Kontent qismiga oʻtish

Tozabogʻyop madaniyati

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Tozabogʻyop madaniyati

Zarafshon daryosining Amudaryoning irmogʻi sifatida joylashishi
Manzilgoh Oʻzbekiston
Mintaqa Xorazm
Turi Madaniyat
Tarix
Davrlar Jez davri
Makon qaydlari
Qazish sanalari 1938-yil
Arxeologlar Tolstov Sergey Pavlovich
Vaziyat Saqlanib qolmagan

Tozabogʻyop madaniyati — Xorazmdagi jez davriga oid arxeologik madaniyat (mil. av. 2-ming yillik oʻrtalari va 2-yarmi). U Tozabogʻyop kanali nomi bilan atalgan. 1938-yilda S. P. Tolstov ushbu kanal yaqinidan bu madaniyatga oid manzilgohlarni topgan. Keyinchalik madaniyatni Ya. Gʻulomov, M. A. Itina, A. Asqarovlar oʻrgangan. Tozabogʻyop madaniyati Janubiy Orolboʻyi hududida mahalliy (Suvyorgan madaniyati aholisi) va Janubiy Uraloldidan kelgan (yogʻochband madaniyati va Andronovo madaniyati aholisi) qabilalari aralashuvidan shakllangan. Kelgindi qabilalar taʼsiri antropologik tiplarda (masalan, Koʻkcha—3) va tozabogʻyopliklarning moddiy madaniyatida koʻzga tashlanadi. Ular tomi qamish bilan yopilgan kulba va yertoʻlalarda yashaganlar. Tozabogʻyop madaniyati Amudaryo deltasi, Quyi Zarafshon va Qayroqqum choʻl zonasida tarqalgan. Bu hududlarda yuzlab makon va 10 ga yaqin qabriston aniqlangan. Asosiy mashgʻulotlari – sugʻorma dehqonchilik va xonaki chorvachilik, jezdan mehnat va harbiy qurol-aslahalar yasash boʻlgan (baʼzan toshdan yasalgan). Oybolta quyish uchun tayyorlangan qoliplar topilgan. Tuvaksimon sopol idishlarning tagi yassi, qoʻlda yasalgan, oʻyma va qolipli geometrik naqsh berilgan. Tozabogʻyop madaniyati kishilari urugʻchilik jamiyatida yashaganlar, matriarxat anʼanalari saqlangan.

Kelib chiqishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Tozabogʻyop madaniyati Zarafshon vodiysi va quyi Amudaryoda miloddan avvalgi 1850-yillarda paydo boʻlgan[1]. U ilgari Andronovo madaniyatining janubiy varianti deb hisoblangan, ammo hozir mustaqil madaniyat hisoblanadi[2]. Asosan chorvachilik bilan shugʻullangan shimoldagi Andronovo xalqlaridan farqli oʻlaroq, Tozabogʻyop madaniyati aholisining aksariyat mashgʻuloti dehqonchilik boʻlgan[3].

Mallory/Adams (1997) ular qishloq xoʻjaligi jamoalarini tashkil etuvchi shimoldagi hind-eron choʻponlaridan kelib chiqib, keyinchalik janubga tarqalib ketganligini taʼriflagan[3].

Amudaryo deltasida joylashgan Tozabogʻyob madaniyati obyektlari soʻnggi bronza davrida shimolda Andronovo hamda Suvyorgan choʻl madaniyati va Oʻrta Osiyoning janubiy vohasi madaniyatlari oʻrtasida chegara zonasini tashkil qilgan. Sultoniztogʻ togʻi yaqinida, Orol dengizidan 250 km janubda joylashgan Koʻkcha 3 dafn etilgan qabriston bu madaniyatga oid hozirgacha qazilgan eng yirik qabriston hisoblanadi[4].

Xususiyatlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Zarafshon daryosining Amudaryoning irmogʻi sifatida joylashishi Tozabogʻyob aholi punktlarida kichik sugʻorish dehqonchiligi mavjud boʻlganligini koʻrsatadi[5]. U yerdan 50 ga yaqin aholi punktlari topilgan. Hududda toʻrtburchak qilib qurilgan uylar bor boʻlgan va odatda har bir qishloqda uchtadan joylashgan[6]. Tozabogʻyob uylari odatda katta boʻlib, baʼzilarining oʻlchamlari 10x10 m dan oshadi. Ular loydan qurilgan va qamishlar bilan yogʻoch ustunlar mustahkamlangan. Tozabogʻyob qishlogʻida oʻnga yaqin oilaga mansub 100 kishi yashagan deb tahmin qilinadi[5]. Manzildan yana haykalchalar va otlarning qoldiqlari topilgan[3].

Tozabogʻyob qabrlarida erkaklar chap tomonga, ularning ayollari esa oʻng tomoniga dafn etilgan. Bu odat tufayli Tozabogʻyob madaniyati Andronovo madaniyati, Bishkent madaniyati, Svat madaniyati, Vaxsh madaniyati va markaziy hamda Sharqiy Yevropaning oldingi Kord buyumlar madaniyati kabi mintaqadagi zamonaviy hind-yevropa madaniyatlariga oʻxshatilgan[3][5]. Chunki ushbu amaliyot tipik hind-eron anʼanasi sifatida aniqlangan.

Tozabogʻyob madaniyatining metall buyumlari Qozogʻistondagi Andronovo madaniyati va gʻarbdagi Suvyorgan madaniyatiga oʻxshash. Arxeologik maʼlumotlar shuni koʻrsatadiki, Tozabogʻyob manzilgohlarida metallga ishlov beradigan hunarmandlar boʻlgan[6].

Tozabogʻyob xalqi mis, qalay va feruza kabi foydali qazilmalar hamda ot, sut va teri kabi chorvachilik mahsulotlari savdosini nazorat qilgan. Bu ularga Baqtriya-Margʻiyona arxeologik majmuasining eski voha shaharlarida katta siyosiy hokimiyat oʻrnatish imkonini bergan boʻlishi kerak. Ularning jang aravalaridagi mohirliklari ularga harbiy nazoratni ushlash imkonini bergan. Bu, ehtimol, hududdagi ijtimoiy, siyosiy va harbiy integratsiyani ham ragʻbatlantirgan[7].

  1. Garner, Jennifer, (2020). „Metal sources (tin and copper) and the BMAC“, in The World of the Oxus Civilization, Chapter 28, Routledge, Table 28.1: „Andronovo-Tazabagʻjab, 1850-1500 BC (after Parzinger and Boroffka 2003: 280, fig. 1)“
  2. Grigoriev, Stanislav, (2021). „Andronovo Problem: Studies of Cultural Genesis in the Eurasian Bronze Age“ (Wayback Machine saytida 2021-12-09 sanasida arxivlangan) in Open Archaeology 2021 (7), p.5: „…In western literature, for example, the Tazabagyab culture of the southern Aral Sea region is sometimes viewed as a variant of the Andronovo culture (Mallory & Adams, 1997, p. 566). But experts on the Andronovo culture do not consider Tazabagyab as Andronovo…“ .
  3. 3,0 3,1 3,2 3,3 Mallory, J. P.; Adams, Douglas Q. „Tazabagyab Culture“, . Encyclopedia of Indo-European Culture. Taylor & Francis, 1997 — 566–567-bet. ISBN 1884964982. 
  4. Schreiber, Finn, (2022). „Social and chronological aspects of the Late Bronze age burial site of Kokcha 3 (Uzbekistan)“, in Journal of Archaeological Science: Reports, Volume 44, Abstract: „The Amu-Darya Delta (ancient Khwarazm, modern Uzbekistan) was a borderland between northern steppe-based Andronovo-Srubnaya groups and southern oasis cultures in the Late Bronze Age. The local sites are known as the Tazabagʻyab culture, of which Kokcha 3 is the largest excavated burial site.“
  5. 5,0 5,1 5,2 Mallory, J. P.. In Search of the Indo-Europeans: Language Archeology and Myth. Thames & Hudson, 1991. 
  6. 6,0 6,1 Masson, V. M. „The Decline of the Bronze Age Civilization and Movements of the Tribes“, . History of Civilizations of Central Asia: The Dawn of Civilization. UNESCO, 1992 — 337–431-bet. ISBN 9231027190. 
  7. Anthony, David W.. The Horse, the Wheel, and Language: How Bronze-Age Riders from the Eurasian Steppes Shaped the Modern World. Princeton University Press, 2010. ISBN 978-1-4008-3110-4. 
  • Tolstov SP., Po drevnim deltam Oksa i Yaksarta, M., 1962.