Kontent qismiga oʻtish

Qamish

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Qamishboshoqdoshlarga mansub koʻp yillik ildizpoyali oʻsimlik turkumi. Oʻzbekistonda oddiy Q. (Phragmites communis Trin.) turi tarqalgan. Poyasi tik oʻsadi, boʻyi 3–5 m gacha yetadi, silliq, shoxlamaydi. Barglari navbatmanavbat joylashgan, uzun nashtarsimon, chetlari oʻtkir gʻadirbudir. Gullari qoʻngʻirbinafsha, chochoq roʻvaksimon toʻpgulga yigʻilgan. Mevasi kulrang doncha. Iyul—oktabrda gullab, mevalaydi. Bir toʻpguli roʻvaqda 50—100 mingta don (meva) tugadi, urugʻi shamol va suv orqali tarqaladi. Urugʻi 1415° haroratda sernam joyda unib chiqadi. Asosan, ildizpoyalaridan, baʼzan urugʻidan koʻpayadi. Sizot suvlar sathi yaqin (2–3 m gacha) tuproqlarda, don, sholi, gʻoʻza, beda va boshqalar orasida uchraydi. Shuningdek, botqoqlashgan zax joylarda, hovuz, toʻqaylar, koʻl, sugʻorish shoxobchalarida oʻsadi.

Kurash choralari: yer chuqur (30 sm gacha) haydaladi, yer betiga chiqqan ildizpoyalar yigʻishtirib olinadi, quritiladi; yerga dalapon (10–15 kg/ga) sepiladi; sugʻorish va drenajni tartibga solish bilan sizot suvlar sathi pasaytiriladi, chopiqtalab ekinlar chuqur kultivatsiya qilinadi.

Qoʻllanilish tarixi. Odamlar qabila boʻlib yashay boshlagan davrlardanoq qamishning foydali va qulay ekanligini bilishgan. Jumladan, Janubiy Afrika hududidan topilgan eng qadimgi toʻshamalar aynan qamishdan yasalgan. Olimlar qadimgi kromanyon odamlariga tegishli ushbu qamish-toʻshamani 77 ming yil muqaddam turmushda qoʻllangan, deb hisoblashadi.

Oʻzbekiston hududida yashagan odamlar ham qamishdan juda qadim davrlardanoq foydalanib kelishgan. Xususan, neolit davriga oid “Kaltaminor” madaniyatiga tegishli “Jonbos-4” manzilgohida maydoni 300 kv. metr keladigan xoda va qamishlardan qurilgan yarim-yertoʻla shaklidagi kulba topilgan. Bundan tashqari, bronza davriga oid “Zamonbobo” madaniy yodgorligidan koʻp buyumlar qatorida qamish va poxol qoldiqlari topilgan.

Afzalligi. Qadimdan qurilish materiali sifatida qoʻllanilib kelingan qamishdan chayla va uy tomlarini yopishda foydalanilgan. Qamish ekologik toza mahsulot. Suv yoqalarida oʻsganligi uchun namgarchilikka juda chidamli. Uch kun tinmay yoqqan yomgʻir ham qamishdan yopilgan tomni 3 sm.gacha nam qilishi mumkin, xolos. Yogʻingarchilikdan keyin esa qamishli tomlar bir necha soatlarda qurib ulguradi.

Qamish poyalari xuddi tirik organizmga oʻxshab yaxshi “nafas oladi”. Shuning hisobiga qamish ishlatilgan uylarning havosi yaxshi aylanadi. Sovuq kunlarda uy issiq, issiq kunlarda esa salqin saqlanadi.

Qamish shovqin va issiqlik yutuvchan hisoblanadi. Shu boisdan qamish bilan yopilgan tomni ushbu vazifalarni bajaruvchi qoʻshimcha qatlamlar bilan yopishning hojati yoʻq. Moʻrt va sinuvchandek tuyulsa-da, qamish shamol va boʻronlarga dosh bera oladi.

Qamishdan yasalgan chaylalar ham yozda salqinligi bilan ajralib turadi.

Kamchiligi.Tez olov oladi. Buning oldini olish uchun sanoatda antipirin moddasi bilan qamishga ishlov beriladi. Albatta bu katta yongʻinlarning oldini ololmaydi, ammo toʻsatdan uchib kelgan uchqun yoki choʻgʻ tufayli tomning yonib ketishiga yoʻl qoʻymaydi.

Boʻyra. Boʻyrachilik — boʻyra toʻqish kasbi Oʻrta Osiyoda qadimdan rivojlanib kelayotgan xalq amaliy sanʼati turi. Boʻyra, bu — yaxshi pishgan qamishni pachoqlab, poʻstini tozalab toʻqilgan buyum. Uni gilam, namat (kigiz), palos tagidan solishgan. Boʻyra toʻqiydigan mutaxassislari boʻyrachilar deb atalgan.

Boʻyra gilam, namat (kigiz), paloslarni tuproq va zaxdan saqlagan. Undan derazalarni qorongʻilatishda parda sifatida ham foydalanilgan.

Buxoroda X asrda qamishdan juda keng foydalanilgan. Qadimda boʻyrachi mahallalar boʻlgan. Bunday mahallalardagi har bir oila boʻyra toʻqish bilan shugʻullangan va boʻyrani bozorlarda maxsus rastalarda sotishgan.

Boʻyra chang toʻplamaydi, zararli hasharotlarni haydaydi va eng muhimi, allergiya chaqirmaydi. Orasi ochiqroq qilib toʻqilgan boʻyralarda hoʻl mevalarni turshak sifatida quritishgan. Bunda hoʻl mevalarga harorat bir xilda taʼsir etadi va turshaklarning sifatli boʻlishini taʼminlaydi.

Bordon. Bordonning ikki maʼnosi bor. Biri dagʻal toʻshama, ikkinchisi dagʻal toʻshamadan tayyorlangan idish. Idish sifatidagi bordonda bugʻdoy saqlanadi. Qamish gʻovaklari gʻallani namdan saqlaydi, moʻtadil haroratni ushlab turadi. Qamishning keskir boʻlaklari esa gʻallani kemiruvchilardan asraydi.

Bordon idish tayyorlash uchun chuqur oʻra qaziladi. Oʻraning atrofi, pasti gir aylantirib qobigʻidan tozalanmagan chiy (qamishsimon oʻsimlik) bilan qoplanadi. Ustidagi qopqogʻi ham chiydan yasaladi.

Qamishdan yana oftobdan asrovchi soyabonsifat bosh kiyim, savat, yelpigʻich, issiqlikni oʻtkazmaydigan tagchoynak, yengil uqalovchi oyoq kiyim, sol, qayiq, sumka, idishlarga gʻilof va yana boshqa bir qator suvinerlar tayyorlash mumkin.

Tabobatda. Tabobatda ham qamishdan keng foydalaniladi. Qamish yara-chaqalarni tuzatishda, bakteriyalarni oʻldirishda, peshob haydashda, qon toʻxtatishda va terlashga qarshi kurashishda samarali vosita. Par yoki qaynoq suvdan kuygan joylarga qamish poyasi qoʻyilsa, tezda yaxshi qiladi. Bunda qamish poyasi yaxshi qurigan boʻlishi kerak.

Qamishdan toʻqilgan boʻyralar oyoq kasalliklarida, ayniqsa yosh bolalarning yassitovon xastaliklariga davo sanaladi. Oyoq yalang yurilganda tovondagi quvvat nuqtalarini faollashtiradi. Shu yoʻl bilan yer va inson oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlikni taʼminlaydi. Bu esa bemorning tezroq oyoqqa turib ketishiga yordam beradi. Shu bilan birga oʻzidan tabiiy hid chiqarib, asablarni tinchlantiradi.

Qamishdan hammom uchun moʻljallangan oyoq kiyimlar toʻqiladi. Bu shippaklar ayniqsa, vina tomirlarining kengayishi, varikoz kasalliklari bilan ogʻriganlarga juda foydali. Ularning qoʻpol, ammo har qanday massaj oʻrnini bosa oladigan tagligi, iliq suv va pardan yumshagan terini uqalaydi. Allergiya qoʻzgʻatmaydi. Bu sintetik materiallardan tayyorlangan har qanday shippakdan afzalroqdir.

Zararkunandalardan himoyalaydi. Buning uchun qamishning kulrang donli meva poyasini olib tutatiladi. Uning tutuni pashsha va shu turdagi hasharotlardan himoya qiladi.

Qamishdan yasalgan boʻyra esa burga va kanalardan asraydi. Qamish boʻyra sifatida toʻqilganda ham oʻzidan hid chiqarib turadi va zararkunandalarni haydaydi.