Kontent qismiga oʻtish

Jarqoʻton (Surxondaryo viloyati)

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Jarqoʻtondan yoʻnaltirildi)

Jarqoʻton — qadimiy shahar xarobasi, mil.avv. 2-ming yillikning ikkinchi yarmi). Sherobod tumani (Sherobod daryo irmogʻi Boʻstonsoy oʻzanining chap sohili)da joylashgan. Sopolli madaniyatiga mansub qabilalarning jez davri yodgorligi[1]. Jarqo‘ton aholisi sugʻorma dehqonchilik va chorvachilik bilan shugʻullangan. Oʻzbekiston FA Arxeologiya institutining A. Asqarov rahbarligidagi ekspeditsiyasi qazish ishlari olib borgan (1973-yildan). J. (mayd. 100 ga) mudofaa devori bilan oʻralgan markaziy qoʻrgʻon, otashparastlar ibodatxonasi (qarang Jarqoʻton otashkadasi), qabriston (mayd. 20 ga), bir necha dahalardan iborat boʻlgan. J.da turar joy qoldiqlari, ibodatxona, kulolchilik mahallasi, metall eritiladigan ustaxonalar, 1000 dan ortiq qabrlar ochib oʻrganildi. Turar joy binolari katta bichimli xom gʻishtdan (55x29x9 sm) bir yoki bir necha xonali qilib qurilgan. Xonalar sahni va devori somonli loy bilan suvalgan. Koʻchalar tor, daha ibodatxonasiga boruvchi yoʻlga shagʻal yotqizilgan. Erkaklar oʻng yonboshi, ayollar chap yonboshi bilan gʻujanak holda koʻmilgan. J.dan toshdan yasalgan omoch tishi, koʻplab sopol idish (xumcha, koʻzacha, togʻora, kosa, piyola, togʻoracha, lagan) lar jez igna, bigiz, xanjar, sopol andava, chaqmoqtoshdan ishlangan paykonlar, jez taqinchoqlar (rangli toshlar qadalgan koʻplab toʻgʻnogʻich, bilaguzuk, zirak, oyna) qimmatbaho toshlar va suyakdan yasalgan munchoqlar, jez surmadon, qabila muhr tamgʻalari, ip mato qoldigʻi va b. topilgan.

Jarqo'ton topilmalari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Jarqoʼton manzilgohida markazlashgan mahobatli ibodatxona oʼrganilgan. Koʼpchilik tadqiqotchilar mazkur inshoot ilk zardushtiylik ibodatxonasi deb baholagan. Jarqoʼton ibodatxonasi 1983-1987 yillar mobaynida А.А.Аsqarov va T.Sh.Shirinov rahbarligidagi OʼzR FА Аrxeologiya institutining Sherobod otryadi tomonidan oʼrganilgan[2]. 1994-2003 yillar davomida esa, Sh.B.Shaydullaev va D.Xuff rahbarligidagi Oʼzbekiston-Germaniya arxeologik ekspeditsiyasi Jarqoʼton manzilgohida oʼz tadqiqotlarini olib borgan. Jarqoʼton ibodatxonasi shaharning eng baland va markaz joyida qurilgan[3]. Mudofaa devorlari 4.5 qalinlikda boʼlgan. Ichki qurilish usuli ilohiylikka xos boʼlgan va uch qismga boʼlingan. Birinchisi xoʼjalik qismi boʼlgan. U yerda ibodat va koxinlar xizmati bilan bogʼliq ishlar uchun ishlab chiqarish ishlari amalga oshirilgan. Masalan, ibodat uchun zarur buyumlar va mayitlar bilan koʼmiladigan ashyolar shu qismda ishlab chiqarilgan. Ikkinchi qismi ibodatxona markazi boʼlgan. U yer xom gʼishtdan terilgan keng maydon boʼlib, unda “chohartak” markaziy otashkada oʼrnatilgan. Uchinchi qismi ibodat amallari bajariladigan ilohiy joy boʼlgan. Unda otashkadalar, quduqlar, omborxona, kulxonalar joylashtirilgan. Topilmalar orasida bronzadan ishlangan pichoq dastasi bo'lib, uning gulmixlari termirdan yasalgan. Bu topilma Sopolli madaniyati aholisi termirni bilganligidan dalolat beradi. Katta patriarxal yashagan ko'p xonali uy qoldiqlari topilgan[4].

Tadqiqot natijalarida juda koʼp arxeologik topilmalar aniqlangan boʼlsada, ushbu ibodatxona qaysi dinni targʼib qilib borishi haqida faqat taxminlar mavjud. Jarqoʼton ibodatxonasida zarbushtiylik diniga oid topilmalar kulxonalar, muqaddas quduqlar, otashkadalar topilgan. Ibodatxonadan tashqarida Jarqoʼton qabristoni mavjud. Bu yerda yettita qabr topilgan. Bu qabrlarda koʼmilgan odamlar suyaklari, ostanadon koʼrinishli silindrokonik kichik idishlar ham topilgan. Bular zardushtiylik dini nishonalari boʼlib hisoblanadi. Lekin shu yerning oʼzida topilgan mayit yoqish joy qoldiqlari ham topilgan. Jarqoʼton yodgorligi oʼzining tuzilishi bilan Dashtli, Toʼgʼaloq XX1, Gonur yodgorliklariga oʼxshab ketadi.

J. ashyolariga oʻxshash yodgorliklar Surxondaryo viloyatidan tashqari Jan. Tojikiston, Turkmaniston va Shim. Afgʻoniston, Eron hududlarida uchraydi.[5]

  1. S.N.Djuraeva, I.S.Usmonov, А.M.Kurbonov, L.K.Аzimova. Surxondaryo tarix sahnasida (o'zbek). Oʼzkitob savdo nashriyot matbaa ijodiy uyi, 2022 — 288-bet. 
  2. Аскаров А.А., Ширинов Т.Ш.. Раняя городская культура эпохи бронзы юга Средней Азии, Samarqand, 1993 — 187-bet. 
  3. S.N.Djuraeva, I.S.Usmonov, А.M.Kurbonov, L.K.Аzimova. Surxondaryo tarix sahnasida. Oʼzkitob savdo nashriyot matbaa ijodiy uyi, 2022, 288 b.. 
  4. S.Juraeva. Surxondaryo viloyati ziyoratgohlari tarixi. Oʼzkitob savdo nashriyot matbaa ijodiy uyi, 2021, 224 b.. 
  5. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil