Kontent qismiga oʻtish

Yaylov

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Yaylov — chorva mollari erkin (haydab) boqiladigan oʻtzor. Tabiiy va ekma oʻtzorlar mavjud. Tabiiy yaylovda, asosan, koʻp yillik oʻtlar va chala butalar oʻsadi, madaniy yaylovga esa bir va koʻp yillik dukkakli, boshoqli oʻtlar urugʻi aralashtirib ekiladi (qarang Madaniy yaylov, Tabiiy yaylov).

Yaylov chorva mollari uchun eng arzon va qimmatli koʻk ozuqa manbai. Mollar yaylovda boqilganda bogʻlab (ogʻilda) parvarish qilinganiga qaraganda mahsuldorligi 25—40% ga ortadi, mahsulotining sifati yaxshilanadi.

Geografik zonallik va vertikal zonallik qonuniyatlariga qoʻra, shimoldan janubga tomon va tekislikdan togʻlarga koʻtarilgan sari oʻt qoplami turi va tabiiy iqlim sharoitlari ham oʻzgarib boradi. Shu sababli yaylovlar quyidagicha tavsiflanadi: tundra, oʻrmon, oʻrmon-dasht, dasht, chala choʻl, choʻl, togʻ zonalari (subalp — dengiz sathidan 1800—2800 m balandlikda va alp — dengiz sathidan 2800—3400 m balandlikda) yaylovlari.

Oʻzbekistonda qoramol, qoʻy, echki podalari, ot uyurlari adir va togʻli zonalarda mavsumiy — erta bahordan kech kuzga qadar, tuya, qorakoʻl qoʻylari choʻl zonalarida yil boʻyi yaylovlarda boqiladi. Madaniy yaylovlar yaratishda Qoraqum, Qizilqum choʻllarida qora saksovul, izen, qandim, qoʻngʻirbosh, chogon, kamforosma kabi choʻlyaylov ekinlari ekiladi. Tabiiy yaylovlar hosildorligini oshirish uchun ulardan toʻgʻri foydalanish va yaylovlar holatini yaxshilash choralari koʻriladi. Buning uchun har yili mollar boqiladigan yaylovlar almashtiriladi; oʻt ham navbat bilan oʻriladi; oʻtzorlar oʻgʻitlanadi; zararli va zaharli oʻtlarga qarshi kurashiladi.

Oʻzbekistonda jami pichanzorlar mayd. 112 ming ga, Ya.lar mayd. 22,15 mln.ga boʻlib, uning asosiy qismi choʻl va togʻli hududlarda joylashgan, shundan 19,4 mln.ga Ya. suv bilan taʼminlangan (2001).