Kontent qismiga oʻtish

Abu Rayhon Beruniy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Abu Rayhon Beruniy Muhammad ibn Ahmad

Abu Rayhon Beruniyga bagʻishlangan SSSR Pochta markasi.
Tavalludi 4-sentyabr 973-yil
Kat, Xorazm, Somoniylar davlati
Vafoti 13-dekabr 1048-yil(1048-12-13)
(75 yoshda)
Gʻazna, Gʻaznaviylar davlati
Istiqomat joylari Kat,
Ray,
Gurganj,
Gʻazna.
Fuqaroligi Somoniylar davlati[1]
Millati Xorazm
Sohasi Fizika,
Falsafa,
Antropologiya.
Akademik rahbarlari Abu Nasr Mansur ibn Iroq.
Mashhur ishlari „Geodeziya“,
„Hindiston“,
„Mineralogiya“,
„Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar“.

Abu Rayhon Muhammad ibn Ahmad Al-Beruniy (4-sentyabr, 973-yil, Kat (hozirgi Qoraqalpogʻistonning Beruniy tumani), Xorazm, – 13-dekabr, 1048-yil, Gʻazna) — Islom oltin davrining zabardast Xorazmlik qomusiy allomalaridan biri. Gʻarb tillarida uning ismi Aliboron deb ham atalgan. Al-Beruniy nomi forscha „birun“ („chet“ degan maʼnoni anglatadi) soʻzidan olingan boʻlib, u Afrigʻiy Xorazmshohlar poytaxti Kat shahrining chekka tumanida tugʻilgan[2][3].Beruniy o'z hovlisida turli gullarni parvarishlashni yoqtirgani uchun unga "Rayhon" laqabini ham berishadi. Al-Beruniy hayotining dastlabki 25 yilini Xorazmda oʻtkazdi, u yerda islom, fiqh, ilohiyot, grammatika, riyoziyot, falakiyot, tibbiyot va falsafa, fizika va boshqa ilmlar bilan ham shugʻullandi. Beruniy ona tili boʻlgan xorazmiy tilidan tashqari fors, arab yunon, ibroniy va suryoniy tillarini bilgan va 50 yoshida sanskrit tilini oʻrgandi. Iroqiylarning oxirgi vakili Abu Nasr Mansur ibn Iroq Beruniyning ustozi edi. Al-Beruniy falakiyot, riyoziyot, geodeziya, jugʻrofiya, mineralogiya va tabiiy fanlarni yaxshi bilgan. Shuningdek, tarixchi, xronolog va tilshunos sifatida ham ajralib turardi. U oʻz davrining deyarli barcha fanlarini mukammal oʻrgangani sabab qomusiy alloma deb nomlanadi va koʻplab ilm sohalarida tinimsiz izlanishlari uchun moʻl-koʻl mukofotlangan[4]. Shoh xonadoni va jamiyatdagi boshqa qudratli unsurlar Al-Beruniyning tadqiqotlarini moliyalashtiradi. Oʻziga xos taʼsirga ega boʻlgan Al-Beruniyning oʻzi ham falsafani oʻrganish davomida, boshqa xalqlarning olimlaridan, xususan, yunon olimlaridan ham ilhom olgan.

Beruniy Iroqiylar xonadoniga mansub edi va oʻsha paytda Xorazmdagi hukmron Afrigʻiylarga xayrixoh edi, 995-yil Katni, Xorazmning ikkinchi poytaxti, Gurganj (Urganch)ning amiri Maʼmun ibn Muhammad bosib oladi va Afrigʻiylar sulolasini taxtdan agʻdardi va natijada Beruniy vatanini tashlab Buxoroga ketdi. U yerda u Ibn Sino bilan yozishmalar olib borgan va bu ikki olim oʻrtasida fikr almashilgan.

U oʻzining „Geodeziya“ asarida 990-yil Kat shahrining geografik kengligini aniqlaganini yozadi. Maʼlumki, geografik kenglikni aniqlash uchun geografiya, matematika va astronomiyadan yetarlicha bilimga ega boʻlish lozim. Ray shahriga (hozirgi Tehron yaqinida) keladi. U Rayda mashhur olim — matematik va astronom al-Xoʻjandiy, tabib va faylasuf ar-Roziylar bilan tanishadi. Beruniy Rayda oʻzining „Al-Faxriy sekstanti“ risolasini yozadi. 997-yil Beruniy Katga qaytdi. Bu davrda Xorazmda oʻzgarishlar boʻlib, Maʼmun vafot etib, uning oʻrniga Ali ibn Maʼmun taxtga chiqqan edi. 997-yilda mashhur tabib Abu Ali Ibn Sino ham Urganjga keladi.

998-yil Beruniy Jurjonga keldi. U Jurjonda 1004-yilgacha yashaydi. Oʻzining oʻn beshga yaqin asarini shu yerda yaratdi. Jumladan, olimning „Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar“ asari 1000-yil atrofida shu yerda yozilgan. 1004-yilning bahorida Beruniy Xorazmga qaytdi. Bu vaqtda Xorazmning poytaxti Urganj edi. Urganjda u Oy tutilishini kuzatdi. Saroyda al-Masihiy, tabib al-Hammar, Ibn Iroq va boshqalar ishlar edilar.

Urganjda Beruniy matematika, astronomiya bilan bir qatorda fizika va mineralogiyaning baʼzi masalalari bilan shugʻullandi. Minerallarni aniqlash, ularni tizimga solishda solishtirma ogʻirliklardan foydalanish gʻoyasi ham mana shu yerda tugʻildi.

1017-yilning yozida turkiy podsho Mahmud Gʻaznaviyning buyrugʻiga koʻra Beruniy asir sifatida Gʻaznaga olib ketildi. U yerda ogʻir sharoitda yashadi. 1019-yildan keyin ilmiy ish bilan shugʻullanish sharoitiga erishdi. 1022–1024-yillarda Mahmud Hindistonga qilgan yurushida Beruniyni oʻzi bilan olib ketdi. Safarda ham Beruniy ilm bilan shugʻullandi. U Panjobdagi Nandna qalʼasi yonida yer shari meridianini bir gradusining uzunligini oʻlchadi va u 110,895 km. ekanini aniqladi. Bu maʼlumot hozirgi zamon oʻlchashlari natijasi — 111,1 km bilan taqqoslansa, Beruniy oʻlchashlarining aniqligi qay darajada ekani koʻrinadi. U umrining koʻp qismini hozirgi Afgʻonistonning janubiy-sharqiy qismidagi oʻsha paytdagi Gʻaznaviylar davlati poytaxti Gʻazna shahrida oʻtkazdi. Hindiston yarimoroliga sayohat qilganda, Hindistonda amalda boʻlgan hinduiylik dinini oʻrganib chiqqandan soʻng 1030-yilda „Tarix al-Hind“ (Hindiston tarixi) nomli hind madaniyati haqida risola yozdi. U oʻz davri uchun hayratlanarli darajada xolis yozuvchi edi. Turli xalqlarning urf-odatlari va eʼtiqodlari, uning ilmiy ob’ektivligi 11-asr boshlarida Hindistonni ajoyib tasvirlagani uchun unga al-Ustad („Ustoz“) unvonini berdi.

1030-yilda Mahmud Gʻaznaviy vafot etdi va uning oʻrniga oʻgʻli Masʼud taxtga chiqdi. Masʼud Beruniyga koʻp iltifotlar koʻrsatdi. Shu sababli, Beruniy oʻzining shoh asarini Masʼudga bagʻishlab „Qonuni Masʼudiy“ deb atadi. Bu asar asosan astronomiyaga oid boʻlsa ham Beruniyning matematikaga oid, yaʼni trigonometriya va sferik trigonometriyada qilgan anchagina kashfiyotlari shu asarda bayon etilgan. Beruniyning matematikaga va fanning boshqa sohalariga qoʻshgan hissasini yozib qoldirgan 100 dan ortiq asaridan ham koʻrish mumkin. Ulardan eng yiriklari — „Hindiston“, „Yodgorliklar“, „Qonuni Masʼudiy“, „Geodeziya“, „Mineralogiya“ va „Astronomiya“. Qolganlarini quyidagicha taqsimlash mumkin: matematikaga doirlari — 22 ta; astronomik asboblar haqida — 10 ta; astrologiklari — 21 ta; turli fanlar (fizika, mineralogiya, adabiyot, tarix va boshqalar) — 38 ta; turli tillardan tarjima asarlar — 21 ta. Beruniyning bu asarlaridan atigi 30 ga yaqini bizning kunlargacha yetib kelgan. Beruniy yoshligidayoq koʻp vaqtini turli kuzatishlar bilan oʻtkazgan. U bolaliastronomik asbob yasagan. Xorazmning turli joylari koordinatalarini aniqlash bilan shugʻullangan va 995–996-yillarda Kat shahrida diametri 15 ziroʻ (Ziroʻ — qadimgi oʻlchov birligi, 49 santimetr chamasida) boʻlgan doira va boshqa asboblar bilan astronomik oʻlchash ishlarini olib borgan. Beruniyning 152 asari maʼlum boʻlib, bizgacha uning faqat 30 tasi yetib kelgan. Jami asarlarining 70 tasi astronomiyaga, 20 tasi matematikaga, 12 tasi geografiya va geodeziyaga, 4 tasi mineralogiyaga, 1 tasi fizikaga, 1 tasi dorishunoslikka, 15 tasi tarix va etnografiyaga, 4 tasi falsafaga, 18 tasi adabiyotga bagʻishlangan.[5]

Astronomiya va geografiyaga qoʻshgan hissasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Beruniyning boy ilmiy merosi hali toʻla oʻrganilmagan. Beruniy yirik olim Abu Nosir ibn Iroqdan Evklid geometriyasi, Ptolemeyning astronomik taʼlimotlari boʻyicha dars olgan. 995-yilgacha u astronomiya, geografiya, geodeziya amaliy masalalarini hal etish bilan birga Yer va osmon globusini yasadi hamda astronomiyaga oid bir necha kitoblar yozdi. Olimning ana shunday asarlaridan biri „Geodeziya“ 1025-yilda yozib tugatilgan. Bu asar „shaharlar orasidagi masofalarni aniqlash uchun joylarning chegaralarini belgilash“ga doirdir. Kitobning 4-bobi oxirida Beruniy Yer aylanasining kattaligini oʻlchash haqida fikr yuritgan. Qadimdan insonlar Yerning shakli va kattaligini bilishga qiziqqanlar va turli xalqlar Yer shaklini turlicha tasavvur qilishgan.

Miloddan avval oʻtgan Pifagor, Arastu, Arximed, Eratosfen kabi buyuk olimlar Yer dumaloq va shar shaklida degan fikrni aytganlar. Jumladan, miloddan avvalgi 250-yilda iskandariyalik olim Eratosfen Yer shar shaklida deb, uning oʻlchamlarini quyidagicha aniqlagan. Iskandariya bilan Sienya (hozirgi Asvon) shaharlari orasidagi masofani karvonlarning yurish muddati bilan oʻlchaydi, keyin bu qiymatni ikki shahar kengligining ayirmasiga boʻladi va Yer radiusini 6840 kilometr deb chiqaradi. Bu gradus meridian yoyining uzunligi esa 119,444 boʻladi yoki meridian yoyining uzunligi 70 121 ga tengligini aniqlab, bu yoy meridian aylanasi uzunligining 1/50 qismi ekanligini hisoblagan. Yer meridian aylanasining uzunligi 39500 kilometrga yaqin boʻlsa kerak, degan fikrga kelgan. Eratosfendan soʻng Misr, Xitoy va yunon olimlaridan bir qanchasi Eratosfen oʻlchagan usul bilan Yerning kattaligini aniqlaganlar. Oʻrta asrlarda Yerning hajmini aniqlashda yurtimizdan yetishib chiqqan olimlarning xizmatlari katta boʻlgan. Muso Muhammad al-Xorazmiy bir gradus meridian yoyning uzunligi 111,8 kilometrga tengligini isbotlab bergan.

Fors tilida yozilgan „Kitob al-Tafhim“da Beruniy tomonidan keltirilgan Oyning turli xil fazalari


Bagʻdodda tashkil topgan „Donishmandlik uyi“ nomli oʻsha davrning fanlar akademiyasida Oʻrta Osiyolik olimlardan Xorazmiy, Fargʻoniy, Habash Xasib, Marvaridiy kabi olimlar turli sohalarda ish olib borganlar. Beruniy ham shu „Donishmandlik uyi“ning aʼzosi boʻlib, u yerda 7 yil ishlagan. Uning yozishicha, xalifa Maʼmun buyrugʻiga binoan „Donishmandlik uyi“ning olimlari ikki guruhga boʻlinib, Iroqning Mosul shahri gʻarbidagi Sanjar sahrosida gradus oʻlchash usuli asosida Yer kattaligini aniqlashga kirishishgan, bunda Xolid al-Marvaridiy bir guruhga, Abu ibn Iso as Asturlobiy ikkinchi guruhga rahbarlik qilgan. Har qaysi guruh oʻzi oʻlchab topgan natijalar boʻyicha bir gradus meridian yoyning uzunligini hisoblagan. Birinchi guruhdagilarning hisoblashicha, bir gradus meridian yoyning uzunligi 111,815 kilometrga teng chiqqan, ikkinchi guruh topgan qiymat 1315 metr kam boʻlgan. Beruniy natijalar oʻrtasidagi bu tafovutning sababi ikki xil oʻlchashda, deydi va oʻzi bu natijalarni tekshirib koʻrishga qiziqib, gradus oʻlchash ishlarini olib bormoqchi boʻladi. Buning uchun u Dehiston dashtini (Kaspiy dengizining janubi-sharqiy qismi) tanlagan, lekin yordamchisi va yetarli mablagʻi yoʻqligi uchun bu ishni amalga oshira olmagan. Yer oʻlchamini gradus oʻlchovi usuli bilan aniqlash uchun maʼlum kenglikda tekis joy kerak boʻladi va bu yerda bir necha oʻn kilometr aniq oʻlchanishi lozim. Bu ish koʻp vaqt, katta mablagʻ va puxta tayyorgarlik talab qilardi. Bu haqda Beruniy: „Yer aylanasi uzunligini sahroni kezib yurmasdan quyidagicha aniqlash mumkin. Buning uchun dengiz sohilidagi yoki tekis joyda qad koʻtarib turgan baland toqqa koʻtarilib quyosh chiqishi yoki botishi oldidan quyosh gardishining yarmi ufq orasida boʻlgan vaqtda doirali armillyar asbob bilan uning pasayish burchagi oʻlchanadi“ deydi. Ufq pasayishini oʻlchash usulini chizma va formulalar yordamida tushuntiradi. Bunda, togʻ tepasida quyosh chiqishi yoki botishiga qarab koʻrish nurining togʻ tepasidan oʻtgan gorizontal chiziq bilan hosil qilgan burchak oʻlchanadi.

Abu Rayhon Beruniy Yerning kattaligini oʻlchashda yangi usul qoʻllab, bir gradus meridian yoyning uzunligi 111,16 kilometr ekanligini hisoblab chiqargan. Beruniy Yerning radusini oʻsha davr uchun aniq oʻlchab bergan. U Yerning meridian aylanasining uzunligini 40183 kilometr ekanligini hisoblab chiqargan. Sulton Mahmud Gʻaznaviy Hindistonga qilgan safarining birida Beruniyni ham birga olib ketadi, yoʻlda sharqiy Pokistonning Moʻlton shahrida vaqtincha istiqomat qilishga toʻgʻri keladi. U oʻzga yurtda boʻlishiga qaramay, fursatdan foydalangan holda Moʻltondan 400 kilometr gʻarbdagi Nandna qoʻrgʻonida Yer kurrasi oʻlchamini aniqlashga kirishadi, avval shu joyning geografik kengligini oʻlchab 320001 ga teng ekanligini aniqlaydi. Soʻngra ufqning pasayish burchagini oʻlchaydi. Bu haqda olimning oʻzi quyidagicha yozadi: „Hindiston yeridagi Nandna qoʻrgʻonida istiqomat qilishimga toʻgʻri keldi. Qoʻrgʻonning gʻarb tomonida baland togʻ, janubiy tomonida esa keng sahroni koʻrdim va shu on (ufq pasayishini oʻlchash usulini) sinab koʻrishga kirishdim. Togʻ tepasidan turib yerning lojuvard rangdagi osmon bilan tutashganini yaqqol koʻrdim. Qarash chizigʻi vertikalga perpendikulyar boʻlgan chiziqdan 00 341 pasaydi. Perpendikulyar boʻlgan togʻ balandligini oʻlchadim, u shu yerda qoʻllanadigan oʻlchovda 652,055 choʻzim (gaz)ga teng keldi“.

Beruniyning „Al asar al-baqiya“ asaridan, XVI asr qoʻlyozmasi

Beruniy oʻlchab topgan qiymatlar boʻyicha oʻziga xos usul bilan Yer kurrasi radiusining uzunligi 12803337,036 gazga teng ekanligini hisoblab chiqardi. Agar bir gaz 0,4933 metr ekanligini eʼtiborga olsak, Yer kurrasi radiusi uzunligi, Beruniy hisobicha, 6315,886 kilometr boʻladi. Bu raqam hozirgi vaqt¬da olingan qiymatdan juda kam farq qiladi, yaʼni xatolik radius uzunligining 0,9 foizini tashkil etadi. Soʻngra Beruniy shu 320 001 kenglikdagi bir gradus meridian yoyning uzunligi 223550,329 gaz yoki 110,277 kilometr ekanini hisoblab chiqadi. Bu raqamni hozirgi davrda aniqlangan bir gradus yoyning qiymati 110,885 kilometr bilan taqqoslasak, bundan ming yil ilgari Beruniy bir gradus yoy uzunligini hisoblashda atigi 618 metr xato qilganligi maʼlum boʻladi. Yer aylanasining uzunligini aniqlash, Beruniy aytganidek, sahrolarni kezib 10 yoy uzunligini aniqlashga nisbatan aniq va qulay. Shu bois, u trigonometrik usullardan foydalanib, togʻ balandligini oʻlchashda avvalgi astronomlardan ham aniqroq natijaga erishgan. Yer aylanasining uzunligini topish haqida Beruniy bunday deydi: „Yer aylanasining uzunligini topish uchun hamma hollarda ham shu topilgan topilmani, yaʼni radiusni ikkilantirib 22 ga koʻpaytir, hosil boʻlgan koʻpaytmani 7 ga boʻl, shunda sen oʻlchagan birliklarda Yer aylanasining uzunligi kelib chiqadi“.

Beruniy aytgan amallarni bajarganda l=2pR ni aylana uzunligini hisoblash mumkin. Bunda 22/7=3,14… ni ifodalaydi. Shunday qilib, Beruniy shaxsan oʻzi bir qancha shaharlarning geografik kengliklarini hisobladi. Masalan, Gʻaznaning kengligi 330 351, Kandaniki 330 551, Dumpurniki 340 201. Uning hisoblashiga koʻra, Buxoro shahrining kengligi 390 201 deb topilgan. Hozirgi kunda bu qiymat 390 461 dir. Demak, bu Beruniy hisobidan faqat 00 261ga farq qiladi. Xullas, buyuk bobomiz Abu Rayhon Beruniyning ilmiy va madaniy merosini oʻrganish, uni oʻquvchi va talabalarga yetkazish azaliy qadriyatlarimiz sirasiga kiradi. Abu Rayhon Muhammad ibn Ahmad Beruniy oʻrta asrlarning buyuk qomusiy olimlaridan edi. Uning buyukligi oʻsha davrning deyarli barcha fanlariga qoʻshgan betakror ilmiy merosida namoyon boʻladi. Beruniyning olimlilik salohiyatiga mashhur sharqshunos olim I.Yu. Krachkovskiy „uning qiziqqon ilm sohalaridan koʻra qiziqmagan sohalarini sanab oʻtish osondir“ deb baho bergan edi. Gʻarb tadqiqodchilaridan M.Meyerxoff esa „Beruniy musulmon fanini namoyish etuvchi qomusiy olimlarning eng mashhuri boʻlishi kerak“ degan fikrni bildiradi.

Etnografiya va antropologiya

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Al-Beruniy Hindiston yarim orolidagi xalqlar, urf-odatlar va dinlar toʻgʻrisida ilmiy asar yozgan. Olim Akbar S. Ahmadning soʻzlariga koʻra, zamonaviy antropologlar singari, u ham maʼlum bir guruh odamlar bilan keng ishtirokchilarni kuzatishda qatnashgan, ularning tillarini oʻrgangan va ularning asosiy matnlarini oʻrgangan, oʻz xulosalarini madaniy taqqoslashlar yordamida xolislik va betaraflik bilan taqdim etgan. Axbar S. Ahmad Al-Beruniyni birinchi antropolog deb hisoblash mumkin, degan xulosaga kelgan[6]

Beruniy Xorazmda 1000-yilga yaqin yozilgan „Qadimiy xalqlardan qolgan yodgorliklar“ asarida Xorazmning turkiy aholisi foydalangan yillarning turkiy nomlarini beradi. Xuddi shu asarida u oy nomlarini turkchada beradi: ulugʻ-oy, kichik-oy, birinchi-oy, ikkinchi-oy, uchinchi-oy, toʻrtinchi-oy, beshinchi-oy, oltinchi-oy, yetinchi-oy, sakkizinchi-oy, toʻqqizinchi-oy, oʻninchi-oy.[7]

Baʼzi asarlarining yaratilish tarixi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Beruniy tibbiyotga bagʻishlangan „Saydana“ asarida mingdan ortiq dorivor moddalar nomini 30 tilda yozib chiqqan. Xorazmdagi siyosiy vaziyatni oʻzgarishi natijasida Beruniy 998-yili Joʻrjon shahriga ketishga majbur boʻladi. U bu davrga qadar Kat va Ray shaharlarida oʻzining dastlabki ilmiy izlanishlarini boshlab yuborgan edi. Jurjonda kechgan yillar (998–1004-yillar) Beruniy uchun yirik izlanishlar va ijodiy kamolot davri boʻldi. Oʻzining ilk astronomik tajribalarni 16 yoshida Kat shahrida boshlagan alloma, Joʻrjonda nafaqat astronomiya va boshqa tabiiy fanlar bilan shugʻullandi, balki tarix va din tarixi bilan ham qiziqdi. Olimning muhim asarlaridan biri „Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar“ uning Jurjon saroyida xizmat qilgan davrida yaratiladi. 1000-yili tugallagan bu asar muallifning koʻp qirrali olim ekanini namoyish etdi va unga katta shuhrat keltirdi. Umuman, Beruniy Joʻrjonda 10 dan ortiq asrlarini bitishga muyassar boʻldi. Xorazmning yangi hukmdori Abu Abbos Maʼmun ibn Maʼmun Beruniyni oʻz saroyida katta izzat-hurmat bilan qabul qiladi. Maʼmun rahnamoligida vujudga kelgan ilmiy markazda faoliyat koʻrsatish bilan birga siyosiy jarayonlarda ham Xorazmshohning yaqin maslahatchisiga aylanadi. Xorazmning Mahmud Gʻaznaviy tomonidan bosib olinishi Beruniy hayotini xavf ostiga qoʻydi. U Xorazmshoh saroyidagi aksariyat olimlar, jumladan, ustozi Abu Nasr ibn Iroq, Abul-Xayr Hammar va boshqalar bilan birga Gʻazna shahriga olib ketiladi. Maʼlumki, Xorazm ilmiy mazkazidagi olimlardan faqat Ibn Sino va Abu Sahl Masihiylar Mahmud Gʻaznaviy zulmidan havotirlanib, Gʻaznaga emas, Joʻrjonga qarab yoʻl olgan edilar. Beruniyning 1017–1048-yillarda Gʻaznada kechirgan hayoti moddiy va siyosiy jihatdan mashaqqatli boʻlishiga qaramasdan, uning ilmiy faoliyati uchun mahsuldor davr boʻldi. U Mahmud Gʻaznaviy saroyida kechgan dastlabki yillarda astronomiya va geodeziya masalalariga katta eʼtibor berdi.

Yerning aylana uzunligini oʻlchash

Muallifning ilmiy adabiyotlarda qisqacha „Geodeziya“ deb yuritiladigan „Turar joylar orasidagi masofani tekshirish uchun joylarning oxirgi chegaralarni aniqlash“ nomli astronomiya va geografiyaga bagʻishlangan asari 1025-yilda yozib tugatildi. Beruniyning „Munajjimlik sanʼatidan boshlangʻich tushunchalar“ asari ham 1029-yilda Gʻaznada yoziladi. Oradan bir yil oʻtgandan soʻng u oʻzining „Hindiston“ nomi bilan tanilgan „Hindlarning aqlga sigʻadigan va sigʻmaydigan taʼlimotlarini aniqlash“ kitobini yakunlaydi. Bunda Beruniy hozirgi Amerika qitʼasini mavjudligini Kolumbdan bir necha asr avval ilmiy asoslab bergan. Bu shoh asarning vujudga kelishiga Mahmud Gʻaznavining Hindistonga yurishlari sabab boʻldi. Saroyning eng nufuzli astrologlaridan sanalgan Beruniy Mahmud Gʻaznaviy bilan Hindistonda bir muddat istiqomat qiladi va u yerda sanskrit tilini mukammal egallashga muvoffaq boʻladi. U bu til yordamida hindlarning tarixi, urf-odati madaniyati va fani bilan yaqindan tanishadi va natijada yuqoridagi asarni taʼlif etadi. 1030-yili Mahmud Gʻaznaviy vafot etib taxtga uning oʻgʻli Masʼudning oʻtirishi Beruniyning ahvolini ancha yaxshilaydi. Olim oʻzining astronomiyaga oid eng yirik asarini mazkur hukumdorga bagʻishlab „Masʼud qonuni“ deb ataydi. oʻrta asrning mashhur olimlaridan Yoqut Al-Xamaviyning yozishiga koʻra, Sulton Masʼud bu asar uchun Beruniyga bir filga ortilgan katta miqdordagi kumush tangalar hadya etadi. Yoqut Al-Xamaviyning fikricha „Masʼud qonuni“ kitobi matematika va astronomiya boʻyicha ungacha yozilgan barcha kitoblarning izini oʻchirib yuborgan.

Olim Sulton Masʼudning oʻgʻli Mavdudning hukumronlik yillarida (1041–1049) oʻzining „Mineralogiya“ va „Farmakognoziya“ deb atalgan ikki asarini yozadi. Ularning har biri mazkur sohalardagi betakror asarlardan boʻlib, jahon madaniyatiing noyob durdonalaridan hisoblanadi. Abu Rayxon Beruniy 1048-yili Gʻaznada vafot etadi. Olim yozib qoldirgan 150 ga yaqin asarlari bilan astronomiya, astrologiya, matematika, geodeziya, geologiya, mineralogiya, geografiya, arifmetika, tabobat, farmokognoziya, tarix, filologiya va boshqa fanlarning rivojiga noyob xissa qoʻsha oldi. Beruniyning betakror ijodi uning vatani Oʻzbekistonda alohida eʼtibor qozongan.

Al-Beruniyning aksariyat asarlari arab tilida boʻlsa-da, u „Kitob at-Tafhim“ni fors va arab tillarida yozib, bu ikkala tilda ham yoza olish mahoratini koʻrsatgan[8]. Beruniyning 65-qamariy/63-shamsiy yilgacha (427/1036-yil oxiri) yozilgan adabiy asarlari roʻyxatida 12 toifaga boʻlingan 103 ta nom keltirilgan: astronomiya, matematik geografiya, matematika, astrologiya xususiyatlari va tranzitlar, astronomik asboblar, xronologiya, kometalar, nomsiz turkum, astrologiya, latifalar, dinga oid va boshqa kitoblar[9].

Hozirgacha saqlanib qolgan tanlangan asarlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]
  • Takhqīq mā li-l-Hind (Hindistondagi voqealarning tanqidiy tadqiqoti, qabul qilish yoki rad etish sababi; تحقيق ما للهند من مقولة معقولة في العقل أو مرذولة), xalq orasida Kitāb al-Hind (Hindiston haqida kitob) nomi bilan mashhur)[10]; Ingliz tilidagi tarjimalarida Indica yoki Al-Beruniyning Hindistoni deb ataladi. Bu asar Hindiston dini va falsafasining toʻplamidir[11].
  • Kitob at-tafhim li avoili sinoat al-tanjim (Astrologiya sanʼati elementlari boʻyicha koʻrsatmalar kitobi); Forscha.
  • Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar (الآثار الباقية عن القرون الخالية), madaniyatlar va sivilizatsiyalar taqvimlarining qiyosiy tadqiqi (xristian diniga oid bir qancha boblarni oʻz ichiga oladi), unda matematik, astronomik va tarixiy maʼlumotlar keltirilgan.
  • Masʼudiy qonuni (قانون مسعودي), Gʻaznaviylar sultonining oʻgʻli Masʼudga bagʻishlangan astronomiya, geografiya va muhandislik ensiklopediyasi Mahmud Gʻaznaviy.
  • Astrologiyani tushunish (التفهيم لصناعة التنجيم), arab va fors tillarida matematika va astronomiyaga oid savol-javob uslubidagi kitob.
  • Dorixona, dori vositalari va ularning taʼsiri toʻgʻrisidagi qoʻllanma.
  • Qimmatbaho toshlar (الجماهر في معرفة الجواهر), minerallar va qimmatbaho toshlar haqida geologiya boʻyicha qoʻllanma. Mas’ud oʻgʻli Mavdudga bagʻishlanadi.
  • Mahmud Gʻaznaviy va otasining tarixi.
  • Xorazm tarixi.
  • Kitab al-Āthār al-Bāqīyah ‘an al-Qurūn al-Khālīyah[11].
  • Risālah li-al-Bīrūnī (Epître de Berūni)[12].

Forscha asari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Beruniy asarlarining aksariyat qismini oʻz davrining ilmiy tili boʻlgan arab tilida yozgan, ammo at-Tafhim uning ilm-fanga bagʻishlangan fors tilidagi dastlabki asarlarining eng muhimlaridan biri boʻlib, fors nasri va lugʻatshunosligi uchun boy manba hisoblanadi. Kitobda Kvadrivium batafsil va malakali tarzda yoritilgan[8].

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Vena idorasidagi Al-Beruniy haykali

Al-Beruniy vafotidan keyin uning faoliyati olimlar tomonidan asoslanmagan va nomi eʼtirof etilmagan. Asrlar oʻtib, uning Hindiston haqidagi yozuvlari Britaniya Rajida qiziqish uygʻotdi[13].

Oyning bir krateri va asteroid 9936 Al-Beruniyning sharafiga nomlangan. Antarktidadagi Beruniy oroli ham ushbu alloma nomi bilan atalgan. Eronda geodeziya muhandislari kuni Al-Beruniyning tavallud kunida nishonlanadi.

2009-yil iyun oyida Eron Birlashgan Millatlar Tashkilotining Venadagi vakolatxonasiga Vena xalqaro markazining memorial maydonida joylashgan pavilonni sovgʻa qildi[14]. „Olimlar paviloni“ deb nomlangan bu yerda toʻrtta taniqli olimlar: Avitsenna, Abu Rayhon Beruniy, Zakariyo Roziy va Umar Xayyomning haykallari oʻrnatilgan[15].

  1. (unspecified title)
  2. Bosworth 1989, pp. 274–276.
  3. Strohmaier 2006, p. 112: Although his native Khwarezmian was also an Iranian language, he rejected the emerging neo-Persian literature of his time (Firdawsi), preferring Arabic instead as the only adequate medium of science.
  4. Boilot, D. J., Al-Biruni (Beruni), Abu’l Rayhan Muhammad b. Ahmad New Ed., vol. 1, pp. 1236–1238, He was born of an Iranian family in 362/973 (according to al-Ghadanfar, on 3 Dhu’l-Hididja/ 4 September – see E. Sachau, Chronology, xivxvi), in the suburb (birun) of Kath, capital of Khwarizm….was one of the greatest scholars of mediaeval Islam, and certainly the most original and profound. He was equally well versed in the mathematical, astronomic, physical and natural sciences and also distinguished himself as a geographer and historian, chronologist and linguist and as an impartial observer of customs and creeds. He is known as al-Ustdadh, 'the Master'.in Bearman et al. 2007
  5. Abu Rayhon Beruniy biografiyasi
  6. Ahmed, Akbar S. (1984). „Al-Beruni: The First Anthropologist“. RAIN (60): 9–10
  7. Abu Reykhan Biruni. Izbrannyye proizvedeniya, I. Tashkent. AN UzbSSR. 1957, s.87-89.
  8. 8,0 8,1 Nasr 1993, s. 111.
  9. Pingree 2000a.
  10. Verdon 2015, s. 37.
  11. 11,0 11,1 al-Beruniy & Sachau 1910.
  12. Kraus 1936.
  13. „Al-Biruni“ (Radio broadcast). In Our Time. BBC. Qaraldi: 2023-yil 5-mart.
  14. „Monument to Be Inaugurated at the Vienna International Centre, 'Scholars Pavilion' donated to International Organizations in Vienna by Iran“. United Nations Information Service Vienna (2009-yil 5-iyun). Qaraldi: 2016-yil 11-sentyabr.
  15. „Permanent mission of the Islamic Republic of Iran to the United Nations office – Vienna“. Ministry of Foreign Affairs of the Islamic Republic of Iran. 2019-yil 14-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2015-yil 6-yanvar.