Toʻqimachilik sanoati
Toʻqimachilik sanoati — turli xildagi oʻsimlik tolalari, jun va sunʼiy sintetik tolalardan turli gazlamalar, ip va boshqa maxsulotlar ishlab chiqaruvchi yengil sanoat tarmogʻi. Toʻqimachilik sanoati tarkibiga toʻqimachilik xom ashyosini dastlabki qayta ishlash, ip gazlama, zigʻir, kanop, jut tolasidan gazlama, shoyi, jun gazlama, notoʻqima materiallar, toʻr toʻqish, toʻqimachilik attorlik, trikotaj, kigiznamat bosish sohalari kiradi. Toʻqimachilik sanoati mahsulotlari kiyimbosh va poyabzal ishlab chiqarishda, shuningdek, mebel, mashinasozlik sanoati va boshqalarda ishlatiladi. Oʻzbekistonda Toʻqimachilik sanoati yengil sanoatning yetakchi tarmogʻini tashkil etadi.
Toʻqimachilik buyumlari ishlab chiqarish qadim zamonlarda paydo boʻlgan. Gʻoʻza ekish, qoʻlda ip tayyorlash va gazlama toʻqish Hindiston, Xitoy, Misr va Oʻrta Osiyoda mil.dan bir necha asr ilgari maʼlum boʻlgan. Toʻqimachilik sanoati mashinalashgan ishlab chiqarishga birinchi boʻlib oʻtgan sanoat tarmogidir. Yevropada 18-asrning 2yarmidagi sanoat toʻntarishi shu tarmoqdan boshlangan.
Oʻzbekistonda Toʻqimachilik sanoati uzoqtarixga ega. Oʻrta ayerlarda mahalliy hunarmandlar tayyorlagan atlas, beqasam, baxmal, banoras, zandanachi, olacha kabi mahsulotlar uzoq mamlakatlarda mashhur boʻlgan, Buyuk ipak yoʻli orqali Yevropa va Yaqin Sharq mamlakatlariga chiqarilgan. Lekin mayda tarqoq hunarmandchilikni birlashtirib sanoat asosini yaratish va gazlamalar ishlab chiqarish esa faqat 20-asrning 20-yillaridan boshlandi.
1926-yilda Fargʻona toʻqimachilik fabrikasining 1navbati ishga tushirildi (10000 urchuq va 300 toʻquv dastgohi), 1932-yilga kelib uning 2 va 3navbatlari ham qurildi (19900 urchuq, 906 toʻquv dastgohi). 1930-yilda Samarqand shoyi toʻqish fabrikasi ishlay boshladi. 1932-yildan Toshkent toʻqimachilik ktini qurish boshlandi. 1935-yil bu kt gazlama ishlab chiqara boshladi (33630 urchuq, 1152 dastgoh).
Toʻqimachilik sanoati mashinalari, dastgohdari bazasini yaratishda 40-yillarda qurilgan "Toshtekstilmash" zdining hissasi katta boʻldi. Urushgacha boʻlgan yillarda Qoʻqon ip yigiruvpaypoq toʻquv kti, Fargʻona, Toshkent trikotaj buyumlari fabrikalari, Margʻilon shoyi kti, Samarqand yangi trikotaj fabrikasi barpo etildi. Urush yillarida (1941— 45) Toshkentga RostovDon shahridan trikotaj, Leningraddan ip, Margʻilonga Ijevskdan shoyi toʻqish, Fargʻonaga yigiruvtoʻquv fabrikasi koʻchirib keltirildi. Natijada Oʻzbekistonda Toʻqimachilik sanoati oʻsish surʼatlari tezlashdi. 50-yillarda yangi korxonalarni qurish, ishlab turgan korxonalarni kengaytirish davom etdi. 60-yillar oʻrtalarida Namangan kastyumbop va shtapel gazlamalar kti qurila boshlandi. Toshkentda "Malika" trikotaj ishlab chiqarishkti, Buxoro toʻqimachilik kombinati (1973— 76), Namangan notoʻqima materiallar ishlab chiqarish birlashmasi (1974), Pop notoʻqima materiallar kombinati (1977), Andijon ip gazlama ktining 1navbati (1981), Xiva gilam kombinati qurib ishga tushirildi. 80-yillarda yirik toʻqimachilik korxonalarida bir qancha filiallar ochildi. Shuningdek, Paxtaobod, Chuvama, Qoʻrgʻontepa, Marqamatda hamda Gʻijduvon va Vobkentda fabrikalar qurilib ishga tushirildi. Filiallarda ham ishlab chiqarish texnologik siklining tugal boʻlishiga erishildi.
90-yillarda Oʻzbekiston Toʻqimachilik sanoati yangi sifat oʻzgarishlari bosqichiga oʻtdi. Respublikaning xorijiy mamlakatlar bn hamkorlik aloqalari tobora kengayib, chet ellik sheriklar bn barpo etilgan qoʻshma korxonalar soni koʻpayib bordi.
Oʻzbekiston Toʻqimachilik sanoatiini rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlaridan biri jahon bozoriga paxta tolasini chiqarish emas, balki jahon bozorida raqobatbardosh ip gazlama ishlab chiqarishni koʻpaytirishdan iborat strategiya tanlandi. Shu maqsadda AQSH, Italiya, Turkiya, Pokiston, Hindiston, Koreya Respublikasi va boshqa mamlakatlar firmalari bn ip gazlama ishlab chiqaradigan yangi qoʻshma korxonalar tashkil etildi. Korxonalarni chet el ilgʻor toʻqimachilik texnologiyasi bn jihozlash boshlandi. 1993—94 ylarda "Buxoroteks" aksiyadorlik jamiyatiga Shveysariya, Germaniya uskunalari oʻrnatildi. 1994-yilda Turkiyaning "Yazeks" korporatsiyasi bn hamkorlikda Qoraqalpogʻiston Respublikasining Ellikqalʼa tumanida toʻliq texnologik siklli toʻqimachilik majmui ishga tushirildi.
1995 — 2003-yillarda Oʻzbekiston Toʻqimachilik sanoatiga kiritilgan xorij sarmoyalari 519,89 mln.dan ortiqroq AQSH dollarini tashkil etdi, shoʻ jumladan, Janubiy Koreyaning "Kabul tekstaylz" kompaniyasi kiritgan investitsiya 186 mln., Turkiyaning "Timi", "Tipash" kompaniyasi 75 mln. (Namangandagi "Kosonsoy— Tikmen" kostyumbop va paltobop gazlamalar, jun choyshab va qoʻlda toʻqiladigan gilamlar uchun yigirilgan ip), "Bursel" firmasi 52,9 mln. (Chinoz toʻqimachilik kti), "Astop" firmasi 40,3 mln ("Asnamtekstil"), Yaponiyaning "Marubeni" firmasi 60 mln. ("Silk Road", Namangan) AQSH dollaridan iborat boʻldi. Oʻzbekiston Toʻqimachilik sanoatida eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish qajmi tobora oʻsib bormoqda. Oʻzbekiston Toʻqimachilik sanoatida 2003-yilda 453,3 mln. m2 gazlama, shu jumladan, 415,2 mln.m2 ip gazlama, 167 mln. juft paypoq, 28,6 mln. dona trikotaj mahsulotlari ishlab chikarildi.
Chet mamlakatlarda Toʻqimachilik sanoati Hindiston, Xitoy, AQSH, Yaponiya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Italiya, GFR, Misrda ayniqsa taraqqiy etgan. Rivojlangan mamlakatlar Toʻqimachilik sanoatida birinchi oʻrinni paxta tolasidan ip gazlama ishlab chiqarish egallaydi, jun va shoyi gazlamalar ishlab chiqarish keyingi oʻrinlarda turadi.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Adabiyot
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Olimboyev E., Davirov Sh., Oʻzbekiston toʻqimachilik sanoati mahsulotlari va ularni ishlab chiqarish texnologiyasi, T., 2002.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |