Kontent qismiga oʻtish

Xanoy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Xanoy – Vyetnam poytaxti, Xongxa daryosining Bakbo qoʻltigʻiga quyilish yeridan 175 km masofada joylashgan. Atrofidagi hududlar bilan markazga boʻysunuvchi maʼmuriy birlikni tashkil etadi. Aholisi 1,24 mln. kishi (1998). Iqlimi mussonli, subekvatorial, yanvarning oʻrtacha darajasi 16°, iyulniki esa 29°. Yillik yogʻin 1800 mm.ni tashkil etadi. Transport yoʻllari chorrahasi. Aeroporti xalqaro ahamiyatga ega. Dengiz avanporti – Xayfon.

Xanoy – mamlakatning muhim iqtisodiy va madaniy markazi. Mamlakat sanoat mahsulotining 1/6 qismi Xanoyda ishlab chiqariladi. Mashinasozlik (jumladan, stanoksozlik, transport, elektrotexnika), kimyo, yogʻochsozlik, toʻqimachilik (ip gazlama, ipak), oziq-ovqat (jumladan, tamaki), keramika sanoati korxonalari mavjud. Hunarmandchilikda uy-roʻzgʻor, badiiy buyumlar tayyorlanadi. Kauchuk qayta ishlanadi. universitet (1918), politexnika instituti, Xo Shi Min maqbarasi, muzeylar, botanika bogʻi bor. Meʼmoriy yodgorliklardan Konfutsiyga bagʻishlangan „Adabiyot maskani“ ibodatxona majmuasi (1070), DyenBo pagodasi (11-asr) va boshqa saqlangan. Shahar 2 qismdan: Eski shahar va Yangi shahardan iborat. Xanoyga V asrda (baʼzi maʼlumotlarga koʻra VII asrda) asos solingan. IX-XI asrlarda Dayla, XI asrdan 1833-yilgacha Txanglaung yoki Dongkin deb atalgan. 1804-yilda poytaxt Xyue shahriga koʻchirilgach, Xanoy Vyetnam shimoliy qismining bosh shahri boʻlib qoldi. XIX asrning 80-yillari oʻrtalarida Tonkiy fransuz protektoratining maʼmuriy markazi, 1902-yildan Fransiya Hindixitoyi mustamlakasi maʼmuriy markazi. 1976-yil 2-iyundan Vyetnam Sotsialistik Respublikasi poytaxti.