Kontent qismiga oʻtish

Tillakori madrasasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Tillakori madrasasi, Samarqanddagi meʼmoriy yodgorlik. Registon ansamblida Ulugʻbek davrida bunyod etilgan Mirzoyi karvonsaroyi (15-asr) oʻrnida Samarqand hokimi Yalangtoʻshbiy Bahodir Madrasa va jome masjid qurdirgan (164146). Karvonsaroy asosi ustiga Madrasa (shim. sharqiy qismida), hujralar oʻrnida peshtoq gumbazli masjid (gʻarbida) joylashgan. Dastlab „Yalangtoʻshbiy kichik madrasasi“ deb nomlangan. Keyinchalik masjid bezagida boshqa bir obida qurilishiga yetadigan miqdorda oltin sarflangani uchun „tillakori“ (tilladan ishlov berilgan) deb yuritila boshlagan. Tilla Kori madrasasidan shahar jome masjvidi va Madrasa sifatida foydalanilgan. Shuning uchun masjidi (63x22 m) katta va serhashamligi bilan boshqa madrasalardan ajralib turadi. Madrasa (70x70 m) ga gʻarbiy peshtoq orqali kiriladi. Peshtoq chuqur ravoqli, 2 qanotining oldi ravoqli, 2 qavatli hujralar, burchaklarini teng hajmdagi guldastamezanalar egallagan. Masjid xonaqohi (10,8x10,8 m)ning poygumbazi baland, uzoqdan koʻzga tashlanib turadi. Uning gumbazi nihoyasiga yetkazilmagan. Xonaqoh toʻriga marmardan mehrob va zinapoyali minbar ishlangan. Oʻz davrida zarhal naqshlar bilan jozibador bezatilgan xonaqohning 2 yonini oldi ravoqli, gumbaz tomli ayvon (yoʻlak)lar egallagan. Peshtoq ravogʻidagi marmar taxtachada bezak ishlari 1659—60 yillarda bajarilganligi yozilgan.

Tillakori madrasasi qurilishi 1646-yilda Mirzoi karvonsaroyi oʻrnida oʻzbeklarning olchin urugʻidan chiqqan Samarqand hokimi Yalangtoʻshsh Bahodir[1][2][3] buyrugʻi bilan boshlangan. XV asrda poydevori va devorlari foydalanganligi sababli eskirgan. Qurilish boshlangan vaqtda Samarqanddagi masjidlari (Bibixonim va Alike Koʻkaldosh) vayronaga aylangan edi va loyihalash jarayonida madrasa binosida oliy diniy maktab va juma masjidini birlashtirishga qaror qilingan. Qurilish va pardozlash ishlari 14 yil davom etgan va Yalangtoʻsh Bahodir vafotidan keyin 1660-yilda yakunlangan. Shu boisdan boʻlsa kerak, madrasaning ayrim elementlarini pardozlash ishlari sezilarli eʼtiborsizlik bilan olib borilgan. Tillakori madrasasining qurilishi Registon maydonining loyihasini yakunlab, bu yerda joylashgan meʼmoriy ansamblga tayyor koʻrinish berdi. XIX asrda kuchli zilzila (1817—1818) natijasida madrasa binosi vayron boʻlgan[4]. Ayniqsa, kirish qismi shikastlangan. Uning yuqori qismi peshtoqi bilan birga qulab tushgan. Amir Haydar davrida kirish qismi pardozsiz qayta tiklangan.

XX asr boshlariga kelib madrasaning aksariyat qoplamalari yoʻqolgan. Qayta tiklash ishlari XX asrning 20-yillarida, bezakning shu davrga qadar yetib kelgan qismlarini saqlab qolish uchun harakatlar qilingan paytda boshlangan. 30-yillarning boshlarida tashqi jabhalarning qoplamasini tiklash boʻyicha ishlar olib borilgan. 1950—1958-yillarda madrasaning hovli qismlari va masjid gumbazining nogʻorasi qaytadan barpo etildi. 70-yillarning birinchi yarmida bosh peshtoqning bezaklari qayta tiklandi va masjidning tashqi gumbazi oʻrnatildi. 1979-yilda masjidning ichki qismlarida tiklash ishlari yakunlandi. Hozirda Tillakori madrasasida muzey koʻrgazmasi joylashgan.

Meʼmorchiligi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

1817-yilda amir Haydar buyrugʻi bilan zilziladan zarar koʻrgan peshtogʻi qayta tiklanishi jarayonida shakli buzilgan. 1885 yildagi taʼmir vaqtida zarhal naqshlar oddiy boʻyoklar bilan almashtirilgan. Tilla Kori madrasasida Samarqand taʼmirlash ustaxonasi tashkil etilib (1930), koshinlarning qad. rangini topish yoʻlida tadqiqot ishlari olib borilgan. Tilla Kori madrasasidagi yoʻqolib ketayozgan noyob zarhal naqshlarni ustalar ilmiy oʻrganib, qayta tikladi (1970).

Tillakori madrasasi ichki gumbazining ost koʻrinishi

Binokorlar madrasaning Registonga qaragan peshtogʻini Sherdor Madrasa va Ulugʻbek madrasasi bilan moslashtirib qayta qurdi. Peshtoq ravogʻi va ravoq ichidagi qalqonsimon bagʻali, guldastasi hamda xonaqoh gumbazi, ichidagi tilla halli boʻrtma naqshlari qayta jilolandi (1974). Baland gyuygumbazi ustiga feruza rang koshin bilan qoplangan gumbaz oʻrnatildi. Bosh tarzidagi bezak mavzularining boyligi, ichki va tashqi naqshlarning serxashamligi, peshtoq qanosi va tokchasidagi iroqi kashtani eslatuvchi bezaklar, boʻrtma yozuvlar oʻziga xosdir. Ravoq burchaklari, bezakli toqilarni toʻldirishda koshinpaz ustalar turli usullarni qoʻllashgan (gʻishtlarning mayda naqshlari koshinlarning handasiy va islimiy naqshlari bilan moslashtirilgan). Koshinkori ravoklarda yashil tangachalar, sargʻish yaproqlar va feruza poyalar aks ettirilgan. Xonaqoh izorasi koshinnamoyon, devori, gumbazi va bagʻali kundal uslubidagi serhasham naqshlarga boy. Mehrob ravogʻi va bagʻali muqarnas kosachalar bilan toʻldirilib, zarhal berilgan hamda Qurʼon oyatlaridan olingan boʻrtma yozuvlar bilan hoshiyalangan.

Tillakori madrasasi yon tarafdan koʻrinishi
Tillakori madrasasining ichki qismida joylashgan „Minbar“

Eshiklar murakkab naqsh va yozuvlar bilan yogʻoch oʻymakorligida pardozlangan. Hovli saxni (50x50 m)ga marmar yotqizilgan. Atrofidagi hujralarga eshik, tobadoniga panjaralar ishlangan. Hujralar yoz kunlari ham salqin boʻladi. Tilla Kori madrasasida muzey tashkil etilgan boʻlib, unda madrasani taʼmirlashga oid narsalar saqlangan.

  1. Хорошхин А. П.. Сборник статей касающихся до Туркестанского края. С.-Петербургъ: типография А. Траншеля, 1876. 
  2. Эварницкій Д. И.. Путеводитель по Средней Азіи. Отъ Баку до Ташкента. Ташкент: изд. на средства, ассигн. туркест. генерал-губернатором, 1893 — 73—77-bet. 
  3. „Туркестанский край“, Россия. Полное географическое описание нашего отечества: Настольная и дорожная книга для русских людей : [В 19-ти т.]. СПб: издание А. Ф. Девриена, 1913. 
  4. Файзиев 1988, s. 20.
  • Samarqand, T., 1986; Oʻzbekiston islom obidalari, T., 2002.