʻlinadi. Tuzilishi va oʻzaro filogenetik bogʻlanishiga binoan hayvonot dunyosi kenja dunyo, tip, sinf va boshqa taksonlarga ajratiladi. Odatda, hayvonot dunyosi 16–25 (baʼzan 10–33 ta) tipga ajratiladi. Ayniqsa tuban tuzilgan umurtqasizlarni sistemaga solishda koʻp chalkashliklar mavjud. Masalan, 20-asrning 60-yillarigacha bir hujayralilar faqat bitta tip sifatida oʻrganilgan boʻlsa, hozirgi davrda bir necha (5–7 ta) tipga ajratiladi. Barcha koʻp hujayralilar tiplari (qarang Tip) bitta koʻp hujayralilar kenja dunyosiga, bir hujayralilar esa bir hujayralilar kenja dunyosiga kiritiladi. Hayvonlarning 1,5 million (boshqa maʼlumotlarga koʻra 3–4,5 million) turi maʼlum. Yer yuzida hayvonlar yaxshi oʻrganilmagan. Har yili toʻgarak chuvalchanglar, hasharotlardan yuzlab yangi turlar koʻrsatib berilmoqda. Aniqlangan hayvonlarning 2/3qismini hasharotlar tashkil etadi.
Tabiatda va odam hayotida hayvonlar katta ahamiyatga ega. Hayvonlar – barcha ekosistemalarda oziqlanish zanjirining asosiy tarkibiy qismi. Hayvonlar oʻsimliklar bilan oziqlanib, oʻzlashtirgan moddalarining yana tuproqqa qaytarilishiga, binobarin oʻsimliklarning oʻsishiga imkon beradi. Oʻsimlik va hayvonlar qoldigʻi bilan oziqlanadigan hayvonlar Yer yuzini organik qoldiqlardan tozalab, tabiiy sanitarlik vazifasini bajaradi. Yirtqich hayvonlar tabiatda zararkunanda hayvonlarning sonini cheklab turishga yordam beradi. Hayvonlar odam hayotida ham katta ahamiyatga ega. Ulardan bir qancha turlari ovlanadi; uy hayvonlari goʻsht, sut, jun, teri va boshqa qishloq xoʻjaligi mahsulotlari olish maqsadida va transport vositasi sifatida boqiladi. Hayvonlar orasida qishloq xoʻjaligi, odam va hayvonlarga ziyon keltiradigan parazit turlari ham koʻp. Odam faoliyatining tabiatga taʼsiri tobora kuchayib borishi bir xil turlar sonining keskin qisqarib ketishiga olib keldi. Ayrim maʼlumotlarga koʻra hozirgi davrda har kuni hayvonlarning bitta turi yoʻqolib bormoqda. Hayvonlarni muhofaza qilish va ulardan foydalanish maqsadida deyarli barcha mamlakatlarda qonunlar qabul qilingan; maxsus qoʻriqxonalar tashkil etilgan. Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobiga 184 hayvon turi kiritilgan.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Jizn jivotnix, t. 1—6, Moskva, 1968—1971.
- Mavlonov O., Xurramov Sh., Umurtqasizlar zoologiyasi, Toshkent, 1998.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |