Toshkent vohasi
Toshkent vohasi - Oʻzbekistonning shim.sharqiy qismidagi voha. Toshkent viloyatining katta qismini egallaydi. Gʻarb va jan.gʻarbda Sirdaryo bilan chegaralanadi, sharkda Chirchiq va Ohangaron vodiylari boʻylab, Gʻarbiy Tyanshan sistemasidagi Qorjontov, Ugom, Piskom, Chatqol va Qurama tizmalari oraligʻiga kirib boradi. Toshkent vohasi qadimdan (7—11-asrlar) yirik dehqonchilik rayoni hisoblangan. Voha, asosan, Chirchiq va Ohangaron daryolari bilan sugʻoriladi. Toshkent vohasini sugʻorish uchun Zaxariq, Boʻzsuv, Qorasuv, Salor, Joʻnariq, Shimoliy Toshkent, Yuqori Toshkent kabi kanallar va koʻpdankoʻp arikdar, Tuyaboʻgʻiz, Chorvoq kabi suv omborlari qurilgan.
Toshkent vohasining mutlaq balandligi gʻarbida 250 m, sharqqa tomon esa 1000–1100 m ga koʻtariladi. Voha, asosan, adirlar, togʻ oldi tekisliklaridagi dare terrasa (koʻxna qayir) laridan iborat. Chirchiq va Ohangaron daryolari Sirdaryoga kuyilgungacha 5 ta terrasa hosil qiladi. Ularning usti lyoss va lyossimon gʻovak jinslardan tashkil topgan. Vodiy boʻylab togʻlar ichkarisiga kirib borgan sari terrasalarining soni ortib boradi. Ohangaron daryosi vodiysida (Turk qishlogʻidan yuqorida) 12 ta, Piskom daryosi vodiysida (Nanay qishlogʻi yaqinida) 20 ta terrasa aniqlangan. Paleozoy erasiga mansub qattiq otqindi jinslar (porfir, porfirit va tuflar) tog tizmalarining yon bagʻirlaridagina ochilib kalgan. Paleogen va neogenga xos boʻlgan ohaktosh, qumtosh, gil va mergel yotqiziqlari keng tarqalgan.
Toshkent vohasi ikdimi moʻʼtadil kontinental. Oʻrtacha yillik temperatura 12°—13°, yanvarda oʻrtacha temperatura 0, eng past temperatura —30°, — 35°. Iyul oyining temperaturasi 27—28°, baʼzan, 40—42°. Yillik yogin 245–280 mm;.toqqa yaqinlashgan sari (Koʻkorol, Boʻzsuv, Toshkent, Toʻytepa) 310–350 mm, hatto 380 mm. Mutlaq balandlik bilan birga yogʻin miqdori ham ortib boradi. Chirchiq va Parkentda 500–550 mm. Turk qishlogʻi va Chorvoq yaqinida 600–700 mm ga yetadi. Yogʻinning 40% bahorda, 30—35% qishda, 16—17% kuzda, 5—9% yoz faslida tushadi. Vohada yer osti suvi koʻp, geologik yotqiziqlarga bogʻliq holda turlicha chuqurlikda, suvayirgʻich joylarda, daryolarining yuqori terrasalarida 20–25 m, daryo boʻylarida, jarliklarda 1,5– 2 m chuqurliqsa uchraydi.
Toshkent vohasi, asosan, togʻ oldi boʻz tuproqlar mintaqasida joylashgan. Daryolarning qayirlarida va quyi terrasalarda oʻtloq allyuvial, oʻtloqbotqoq, botqoq tuproqlar uchraydi. Bu tuproqlarda chirindi miqdori 2—6%, 7— 8%. Vohaning sugʻoriladigan yerlarida paxta, kanop, sabzavot va poliz ekinlari, bahorikor yerlarda boshoqli don ekinlari (bugʻdoy, arpa, sholi, suli), makkajoʻxori, xashakli oʻsimliklar yetishtiriladi. Qayragʻoch, majnuntol, sada, chinor, terakning bir necha turi; oq akatsiya, eman kabi 900 xilga yaqin daraxt va buta turlari; olma, nok, behi, anor, anjir, oʻrik, shaftoli, bodom, yongʻoq, olxoʻri, jiyda, olcha, gilos kabi mevali daraxtlar oʻsadi. Hayvonlardan boʻrsiq, tulki, chiyaboʻri, boʻri va boshqa sut emizuvchilar uchraydi. Tipratikan, toshbaqa, yumronqoziq, koʻrsichqon, qoʻshoyoqlar, sudralib yuruvchilardan kaltakesak, koʻlvor ilon, suvilon, qushlardan tuvaloq, soʻfitoʻrgʻay, tasqara, zargʻaddoq, tustovuq, zagʻizgʻon, qarqunoq, mayna, saʼva, kaklik, bedana koʻp.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |