Kontent qismiga oʻtish

Katta masjid (Bursa)

Koordinatalari: 40°11′02″N 29°03′42″E / 40.18389°N 29.06167°E / 40.18389; 29.06167
Vikipediya, erkin ensiklopediya
Masjid
Katta masjid
turkcha: Bursa Ulu Cami
Katta masjid
Mamlakat  Turkiya
Shahar Bursa
Koordinatalar 40°11′02″N 29°03′42″E / 40.18389°N 29.06167°E / 40.18389; 29.06167
Meʼmoriy uslub Islom va Usmoniylar meʼmorchiligi
Meʼmor Ali Neccar
Binokorlik 1396-yil1399-yil
Gumbazlar soni 20
Gumbazlar soni 20
Minoralar soni 2
Minoralar soni 2


Bursa Katta masjidi (turkcha: Bursa Ulu Cami) – Turkiyaning Bursa shahridagi tarixiy masjid. Usmoniylar sultoni Boyazid I tomonidan Nikopol jangidagi buyuk gʻalabani xotirlash maqsadida ushbu masjidni qurish topshirilgan va 1396–1399-yillar oraligʻida barpo qilingan. Masjid qadimgi Usmoniylar meʼmorchiligining asosiy yodgorligi va shaharning eng muhim masjidlaridan biri boʻlib, eski shaharning qoq markazida tarixiy bozorlar bilan bir qatorda joylashgan[1].

Tarixiy ahamiyati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Katta masjid Usmoniylar imperiyasining birinchi poytaxti Bursa shahridagi eng katta masjid boʻlib, Saljuqiy turk meʼmorchiligidan kelib chiqqan Usmoniylar meʼmorchiligi asosida bunyod etilgan diqqatga sazovor joy hisoblanadi. Sulton Boyazid I buyrugʻi bilan qurilgan ushbu masjid 1396–1399-yillarda meʼmor Ali Neccar tomonidan loyihalashtirilgan va qurilgan[2][3]. Boyazid I Usmoniylar saltanatining toʻrtinchi hukmdori boʻlgan. Ushbu masjid qurilganidan koʻp oʻtmay 1402-yilda Anqara jangida Amir Temur (Temurlan)ga qarshi jangda qaqshatqich magʻlubiyatga uchragan[4]. Maʼlumotlarga koʻra oʻsha yili Amir Temur masjidni yoqib yuborgan, keyinchalik Karamanoğulları hukmdori Mehmed Bey 1412-yilda shaharni qamal qilganda yana bir bor uni yondirib yuborgan[5][6][2]. Masjiddagi ilk taʼmirlash ishlari 1493-yilda amalga oshirilgan[6].

Masjid keyinchalik yana bir bor qayta taʼmirlangan. 1855-yilda sodir boʻlgan vayronkor zilziladan soʻng, bino tomi qulab tushgach, masjid bir necha yilga yopib qoʻyilgan[7]. Taʼmirlash ishlari 1889-yilda yakunlangan[8].

Meʼmorchiligi

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Video: Bursa masjidining ichki koʻrinishi, 2017-yil
Masjidning ichki qismi

Masjid 55x69 metr oʻlchamda, toʻrtburchak shaklda qurilgan yirik bino boʻlib, ichki yuzasi 3165,5 m² ni tashkil etadi[9][10]. Masjidning 3 ta kirish joyi (shimol, gʻarb va sharq) boʻlib, ulardan shimoliy kirish qismi eng yirik va monumental joy hisoblanadi[9]. Binoning ichki makoni 20 ta gumbaz bilan qoplangan, har biri 5 tadan gumbazga ega 4 ta qatorga boʻlingan, ularni 12 ta ustunlar koʻtarib, mustahkamlab turadi[9][11]. Masjid bir vaqtning oʻzida 5000 kishini sigʻdira oladi. Sulton Boyazid I 1396-yilda Nikopol jangida gʻalaba sharafiga 20 ta alohida masjid oʻrniga 20 gumbazli bitta yaxlit masjid barpo etgan[12].

Masjid markazida oʻn sakkiz burchakli suv havzasi boʻlib, uning ustida tahorat olinadigan favvora (shodirvon) qurilgan. Shodirvon XIX asrda hozirgi koʻrinishga keltirilgan[13]. Shodirvonning ustki qismidagi gumbaz kosa shaklida qurilgan boʻlib (bugungi kunda shisha bilan qoplangan boʻlsa ham), osmondan tushadigan yorugʻlik evaziga masjidning ichki qismini yoritishga yordam beradi[13][14].

Masjidda ikkita minorasi mavjud. Gʻarbiy minora masjidga toʻgʻridan-toʻgʻri bogʻlangan boʻlib, Boyazid I davriga tegishli, sharqiy minora esa masjiddan ajralgan holda qurilgan va shu sababdan masjid bilan bir vaqtda qurilmagan boʻlishi mumkinligini anglatadi[15].

Masjid devorlariga XIX asrda keng tarqalgan Usmoniylar meʼmorchiligi barokko uslubidagi bezaklar bilan, shuningdek, XVIII asrdan XX asr boshlarigacha mashhur boʻlgan kalligrafik kompozitsiyalar bilan ishlov berilgan[16]. Mehrob 1572-yilda Zeyni Çelebining topshirigʻiga asosan Muhammad ismli hunarmand tomonidan yaratilgan[17]. Mehrobning boʻyalgan va oltin yugurtirilgan bezaklari 1905-yillarda ishlangan[17].

Mehrob yonidagi yogʻoch minbar anʼanaviy Koʻniya sultonligi meʼmorchilik uslubida kundekari texnikasi yordamida (mix yoki yelimsiz bir-biriga bogʻlangan yogʻoch boʻlaklari) qurilgan[18][19]. Minbarning sirtlari geometrik naqshlar va islimiy gul naqshlari bilan oʻyilgan. Oʻymakorlik yozuvlariga koʻra, naqshlar 1400-yilda Hoji Mehmed Abdulaziz oʻgʻli ismli hunarmand tomonidan yaratilgan[19].

1855-yilda zilzila natijasida jiddiy zarar koʻrgan, shu sababli masjid koʻp yillar davomida yopib qoʻyilgan va binoda kapital taʼmirlash hamda rekonstruksiya ishlari olib borilgan[20].

Masjidning panoramik koʻrinishi, 2009-yilning avgust oyi
  1. „Bursa Ulu Cami | Archnet“. archnet.org. Qaraldi: 2020-yil 25-aprel.
  2. 2,0 2,1 „Bursa Ulu Camii Kim Yaptırdı“. www.bursaulucamii.com. Qaraldi: 2020-yil 25-aprel.
  3. „Ulucami; Osmanlı İmparatorluğu Döneminde Yapılmış Bütün Camilerin Atası“. www.bursa.gov.tr. Qaraldi: 2020-yil 25-aprel.
  4. Gibbons, Herbert. The Foundation of the Ottoman Empire: A History of the Osmanlis up to the Death of Bayezid I, 1300-1403. Routledge: Routledge, 2013. 
  5. Demiralp. „Great Mosque (Ulu Cami)“. Discover Islamic Art, Museum With No Frontiers. Qaraldi: 2020-yil 24-aprel.
  6. 6,0 6,1 „Bursa Ulu Cami | Archnet“. archnet.org. Qaraldi: 2020-yil 25-aprel.
  7. „Bursa's most prominent landmark: The Grand Mosque“. DailySabah (2018-yil 18-iyun). Qaraldi: 2019-yil 22-noyabr.
  8. „Bursa Ulu Cami | Archnet“. archnet.org. Qaraldi: 2020-yil 25-aprel.
  9. 9,0 9,1 9,2 Demiralp. „Great Mosque (Ulu Cami)“. Discover Islamic Art, Museum With No Frontiers. Qaraldi: 2020-yil 24-aprel.
  10. „Ulucami; Osmanlı İmparatorluğu Döneminde Yapılmış Bütün Camilerin Atası“. www.bursa.gov.tr. Qaraldi: 2020-yil 25-aprel.
  11. „Bursa Ulu Cami | Archnet“. archnet.org. Qaraldi: 2020-yil 25-aprel.
  12. The Rough Guide to Turkey. Rough Guides, 2016. 
  13. 13,0 13,1 „Bursa Ulu Cami | Archnet“. archnet.org. Qaraldi: 2020-yil 25-aprel.
  14. Demiralp. „Great Mosque (Ulu Cami)“. Discover Islamic Art, Museum With No Frontiers. Qaraldi: 2020-yil 24-aprel.
  15. Demiralp. „Great Mosque (Ulu Cami)“. Discover Islamic Art, Museum With No Frontiers. Qaraldi: 2020-yil 24-aprel.
  16. „Bursa Ulu Cami | Archnet“. archnet.org. Qaraldi: 2020-yil 25-aprel.
  17. 17,0 17,1 Demiralp. „Great Mosque (Ulu Cami)“. Discover Islamic Art, Museum With No Frontiers. Qaraldi: 2020-yil 24-aprel.
  18. „Bursa Ulu Cami | Archnet“. archnet.org. Qaraldi: 2020-yil 25-aprel.
  19. 19,0 19,1 Demiralp. „Great Mosque (Ulu Cami)“. Discover Islamic Art, Museum With No Frontiers. Qaraldi: 2020-yil 24-aprel.
  20. „Bursa Ulu Cami | Archnet“. archnet.org. Qaraldi: 2020-yil 25-aprel.