Kontent qismiga oʻtish

Sharqshunoslik

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Sharqshunoslik — Sharq (Osiyo va Shimoliy Afrikadagi davlatlar) tarixi, iqtisodi, tili, adabiyoti, etnografiyasi, sanʼati, dini, falsafasi, moddiy va maʼnaviy madaniyatini kompleks oʻrganuvchi fan. Sharqshunoslikning misrshunoslik, assiriologiya (ossuriyashunoslik), semitologiya, arabshunoslik,eronshunoslik, turkshunoslik, xitoyshunoslik, moʻgʻulshunoslik, hindshunoslik, yaponshunoslik kabi sohalari mavjud. Fanning rivojlanishi bilan sharqshunoslikning yana yangi mintaqaviy shoxobchalari (shumerologiya, urartologiya, kumranistika, koreistika va boshqalar) paydo boʻla boshladi. Afrikashunoslik sharqshunoslikdan ajralib chiqdi. Sharqshunoslikning kompleks fan sifatida rivojlanishi davom etmoqda. Sharq mamlakatlari va ularning tarixi mahalliy olimlar tomonidan qadimdan oʻrganila boshlangan. Qadimiy va oʻrta asr Sharq olimlari yaratgan asarlar sharqshunoslik uchun qimmatli manbalardir.

Yevropada Sharq toʻgʻrisidagi dastlabki maʼlumotlar yunon mualliflari asarlarida uchraydi. Yunonlar dastlab Eronni, keyinchalik oʻz yurtlaridan sharqda boʻlgan hududlarni Sharq deb hisoblaganlar. Yevropada Osiyo va Shimoliy Afrika bilan savdo hamda siyosiy aloqalar oʻrnatila boshlanishi bilan Sharqqa boʻlgan qiziqish kuchaydi. XII asrdan boshlab, Veniamin Tudelskiy (XII asr) va Marko Polo (XIII asr) kabi yevropalik savdogar va diplomatlarning Yaqin va Oʻrta Sharqqa qilgan sayohatlari haqidagi esdaliklar koʻpaya boshladi. Xalqaro aloqalarning kengayishi shahrining rivojlanishiga katta taʼsir koʻrsatdi. XV-XVI asrlarda Yaqin Sharq davlatlari va Xitoy tarixiga oid asarlar paydo boʻldi. Parij, Oksford universitetlarining Sharq tillari kafedralarida qadimiy yahudiy va arab tillari oʻqitila boshladi.

XV asrda Rossiyada Nikitin Afanasiyning Hindiston toʻgʻrisida, XVII asrda M. Petlin, rus elchilari F.I. Baykov va N.G.Siafariyning Xitoyga oid safarnomalari chop etildi.

XVII asrdan Yevropada Sharq tillaridan fors, turk, xitoy tillari oʻrganila boshladi. Ayrim Sharq tillarining lugʻatlari, Sharq mualliflari (asosan, Saʼdiy) asarlarining matn va tarjimalari nashr etildi. XVII asr oxirida Leyden, Parij, Oksford universitetlarining kutubxonalarida Sharq qoʻlyozmalari toʻplandi. 1667-yil Parijda d’Erbeloning „Sharq kutubxonasi“ nomli toʻplami nashr etildi. Rossiyada XVIII asr boshlarida (Pyotr I ning 1700 va 1702-yillardagi farmonlariga koʻra) Sharq tillarini oʻqitish joriy qilindi.

XVIII asrning 2-yarmidan sharqshunoslikni ilmiy asosda oʻrganish boshlandi. Mustamlakaga aylantirilgan Sharq mamlakatlaridan Gʻarbga katta moddiy boyliklar bilan bir qatorda koʻplab yozma yodgorliklar ham olib ketildi, Yevropaning Leyden, London, Parij, keyinchalik, Peterburg kabi shaharlarida boy qoʻlyozma fondlari tashkil etildi. Ularda tarix, fan va madaniyat tarixi, dinshunoslik, huquq, falsafa, til va adabiyotga oid qoʻlyozma asarlar yigʻilgan boʻlib, ularni tarjima va tadqiq etish ilmiy sharqshunoslikning shakllanishiga zamin boʻldi. Koʻp vaqtgacha ilmiy sharqshunoslikning asosiy va yagona sohasi sharq filologiyasi edi. Yozma manbalarni ilmiy tavsiflash, kataloglashtirish, ularni tanqidiy matnlarini tuzish, manbaning kelib chiqishini aniqlash, tarjima qilish va ilmiy izohlash shu sohaning asosiy vazifalari hisoblangan. Keyinchalik, qoʻlyozma manbalar yoniga epigrafik materiallar (qabr toshlari, metall idishlar va boshqalar buyumlardagi bitiklar) qoʻshilishi natijasida sharq epigrafikasi rivojlana boshladi.

Sharq filologiyasining oʻziga xos xususiyati — uning kompleksliligidir. Zero, unda tilshunoslik, adabiyotshunoslik, tarix, falsafa, din tarixi elementlari mujassamlashgan boʻlib, yozma manbalar ustida ishlash oʻrganilayotgan mamlakat tili, tarixi va madaniyatini bilish barobarida shu manba mansub boʻlgan soha boʻyicha ham maxsus bilimlarni talab etadi. Fargʻoniy, Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Ulugʻbek kabi allomalarning aniq va tabiiy fanlarga oid boʻlgan asarlarining rus va oʻzbek tiliga izohli tarjimalari bunga yorqin misoldir. Shu maʼnoda sharq filologiyasi hozirgi kungacha oʻz ahamiyatini saqlab kelmoqda, chunki hali oʻrganilmagan yozma manbalar juda koʻp va ularni tadqiq etish kompleks bilimlarni talab qiladi.

Qadimgi fors tilidan „Avestofransuz tiliga tarjima qilindi (1771). Mixxatlar, Misr iyerogliflarini oʻqishga muvaffaq boʻlindi. Kalkutta (1784), Parij (1822), London (1823), Leypsig (1845) shaharlarida bir necha Osiyo jamiyatlari, Sharq tillarini oʻrganuvchi maxsus oliy oʻquv yurtlari — Venada Sharq tillari akademiyasi (1754), Parijda Jonli sharq tillari maktabi (1795) ochildi. Sharq tarixi va uning madaniyati (asosan, qadimiy va oʻrta asr tarixiga oid)ga bagʻishlangan yirik tadqiqotlar paydo boʻldi.

Rossiyada G.S. Lebedev Yevropada birinchi boʻlib sanskrit grammatikasini tuzdi (1801). XX asr sharqshunoslaridan eng mashhuri N.Ya. Bichurin boʻlgan. Universitetlarda Sharq tillari oʻqitishni M.V.Lomonosov taklif qilgan edi. 1807-yildan Qozon universiteti, 1819-yildan Peterburg universitetida sharqshunoslar tayyorlana boshladi. 1818-yil Peterburgda Osiyo muzeyi ochildi.

XIX asrning 2-yarmida Yevropadagi yirik kutubxonalarda saqlanayotgan Sharq qoʻlyozmalari va kitoblarining kataloglari, Sharq tillari lugʻatlari tuzildi. „Islom ensiklopediyasi“ (4 tilda) nashr etildi. 1873-yildan har 3 — 4 yilda sharqshunoslarning xalqaro kongresslari chaqiriladigan boʻldi. XIX asr oxiri — XX asr boshida Yaponiya, Xitoy, Hindiston, Eron, Turkiya va boshqalar Sharq davlatlarida yirik tarixchi va filologlar yetishib chiqdi. Ular manbalarni tanqidiy qoʻllanmalar asosida tadqiq qilishga kirishdilar.

Rus sharqshunoslari sharqshunoslikning yangi shoxobchalari, xususan, turkshunoslik, kavkazshunoslik va boshqalar boʻyicha qimmatli asarlar yozdilar. Turkshunoslik boʻyicha I. N. Berezin, M.K. Kozimbek, V.V. Radlov va boshqalar turkiy xalqlar tili, folklori va adabiyotiga oid yirik asarlar yaratdilar. Moʻgʻul, eron, kurd, osetin tillariga oid ilmiy asarlar nashr etildi. O.I. Senkovskiy, X.D. Fren, V.R. Rozen, G.S. Sablukov, A.V. Boldirev Oʻrta Osiyo, Sibir, Moʻgʻuliston, Xitoyning moddiy va diniy madaniyatiga oid manba va yodgorliklarni tadqiq qilib, nashr ettirishdi. Sharqiy Turkiston (Kuchon, Turfon)da topilgan budda, xristian va moniy adabiyotlari juda koʻp maʼlumotlarga ega. V.V. Velyaminov-Zernov, N.V. Xanikov, V.V. Grigoryev, N.I. Veselovskiy, V.V. Bartold va boshqalar tadqiqotchilar Oʻrta Osiyo tarixi va geografiyasiga oid asarlar yaratdilar. B.A.Turayev qadimiy Sharq tarixi boʻyicha rus maktabining asoschisidir. Qozon, Peterburg va Moskva universitetlari, Moskvadagi Lazarev Sharq tillari instituti, Odessadagi Rishelye litseyi, Vladivostokdagi Sharq instituti va boshqalar bir necha oʻquv yurtlarida sharqshunoslar tayyorlandi. Sharqshunoslarning tadqiqotlari, asarlari „Aziatskiy vestnik“ (1825-1827), „Zapiski Vostochnogo otdeleniya Russkogo arxeologicheskogo obshestva“ (1887-1921), „Mir islama“ (1912-1913) jurnallarida chop etilgan.

XX asr boshlarida yirik rus sharqshunoslari yangi ochilgan Sharqshunoslik markazlarida ish olib bordilar. N.Ya. Marr, S.F. Oldenburg, F.I. Sherbatskoy, B.Ya. Vladimirsov, V. V. Bartold, I. Yu. Krachkovskiy, V.V. Struve va boshqalar qimmatli asarlar yaratdilar. 1930-yil Osiyo muzeyi va boshqalar Sharqshunoslik tashkilotlari asosida SSSR Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti tuzildi. SSSR Fanlar akademiyasi va respublikalar Fanlar akademiyalari tizimlarida Sharqshunoslik muammolarini oʻrganuvchi yangi markazlar (SSSR Fanlar akademiyasi Tinch Okeani instituti, OʻzSSR FA, OzSSR FA, GruzSSR FA, TojSSR Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik ilmiy tekshirish institutlari, respublika FAlarning tarix, adabiyot va til insitutlari, shuningdek, boshqa respublikalar akademiyalari Sharqshunoslik boʻlimlari tuzildi.

Leningrad, Toshkent, Dushanbe, Boku, Yerevan, Tbilisi, Qozon va boshqalar shaharlarda Sharq qoʻlyozmalarining boy fondlari toʻplandi. XX asrning 40-yillarida Moskva universiteti Tarix va filologiya fakultetida Sharq boʻlimi, Leningrad, Oʻrta Osiyo (Toshkent), Ozarbayjon (Boku) va Tbilisi universitetlarida Sharq ftlari ochildi.

1957-yil Moskvada „Sharq adabiyoti“ (1964-yildan „Nauka“) nashriyoti tuzildi. „Sovetskoye vostokovedeniye“ (1955; 1959-1961-yillarda) „Problemn vostokovedeniya“, 1961-yildan „Narodi Azii i Afriki“ va „Sovremennga Vostok“ (1957; 1961-yildan „Aziya — Afrika segodnya“) jur.lariga asos solindi. 1957-yil Toshkentda Butunittifoq sharqshunoslarining 1-konferensiyasi boʻlib oʻtdi. 50-60-yillarda koʻp jildli „Vsemirnaya istoriya“ („Jahon tarixi“)ning Sharq tarixi boʻlimlari, Hindiston, Xitoy, Yaponiya, Janubi-Sharqiy Osiyo, arab mamlakatlarining yangi va eng yangi tarixi, oliy oʻquv yurtlari uchun darsliklar, mustamlaka tizimining inqirozi, muammolari hamda Sharqdagi mustaqil davlatlarning iqtisodiy rivojlanish muammolariga oid yirik, umumlashgan asarlar nashr etildi. Sharq mamlakatlari tarixi boʻyicha I.M. Reysner, B.N. Zaxoder, Ye.A. Belyayev, V.B. Lutskiy, A.L. Galperin, AA. Semenov, Yu.V. Gankovskiy, L.I. Duman, I.M. Dyakonov, I.P. Petrushevskiy, O. Bolshakov va boshqalar yirik asarlar yozganlar. Sharq adabiyotshunosligi rivojlandi. „Literatura Vostoka“ („Sharq adabiyoti“) seriyasi vujudga keldi. „Istoriya mirovoy literaturm“ning Sharqqa oid qismlari yozildi; „Pamyatniki literaturm narodov Vostoka“ (matn va tarjimalar) nashr etilmoqda.

XX asrning 2-yarmida qadimiy qoʻlyozma yodgorliklarni tadqiq qilishda ham katta muvaffaqiyatlarga erishildi. Bir necha dialektlar tadqiq qilindi va turk, kavkaz, moʻgʻul, fors, somiy va boshqalar tillar boʻyicha ilmiy grammatikalar, lugʻatlar va ularga oid asarlar yaratildi.

Ikkinchi jahon urushidan keyin Sharq davlatlarida boʻlgan tarixiy oʻzgarishlar chet el sharqshunosligi tadqiqotlarini rivojlanishiga taʼsir koʻrsatdi. Mustamlaka qilingan davlatlardagi siyosiy va iqtisodiy jarayonlar Sharq davlatlaridagi gumanitar fanlarning rivojlanishiga, sharqshunoslikda tadqiqotlar mavzuining dolzarblashuviga olib keldi. Sharq davlatlarida olib borilayotgan arxeologik qazish ishlari sharqshunoslikni rivojlanishiga, ayniqsa, muhim hissa qoʻshmoqda.

Qadimgi Sharq tillari — shumer, xett, urartu, ugarit, xatt, elam, toxar tillarida matnlarni oʻrganish keng yoʻlga qoʻyildi. Axomaniy matnlari, pahlaviy, sugʻd, xoʻtan, qumron, toxar tillarida yozilgan matnlar toʻplami chop etildi. Oʻrta asr tarixi, adabiyoti, fani va madaniyatiga oid yodgorliklarni toʻplash, oʻrganish va nashr etishda katta ishlar qilingan boʻlib, bu jarayonlarni yevropalik sharqshunos olimlar boshlab bergan edi. Yevropa Sharqshunosligiga xos boʻlgan mukammal va puxta ilmiy tekshirish anʼanalari hozirda ham davom etib kelmoqda. MXR va KXDR olimlari oʻrta asrning istoriografiyasiga oid eng muhim qoʻlyozmalarni, 50-yillarda XXR tarixchilari Xitoyning yangi va eng yangi tarixiga oid hujjatlar toʻplamini nashr etdilar. Yapon tarixchilari — S. Xattori, G. Xachi va boshqalar Yaponiya tarixini tadqiq qildilar.

Urushdan oddin va urushdan keyingi oʻn yilliklarda Sharqning jonli tillarini tadqiq etish kuchaydi. Dialektologiya, tillarning tasnifi va rivojlanishiga oid asarlar yaratildi.

Oʻzbekistonda sharqshunoslikning rivojlanishi, asosan, uch Sharqshunoslik markazi — Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti va Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi faoliyati bilan bogʻliq. Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutining ilmiy yoʻnalishi institut fondida toʻplangan oʻn minglab qoʻlyozma asarlarni chuqur oʻrganish, kataloglar hamda Oʻrta Osiyo va qoʻshni Sharq xalqlarining fani va madaniyati tarixiga oid nodir yozma manbalarni nashrga tayyorlab, ularda mavjud boʻlgan tarixiy maʼlumotlar asosida ilmiy tadqiqot ishlari yaratish, Sharq xalqlarining oʻtmishda jahon madaniyati taraqqiyotiga qoʻshgan salmoqli hissalarini yaqqol qoʻrsatishdir. Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida sharqshunos kadrlar tayyorlash bilan birga Sharq xalqlari adabiyoti, tilshunoslik, iqtisod va siyosatshunoslikka oid ilmiy tekshirish ishlari ham olib boriladi. Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida islom dini tarixi, iqtisodi, huquqshunosligi, arab tili va boshqalar boʻyicha mutaxassislar tayyorlanadi va mazkur sohada ilmiy tadqiqot olib boriladi. Islom dini va u bilan bogʻliq masalalar sharqshunoslikning muhim yoʻnalishi hisoblanadi.

Oʻzbekiston sharqshunosligini shakllanishi va uning jahonga tanilishiga A.K. Arends, A. Ahmedov, S.Azimjonova, B. Ahmedov, B. Bobojonov, P.G. Bulgakov, N. Ibrohimov, A. Irisov, U.I. Karimov, S. Mirzayev, A. Moʻminov, M.A. Salye, A.A. Semyonov, M.M. Xayrullayev, A. Xoʻjayev, Sh. Shomuhamedov, A. Oʻrinboyev, A. Qayumov, A Hayitmetov, A. Rustamov, A Muhammadjonov, M.B. Baratov, I. Abdullayev, P. Qodirov kabi olimlarning xizmati katta boʻldi. Hozir Oʻzbekistonda sharqshunoslik boʻyicha „Sharqshunoslik“ almanaxi (1991-yildan), „Sharq mashʼali“, „Mayak Vostoka“ va „Imom Buxoriy saboqlari“ kabi jurnallar chop etilmoqda.

Sharqshunoslarning oxirgi xalqaro kongressi (ICANAS-37) 2004-yil Moskva shahrida boʻlib oʻtdi.

Hozir dunyoning turli mamlakatlarida 1000 dan ortiq ilmiy tadqiqot markazlari, oʻquv assotsiatsiyalari, universitet va boshqalar oliy oʻquv yurtlari sharq fakultetlari bilan birga sharqshunoslik boʻyicha tadqiqotlar olib borib, sharqshunos kadrlarni tayyorlamoqda. Ularning koʻpchiligi oʻzining davriy nashrlariga ega.(takrorlash)

  • Bartold V.V., Istoriya izucheniya Vostoka v Yevrope i Rossii, L., 1925; Oʻrinboyev A., Ahmedov A., Mannonov B., Sharqshunoslikning dolzarb muammolari, T., 1995; Abdusamatov M., Oʻzbekiston sharqshunoslari, T., 1996.