Kontent qismiga oʻtish

Vyetnam

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(BCPdan yoʻnaltirildi)
Vyetnam Sotsialist Respublikasi
Cộng Hòa Xã Hội Chủ Nghĩa Việt Nam
ShiorÐộc lập, tự do, hạnh phúc
(Mustaqillik, erkinlik va baxt)
Madhiya: Tiến Quân Ca
(Frontga Marsh)
Location of Vyetnam
Poytaxt Xanoy
Rasmiy til(lar) Vyetnam tili
Hukumat Bitta-partiyalik davlat
• Prezident
Tran Duk Luong
Phan Van Khai
Mustaqillik (Fransiyadan)
• Sana
2-sentabr 1945
Maydon
• Butun
331 210 km2 (66-oʻrin)
• Suv (%)
6.4
Aholi
• 2011-yilgi roʻyxat
90 549 390 (14-oʻrin)
• Zichlik 273 kishi/km2
YIM (XQT) 2010-yil roʻyxati
• Butun
$ 276,6 mlrd (42-oʻrin)
• Jon boshiga
$ 3 100
Pul birligi Dong (VND)
Vaqt mintaqasi UTC+7
• Yoz (DST)
UTC+7
Qisqartma VM
Telefon prefiksi 84
Internet domeni .vn

Vyetnam Sotsialistik Respublikasi (Cộng Hòa Xã Hội Chủ Nghĩa Việt Nam) — Janubi-Sharqiy Osiyoda Hindixitoy yarim orolida joylashgan mamlakat. Maydoni — 330 ming 991 km2. Aholisi — 90 549 390 kishi (2011). Maʼmuriy jihatdan 63 viloyat (tin) va markazga boʻysunuvchi 4 shahar — Xanoy, Xoshimin (sobiq Saygon) Xayfon va Xyuega boʻlinadi. Poytaxti — Xanoy shahri.

Davlat tuzumi

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Vyetnam provinsalari

Vyetnam yakka partiyali kommunist davlatdir. Amaldagi konstitutsiyasi 1980-yil 19-dekabrda qabul qilingan (keyinchalik oʻzgartish va tuzatishlar kiritilgan). Davlat boshligʻi Millat majlisi tomonidan 5 yil muddatga saylanadigan prezident (2024-yildan Lương Cường). Davlat hokimiyatining oliy organi va qonun chiqaruvchi hokimiyat — Millat majlisi. Ijroiya hokimiyatni bosh vazir boshchiligidagi hukumat amalga oshiradi.

Mamlakat hududining 80% idan ortigʻi togʻlar va yassi togʻlardan iborat. Shimolda chuqur daryo vodiylariga boʻlingan Yunnan togʻligi, markaziy va janubiy qismlarida Annam togʻlari tizimining ayrim massivlari (Kontum, Darlak, Mnong va boshqalar) joylashgan. Vyetnamning eng baland nuqtasi ham shu yerda — 3280 m. Dengiz sohili past tekisliklardan iborat, ularning eng kattalari shimolda Xongxa va janubda Mekong daryolari etaklarida.

Qishda quruq, yozda seryomgʻir musson subekvatorial. Oʻrtacha harorati shimolda iyul oyida 27-29°C, yanvarda esd 14-17°C, janubda 24-26°C gacha. Yillik yogʻingarchilik miqdori 1500–3000 mm. Iyun va avgust oylarida toʻfonlar boʻlib turadi.

Daryo va oʻrmonlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Daryolari sersuv. Ularning eng kattalari — Mekong va Xongxa. Qir va togʻlarda qizgʻish-sariq laterit, daryolarning etaklarida — allyuvial tuproqlar. Vyetnam hududining 40 % oʻrmon bilan qoplangan; togʻlarning quyi yon bagʻirlaridagi doimiy yashil tropik oʻrmonlar balandlikdagi subtropik oʻrmonlarga ulanib ketadi. Yassitogʻliklar va platolarda siyrak savanna oʻrmonlari va butalar oʻsadi. Vodiylarda bambuklar, dengiz sohillarining ayrim joylarida mangra oʻrmonlari uchraydi. Batma-Xayvan milliy bogʻi va koʻpgina qoʻriqxonalari bor. Oʻrmonlarda gibbon, makaka, ayiq va yoʻlbars, katta boʻgʻma ilon, yirik echkemarlar, oq va yashil toʻti, savannalarda hind fili, karkidon, jayran, yovvoyi buqa, jayra, tovus, burgut, delta va botqoqliklarda qizil gʻoz, laylak, qarqara, oʻrdak, yovvoyi gʻoz, daryolarida baliqlar yashaydi.

Aholisining 86 %i vyetnamlar. Tailar, kxmerlar, meo yoki myaolar, man yoki yaolar, xmonglar, xitoylar va boshqa ham yashaydi. Rasmiy tili — Vyetnam tili. Aholining 34 shaharlarda istiqomat qiladi. Dindorlarning — 55 %i buddaviylar, 7 % katoliklar. Islom diniga eʼtiqod qiluvchilar ham bor. Yirik shaharlari: Xanoy, Xoshimin, Danang, Xayfon, Namdin.

Bronzadan yasalgan

Mil. av 1-ming yillikning oʻrtalarida hozorgi Shimoliy Vyetnam hududida vetnamlarning ajdodlari yashagan. Mil. av. III asrda Qizil daryo deltasida ularning ilk quldorlik davlati — Aulak tashkil topgan. Shu davr qadimgi Vetnam xalqi — lakvetlar madaniyatining paydo boʻlishi davri hisoblanadi. Mil. av. 207-yilda Aulak vetlar davlati — Namvet bilan qoʻshilib ketdi. Mil. av. II-I asrlarda Namvetga Xitoyning Xan sulolasi hukmron edi. Bu davlat VII asrgacha Zyaoti, keyin Annam deb nomlanib keldi. Lakvetlar xitoy feodallarining xitoylashtirish siyosati va zulmiga qarshi uzoq vaqt kurashdi va, nihoyat, 939-yilda mustaqillikka erishdi. 968-yilda mamlakat Daykovet (Buyuk Qad. Vet) nomini oldi. Keyinchalik bu davlat Jan-Sharqiy Osiyodagi yirik feodal davlatga aylandi. Li sulolasi davri (1069—1225)da mamlakat Dayvet deb atala boshladi. Poytaxt Tang-Long (hoz. Xanoy)ga koʻchirildi[1].

XVI asrdan boshlab Hindixitoyga Yevropa savdogarlari kela boshladi. Sekin-asta Portugaliya (1535-y), Gollandiya (1631-y), Fransiya (1672-y) savdo-tijorat idoralari paydo boʻldi. Ular savdogarlar bilann missionerlarga tayanib, yarim orolni mustamlaka qilishga kirishdi.

XVIII asrda oʻrtalarida butun mamlakatda iqtisodiy tanglik vujudga keldi. Markaziy viloyatlarda dehqonlarning gʻalayonlari kuchayib ketdi. 1771-yilda dehqonlarning eng yirik qoʻzgʻoloni boshlandi. Bu qoʻzgʻolon tarixda Teyshenlar qoʻzgʻoloni nomi bilan mashhur. Mamlakat janubiy qismining hukmdori Nguyen An Teyshenlar qoʻzgʻolonini bostirib, Shimoliy Vyetnamni ham egalladi. 1804-yilda mamlakat Vyetnam nomini oldi. Nguyen An oʻzini Zya Long nomi bilan xoang (imperator) deb eʼlon qildi (1806). Poytaxt Xyue shahriga koʻchirildi. Konchilik rivojlandi, tovar-pul aloqalari kengaydi. Ammo Vyetnam xalqining mustaqil rivojlanishiga mustamlakachi davlatlar tajovuzi toʻsqinlik qildi. Fransiya „missionerlarni himoya qilish“ bahonasi bilan Vyetnamga qarshi urush ochib (1858), 1884-yilda oʻz mustamlakasiga aylantirdi. 1887-yilda Fransiyaning Koxinxin (Janubiy Vyetnam) mustamlakasi, Annam (Markaziy Vyetnam) hamda Tonkiy (Shimoliy Vyetnam) protektoratlari Kamboja va Laos bilan birga Hindixitoy Ittifoqiga birlashtirildi. Chet el hukmronligi oʻrnatilishi davrida va oʻrnatilgandan keyin koʻtarilgan xalq qoʻzgʻolonlari bora-bora milliy ozodlik harakatiga aylanib ketdi va 20-asr boshlarida u yangi bosqichga koʻtarildi. Fransiyada muhojirlikda yurgan Nguyen Ai Kuok (Xo Shi Min) Fransiyaning boshqa mustamlakalaridan kelgan muhojirlar bilan birga fransuz mustamlaka xalqlari Ligasini tuzdi. Shu vaqtda mamlakatda ishchilar harakati ham rivojlana bordi. 1930-yilda Yenbay portidagi vetnamlardan iborat oʻqchi polkning fransuzlarga qarshi koʻtargan qoʻzgʻoloni milliy ozodlik kurashining avj olishiga turtki boʻldi.

Vyetnamning mustaqilikka erishishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Vyetnam xaritası

Ikkinchi jahon urushi davrida yapon militaristlari Vyetnamni bosib olgach (1940) vatanparvar kuchlar yapon va fransuz mustamlakachilariga qarshi kurashdi. 1941-yil may oyida Vyetnam mustaqilligi uchun kurash Ligasi (Vet-Min) tashkil qilindi. 1944-yil dekabrda qurollangan otryadlar[2], partizan guruhdari va xalq lashkarlari birlashib, Vyetnam ozodlik armiyasi tuzildi. 1945-yilning mayida ozodlik uchun kurashayotgan hamma kuchlar Vyetnamni ozod qilish armiyasi (keyinchalik Vyetnam xalq armiyasi)ga birlashtirildi. Iyunda Shimoliy Vyetnamning olti viloyati yaponlardan ozod qilindi. Markaziy va Janubiy Vyetnamda partizanlar kurashi hamda ozodlik Umum Vetnam Milliy kongressi qurolli qoʻzgʻolonni boshlash toʻgʻrisida qaror qabul qildi va Xo Shi Min rahbarligida Milliy ozodlik komiteti (Muvaqqat hukumat) tuzildi. Mamlakatning koʻp qismi mustamlakachilardan ozod qilinib, 1945-yil 2-sentabrda mustaqil Vyetnam Demokratik Respublikasi (VDR) tuzildi. Ikkinchi jahon urushida yapon militaristlari tor-mor qilingandan soʻng 1945-yil dekabrdan boshlab Vyetnamga fransuz mustamlakachilari bostirib kirdi. Ular avval Vyetnam janubida harbiy harakatlarni avj oldirdilar, soʻng butun mamlakat boʻylab bosqinchilik urushini olib bordilar. Fransuz qoʻshinlarining qator magʻlubiyatlari (ayniqsa 1954-yil Denbenfu atrofida) hamda jahondagi tinchliksevar kuchlarning talabi natijasida Fransiya hukumati urushni toʻxtatishga va 1954-yil Jeneva bitimini tuzishga majbur boʻldi. Biroq Janubiy Vyetnam maʼmurlari 1955-yil oktabrda Janubiy Vyetnamni mustaqil respublika deb eʼlon qildi va mamlakatda terrorchi rejim oʻrnatildi. Mamlakat AQSh harbiy bazasiga aylandi. Janubiy Vyetnam vatanparvarlarining diktaturaga qarshi kurashi xalq kurashi tusini oldi. 1964—65 yillarda Janubiy Vyetnam vatanparvarlariga qarshi urush olib borayotgan AQSh VDR ga ham hujum qildi. 1964-yil avgust boshlarida bir necha harbiy istehkom va aholi punktlari, 1965-yil 7-fevraldan VDRning janubiy viloyatlari, keyinchalik butun mamlakat bombardimon qilindi. 1969-yilda Janubiy Vyetnam Respublikasi Inqilobiy muvaqqat hukumati tuzildi. 1973-yil yanvarda Parijda urushni toʻxtatish va Vyetnamda tinchlik oʻrnatish toʻgʻrisida bitim imzolandi. 1976-yil iyulda Shimoliy va Janubiy Vyetnamni birlashtirish tugallandi, Vyetnam Sotsialistik Respublikasi tuzildi. Vyetnam 1977-yildan BMT aʼzosi. Oʻzbekiston Respublikasi bilan diplomatiya munosabatlarini 1992-yil 17-yanvarda oʻrnatgan. Milliy bayrami 2-sentabr — Mustaqillik eʼlon qilingan kun (1945)[3].

Siyosiy partiyalari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Siyosiy partiyasi, kasaba uyushmasn va boshqa jamoat tashkilotlari. Vyetnam Kommunistik partiyasi, 1930-yilda tuzilgan; Vyetnam vatan fronti, VSR siyosiy partiya va jamoat tashkilotlarini birlashtiruvchi yagona front, 1977-yilda tuzilgan; Vyetnam mehnat umumiy konfederatsiyasi, 1929-yilda tuzilgan. Jahon kasaba uyushmalari federatsiyasiga kiradi.

Vyetnam sanoati rivojlangan agrar mamlakat hisoblanadi. Yalpi ichki mahsulotda qishloq xo'jaligi va oʻrmon xoʻjaligining ulushi 36,6 %, sanoatning ulushi — 20,9 %ni tashkil etadi.

Sanoati tarkibida yengil va oziqovqat tarmoqlari ustun. Juda koʻp kichik sholi oqlash, qand-shakar, pivo va konserva zavodlari, choy va tamaki fabrikalari bor. Xanoy, Namdin, Xayfon, Xoshimin va boshqa shaharlarda toʻqimachilik kombinatlari, trikotaj fabrikalari ishlab turibdi. Elektr energiya asosan issikdik elektr styalarida hosil qilinadi (yiliga oʻrtacha 10,8 mlrd. kVt-soat). Konchilik sanoatida toshkoʻmir, qalay (Kaolang viloyatida), xromit (Kodin), apatit, volfram qazib olinadi. Kaobangda kapay, Langshonda alyuminiy, Txaynguyen, Benxoada poʻlat eritish korxonalari bor. Mashinasozlik mahsulotlari orasida stanoklar, qishloq xoʻjaligi mashinalari, konchilik mashina-uskunalari, nasoslar, radiopriyomniklar, televizorlar, transport vositalari ishlab chiqarish asosiy oʻrinni oladi. Mashinasozlik korxonalari asosan Xanoy, Xoshimin, Benxoa, Kamfa, Xayziong va Xadong sh.da joylashgan. Qora va rangli metallurgiya, metallni qayta ishlash sanoati mavjud.[4][5]. Xayfon va Xoshiminda kemasozlik korxonalari, Xanoy, Vetchi, Lamtxao shaharlarida va mamlakat janubida kimyo sanoati korxonalari ishlab turibdi. Binokorlik materiallari sanoati korxonalari, yogʻochsozlik va sellyuloza-qogʻoz, kauchukni qayta ishlash korxonalari bor[6].

Qishloq xo'jaligi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qishloq xoʻjaligi sohasida mehnatga layoqatli aholining qariyb 75 %i mashgʻul. 5 mln.ga yerda qishloq xoʻjaligi ishlari olib boriladi. Ayrim hududlarda 2—3-marta hosil olinadi. Vyetnamda asosiy qishloq xo'jalik ekini sholi. Batat, maniok, makkajoʻxori, sabzavot, texnika ekinlaridan shakarqamish, choy, tamaki, shuningdek ananas, banan, kofe, kauchuk, efir moyli ekinlar ham yetishtiriladi. Chorvachilikning asosiy tarmogʻi — choʻchqachilik. Bundan tashqari qoramol, parranda boqiladi. Baliq ovlanadi.

Ha Long Koyu, Vyetnamdagi kemalar harakati
A Vyetnam Aeroporti Boeing 777.

Temir yo'lning uzunligi — 2,6 ming km, avtomobil yoʻllarining uzunligi — 300 ming km, ichki suv yoʻllarining uzunligi — 40 ming km ga yaqin. Asosiy dengiz portlari: Xoshimin, Xayfon, Danang, Xonggay, Kamfa. Xoshimin va Xanoyda xalqaro aeroportlar bor[7].

Vyetnam chetga neft, koʻmir, sholi, kauchuk, qalay, kofe, baliq hamda dengiz va qishloq xo'jaligi mahsulotlari chiqaradi. Chetdan neft mahsulotlari, oʻgʻit, poʻlat, prokat, sement, paxta, mashina asbob-uskunalari oladi. Tashqi savdodagi asosiy mijozlari: Yaponiya, Singapur, Gonkong, Janubiy Koreya, Fransiya, Avstraliya, Germaniya. Pul birligi — dong.

Tibbiy xizmati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Mamlakatda bepul tibbiy xizmat joriy etilgan. Sharq tibbiyoti xodimlari uyushmasi huzurida keng tarmoqli davolash-farmatsevtika kooperativlari mavjud. Ularning koʻplari huzurida shifoxonalar, bundan tashqari 400 ga yaqin uyezd poliklinikalari va koʻpgina dispanserlar bor.

Xanoydagi tibbiyot uneversiteti

Ilmiy va madaniy maʼrifiy muassasalari. Vyetnamning taʼlim tizimi bir necha bosqichdan iborat: birinchi bosqich — maktabgacha taʼlim (bolalar bogʻchalari); ikkinchi bosqich — maktab taʼlimi. 5 yillik boshlangʻich taʼlim 6 yoshdan oʻtgan bolalar uchun majburiy. Mamlakatda 13092 boshlangʻich maktab boʻlib, ularda 9 mln. 725 mingdan ortiq oʻquvchi taʼlim oladi. Oʻrta maktablarda oʻqish 7 yil boʻlib, ularda 3 mln. 815 ming oʻquvchi taʼlim oladi; uchinchi bosqich xunar taʼlimi (hunar-texnika bilim yurtlari); toʻrtinchi bosqich — oliy taʼlim. Mamlakatda 104 oliy oʻquv yurti, jumladan 6 unstitut bor. Ularda 120 mingga yaqin talaba oʻqiydi. Yirik oliy oʻquv yurtlari: Xanoy universiteti (1918-yil tashkil etilgan), Xoshimin universiteti (1917-yil tashkil etilgan), politexnika, adabiyot, tibbiyot-farmatsevtika institutlari. Vyetnam hoz ziyolilarining ancha qismi oliy taʼlimni Oʻzbekistonda olishgan. Toshkentdagi deyarli barcha oliy oʻquv yurtlarida Vyetnam talabalari va aspirantlari taʼlim olgan. Vyetnamda 60 dan ortiq ilmiy tadqiqot muassasasi bor. 1977-yil tashkil etilgan „Ngiado“ institut. markazida matematika, fizika, kimyo, biol. va Yer haqidagi fan sohasida tadqiqotlar oʻtkaziladi. 1977-yilda Fanlar akademiyasi tashkil etilgan. Vyetnamdagi yirik kutubxonalar: Xanoy, Xoshimindagi markaziy va ilmiy kutubxonalar, universitetlarning kutubxonalari. Xanoyda tarix, Vyetnam xalq armiyasi, Inqilob, Xoshiminda milliy muzey, „Amerikalik agressorlarning jinoyatlari“ muzeyi bor.

Radioeshittirish va telekoʻrsatuvi. Vyetnamda 30 markaziy va 19 mahalliy nashriyot bor. Mamlakatda 100 dan ortiq gazeta va jurnallar nashr etiladi. Eng yirik gazlar: „Nyan zan“ („Xalq“, kundalik gazeta, 1951-yildan), „Saygon zyay fong“ („Ozodlik“, kundalik gazeta, 1975-yildan), „Xanoy moy“ („Yangi Xanoy“, kundalik gazeta, 1957-yildan), „Fu ni Vetnam“ („Vetnam ayollari“, haftalik gazeta, 1953-yildan), „Lao dong“ („Mehnat“, haftalik gazeta, 1943-yildan); yirik jurnallar: „Vyetnam“ (Vetnam, rus, ingliz, fransuz, ispan tillarida chiqadigan oylik jurnal, 1954-yildan), „Vetnamiz tredyunionz“ („Vetnam kasaba uyushmalari“, ingliz, fransuz va ispan tilida chiqadigan jurnal). 1945-yildan Vyetnam axborot agentligi faoliyat koʻrsatadi.

Vyetnam radioeshittirish va telekoʻrsatuvini madaniyat va axborot vazirligi nazorat qiladi. Telekoʻrsatuvga 1966-yil Janubiy Vyetnamda, 1970-yil Shimoliy Vyetnamda asos solingan.

Vyetnamda qadimdan xalq ogʻzaki ijodiyoti rivojlangan. Ilk yozma yodgorliklar XX-XIV asrlarda paydo boʻldi. Oʻrta asrlar adabiyoti buddizm, keyinroq Konfutsiy aqidalari taʼsirida shakllandi. Nguyen Chayning „Ona tilidagi sheʼrlar toʻplami“ (XV asr) bizgacha yetib kelgan Vetnam soʻzlashuv tilidagi eng kad. adabiy yodgorlikdir. XVIII asr va XIX asr boshlaridagi adabiyotda Uygʻonish davri anʼanalariga yaqin tamoyillar, inson shaxsiga kuchli eʼtibor ruhi aks etdi. Nguyen Zuning „Tilka-pora qalb nolasi“ dostoni, shoira Xo Suan Xiong qalamiga mansub dilrabo sheʼrlar Vyetnam mumtoz adabiyotining eng yaxshi asarlaridir. XIX asr 2-yarmi sheʼriyatida vatanparvarlik ohanglari ustunlik qildi (Nguyen Din Teu, Nguyen Txong), hajvchilik yoʻllari kuchaydi (Nguyen Kxyuyen, Tu Siong). XX asr boshlari sheʼriyati va publitsistikasi maʼrifatparvarlik va vatanparvarlik gʻoyalarini ifoda etdi. Zamonaviy nasriy janrlar: hikoya, drama, roman paydo boʻldi. 30-yillarda vujudga kelgan „Yangi sheʼriyat“ harakati sheʼr tuzilish tizimini qayta qurishga koʻmaklashdi. Inqilobiy adabiyot yuzaga kela boshladi — To Xiu sheʼrlari, Xo Shi Minning „Bambuk ajdaho“ komediyasi, „Zindon kundaligi“ nazm toʻplami, hikoya va publitsistikasi shu jumlaga kiradi. 20 asr 2-yarmida Vo Xyui Tam, Nguyen Din Txi, Dao By, Nguyen Xong, Nguyen Kxay, Nguyen Min Teuning romanlarida va boshqa yozuvchilarning qissa hamda hikoyalarida vatan himoyachisining qahramonliklari tasvirlandi. Vyetnamning hoz. taniqli shoir va yozuvchilari: To Xiu, Ngo Tat To, Ngo Tuan, To Xoay, Nguyen Din Txi, Nguyen Kong Xoan, Nguyen Van Bong.

Mishon va Dongziong shaharlarida buddizm va brahmanizmning VII-XIII asrlarga mansub minorasimon tosh ibodatxonalari (Mishondagi Bo-KxatRe-Soa ibodatxonasi, VII-XIII asrlar; hoz. Kuinyon yaqinidagi „Oltin minora“, „Kumush minora“, „Mis minora“ ibodatxonalari, XI-XIIasrlar), Binsonva Guedagi koʻp pogʻonali minoralar, Xanoydagi Konfutsiyga bagʻishlangan „Adabiyot maskani“ deb ataluvchi ibodatxona majmualari (XI asr) saqlanib qolgan. Keyingi davrlarning meʼmoriy obidalari orasida Xanoy yaqinidagi But-Tan (XIV asrgacha), Txaybin viloyatidagi Keo (XVII asr) ibodatxona majmualari, Xanoy yaqinidagi Dinbang qishlogʻida qurilgan koʻp ustunli inshootlarni (XVIII asr) koʻrsatish mumkin. XVIII asr oxiri — XIX asr boshlariga mansub saroylar oʻymakorlik va lok bilnn bezatilgan (Xyue shahridagi „Mukammal uygʻunlik saroyi“). Fransuz mustamlakachilari hukmronligi davrida (XIX asr oʻrtalaridan) shaharlarda modern va funksionalizm uslublaridagi binolar qurildi. XX asrning 60—90-yillarida sanoat (Xanoy, Kaobang va boshqa shaharlardagi zavodlar) va jamoat inshootlari (Politexnika instituti, Xo Shi Min mavzoleyi), turar joy dahalari tiklandi vayangilari qurildi. Nguyen Van Nin, Nguyen Kao Luyen, Xoang Ti Tep, Chan Xi Tem va boshqa Vyetnamning yetakchi meʼmorlari hisoblanadi.

Tasviriy sanʼati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Vyetnam xalqlarining betakror va oʻziga xos badiiy ijodiyoti mil. av. I asrlardan boshlangan. IX-XII asrlardagi monumental haykaltaroshlik gʻoyat nafisligi bilan ajralib turadi (chakelik raqqosa va sozandaning boʻrtma tasviri). XI-XV asrlar haykaltaroshligida hayvonlarning goʻzal va mutanosib qiyofasini yaratish koʻzga tashlanadi. XV-XVIII asrlarda portret rang-tasviri rivojlandi. Vyetnamda qadimdan amaliy bezak sanʼati — metallga gul solish, kulolchilik, kashtadoʻzlik, fil suyagi oʻymakorligi, lok bilan bezash va hokazolarning har xil turlari keng yoyilgan. Hozorgi tasviriy sanʼatda rassomlik va grafika (Liong Suan Ni, Fan Ke An, Nguyen Van Ti, Nguyen Dik-Nung, To Ngok Van va boshqa), haykaltaroshlik (Chan Van Lam) rivoj topgan.

Vyetnam professional musiqasida xitoy, shuningdek asosan tyam va budda diniy musiqa madaniyatining taʼsiri seziladi. Milliy operada ashula bilan birga rechitativ, nutq, raqs, imo-ishora ham uchraydi. Cholgʻu asboblari: puflab chalinadigan — bambuk kxen, naysimon shao bau, tiyeu, pidoy va boshqa, goboy toifasidagi piramlang; torli (1 tordan 42 torgacha) — qadimgi bir torli bau, chang toifasidagi txapluk; zarbli — turli barabanlar, gonglar, buben va boshqa, 1945-yildan keyin mamlakat shimolida milliy musiqa madaniyati yuksaldi, ommaviy vatanparvarlik qoʻshiqlari keng yoyildi, katta shakldagi musiqa turlari (oratoriya, kantata, simfoniya) rivojlandi. Opera ommalashdi (kompozitorlar Do Nyuan, Nyat Lay, Nguyen Suan Xoat, Nguyen Neo Tui). 1960-yildan balet yuzaga keldi (kompozitorlar Chan Kuy, Xoan Van, Nguyen Din Tan va boshqa). Xanoyda konservatoriya, musiqa maktablari, opera teatri, simfoniya va xalq cholgʻu asboblari orkestrlari, davlat xori, qoʻshiq va raqs ansambli bor.

Xalq marosimlari Vyetnam teatrining manbaidir. Teo xalq teatri, tuong va kayliong teatrlari ana shu marosimlar zamiridan yetishib chiqqan. Muloyim raqslar, musiqa va qoʻshiqlar ularning ifoda vositasi boʻldi. XX asr boshlarida Xanoyda kitnoy deb atalgan zamonaviy soʻzlashuv uslubidagi drama teatri vujudga keldi. Teatr sahnasida milliy dramaturglarning asarlari („Vijdon azobi“, „Fuong ismli qizning qabri“) va jahon mumtoz dramaturgiyasi namunalari (Shekspir, Moler pesalari) qoʻyildi. 1946—54 yillardagi urush davrida kitnoy aktyorlari harbiy qismlarda „Vatanga sadoqat qasami“, „Vatan uchun jon bermoq“ kabi vatanparvarlik ruhidagi tomoshalarni koʻrsatishdi. 20-asrning oxirgi oʻn yilliklarida teo, tuong, kayliong va ayniqsa kitnoy teatrlarining faoliyati kuchaydi. 1961-yilda oliy drama maktabi ochilgan. Vyetnamda professional va havaskorlik truppalari, anʼanaviy xalq koʻgarchoq teatri mavjud. Birinchi professional qoʻgʻirchoq teatri 1957-yil Xananda tashkil etilgan[8].

Vyetnam hujjatli kinosining asoschilari orasida operatorlar Xuang Me, May Lok, Kuang Tuy, Fen Ngiyemlar bor. 1953-yilda kino ishlab chiqarishga rahbarlik qiluvchi milliy birlashma tashkil etildi. 1956-yilda Xanoyda kinostudiya, 1959-yilda Milliy kino maktabi barpo etildi. Film l ar orasida „Ti Xao ismli qiz“ (rejissor Fam Ki Nam), „17-parallel“, „Xanoylik qizcha“ (ikkovining rejissor Xay Nin), „Avgust yulduzi“ (rejissor Chan Dak)ni koʻrsatish mumkin[9].

Oʻzbekiston — Vyetnam munosabatlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]
  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  1. „Военная история / Дэвидсон Ф. Б. Война во Вьетнаме“. 2012-yil 5-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2013-yil 11-mart.
  2. China-Vietnam Relations, 2010-05-06da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2013-03-11
  3. История Востока: в 6 т. / Т. 6: Восток в новейший период (1945—2000 гг.) / [отв. ред.: В. Я. Белокреницкий, В. В. Наумкин]. — М.: Восточная литература РАН. 2008. С.717-718
  4. Company overview (Wayback Machine saytida 2011-08-15 sanasida arxivlangan) // Официальный сайт Beeline VN (ingl.)
  5. Вьетнамский GTEL Mobile начинает работать под брендом Beeline
  6. Российско-Вьетнамские отношения // Официальный сайт МИД России.
  7. „Vietnam Airlines Details and Fleet History“. PlaneSpotters.net (1-aprel 2010-yil). Qaraldi: 1-aprel 2010-yil.
  8. Во Вьетнаме открыли самую длинную в мире подвесную канатную дорогу, 2009-05-21da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2013-03-11
  9. Thành Lân. "Ai đặt quốc hiệu Việt Nam đầu tiên? (Wayback Machine saytida 2011-07-27 sanasida arxivlangan)". Báo Đại đoàn kết. 14-mart 2003-yil. Retrieved 29-yanvar 2013-yil.